Oltoy Burag‘an (1951)

Oltoy Burag‘an (Altay Burağan) 1951 yili Kiprda tug‘ilgan. Egey universiteti ziroat fakultetini bitirgan. “Uching, qushlar” (1997), “Yashasin, dunyo” (2000), “Bir ichim Oqdengiz” (2003), “Sevgi yomg‘irlari” (2005) kabi kitoblari chop etilgan.

AYBLI BIZMASMI?

Azo‘n qatlamini biz teshmadikmi?
Dengizga axlatni biz qo‘shmadikmi? ,
Ko‘llarda botqoqlik yaratganlar kim?

Yangi Afrikalar istaganlar kim?
O‘pka, jigarimiz quritganlar kim?
Kon qazib, atrofni chiritganlar kim?

Atom, yadrolar-la o‘limlar sochib,
O‘zlari rohatda yashaganlar kim?

Quyosh yomg‘iridan qochamiz nechun?
Yashil og‘ochlarni biz kesmadikmi?
Suvni bidonlarda tashiymiz kun-tun,
Chuchuk buloqlarni biz buzmadikmi?

Endi havo kirli,
Kun shovqin to‘la,
Yashil rang ozaygan, moviy xirali,
Osh-suvga yetolmay, kimlardir o‘lar —
Shuni bila turib,
tog‘lar teshamiz,
Tilib ko‘k yuzini,
Haddan oshamiz,
Onasini emsin! —
Deymiz, quturib,
Har kun tabiatni buzib yashaymiz!..

VATANINGNI UNUTMA

O‘z ko‘changdan o‘tarkan, kimsa yo‘qlab kulmasa,
Yuragingning tovushin eshitguvchi bo‘lmasa,
Yolg‘iz yig‘lab o‘tirsang, kimsa so‘rab kelmasa,
Vataningni xotirla! Shan, shoningni unutma!

Sen o‘zing to‘g‘ri yursang,
to‘g‘ridir yurt yo‘llari,
Seni qo‘llar har yerda yurtdoshingning qo‘llari,
Qon-qardoshlik, sevgi-la to‘ladir ko‘ngillari,
Vataningni xotirla! Insoningni unutma!

Bu yerlar senikidir! Shu hayoting ustuni,
Bu og‘ochlar seniki, sug‘ordingmi ostini?
Bugun ne eksang, erta olursan mevasini,
O‘z bog‘ing, o‘z tuprog‘ing, xush isini unutma!

Bir shamol olib ketar, ixtiyor qilmasang-da,
Vataning bunda turar, sen istab kelmasang-da,
Yulinur xotirasi, sen istab yulmasang-da —
Vataningni unutma! Qibrisingni unutma!..

Turkchadan Tohir Qahhor tarjimasi