Kote Kubaneishvili (1951)

Kote Kubaneishvili — gruzin shoiri, adabiyotshunos, tarjimon. 15 dan ortiq kitob muallifi.

* * *

Bolaligim shahrida mening
to‘qilardi bulutlar
samoviy ipdan.

Bolaligim shahrida mening
shu qadar yoniq yuduzlar
ko‘rinar hattoki kunduzi.

Bolaligim shahrida mening
bodom sira gullab tugamas,
xo‘roz o‘z ertagin
to‘xtovsiz ming‘irlar.

U hozir ham ko‘z oldimda
mening bolaligim shahri —
qo‘lingni uzatsang bas!

Biroq qo‘l muallaq qolar bo‘shliqda…
axir mening bolaligim shahri
tushlarimda mavjuddir faqat.

* * *

Yaxshiyamki, aqcha yo‘q senda,
Uni sochib-to‘zib yurmaysan.
Yaxshiyamki, xasta yuraksan,
Aniq bilib, o‘lchab tinmaysan.
Yaxshiyamki, og‘riydi boshing,
Balki, bo‘m-bo‘sh uning ichi ham.
Yaxshiyamki, omadsiz yoshing
Ro‘shnolikni o‘ylaysan har dam.
Yaxshiyamki, tishing olishdi,
Parhez qilib, endi chidaysan.
Yaxshiyamki, o‘g‘ling o‘shqirdi,
Endi sira bo‘shang bo‘lmaysan.
Yaxshiyamki, imorating yo‘q,
Oromkursing bosmas endi chang.
Yaxshiyamki, boshingni urding –
Endi og‘riq she’r yozar, attang!

Rus tilidan Davron Rajab tarjimasi