Jo Uolles (1890-1975)

Jo Uolles (Joe Wallace) – ingliz tilida ijod qilgan kanadalik shoir, jamoat arbobi. “Hamma – mening do‘stlarim” (1953) , “Salom, singlim, assalom, uka!” (1956) kabi to‘plamlari bilan muxlislar orasida shuhrat qozongan.

HAMON TUSh KO‘RYaPMAN…

Tun – siymtan g‘oz,
Tun – oppoq qushdir,
Jilva sochar oy kokillari…
Ko‘rganlarim – eng go‘zal tushdir,
Ko‘rganlarim – go‘zal tush bari.

Unut bo‘ldi dardi hijroning,
Tindi qalbning oh-faryodlari.
Qo‘ynidaman uyqu – oromning,
Ko‘rganlarim – go‘zal tush bari.

Bizlar yana birgamiz, jonim,
Men juda yosh, juda oshiqman.
Mast uyquda o‘tar har onim,
Tush ko‘ryapman sira oshiqmay.

Baxtlidirman visolda tamom,
Zarra g‘am yo‘q, yo‘q ko‘z yosh, hijron.
Uyqudaman, ruh uchar shodon,
Hayot – tushga vobasta oshyon…

San’at Javohir tarjimasi