Ildizi juda qadim zamonlarga borib taqalgan bhaktiy harakatining XV asrdagi yirik namoyandalaridan biri Kabirdasdir.
Kabirning hayoti tinch kechmagan. Hukmdor sinf vakillari va ichqora shaxslar uni tinmay ta’qib va tazyiq ostiga olar edilar. Bu tabiiy edi, albatta. Mamlakatda zulm va adovat avj olib turgan, adolat va diyonat toptalgan bir vaqtda Kabirning shu zulmlarni yuzaga keltirgan sabablarni ayovsiz fosh etishi hukmron doiralarga yoqmas edi.
Kabir she’riyati Hindistonda xalq she’riyati sifatida xalq qo‘shiqlari bo‘lib yangraydi, va nihoyat, she’riyatning o‘zi sifatida maktablar, kollejlar, universitetlarda o‘rganiladi.
G‘AZALLAR
* * *
Ey darvesh, qaytarsang gumrohni uyga,
G‘amli kuning aylangan bo‘lardi to‘yga.
Har ne bo‘lsa, mayli, bo‘lsin go‘shada,
Nima bor er kishiga o‘rmon-beshada.
Uyda tegar uning elga foydasi,
Jon uyda tinch bo‘lar – shul qoidasi.
Uydagi toati avval mustajob,
Tangriga xush yoqar bundayin tavof.
Yorini uyida suygan odatda,
Xudoga shukrlar qilar toatda.
Ko‘ngildan gar qilsa ibodatini,
Topar ikki dunyo saodatini.
Shodlikdan dunyoga sig‘may ketadi,
Dil torin yangratib tinmay chertadi.
Musofir yurtlarda boy berar barin,
Yo‘qotganin uyda topadi tayin.
Kabir deydi: eshit so‘zimni, ketma,
So‘z qimmat oltindan, hech uvol etma.
* * *
Olloh nomin yod ayla, yo‘qsa ishing pushaymon,
Ishonma vujudingga, vujud ishi ko‘p gumon.
Oydek ruxsoring bir kun tuproq bilan bo‘lur teng,
Mushting tugib kelganding, ochiq qo‘l-la ketarsen.
U yoqdan nima olib kelganding, esingdami?
Xo‘sh, ketarda ko‘nglingga tushmish nimaning g‘ami?
Yoshlikda o‘ynab-kulding, yeding-ichding, mast bo‘lding,
Keksalik dardi oldi – bargi xazondek so‘lding.
Fursatni g‘animat bil, kuch borida mehnat qil,
Ne ekding – shudir hosil, deydi Kabiri oqil.
* * *
Chodradan farqi yo‘q odam jismining,
Sirin bildim Tangrining bu tilismining.
Besh unsur ham uchta siyratdan bori,
Odamni yasamoq Xudoning kori.
Sakkiz oy deganda urchuq-mokidan
Ajib mato chiqmish – yirtmas chokidan.
Ma’budu donishmand, avliyo, avom –
Barchasi bir xilda libosda tamom.
Afsus, jaholatu g‘aflat tufayli
Libosni kir qilmoq ularning mayli.
Ammo Kabir chekib riyozat bor-bor
Gard ham qo‘ndirmadi libosga zinhor.
* * *
Dunyo ahli ro‘yolarga g‘arqobdir,
Qayon boqma – go‘zal, rangin, gulobdir.
Toshlar terib, qasr qurib bahaybat,
Ham aytarki, bu uy meningdir albat.
Aslida u na seningdir, na mening,
Nari borsa bir chumchuq iniga teng.
Gar yulduzga yetsa-da, yolg‘on bu uy,
Yaxshi erdi chin uyingdan sursang o‘y.
Chin uyingga olganingda yo‘l, ajab,
Yig‘lagay el yoqa yirtib, telbarab.
Qisib-qimtib dunyo yig‘ding, bo‘lding boy,
Xudo hukmi keldi – holing bo‘ldi voy.
Rangni norang, oqni qora der zamon,
Kabir aytar: bul zamondin al-amon.
* * *
Nodonlikdan goho yo‘qotsam yo‘lim,
Ustoz solar yo‘limga ushlab qo‘lim.
Shundan menga qoida-qonun bekor,
Sajdaga bosh urmoqdan ko‘ngil bezor.
El meni bir telbayu devona der,
O‘zini tengsiz oqil, mardona der.
Endi yo‘q ehromga qo‘ymoq tandasi,
Odatimdir, to ibodat kandasi.
Kelganimdan boxabar qilmoq uchun
Tangriga bong chalmagayman uzzu-kun.
Hurmatim qo‘ysin bilib deb ul sanam,
Sochmagayman haqqiga gul dona ham.
Tangri nomin aylamasman zamzama,
Qilmasin qurbonliq endi ul tama’.
Yo riyozat chekmagayman oh urib,
Azmi roh qilmasman yoki tong turib.
Menga Yer ahli erur ko‘p qadrdon,
To fido bo‘lsin unga bu qilcha jon.
Yo‘q havas menda dinu-dunyoga ham,
Na biron xeshu taborni istaram.
Ne haqoratlarga bo‘ldim men nishon,
To‘ldi qonlarga yurak butkul, ishon.
Kabir aytar:
– Poralar ko‘nglimni tig‘,
Tangri tutmas rahmatin mendan darig‘.
* * *
Osmondan yog‘ilar rahmat suvlari,
Holbuki, ko‘k olis – ko‘zlardan nari.
Yoqimli tarona taralar mudom,
Holbuki, bir cholg‘u ko‘rinmas bu dam.
Nilufar barq urib ochilib yotir,
Holbuki, na ko‘l bor, na ko‘lmak zohir.
Oqqushlar parvozi tutgan har yoqni,
Holbuki, oy yoqqan emas chiroqni.
Barchasi Tangrining karashmasidir,
Rahmat – faqat uning sarchashmasidir.
Rahmat eshigini ochsa Xudoyim
Shundoq mo‘jizalar ro‘y berar doim.
O‘lim, qo‘rquv degan gaplar yo‘qolur,
Hayot, shodlik ular o‘rnini olur.
Chiriydi shahvatu g‘azabu kinlar,
Barq urar bog‘larda oppoq nasrinlar.
Qiynab kelgan necha asr tashnalik
Arzimas olmoqqa birrov chashnalik.
Ming xil kasal, ming xil koru bor, duo –
Yaratganday, zumda yo‘q qilar Xudo.
Kabir aytar: tingla so‘zim, qalandar,
Hech qachon o‘lmaysan misli samandar.
* * *
Rabbning shahriga bir kun borarsan ham, ey banda,
Dunyo ishidan hayron qolarsan ham, ey banda,
Shoxdan uzilgan bargni uchirib ketar shamol,
Qaytib joyiga kelmas, olislar balki alhol.
Bog‘bonni ko‘rib nogoh shivirlashar g‘unchalar:
“Gul termoqda, ertaga bizga ham qaychi solar?”
Tegirmon toshin ko‘rib Kabirning esi uchdi,
Unga aylanar zumda don borki, do‘lga tushdi.
Tuproq deydi kulolga, tepkilama meni ko‘p,
Bir kun kelarki, men ham tepkilarman seni xo‘p.
O‘tin der temirchiga: “Shoshma, meni yoqma, hoy,
Jasading gulxaniga asqoturman, hoynahoy”.
Ey banda, ibodat qil, diydorlash Tangri bilan,
Rahmatga yetishgaysan to Uning amri bilan.
Kabir, indirma chimdim uyquni ko‘zinggakim,
Oldinda bir xob kutar, abadiy yotasan jim.
* * *
Sen kelgan mamlakat bir yo‘qlik edi,
U yerda bor edi na yer, na osmon.
Quyoshsiz edi u, mohi tobonsiz,
Na suv oqar edi, na yog‘ar nayson.
Kshatriy, brahman, shudra, vayshiya
Kabi zot-potlardan yo‘q edi nishon.
Na mo‘g‘ul, na pathan, na said, na shayx –
Millat-mazhablardan xoli bir makon.
Na Ganesh, na Mahesh, Brahma, Vishnu –
Biron-bir ma’budni bilmasdi jahon.
Na Sheshnag, na yoga, jangaliy, muni –
Qadam izi bosib bormagan hech on.
Ibtido, intiho begona bunda,
O‘lim yo kasallik yo‘q narsa, ishon.
Kabirdas keltirdi ushbu payg‘omni,
Foyda deb o‘ziyu sizga begumon.
So‘zimga ishoning, ey ahli dunyo,
Hamda tez yo‘l oling o‘shal yurt tomon.
TO‘RTLIKLAR
* * *
Odam bo‘lib tug‘ilmoqlik katta saodat,
Kim aytadir kelmog‘ingni tag‘in ne bo‘lib.
Pishgan meva bir bor tushgach uzilib yerga,
Yana qaytib shoxga qo‘nmas, shiraga to‘lib.
* * *
Yolg‘onchi duch keldi bir yolg‘onchiga
Mehr rishtalari ulandi mahkam.
Yolg‘onchi duch keldi rostgo‘y odamga,
Mehr rishtalari uzildi shu dam.
* * *
Baxtsiz yig‘lar o‘zin baxtsizligidan,
Baxtin boy berishdan cho‘chir baxtiyor.
Faqat Xudo degan pok bandagina
Baxtu baxtsizlikni o‘ylamas zinhor.
* * *
Hayronman, ne aybi borki, sochingni
Dam-badam taroshlab, qilasan taqir?
Nega qurum bosgan qalbingni sira
Yuvmaysan astoydil tozalab, axir?
* * *
Kabir aytar: tiniqlashdi aqlim nihoyat,
Bamisoli Ganga suvi – jonlarga rohat.
Tangrining ham endi ko‘ngli sust ketib menga
Chorlar: “Kabir, tezroq kelgil, sog‘indim g‘oyat”.
* * *
Ko‘nglim oinasi darz ketdi, ha darz,
Butun qilib bo‘lmas singan shishani.
Olamdan qolgandir ko‘nglim butunlay,
Hojat ham yo‘q qayta bog‘lamoq ani.
* * *
Mehnat qilgan odam pokdir shubhasiz,
Mehnatsiz illatni kim ketkizar, kim?
Kattami, kichikmi, dunyo ishlarin
Barchasiga rahbar o‘zi Xudoyim.
* * *
Mening borligimda Tangri yo‘q edi,
Endi Tangri bor-u, ajab, men yo‘qman.
Ichimda charaqlab yongach ul chiroq,
Benishon yo‘qoldi zulmat yo‘limdan.
* * *
Ahmoq bilan do‘stlashma zinhor,
Temir suvda suzmas hech qachon.
Bir tomchi suv ming o‘simlikda
Ming xil hosil berar begumon.
Hindiy tilidan Amir Fayzulla tarjimasi