Navzot Yolchin (1926-2012)

Navzot Yolchin (Nevzat Yalçın) – kiprlik turk shoiri. 1926 yili Kiprning Polis shahrida tug‘ilgan. 1971 yildan Germaniyada yashagan.

IPAK YO‘LI

Sharqqa boqqan derazam erta-kech ochiq tursin,
G‘arb ola qorong‘usin yoritar chiqqan har kun,
Sharq go‘zal, Sharq yaxshidir, undadir Ipak yo‘li.

Har ellik farsax yo‘lda karvonsaroy, tinchlik, non.
Chin, Hindiston, Samarqand bag‘ridan kelgan karvon,
Manziling mening yurtim, so‘ng bekat Onado‘li.

Ipakday nozik, mayin madaniyat yo‘li bu,
Karvonlar-la tashilgan qalam, qog‘oz, ishq, orzu.
So‘ng bekat — Anado‘li, shuni bil, Marku Po‘lo‘.

To‘p ipak — o‘n ming farsax, to‘qilur o‘n ming jilo.
Qayta-qayta porlar sharq, Bursa ipak-la kular.
Asfaltlar maqtalsa-da, Ipak yo‘li — o‘pilar…

QUShLAR

Bog‘buzum — kuz chog‘ida, qip-qizil bir oqshomda,
Misqanot, temirtumshuq qushlar ko‘kni tuttilar,
Oldin ufqdan ufqqa kumush chizgilar chizib,
So‘ngra solib faryodlar, ko‘k yuzini yirttilar.

Qon ravon oqdi u kun, so‘ngsiz-so‘ngsiz, moviy qon…

Okeanlar, dengizlar shundan beri moviydir,
Teng, bir xil anglamdadir so‘zda mozoru beshik,
U kundan bugungacha Yer bo‘ldi ilma-teshik,
U zamondan beri Ko‘k parchalanur onma-on…

Turkchadan Tohir Qahhor tarjimasi