Otashnafas shoira Jahon Malik Xotun (XIV asr) Sheroz hokimi Abu Ishoq Injuning akasi Jaloliddin Mas’udshohning yolg‘iz farzandi edi. Otasi juda badavlat bo‘lib, butun boyligini Ozarbayjondan Sherozgacha bo‘lgan joylarda madrasa, xonaqoh, rabot va karvonsaroylar qurishga sarflagan. U o‘ldirilgach, shoirtabiat, ilmu ma’rifat homiysi bo‘lgan amakisi Abu Ishoq Inju tarbiyasida bo‘ladi. Injular xonadoni mashhur mutasavvif shoir va avliyo Abdulloh Ansoriy avlodidan edi. Bo‘lajak shoira o‘z davrining asosiy ilmlarini egallaydi, adabiyotga muhabbat qo‘yib, she’rlar mashq qila boshlaydi, saroydagi mushoiralarda qatnashadi. Jahon Malik Xotunning Ubayd Zokoniy bilan mushoira va munozaralari, Xo‘ja Hofiz bilan musohabalari xususida manbalarda qiziqarli ma’lumotlar saqlanib qolgan. Davlatshoh Samarqandiy uning go‘zalligi, oqilaligi va iste’dodi bilan shaharda shuhrat qozonganligi, ko‘ngillarga o‘t soluvchi hassos she’rlari xalq ichida keng tarqalganligini aytib o‘tadi.
Lekin toju taxt talashishlari natijasida Abu Ishoq o‘ldirilib, Oli Muzaffar hokimiyatni qo‘lga kiritadi. Injular xonadoni quvg‘inga uchraydi. Shoiraning eri – vazir Aminiddan Jahromiy ham qatl qilinadi, yolg‘iz farzandi Sulton Baxt go‘dakligidayoq vafot etadi, qarindoshlari turli tomonlarga tarqab ketadi.
Jahon Malik Xotundan qasida, g‘azal, ruboiy kabi lirik janrlardagi 14 ming baytdan ortiq she’rlarni o‘z ichiga olgan ulkan devon meros qolgan. Devonning asosiy qismini g‘azal va ruboiy tashkil etib, jumladan ruboiylari soni 357 ta. Shoira devoni 2002 yili ilk bor Tehronda nashr etilgan.
RUBOIYLAR
1
Ey, sarv qading ko‘zimiz ichra undi,
Ko‘zlarga yuzingsiz qachon uyqu indi?!
Bu xasta ko‘ngilning sirrini har yoqqa
Ko‘z qorachig‘i yoyar uyalmay endi.
2
Shodlik eshigi bizga ochiqdir bu kecha,
Yor lutfu muruvvati sochiqdir bu kecha.
Yor qoshiga yo‘l topmadi hattoki sabo,
Jonu dilimiz aytishadi sir bu kecha.
3
Qo‘zg‘ol, qani, boqqa kirki, ochildi gul,
Yuzing yo‘g‘ida tilini yutdi bulbul.
Desam: “Aridek muncha menga nish urasan?”
Der: “Nish uchida asali ham bordir, bil”.
4
Yorning guldek yuzini ko‘rsang qani-ey!
Cho‘g‘day labidan bo‘sa tersang qani-ey!
Bir lahza visoli deb g‘ami rastasida
Ko‘nglingni-da, joningni-da bersang qani-ey!
5
Tong chog‘ida savsan niyat qildi to
Tik qaddi bilan chamanga bersa oro.
Men lola kabi yuzini ko‘rdimu dedim:
“Kuyganga yana o‘t ura ko‘rmang aslo”.
6
Har so‘zki, yor yodidan ayru – u bod,
Xurram dili kim bo‘lsa g‘amingdan dilshod.
Men yor yodisiz hatto nafas olmayman,
Yor bo‘lsa meni aylamagay aslo yod.
7
Dard ichra o‘lay dedik, davoni yo‘lla,
Bu benavo qullarga navoni yo‘lla.
Boq: xalq ishiga tushdi tugun uzra tugun,
Ochmoqqa ularni rahnamoni yo‘lla.
8
Charx aylanadi – tinimni bilmas bir on,
Ahvolini anglaydi uning mard inson.
Bechora nima ham qilsin – mendek u ham
Taqdir qo‘lida charx uradi sargardon.
9
Ishqing aro bechora dilim bo‘ldi-yu mast,
Zulfing domiga tushdi bo‘lib donaparast.
Bir boshqacha boqqani uchun unga ko‘zing,
Qoshingga yaqin bo‘lish uchun ayladi qasd.
10
Bir lahza dilim yor g‘amidan xoli emas,
Ham yor g‘amidek hamdamidan xoli emas.
Men yor g‘amidan nafas olurman har dam,
Oldimmi nafas, yor damidan xoli emas.
11
Ko‘zim kecha yorga derdi aylab jodu:
“Hajring g‘amidan tunlari yo‘qdir uyqu”.
Bugun o‘sha so‘zni deb pushaymon bo‘ldim,
Ey, mast nima deganini bilmaydi-ku!..
12
Juftman g‘amiga, agarchi qullikda toq,
Kiprik bilan yer bag‘rini qilgayman chok.
Bu charx jafosiyu raqib jabri sabab
Bir lahza xotirjam yashamoq yo‘q mutloq.
13
Ko‘zimga yuzing xayoli jo bo‘ldi, jo,
Ko‘nglim bo‘ldi sarv qadingga ma’vo.
Cho‘g‘day shu labingdan tutashib bir uchqun,
Bag‘rimda mening bo‘ldi alanga paydo.
14
Dedim: “Bu jahon agar vafo qilgusidir,
Ko‘nglimdagi dardimga davo qilgusidir.
Bu charxu falakka qara: hafta, oyda,
Ne qildi-yu, neni muddao qilgusidir?”
15
Yuz rangi sariq gul kabi hajringda, sanam,
Dardingda qachongacha chekay qayg‘u-alam?
Bechora sariq gulga dedim: “Ko‘rdingmi
O‘tkazganini bizga firoq qancha sitam?”
16
Tong chog‘ida boqqa kirdim – uxlatmadi g‘am,
Der edi sariq gulga qizil gul bu dam:
“Bulbul-ku mening qizil yuzim hajrida qon,
Yuzingni sariq qildi sening qaysi alam?”
17
Qayrilma qoshing xuddi hilolga o‘xshar,
Oshiqqa ishi ranju malolga o‘xshar.
Har ikkisi birga o‘rab olmoq bo‘ladi,
Qochmoq bo‘laman, ammo xayolga o‘xshar.
18
Zulfingga dilimning arzi holi bordir,
Olam elidan ranju maloli bordir.
Dedingki: “O‘ralma ikki zulfimga, dilim –
Vaslini tilaru xom xayoli bordir”.
19
Men xastadan yuzini nihon etgusidir,
O‘ziga raqibni mehribon etgusidir.
Dedim: “Sira ishqingni etolmayman tark”,
Shundan beri jonimni nishon etgusidir.
20
Dedimki: “Dilim sen kabi yor tutsa edi,
Men xasta qo‘lini yo nigor tutsa edi.
Ochsa eding ikki beqaror zulfingni,
Bechora bu dil toki qaror tutsa edi”.
21
Diltang bo‘laverma, jon jononga yetar,
Bir kuni darding-da darmonga yetar.
Visol kunidan sira umiding uzma,
Hijron tuni ham oxiri poyonga yetar.
22
Bechora dilim charx o‘qidan qon emish-ey,
Davron g‘amidan holi parishon emish-ey.
Yig‘lar falak ozori sababli tunu kun,
Dil ishi jahonda ohu afg‘on emish-ey.
23
Keldi yana gulu bulbulu fasli bahor,
Tortar o‘ziga suv bo‘yiyu vasli nigor.
Xurram dili kimning baxt yori bo‘lsa,
G‘amgin dili kimning qoshida bo‘lmasa yor.
24
Bulbul ko‘rdim bog‘da – qilar nolayu zor,
Faryodu fig‘on chekar bamisli yarador.
Dedim: “Nega gulzorni ko‘tarding boshga?”
Dediki: “Gulimni ketdi olib attor…”.
25
Dil charxu falak jafosidan etgusi dod,
Har lahza g‘amu qayg‘usini qildi ziyod.
Bu charxi falakdan nima kelsa ko‘rdik,
Kelsa yana ko‘raveramiz yetsa sabot…
26
Dildanmi, falakdanmi, firoqdanmi deyin,
Toq bo‘ldi-ku toqatim-da har lahza sayin.
Keltirdi falak jafosi jonni labga,
Ham do‘stu yaqinlar qilgan makru o‘yin.
27
Tong chog‘ida gul kulib dedi: “Ey bulbul,
Dunyoni qachongacha yoqar bu g‘ulg‘ul?
Bir kun ketaman safar yukini bog‘lab,
Qolsang menga o‘rganib, unutish mushkul…”
28
Yuzing bog‘ida navbahordir doim,
Har ikki ko‘zing mastu xumordir doim.
Rahm ayla, musaffo guliga tab’imning –
Charx jabri sabab hamdami xordir doim.
29
Bu dunyo o‘ziga berdi oro guldek,
Bor nima zamin sahnida zebo guldek?
Qoshida jahon go‘zallarin o‘ltirsang,
Sening-da yuzing bo‘ladi ra’no guldek.
30
Yomg‘ir kabi boshim uzra soch alvon gul,
Zero, bog‘da yuzin qilar pinhon gul.
Keldi-yu jahon bog‘iga aysh aylay deb,
Bo‘ldi umri qisqaligidan giryon gul.
31
Har qanchaki sen dushmani jonsan, ey dil,
Jon xasta tanimga begumon san, ey dil.
Ko‘p qilma o‘zingniyu meni andisha,
Hijronida topmasang omon san, ey dil.
32
Yo Rab, gunohim kechir qilib lutfu karam,
Ketma nazarimdan yana bir soniya ham.
Men kimmanu nomimni o‘zi kim tutadi?
Mendan gunohu sendan esa lutfu karam.
33
Darding dastidan jonga yetdi dilim,
G‘amdan yuz jon to‘nini chok etdi dilim.
Ko‘rdi-yu jahon sahnasida sarvi ravon,
Qadding deya g‘am ichra cho‘kib ketdi dilim.
34
Chiroyli ko‘zing oldi bir bora dilim,
Sabr ko‘ylagini qildi yuz pora dilim.
Olmoqchi edi ulush visol davlatidan,
Bu orzusiga yetmadi bechora dilim.
35
Ko‘z chashmasini qilgusi ko‘zing ravshan,
Qilgusi umid bog‘ini yuzing gulshan.
Jang aylagali firoq bilan sovut yo‘q,
Vasl aylagali tinchlikni bergil san.
36
Dedim: “Sarvqad, biz sari bir ayla xirom,
Hajringda tuproq bo‘ldi banda tamom”.
Dedi: “Kishi bir kecha visolga yetsa,
Yaxshi o‘tadi, endi uning umri mudom”.
37
Ishqingda qachongacha dilim sargardon?
Qaytar uni gar qo‘lingdan kelsa, jonon.
Dil qonini to‘xtamay to‘karsan, ey ko‘z,
Dil aybi nima – o‘zing bilarsan pinhon.
38
Qildik qancha to‘la qadahni xoli,
Bizga nasib etmadi dudog‘ing boli.
Qo‘rqib qoldim – shirin labingga yetmay
Jon bersam agar tutar labing uvoli.
39
Kundan-kun husnu ko‘rking ortgusidir,
Boqqan sari ko‘zni o‘ziga tortgusidir.
Qoziga etib, dilimni qaytar degali
Qoziga dilim sudrashi qo‘rqitgusidir.
40
Bechora dilim xajringda g‘am ko‘rdi,
Yuzingdan uzoq ko‘zim mudom nam ko‘rdi.
Hijronga chidash agarda g‘am keltirsa,
Bechora dil olam g‘amini jam ko‘rdi.
41
Qon dengizini qildi ravon ko‘zimdan,
Yoshimni oqizdi har zamon ko‘zimdan.
Bu barchasi yetmagan kabi ketmaydi
Yorning yuzi yodi hech qachon ko‘zimdan.
42
Shamdek yuzing qoshida men parvona,
Sensiz menga har ikki jahon begona.
Dedingki: “Labing orzusiga yetkazaman”.
Va’dangni kutib, o‘lay dedim, jonona!
43
Hijron g‘amidan bo‘ldi butun qon bu ko‘zim,
Hajrida nima qilishni bilmayman o‘zim.
Jon hajri bo‘lar qattiq tandan derlar,
Hijronzada dilga o‘zi bersin-da to‘zim.
44
Bechora dilim jondan uzoqqa tushdi,
Bosh aylanib, ishq degan tuzoqqa tushdi.
Hijron dardi-yu, davron g‘ussasidan
Dushman kishani qo‘lu oyoqqa tushdi.
45
Yo Rab, menga pokiza bir iymon ber,
Dardimga muruvvating bilan darmon ber.
Go‘zallar zulfidek parishon ko‘nglim,
Jam etgali ko‘nglimni biror imkon ber.
46
Bilmas insofni hech qachon nozli sanam,
Jon ketdi-yu, dil oldi-yu, yo‘q bosh-da bu dam.
Endi eshigi oldidan o‘tsam deydi:
“Hech narsasiz eshigimga kelma sira ham!”
47
Guldek yuziga boq – ra’nodan-ra’no,
Qaddi chaman ichra zebodan-zebo.
Bosh qo‘ydi qadidan uyalib sarv yerga,
Ko‘rib qadamini barnodan-barno.
48
Dil sendan o‘zgaga sira mayl etmas,
Yuzingni ko‘rish orzusi dildan ketmas.
Tark aylagisi yo‘q g‘aming savdosini,
Har qancha nasihat etma, unga yetmas.
49
Yuzing turib o‘zga yuzga mayl etmas dil,
Yuzingni ko‘rishdir orzusi oyu yil.
Jon nega vujudim ichiga kirgandir
Izlab seni, bo‘lmasa visolga vosil?!.
Fors tilidan Ergash Ochilov tarjimalari