Uuno Kaylas (1901-1933)

Uuno Kaylas (Uuno Kailas) 1901 yilda tug‘ilgan. Zamonaviy fin she’riyatining yorqin namoyandalaridan biri. Matti Kuusining shoir haqidagi: “Kaylas buyuk, umriboqiy, biz uni ilohiylashtiramiz”, – degan so‘zlari she’riyat olamida mashhur. Adabiyotshunoslar esa, Kaylas she’riyati jahon adabiyoti xazinasidagi gavharlardan biridir, deya e’tirof etishadi. Kaylas “Shamol va boshoq” (1922), “Dengizchilar” (1925), “Ko‘zim ko‘zingga tushdi” (1926), “Oyoqyalang” (1928), “Uyqu va o‘lim” (1931) nomli beshta she’riy to‘plam muallifi. 1933 yilda vafot etgan.

BOLANING UChQUR XAYoLI

Tog‘dan sirpanish

Osmon – qalin qorli, muzli baland tog‘.
Quyosh oltin chanaga minib sirpanchiq o‘ynar.
Erga gup-gup yog‘ar yaltir-yultir qor.
O‘rmonga tushar quyosh yuzi qizarib.
So‘ng o‘yindan zerikib uyiga qaytar.

Osmon – oq qorli tog‘,
quvnoq o‘yingoh.
Tog‘ ustidan har kun sirpanar quyosh.
Har kun qiya yerdan chanasin tortib,
Baland toqqa yayov chiqadi quyosh.

Aqlsizlar va aqllilar

Quyoshning yuziga qarab kulaman,
U ham kular menga qarab.

Quyoshga qarab kulish, axir, nodonlik.
Mening onam va otam,
mening tog‘am va xolam
hech qachon kulmaslar quyoshga qarab.
Ular – katta odamlar.
Katta odamlar – ular aqlli odamlar.
Aqlli odamlar esa hech nimani ko‘rmaslar.
Aqlli odamlar hech nimani tushunmaslar.
Aqlli odamlar hech narsani bilmaslar quyosh haqida.

Mening esim yo‘q-da, aqlsizman-da –
Nuqul kulaveraman quyoshga qarab.
Quyosh, sen ham aqlsizga o‘xshaysan mendek.
Aqllilar ustidan kulamiz, quyosh!

Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimalari