Shaylendra (1923-1966)

Shaylendra (शैलेन्द्र) – mashhur hind shoiri, bastakor, qo‘shiqchi va musiqiy rejissyor. Raj Kapur bilan birgalikda 1950-60-yillarda juda ko‘p filmlar uchun qo‘shiqlar yaratgan.

JANOB 420
(filmdan qo‘shiq)

Oyog‘imda yaponcha boshmoq,
Shimim chet el – Inglistonniki,
Boshimdagi o‘rischa qalpoq,
Ammo qalbim – Hindistonniki.

Men ham ko‘ray yorug‘ dunyoni
Deya yo‘lga tushdim besuvor.
Qayda erur so‘ngi manzilim –
Bilar buni bir Parvardigor.

Daryo kabi toshar yuragim,
Faqat olg‘a shoshar yuragim.
Tog‘lar oshdim, soylardan o‘tdim.
Hayot yo‘li ekan past-baland
Qayda qolib ketding, Vatanim?
Ishqing mudom yuragimda band.

Yurgan sayin ochilar yo‘lim,
To‘xtash yo‘qdir, to‘xtash bu – o‘lim.

Kerak emas menga toju taxt,
U ham bir kun ketadi qo‘ldan.
Odam bo‘lmoq – shu azaliy baxt,
Yo‘q, qaytmayman endi bu yo‘ldan.

So‘zlarimdan bo‘lmang hech hayron,
Men ham sizdek bir dili vayron…

Oyog‘imda yaponcha boshmoq,
Shimim chet el – Inglistonniki,
Boshimdagi o‘rischa qalpoq,
Ammo qalbim – Hindistonniki.

Hindiychadan Amir Fayzulla tarjimasi