Edvin Jon Pratt (1883-1964)

Edvin Jon Pratt (Edwin John Dove Pratt) – Kanada adabiyotida yorqin iz qoldirgan shoir. Uning nomi XX asr inglizzabon adabiyotlar tarixida Robert Frost, Uilyam Yeyts, Tomas Eliotlar bilan yonma-yon tilga olinadi. Toronto universiteti falsafa fakultetida ta’lim olgan, so‘ng shu dargohda ingliz tili va adabiyotidan dars bergan. Ota-bobolari ruhoniy zotlar bo‘lgan. “Kenedien pouetri” jurnalida uzoq yillar muharrir bo‘lib ishladi. Uning nomini mashhur qilgan to‘plamlar: “Reychel”, “Nyufaundlendda yozilgan she’rlar” (1923), “Turli kayfiyatlar” (1932), “Titanik” (1935), “Natyurmort” (1943) kitoblaridir. Uch marta Kanada general-gubernatorining adabiyot sohasidagi mukofotiga sazovor bo‘lgan (1937, 1940, 1952 yillar). 1952 yilda adabiyot sohasidagi xizmatlari uchun Albert universitetining oltin nishoniga, 1961 yilda esa Kanada Kongressining yillik adabiy mukofotiga loyiq topilgan.

O‘TDA YoNGAN MAHBUSLAR

So‘nggi bor so‘roqqa olib kelishib
Hovliga otdilar barini. Uryon,
Chalakuyuk, o‘lgan, ust-ust qalashib
Ana yotishibdi to‘p-to‘p va shishib
Qonun la’natlagan uch yuz mahbus jon.

Raqamlarin sira o‘qib bo‘lmaydi,
Ismlarini olov yamlab-xo‘rlagan.
Bundayin “sharafli” o‘limni hatto
Birontayam jangchi tushda ko‘rmagan.

Xuquq sarbonlari, ko‘ringlar, ana,
Betartib uyulgan murdalar aro,
Nazoratchi qora bo‘yoq ko‘tarib,
Olar barmoqlardan ko‘chirma – “imzo”.
(1930)

OLChA

Jenni yig‘lar: “Olma daraxti
Olcha tugib bersa ham hatto,
Qarg‘alarning qora qanoti
Guldan oqroq bo‘lsa ham hatto,
Jeymi tomon bosmasman qadam!
Etadi, bas, endi men o‘zim
Shu Jeymining ko‘rmayin yuzin!”

Jeymi qizni hovuz bo‘yida
Uchratdi-yu, sayradi chunon:
“Senga o‘zim bo‘layin qurbon,
Sening uchun borajakman jon!

So‘zlarimda bo‘lsa sal yolg‘on
Jahannamning qa’riga uchay,
Do‘zaxning eng tagiga tushay!”

Nima bo‘pti shunda, dersiz, a?
Xuddi o‘sha bog‘ning o‘zida
Daraxtlarda olchalar pishdi!
Oq qanotli qarg‘alar uchdi!
Oq qanotli qarg‘alar uchib
Daraxtlarni aylanib, quchib,
Kelib qo‘ndi hovuz bo‘yiga!
Mana, nelar sodir bo‘ldi, ha!..

KUTISh LAHZALARI

Shamollardan menga sira tinim yo‘q,
Derazani mahkam yopsam ham hatto.
Qaltiratar meni o‘choqdagi cho‘q,
Olov yonar, zulmatdadir uy ammo,
Tun bo‘yi quloqda guvullaydi sas,

Sirtdagi bo‘ronning ovozi tinmas.
Menga shamollardan najot qaydadir,
Derazalar yana taqillayotir.
Chirsillab yonadi o‘choqda o‘tin,
Xonam yorishmoqda, tugab bitdi tun.
Tong otar, uyimga kirar sarsari
Chorloqlarning mungli zorlanishlari…
(1930)

San’at Javohir tarjimasi