Manolis Anagnostakis (1925-2005)

Manolis Anagnostakis (Μανόλης Αναγνωστάκης; 10 mart 1925, Saloniki — 23 iyun 2005, Afina) — grek shoiri va tanqidchisi.

«P. S.» kitobidan mansura

Faqat uning barmoqlarini chizish uchun u musavvir bo‘lmoqchi edi.
Yakshanbada kun oqqan payt hamma futbol o‘yinidan keyin maydon yaqinidagi yemakxonaga yo‘l olganda, u uyga shoshardi – dars qilishi kerak edi.
Yaxudiylar mahallasida hech kim u bilan o‘ynamasdi, chunki u yaxudiy emasdi-da.
Eski do‘stlarga hayajon bilan qaraysan, eski jazmanlarga esa – jirkanish bilan.
Shu taxlit asta-sekin yon-atrofing bo‘shab qoladi.
Maktub ham kutmay qo‘yasan.
Unutish mumkinligiga ishonmasding, mana unutding ham.
Akkordeon ovozini eshitmaganingga ham ancha yil bo‘ldi…
Unga ablah ekanini qanday aytasan, – axir u yigirma yil qamoqda o‘tirdi …
U o‘limdan qo‘rqmasdi – harqalay, birovning o‘limidan qo‘rqmasdi-da.
Ko‘hna, serodam oilalar farang romanlarida bo‘ladi – aka-ukalar, tengdosh jiyanchalar, shahar tashqarisidagi keng hovlilar – va yana qaynoq yoz.
Oradan sakkiz yil o‘tgach, u ayolning telefoni o‘sha kech ishlamay qolganini bildi.
Bitta-yagona she’rda qanchalar mahmadanalik bor.
Bir xomtamalikning o‘tmishi.
Qovoqxona «Go‘zal Sevilya» deb atalardi.
Kalvos va Solomos yigirma yil bir shaharda yashadilar va hech qachon bir-birlariga yuzma-yuz kelmadilar.
Sen hech qachon dafn marosimlarida yig‘lagan emassan.
Unda, eski jurnallarda, ularning bari endi o‘lib ketganlar.
U hatto o‘sha ayolning telefon raqamlarini ham sevardi.
Hamisha ikki toifa bor: arboblar va tomoshabinlar.
Eslayapman, esimda bor – demak, o‘zim ham hali borman.
Stolining tortmasida u otasining yozishmalar daftarini topib oldi.
Intellektual jasorat mavjud emas.
Yashadik – ya’ni: vaqtichog‘lik qildik.
Esdaliklar ishlab chiqaruvchi korxonaman.
Yana yomg‘ir …
Sen mendan bor-yo‘g‘i yetti yosh kattasan – ammo Ispaniyada jang qilishga ulgurding.
Insonparvarlik maqsadida qilingan yovuzlik!
So‘zlarni axtarib-axtarib, mana – yolg‘on so‘zlashga ham tushdilar.
Haqiqat so‘zini muqarrar katta harf bilan yozishni istashi asabiga tegardi.
“Mundarija”dagi sarlavhalarning o‘zi, agar ularni birin-ketin o‘qisang, yangi she’rga aylanadi – eng yaxshi she’r: ortiqcha so‘zlarsiz, mahmadanaliksiz, yasamaliksiz, bezaksiz.
Sen ham qarib qolding.
U izlardi – so‘zlarning ortida hech narsa yo‘q edi.
Haqiqatga talabgorlik – qanaqa haqiqat?
Naqadar go‘zal kitoblarni yozamiz, naqadar nafis qo‘shiqlarni kuylaymiz, naqadar latofatli dafn marosimlarida yig‘lab o‘tiramiz.
Sukut.
Nihoyat, ular yana o‘sha so‘zlarga qaytdilar: do‘stlik, tushunish, ishonch.

Karim Bahriyev tarjimaci