Raymond Sauster (Raymond Souster) – Kanadaliklar eng ko‘p o‘qiydigan shoir. 1921 yil Toronto shahrida tug‘ilgan. Urush yillarida harbiy havo kuchlari safida, keyinchalik bank sohasida xizmat qilgan. She’riyatga 40-yillarning oxirida kirib keldi. “Yoshligimizda” (1946), “Uni, dunyo” (1947), “Tanlangan she’rlar” (1956), “Vaqt gullari” (1964), “Yomg‘ir munosabati bilan” (1975) kabi to‘plamlari xalq orasida juda mashhur. Shuningdek, u ikki roman muallifi, ko‘plab she’riy antologiyalarning tuzuvchisi va muallifi hisoblanadi. Uning she’riyatida yumshoq yumor, xalqona falsafa, jonli so‘zlashuvga xos bo‘lgan ohanglar o‘quvchi diqqatini tortadi. Urushga, rasizmga qarshi ruhda yozilgan she’rlari, maqolalari ham xalq orasida shuhrat qozongan.
EZGU ORZU
Shaharga tun cho‘kdi – yana tun.
Odam oqimiga to‘ldi ko‘chalar,
Oqib kelayotir,
Oqib ketayotir
Mavj urgan oqim.
Qay tomonga boqsang – tabassum balqir,
farovonlik balqir, balqiydi quvonch.
Holbuki birgina lahzadan keyin
Mana shu yuzlarni,
Million chehrani
Iztirob sirkasi
itqitib, to‘zg‘itib yuborsa – mumkin.
Dunyo sukunatga qorilsa – mumkin.
Xudoyim, xudoyim, bor-yo‘q qahringni
Bor-yo‘q la’natingni sukunatga soch!
Parchala sukutni, tarqatib yubor
Bahorni osmonning kengliklariga!
Keraksiz, nozarur, manfur og‘riqni
Rezalab, maydalab, talqon qilib ot
Singib ketsin cheksiz yo‘qlikka mangu!
Muhabbat, mehr-shafqat, muruvvat, tinchlik
– Har bir uyga kirib borsin bostirib!
Shaharlarni bossin shodlik saslari!
Raketa, bomba, to‘p, portlash ovozin
Shodon hayqiriqlar ko‘mib yuborsin!!!
KO‘ChADAGI MAShShOQLAR
Mana sizga tomoshai ikrom muruvvat
Ikki zanji yigit
Yo‘lakchada o‘tirib olib
biri gitarani tiringlatadi,
biri bo‘g‘iq ovozda
unga jo‘rovozlik qilar
madad bo‘lsin deb.
Chor atrofda sonsiz haybarakallachilar.
“fir’avnlar” uchun tayyor tuzoq –
“lahm” deysiz.
Zanjilar kuy chalar,
shunday kuy chalar:
g‘aroyib musiqa yangrar damba-dam.
Bunaqasini siz na bir dansingda
na qovoqxonada eshitmagansiz:
bu kuylar xuddi
zaminning o‘z nafasiday yoqimli,
zaminning o‘z ohanglariday shirin,
zaminning o‘z ehtirosi kabi qudratli.
Yigitlar pul ishlash uchun chalyapti, desang,
yo‘q, pul ishlash uchun emas, ular chalmoqda
chor atrofda tinglab turgan hech kimsa yo‘qday,
ko‘zin yumib, o‘zlarini unutib qo‘yib,
baxsh aylabon bor-yo‘q mahoratin shu kuyga.
Mana hozir tund, xo‘mraygan fir’avn kelib
Some’larni – haybarakallachilarni haydab soladi,
olib ketar ikki ulug‘ mashshoq yigitni.
ammo endi ular chalgan ezgu musiqa
o‘lmaydigan so‘lmaydigan tirik ohanglar
yuraklarda, yuraklarda yangrayveradi.
KO‘R QIZ
Ko‘z qiz yog‘och panjarani
silagan edi –
birdan uning qo‘li ostida
daraxt gullay boshladi!
Osmonga bo‘y cho‘zib borayotgan shox
bo‘ychan nihol bo‘ldi,
barg yozdi, kurtak.
Hozir qushlar uchib kelib qo‘nar bu shoxga,
Quylab-kuylab yuboradi bu daraxt hozir.
MUShUK
Yaqin atrofdami, mayli, qaydadir
eshitilsa sovuq qotgan mushuk nolasi, –
Biling, yoningizda, anov joydadir
Sovqotmoqda demak odam bolasi.
QOQIO‘T
Qoqio‘t, qoqio‘t, tixirlik qilib
Agar sen ham o‘smasayding buyoq tomonda,
Manov hissiz temir beton palaxsalarning
Umri o‘tib ketardi-ya butkul armonda.
ShOKOLADNING KO‘YLAGI
Shokoladning qizil-sariq ko‘ylagi
yo‘lakchaga yopishib yotar,
uni sira-sira qo‘zg‘ab bo‘lmaydi,
supurgi bilan ham qo‘zg‘atolmaysiz.
Bu o‘jar
“men shu yerda tug‘ilganman” deganday
yopishib yotibdi yo‘lakka mahkam.
QORAYaLOQ
Quyrug‘ini tikraytirib osmonga,
qorayaloq sayrar siz – olomonga.
Nima, yoqmayaptimi?
Unday bo‘lsa, endi, xuddi shu yerda
Boshqa bir qush sayrab berar ertaga.
UNING FIKRI
Ellik oltinchi stritda,
bir tomon –
yotar to‘p-to‘p gazetalar yonma-yon.
Bular – gazetalar emas ekanlar –
Bular – gazeta o‘rangan odamlar!
Gazetani o‘rangancha, to‘p bo‘lib
Ko‘rinarkan ko‘zga ular ko‘p bo‘lib.
Yuring, qani, oralab ham o‘taylik,
Fikrlariga qulog‘imiz tutaylik.
Ular ichra bir sayog‘i gap etdi:
– Men yopinib ko‘rganman ko‘p gazetni.
Aytaversam barini men birma-bir –
Eng issig‘i – bu “Nyu York tayms”dir.
Ochiq suhbat qurar bo‘lsam siz bilan,
Faqat gazeta aytadigan so‘z bilan –
Achomlashib yotmoq qancha rohatdir,
Gazetadan bo‘lgan uy ham zo‘r
baxtdir!
TA’SIR VA AKS TA’SIR
Erkalanib irilladi manov it menga,
Irilladim men ham asta javoban unga.
Shunday qilib birimizga birimiz
Dushman bo‘lib ko‘rindik-ov sal yerda essiz…
Kim biladi, erkalanib kelgan bu jonzod
Huv… yo‘qolgan do‘stin balki qilganmidi yod?!
XIYoBONDA
Jingalaksoch, qora to‘rt yashar bola
bir yasharlik, oppoq qizaloqning shod
qo‘llaridan tutib o‘ynaydi, ana
Oradan o‘n besh yil yo yigirma yil
o‘tsin-chi, mana shu odamizodlar
Bar-birin ovutib, qo‘lidan tutib,
shod-xurram, kulishib turarmikanlar?
San’at Javohir tarjimasi