Mahmat Ali Oqinchi (1901-1992)

OQDENGIZ SOHILLARIDA

Ulug‘ onam, mening ruhim sening ruhing-la qaynoq,
Yuragim ham faqat sening ishqing bilan uradir.
Bilki mening sof qalbimda so‘nmagay ishqing har choq,
Yuz yil avval qanday bo‘lsa, yana shunday turadir.
Chunki mening qonimda ham bir Usmonli shoni bor.
Tomirimda oqayotgan bir Turonli qoni bor.

Etsam deyman quchog‘ingga, chopsam deyman yoningga,
Ne choraki, asir kabi umrim o‘tar bu yerda,
Mumkin bo‘lsa va sig‘insam og‘ushingga, shoningga,
Bo‘lmasaydi oralikda Oqdengizdan bir parda…
Onam bilan ko‘rishayin, qo‘yvor meni, Oqdengiz,
Jayxon kabi kechib o‘tay, jo‘sh kun-tuni, Oqdengiz!

Ey vatanim, Tangrim shohid, yasharkan unutmasdan,
Ishonchim bor, bir kun tag‘in boradirman qo‘yningga,
Gullaringni termoq uchun bo‘lmasaydi shu tikan,
Onatopgan yetim kabi osilardim bo‘yningga…
Ey Oqdengiz! Yo‘l ber menga, to‘xta, suving oqmasin,
To‘lqinlaring shu hijronli yuragimni yiqmasin…

Turkchadan Tohir Qahhor tarjimasi