Uilyam Batler Yets (1865-1939)

Yets, Yets, Yeyts Uilyam Batler (William Butler Yeats; 1865.13.6, Sandimaunt, Dublin yaqinida — 1939.28.1, Rokbryun, Frantsiya) — irland shoiri va dramaturgi, simvolizm namoyandasi. 90-yil lardagi «Irland uyg‘onish davri» madaniy harakatining tashabbuskori va qatnashchisi. Birinchi milliy teatr asoschisi. Irland adabiyot akademiyasini tashkil etishda qatnashgan.
Yets ijodi irland folklori bilan mustahkam aloqada rivojlangan: «Ossianning sarguzashtlari» (1889) dostoni, «Sirli atirgul» (1897) she’riy to‘plami va boshqa «Xulienning qizi Ketlin» (1902) pesasida irland xalqining milliy ozodlik harakati qo‘llab-quvvatlangan. «Minora» (1928), «Aylanma zina» (1933) she’riy to‘plamlarida tushkunlik kayfiyati seziladi.
Ijodida kelt mifologiyasiga murojaat qilgan, bu unga milliy irland adabiyotini qayta tiriltirish imkonini berdi.
Yets o‘zining sahna asarlari bilan she’riy dramaning taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shdi. Umrining so‘nggi yillaridagi asarlarida ramziy obrazlarning ko‘pligiga qaramay, kiborlar jamiyatidagi ikkiyuzlamachilik va riyokorliklar qoralanadi. Nobel mukofoti laureati (1923).

YaLLA

O‘yin tushar og‘izda sharob,
Sevgi gullar qaroqda zarhal.
Bu biz bilgan chin – hayot aro –
Qarilik va o‘limdan avval.
Men og‘zimga tutib qadahni
Senga boqib, xo‘rsingum har gal.

A’zam Obidov tarjimasi

QALBINGNI BUTUNLAY SEVGIGA BERMA

Qalbingni butunlay sevgiga berma,
Har doim muhabbat o‘yida yurma.

Seni mahv etganin bilganlari on
Ayollar qadringni unutar, inon.

Bo‘salar ko‘p bo‘lsa, ta’mi oz bo‘lar,
Me’yorini bilsang, bari soz bo‘lar.

Suyumli narsalar muvaqqat mudom,
Ularga yuraging bermagil tamom.

Maftun etib olar avaylab, mayin,
Yuragingni o‘yin qilarlar keyin.

Ko‘ru kar, soqovga aylanadirsan,
Ko‘rinmas arqonga boylanadirsan.

Sen endi yutqazding, yengilding butkul,
Sen endi qalbini boy bergan bir qul.

ESKI QO‘ShIQ

Suyukligim keldi – yashnab ketdi bog‘,
Qadamidan go‘yo yorishdi har yon.
Aytdi: “Yaproqlarday yengil sev, o‘g‘lon”,
Yosh edim, so‘ziga osmadim quloq.

Daryo yoqasini kezdik vaqti chog‘,
Qorday oq qo‘llari yelkamda edi.
Tosh yorgan maysaday erkin bo‘l, dedi,
Men-chi, oh, so‘ziga osmadim quloq!

YuRAKKA DALDA

Bo‘ldi, tinchlan, endi, tinchlan, yuragim,
Eskilarning qadim hikmatin esla:
Olov va to‘lqindan qo‘rqar bo‘lsa kim,
Shamollar oldida titroqqa tushsa,
Uni mahv etadi yong‘in yo toshqin,
Shamollar uchirar, etgaydir vayron,
Qolmagaydir undan biror nom-nishon.

MUShUK VA OY

Yuksaklarda suzib borar oy,
U yon-bu yon yuradi mushuk.
Nelarnidir izlar, hoynahoy,
Er bag‘riga uzala tushib.

Razm solar oyga Minalush,
Izg‘ib yurar, mungli miyovlar.
Oyning sovuq nuri qilar g‘ash,
Yuragiga xavotir solar.

O‘tloq bo‘ylab yuguradi u,
Bosar mayin panjalarini.
O‘yna, mushuk, yo‘qolsin qayg‘u,
Och yuraging darchalarini.

Raqsga juda mosdir ushbu choq,
Oy o‘rgatar balki o‘ynashni.
U ham juda zerikkan, chog‘i,
O‘ynab dildan ketkazar g‘ashni.

Shu’la tushgan mayin maysalar
Uzra yurar Minalush asta.
Yuksaklarda oy tanho suzar,
Yangi joyga siljir birpasda.

Bilarmikan, Minalush bunda
Qaraganin har yon nigoron.
Atrofga bir alanglab yana
Termilganin olis oy tomon.

Minalush jim, tolganday o‘yga,
Qurshab borar yolg‘izlik, charchoq.
Yiroq ketgan bevafo oyga
U ham tashlar vafosiz nigoh.

SAMOVIY KO‘YLAK HAQIDA ORZU

Qaniydi, samoviy kiyimim bo‘lsa –
Tillarang, kumushrang nurlarga cho‘mgan.
Kechalar, kunduzlar, tonglarning toza
Va tumanli, xira nurini emgan.

Uni faqat senga qilardim sovg‘a,
Ammo hech vaqom yo‘q orzudan bo‘lak.
Orzularim sochdim poyingga, mana,
Ayama, qadaming tashlayver, malak.

PLASh VA QO‘LQOP

Ko‘rishdik, u turar yashnab va yayrab,
Meni esa tinmay qiynaydi qayg‘u.
O‘yladim: u mamnun dilimni tirnab,
Unda yurak yo‘qdir, yo‘q erur tuyg‘u.

Turardim qo‘limda plashin tutib,
Dedim: “Endi tamom, ko‘rishmasmiz, yo‘q”.
Shu dam g‘ijimlangan bir mato uchib,
Kelib tushdi oyoq ostimga shundoq.

Bolalar qo‘lqopi, o‘ngigan biroz,
Uni ko‘rib ko‘zga birdan yosh keldi.
Dedim: “Kulrang plash, qanotlaring yoz,
Uning qalbini sen asragin endi”.

KEYIN-ChI?

Uni maqtar edi maktabdosh do‘stlar:
Juda mashhur bo‘lib ketadi bir kun.
Uning qoidasi bo‘ldi bu so‘zlar,
Izlandi, ter to‘kdi imkoni qadar.
“Keyin-chi? Xo‘sh, keyin?” dedi Aflotun.

Yozgan har narsasi qozondi dovruq,
Pul topdi, turmushi o‘zgardi butun.
Yashadi har nedan mamnun, ko‘ngli to‘q,
Do‘stu oshnani ham unutmadi, yo‘q.
“Keyin-chi? Xo‘sh, keyin?” dedi Aflotun.

Neki orzu qilsa, bo‘ldi sazovor –
Mo‘jaz uyga ega, o‘g‘il-qiz – durkun.
Olxo‘rilar o‘sgan go‘zal bog‘i bor,
Ortidan shoirlar ergashdi qator.
“Keyin-chi? Xo‘sh, keyin?” dedi Aflotun.

Qarigach, o‘yladi o‘zidan xursand:
“Yoshlikda rejalar tuzgandim uzun.
Barini bajardim, hech yemadim pand,
Dushmanlarim kuydi, ketmadi omad”:
“Keyin-chi? Xo‘sh, keyin?” dedi Aflotun.

Ingliz tilidan Orif Tolib tarjimasi