Bulant Favzio‘g‘li (1959)

Bulant Favzio‘g‘li (Bülent Fevzioğlu) 1959 yili Kiprning Magosa shahrida tug‘ilgan. “Sanchiqli qon” (1987), “Bir yonim yozuv, bir yonim she’r” (2001) kitoblari chop etilgan.

USTA

Qayg‘u icha-icha miriqdik, usta,
Xiyonat ko‘rmoqdaman zeriqtsik, usta,
Qaylarga ketdilar yaxshi insonlar,
Axir ular bilan tirikdik, usta.

Butoqdan yaproqpar yuldik zamonsiz,
Ikki tosh ostida qoldik omonsiz,
Boshlarga tushgan bu ne savdo ekan,
Kirli suvda qoldik, kechamiz tongsiz…

Bu yo‘ldan bir yerga chiqilmas, usta,
Chirigan bug‘doylar bo‘y olmas, usta.
Qo‘shig‘imiz yonar bir jar og‘zida,
Kul bo‘lib sochilar, yig‘ilmas, usta…

OTLAR, IShQLAR VA TOG‘LAR

Tog‘larni xotirlatar otlar va ishqlar menga,
Tog‘lar osiy, vahshatli, bo‘ysunmas hech zamonga.
Otlar bir oz qaroqchi, ishqlar kurashchan bir oz,
Shundanmikan, ko‘ngillar tinch tog‘larga ishqiboz.

Ishqlarni xotirlatar menga tog‘lar va otlar,
Otlarda shamol ishqi, tog‘larda-chi, haybatlar.
Sevgilim, ma’sum yuzlim, so‘zlarim senga to‘liq,
Borlig‘im shu ot va tog‘, kel sen ham ishqim bo‘lib…

YoG‘AR QUSh O‘LIKLARI

Qayg‘uli kuylarim-la motamlik tog‘likdaman,
Bir to‘pning og‘zidaman, og‘uli bir tig‘daman,
Qo‘shiq aytolmay qoldim, bor go‘zallik yo‘qoldi,
Yaram hech qotmayapti, darmonsiz og‘riqdaman…

Yog‘ar qush o‘liklari
sochdan tirnog‘imgacha,
Dod deyman, eshitmaslar, yonimga-da kelmaslar,
Balki ezilganlarni bunda ko‘zga ilmaslar,
Yog‘ar qush o‘liklari boshdan oyog‘imgacha…

Tugandi sharobimning so‘ng yutumi ayoqda,
Oh, pichoqlab so‘ydilar, umidlarim qayoqda?..
Bundan keyin hech nega ishqim, mehrim qolmadi,
Bo‘g‘dilar, yuragimni so‘ndirdilar shu choqda…

Turkchadan Tohir Qahhor tarjimasi