* * *
Har bahor gullaydi taqir tog‘lar ham,
Oqshom oy chiqadi kuzda miltirab,
Zamonaning zayli o‘zgarmas hech ham,
Insonga bu dunyo monanddir, yo Rab.
Baliq chayqaladi, burgut sarmastdir…
Bularning barchasi bejiz emasdir?
* * *
Agar tog‘ni yiqsa momoqaldiroq,
Kar bo‘lib tug‘ilgan eshitib turmas.
Osmonni yoritsa oftob g‘am, biroq –
Ko‘zlari ko‘r odam quyoshni ko‘rmas.
Oh, sen kar emas, ko‘r ham emassan,
Nega dilimdagi dardni bilmassan…
* * *
Vodiy to‘la gullar – nastarin, rayhon,
Iforin simirmoq – qanchalar rohat,
Bulutlar suzadi cho‘qqilar tomon,
Ularga termulmoq – ajib farog‘at.
Bu dilbar dunyoda yashab, ko‘rib, voh,
Barin yaratganni unutmoq – gunoh…
Rus tilidan Karim Bahriyev tarjimasi