Garsilaso de la Vega (1501-1536)

Garsilaso de la Vega (Garcilaso de la Vega) – ispan shoiri, harbiy amaldor. Toleda saroyga yaqin bo‘lgan zodagon oilada tug‘ilgan. Karl V hukmronligi davrida harbiy harakatlarda ishtirok etgan, diplomatik vazifalarni bajargan. Uning ijodi ispan she’riyatining iftixoriga aylanib, maqol va shiorlarga aylangan. Adabiy merosi unchalik katta bo‘lmasa-da, jahon she’riyati ixlosmandlarining e’tiborini qozongan.

IKKINChI ELEGIYa

Boskonga baxshida

Do‘stim Boskon, ziyorat qil
Dardan elin dohiysin.
Ularni kuylamish Vergiliy.

Bosh uzra hilpirar
Ispan bayrog‘i,
Afrika qahramoni –
Yurtimiz ko‘z qarog‘i.

Jangda o‘zin ayamay,
Ko‘rsatarkan jasorat,
Mukofot istar ko‘ngil,
O‘lim uchun kafforat.

Ammo oqil odamlar
Istamaydi urushni.
Tinch mehnat qilib ular,
Istar davr surishni.

Ahli dillar ko‘zlaydi
Fazl-la kamol topishni.
Sira istamas ular
Nizo, janjal, qopishni.

Ba’zilar bor zaharda
Yaxshi ko‘rsatar o‘zin.
Botinida aksincha
O‘yar do‘stlarin ko‘zin.

Men o‘rtacha yo‘l tutdim,
Shuhrat topib ijoddan,
Zeb-ziynatni unutdim.
Uzoqman girdiboddan.

Ba’zilarday kechalar
Visol izlab chopmadim.
Shilqimlik, buzuqlikdan
Biror maza topmadim.

Elegiya yozay deb,
Qayga boshlar qalamim?
Yozganim satira-ku,
Yo oldimmi alamim?

Bo‘pti, do‘stim, endi qaytay,
Mavzuimning boshiga.
Ma’yus ohang yarashadi
Garsilosa yoshiga.

Goho maqtov eshitib,
Yashayman kamtarona.
Sizday aziz do‘stlarni
Qilib goho tarona.

Farishtalar bezaydi
Umrim lahzalarini,
Qayg‘u charchoq yo‘qolar
Ijod bog‘chalarida.

Ilhom parilariga
Dilim ochib yashayman.
Ijodu mehnat bilan
Vaqtni ortga tashlayman.

Ammo qalbda og‘ir dard,
Vatanimdan judolik
Ne-ne boylikdan a’lo
O‘z yurtimda gadolik.

Urush tangrisi – Marsga
Ko‘p yillar qilib xizmat,
Endi barcha topganim –
Quvg‘indilik va g‘urbat.

Judolik diyorida
Olov kuydirar jismim.
Tiriklikda ko‘rmasam,
Vatanga yetar ismim.

Bundan ko‘ra yaxshiydi
Jang chog‘ida o‘lganim.
Ko‘rmas edi g‘animlar
O‘zga yurtda so‘lganim.

Umidim bor – do‘stlarga
Uzrlarim aytarman.
Gar o‘lmasam, bir kuni
Ona yurtga qaytarman…

Rus tilidan Mahkam Mahmud tarjimasi