Uilyam Bleyk (1757-1827)

Uilyam Bleyk (William Blake; 28 noyabr 1757, London — 12 avgust 1827, London) — ingliz shoiri va rassom.

* * *

Daqiqada mangulik shoyon,
Ulkan dunyo — qumning zarrasi.
Cheksizlik — bir hovuchdir, ayon,
Osmon — misli gulning kosasi.

Ikrom Otamurod tarjimasi

QILICh VA O‘ROQ

Qilich so‘ylar jangda o‘limdan har dam,
O‘roq so‘ylar hayot, mangu o‘choqdan.
Ammo qilich qancha qahhor bo‘lsa ham
Ustun kelolmagan hech vaqt o‘roqdan.

OQShOM QO‘ShIG‘I

Tog‘da o‘yin boshlandi, sadolari akslandi,
Yangrab ketdi qorong‘i o‘tloq.
Tugaganda og‘ir kun tashvish tugar men uchun,
Yurak sokin, sokindir har yoq.

Bolalar, uyga endi! Tog‘ ortida kun so‘ndi,
Endi tungi shudring tushadi,
Endi uyquni urish. Ertalab vaqtli turish.
Quyosh chiqib, ko‘k yorishadi.

– Yo‘q, yo‘q, shoshilish nechun! So‘nmadi-ku hali kun,
Raqslarimiz hali avjida.
Uxlolmaymiz baribir – uchmoqda qushlar axir,
Endigina qaytmoqda poda.

Mayli, kutamiz ozroq, so‘ngach so‘nggi nur-chiroq
Dam olgani qaytamiz ammo.
O‘tloq, o‘rmonlar bo‘ylab tinmas shovqin va tap-tap,
Tepalardan qaytar aks sado.

Rus tilidan Miraziz A’zam tarjimasi