(Anya) Laylo Xemminki Vammelvuo (Anja Leila Hemmikki Vammelvuo) shoira, adiba, dramaturg. 1921 yil 7 oktyabrda tug‘ilgan. Onasi fin ayoli Xulda Mariya Selin, otasi esa peterburglik Aleksey Veselov nomli rus savdogari bo‘lgan. Xelsinki universitetida tahsil olgan. “Quyosh qizi” nomli ilk she’rlar kitobi 1943 yilda nashr etilgan. Ikki roman, drama, hikoya va she’rlar to‘plamlari muallifi. Finlyandiyaning Pro Finlandia nomli adabiyot va san’at sohasidagi yuksak davlat mukofoti bilan taqdirlangan. 1988 yil 66 yoshida vafot etgan.
VASIYaTNOMA
Mardlar ko‘pdir bu dunyoda!
Xalq g‘amidan qochib ular
qo‘rg‘on o‘rab olmaydilar!
Ular derazalari panjaralangan,
pardalar bilan to‘silgan
uylardan baxt izlamaslar,
kulbasida yelvizak esadigan
qo‘shnilarning ustidan
miyiq tortib kulmaslar.
Mardlar bordir – mardlar bor!
Ularga Vatanning taqdirini
ishonib topshiraman
vasiyat qilib.
OTALAR YuRTIDA
Horg‘in ham qudratli ruhlarga
bag‘ishlab she’rlar yaratdim.
Xotirjam izg‘ib yurgan ruhlarning
qadamlari ostida
kuzgi yaproqlar kabi
shitirlaydi she’rlarim.
Ular tuproqqa aylanadilar
otalarning yurtida.
* * *
Azizim, o‘zingni tut,
Vatan tog‘laridan jarga qulama,
qoyalarning toshlariga
tirnoqlaring bilan tirmash.
Mahkam tirmash, qulama zinhor,
ehtiyot bo‘l, pastdagi vodiy –
tog‘dan qulaganlarga mozor,
qulaganlar – tirik-o‘liklar.
Biz chidaylik, qulab tushmaylik!
Toshga botsin tirnoqlarimiz,
changalimiz aylansin toshga,
yiqilmaylik tog‘dan hech qachon,
bekorlarga o‘lib ketmaylik.
Cho‘qqilarda bizning so‘zimiz
qoyalardan kutar
aks-sado.
Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi