Ser Uolter Reli (1552-1618)

Ser Uolter Reli (Sir Walter Raleigh) siyosiy jarayonlar, ziddiyatli hamda talafotlarga to‘la vaziyatlar tegrasida sarson yashab o‘tgan otashqalb shoir. Reli o‘zidan betakror, nafis, qaynoq va isyonkor she’rlar qoldirdi. U vatanida ham shoir, ham harbiy, ham tadqiqotchi bo‘lib tanilgan.

“ShUNDAYIN ONLAR BOR…”

Shundayin onlar bor – bizni tashlab ketgay
Yoshlik, quvonchimiz, qalbda borimiz.
Qorong‘u qabrday zulmatga otgay –
Nogoh yopirilib kelgan zorimiz.
Sarson tentisak-da umrimiz bo‘yi,
Inkor etolmaymiz taqdirning ra’yin.
Lek baribir shu dard, g‘amdan bir kuni
Aminmanki, Xudo qutqarar meni.

INDAMAS OShIQ – 1

Daryo toshqiniday oqar hislarim,
Qancha chuqur bo‘lsa, shuncha tilim gung.
O sevgi, naqadar za’faron tuyg‘u,
Yuragim tubiga yig‘ildi bor mung!
So‘zlarim shu qadar bisyoru bisyor
Lekin otash ishqim etolmas izhor.

INDAMAS OShIQ – 2

Yolg‘onmas, yuragim malikasi-chun
Bor sevgimni fido etganligim rost.
Faqat jur’at yetmas tilimga bir zum,
Menga muruvvat ham aslo kerakmas.

Muhabbatda sukut azoblar ko‘proq,
Ammo quruq so‘z ham g‘ashni qo‘zg‘atar.
Axir xoksorgina, tilanchilar ham
Dilda ko‘proq rahmu shafqat uyg‘otar.

Ne bo‘lsa ham qalbim malikasi-chun
Qurbon bo‘lsin mening bor muhabbatim.
Jur’atim yetmasa hamki, bezabon
Sevaman, rad etib yor muruvvatin.

Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi