Tagor Rabindranat (Thakur Robindranath; beng. রবীন্দ্রনাথ ঠাকুর; 1861.7.5 — Kalkutta — 1941.7.8) — hind yozuvchisi va jamoat arbobi. Bengal tilida ijod qilgan. Kalkutta va London universitetlarida o‘qigan (1878—80). Angliyada chiqadigan «Gyanankur» va «Bharati» jurnalilarida dastlabki she’r, doston va maqolalari bosilgan (1875 yildan). Vataniga qaytgach (1880), «Valmika dahosi» (1881) musiqali dramasini yozgan. Ilk she’riy tuplami — «Oqshom qo‘shiqlari» (1882) panteistik ruhda. «Tabiat intiqomi» (1883) pesasi, «Tonggi qo‘shiqlar» (1883), «Suratlar va qo‘shiqlar» (1884) she’riy to‘plamlarida pok muhabbat ulug‘langan. «Bibha sohili» (1883) va «Donishmand raja» (1886) tarixiy romanlarida zulm va adolatsizlik qoralangan. Tagor 1884—1911 yillarda «Brahma Samaj» diniy-ma’rifiy jamiyatining kotibi vazifasida ishlagan. Hindiston Milliy Kongressining 2-kongressi (1886) ishlarida faol qatnashgan. Uning «Chitra» (1896), «Lahza» (1900) she’riy to‘plamlari, «Raja va Raniy» (1889), «Qurbonlik» (1890), «Chitrangoda» (1892), «Malini» (1895) falsafiy dramalari va «Hisoblar» (1891), «Jazo» (1893), «Hyp va soyalar» (1894) kabi hikoyalarida hind xalqining ingliz mustamlakachilariga qarshi kurashi tasvirlangan. «Shadhoda» jurnalida siyosiy va ijtimoiy maqolalari chop etilgan. Kalkutta yaqinidagi Shantiniketonda maktab ochib, o‘qituvchilik qilgan. 20-yillarda Vishvabgarati universitetiga asos solgan. «Ko‘zga tushgan cho‘p» (1902), «Halokat» (1905) romanlari va «Buzilgan uya» (1903) qissasi bilan bengal adabiyotida maishiy-psixologik roman janrini boshlab berdi. 1902 yil Tagorning xotini, otasi, o‘g‘li olamdan o‘tadi. Uning bu musibat va iztiroblari «Xotira» (1903), «Farzand» (1903), «Parom» (1906) she’riy to‘plamlarida aks ettirilgan. «Gora» romani (1907—10), «Qasos» (1905) dramasi va «Pochta» (1912), «Konservatizm qal’asi» (1912) pesalarida Tagor Hindistondagi barcha millat vakillarini, ular qaysi tabaqa va diniy mazhabdan bo‘lishidan qat’i nazar, ozodlik uchun kurashda yagona ittifoqqa birlashishga da’vat etadi. Uning «Xalq qalbi» nomli qo‘shig‘i (1911) Hindiston Respublikasining, vatanparvarlik haqidagi «Mening oltin Bengaliyam» qo‘shig‘i (1913) esa Bangladesh Xalq Respublikasining milliy gimniga aylangan. «Gitanjali» («Baxshida qo‘shikdar», 1910) she’riy to‘plami uchun unga nufuzli mukofot berilgan. «Turnalar parvozi» (1914—16) she’riy turkumi shoirning G‘arb mamlakatlariga qilgan safari, 1-jahon urushi va insoniyat taqdiri haqidagi o‘ylarini aks ettirgan. «To‘rt hayot» (1916) qissasi, «Xonadon va jahon» (1915—16) romani milliy ozodlik harakati voqealariga bag‘ishlangan.
30-yillarda Tagorning siyosiy qarashlari yanada o‘sadi, u o‘z ijodida milliy ozodlik harakatiga e’tibor qaratadi. Bu davrda «Intiho haqida doston» (1929), «To‘rt qism» (1934) romanlari, «Yaproqlar» (1936), «Tungi sham» (1938), «So‘nggi she’rlar» (1941) she’riy to‘plamlari nashr etildi.
Tagor 30-yillarda badiiy asarlar bilan bir qatorda ko‘plab darsliklar, falsafa va din bo‘yicha ilmiy risolalar yozdi, milliy ozodlik harakati masalalarini adabiyotda yanada kengroq yoritishga katta e’tibor berdi, hind she’riyatida yangi siyosiy janrni yaratdi («Afrika», 1936; «Budda ixlosmandlari», 1937 va b.). Tagor ijodi, hoz. bengal adabiy tilining shakllanishida, she’riyatning yangi shakl va mazmun bilan boyishida xal kiluvchi rol o‘ynagan. U o‘z she’rlariga musiqa bastalab, ommaviy qo‘shiqpar yaratgan.
Asarlari jahonning ko‘p tillariga tarjima qilingan. Tagorning «Halokat» romani asosida tayyorlangan «Gang daryosining qizi» dramasi (1956) va «Pochta» pesasi (1961) hozirgi O‘zbek milliy teatrida sahnalashtirilgan. «O‘zbekfilm» kinostudiyasi «Gang daryosining qizi» filmini yaratgan (1961). 8 jildli asarlar to‘plami (1958—65) o‘zbek tilida nashr etilgan. Nobel mukofoti laureati (1913).
Sa’dulla Yo‘ldoshev, Ulfatxon Muhibova.
HOY YO‘LOVChI QIZ
Men bilaman, oh, bilaman seni,
Hoy yo‘lovchi qiz!
Dengizdan nari ma’buding seni,
Hoy yo‘lovchi qiz!
Ko‘rdim: kuz fasli – tong otar chog‘da,
Ko‘rdim: ko‘klamda – oy botar chog‘da,
Ko‘rdim: qalbimda sirlik uchmohda,
Hoy yo‘lovchi qiz!
Yiroq ko‘klarga ko‘zni solaman,
Qo‘shiqlaringni tinglab qolaman,
Sening yo‘llaringda qurbon bo‘laman,
Hoy yo‘lovchi qiz!
Butun dunyoni ko‘rdim men. Mana,
Kelib turibman belgisiz elga,
Eshiging oldida mehmonman senga,
Hoy yo‘lovchi qiz!
ChIROQLAR
Bir ayvonning tokchasida
To‘la nurli chinni chiroq
Poril-poril yonar edi
Nurlar sochib quchoq-quchoq.
O‘ziga xo‘p bino qo‘yib,
O‘z nurini o‘zi sevib,
Tig‘larini sochar edi…
Oy bulutning orqasida
Yaqinida sopol chiroq
Yog‘larini so‘ra-so‘ra,
Devorlarga tutunini
Buruqsitib ura-ura
Yonib turar edi. Biroq
Qarg‘ab-qarg‘ab shu kunini,
Bag‘ri ezik…
Dedi: “Opa,
Bu kun oyning nechasidir?
Qaysi oyning kechasidir?”
Chinni chiroq xafa bo‘ldi,
Sassiq tutunlarga to‘ldi.
“Senga “opa” bo‘ldimmi men?
Men kimman-u, kimdirsan sen?
Sen, odobsiz, “opa” deysan,
Kimligimni o‘ylamaysan!” –
Deb qoshini chizib ketdi,
Bechorani ezib ketdi.
Qarg‘ish endi qizgan choqda…
Oy ko‘rindi ochiq yoqda!
Buni ko‘rgach chinni chiroq
Lablarini tishlab qoldi.
Kulib turib sopol chiroq:
“Singlim, holing qalay?” – dedi…
Cho‘lpon tarjimasi
HAYoT
Shu qutlug‘ keng dunyoda sira o‘lmasam deyman,
Odamlardan bir umr judo bo‘lmasam deyman!
Balki yorug‘ o‘rmonda, tirik qalblar ichida
Mangulik o‘rin olgum… chetda qolmasam deyman!
Hayot oqimi mangu, quvnoq uning o‘yini,
Ayriliqlar, visollar, quvonch, kulgu va qayg‘u!
Men to‘qib baxt kuyini va baxtsizlik kuyini,
Ehtimolki, dunyoda barhayot qolgum mangu?
Asrlar xotirida qolish bo‘lmasa taqdir,
Baribir, o‘lgunimcha aynimayin sira ham,
Insonlarga ulashgum qo‘shiqlarni birma-bir,
Qo‘shiqlar gultojida o‘zim qolgum mujassam.
Qo‘shiqlarimni quvnoq qabul qilsin insonlar,
Mayli, tuproqqa otsin agar bo‘lsa xazonlar!
Mirtemir tarjimasi
ZAMINU SAMONI TITRATAR ShE’RIM
Bulutlarning karvoni,
Ko‘lanka tashlar qirga.
Parvoz aylagin, qalbim,
Sen ham birgama-birga.
Halokatli g‘aflatni
Tark aylagil, yetar bas.
Kengliklarga to‘sh urgil –
Bulutlarga basma-bas.
G‘ussalaring chaqmoqday
Tilkalab bor havoni,
Titratsin guldirakday
Zaminu keng samoni.
Muzaffar g‘olibona
Parvoz aylab bearmon,
Sinoatlar bag‘ridan
To abad topgil makon.
* * *
Barchasidan voz kechib, otlandi yarim tunda:
“Chorlar meni Xudoyim, ortiq qololmam bunda.
Qay kuch meni to hanuz ketgali qo‘ymas yiroq?”
“Bu – men!” hayqirar Xudo, eshitmas g‘ofil biroq…
Ko‘z o‘ngida, to‘shakda bag‘rida norasida,
Go‘dagi bilan uxlar xotini yosh, rasida.
“Rahmonmi bular yohud…” termilar u dargumon.
“Bular – menman!” der Xudo, eshitmas osiy hamon.
Yo‘lga tushar daf’atan, dedi: “Qaydasan, yo Rab!”
“Qarshingdaman!” der Xudo, ko‘rmas so‘qir qalb qarab.
Yarim kecha, chaqaloq yig‘lar cho‘chib bezovta.
“Qayt ortingga!” der Xudo, eshitmas g‘ofil ota.
Umidni uzgan Tangri deydi: “Qayga choparsan,
Go‘shangda qoldim, nodon, izlab qaydan toparsan?!”
* * *
Yuksaklarda chaqmoq yolqini,
Zamin uzra zulmat to‘lqini.
Yo‘qsillaru boylar qilib jang
Bir-birovin holin qilar tang.
Urush tikib qonli yalovin,
Avj oldirar qirg‘in olovin.
Ko‘z tikkanlar oshu noniga,
Tashna qildi elni qoniga.
“Ur-ho ur”lar chorlaydi jangga,
Saroylarni qurshar alanga.
Quchog‘ida ming yillik sirlar.
Qular bir-bir asriy qasrlar.
Jannatmakon betimsol Vatan.
Vayronaga do‘nar daf’atan.
Muhabbatning, mehrning koni,
Darrandalar manzil-makoni.
Gar uqubat bisyor, ko‘p juda,
Tangriga tosh otma behuda.
Gunohlarga botgan bu zamon,
Otashlarda yongay beomon.
To‘lib-toshgan sabr kosasi,
Bo‘ronlarga do‘ngay xalq sasi.
Etmish ikki tomirimizni,
Titratib zor qaqshatgan bizni,
To‘lg‘oq dardi dahshatli garchi,
Iqboldan bong urar bu jarchi.
Qonsiragan yovuz yirtqichlar
Qo‘llarida qalqon-qilichlar.
Duch kelganning olar boshini,
Bosib-yanchib o‘tar loshini.
Qaynab toshgan singari vulqon,
Qon qoplar yer yuzasini, qon.
Kelar zamon hur dorilomon,
Yovuzlikni yengar beomon.
Tinar qirg‘in-barotlar bongi
Va balqar hur hayotning tongi.
Toki bandi etmagay ovlab,
Vahimani olgil jilovlab.
Bandasining ko‘p illatlari,
Tanballikdan ularning bari.
Bitta qolmay bari yo‘qolgay,
Vayronalar ostida qolgay.
To‘da-to‘da omi olomon,
Oshiqarlar butxona tomon.
Aqli qosir banda bechora,
Ibodatdan axtarar chora.
Go‘yo tinmay qilib munojot.
Najot topar odamzod, najot.
Hov anavi xasis boy akam,
Eh, ahvoli ming bor voy akam!
Qizg‘anma ko‘p sariq chaqani,
Bersang ber-da, bas, sadaqani.
To‘lib-toshar garchi boyliging,
Ko‘rmadik hech hotamtoyliging.
Nayrangbozlik har ishing, so‘zing,
O‘zing to‘yding, to‘ymas hech ko‘zing.
Yiroqsan gar nomusdan, ordan,
Umidvorsan Parvardigordan!
Odil hakam Haq-Parvardigor,
Soxta taqvo unga na darkor!
Biroq imon, to e’tiqod bor,
Toki Tangrim ham madadkor, yor,
Qabul bo‘lib dod-ohlarimiz,
To‘kilgay bor gunohlarimiz.
Va hur Vatan kuylab sho‘x yalla,
Yangi hayot boshlar baralla.
* * *
Bengaliya, Vatanim,
Fido senga jon-tanim.
Har o‘g‘loning, ey ona,
Parvarish qil mardona.
Kishanlab qo‘l-poyini,
Qafas qilma joyini.
Tutib ikki qo‘lidan,
Qaytarma hech yo‘lidan.
Olam kezib bearmon,
Dardingga topgay darmon.
Na hadik, na xavotir,
Ulg‘aysin jasur, botir.
Bengaliya o‘g‘loni,
Haq-Ezgulik posboni,
Zarur, kerak onda u.
Kechar hatto jondan u.
Aritar har dardingni,
Sevsang gar har mardingni,
Do‘nmagay mute, qulga,
Qanot bo‘l sen har dilga.
Yurtim-ay, manglayi sho‘r,
Mehringmi aylagan ko‘r.
O‘g‘lonlaring beadad,
Qachon bo‘lar kuch-madad,
Qachon oqlab noningni,
Yuksaltirar shoningni?!
* * *
Qurigan shox-shabbamni mayda-mayda qil, bo‘ron,
Sel ham jalalar bilan bulutlar solgay suron.
Mohirona chertgaysan yomg‘irlar chiltorini,
Poklagaysan qatma-qat xotiram g‘uborini.
Har neki bitgan kuni, bo‘ron, keltirgil qiron!
Yomg‘irlarning qo‘ynida poklanar jismu jonim,
Bag‘riga bosar suyib huvillagan makonim.
To‘lib-toshar daryolar suv bosar bog‘u rog‘ni.
Yalpiz hididay sasim quchar sarbaland tog‘ni.
Jo‘shqin qalb bilan takror navqironman, navqiron!
* * *
Chopar aytar: “Ey roja, bir qoshiq qonimdan kech,
Ma’badingga avliyo yaqin yo‘lay demas hech.
O‘rnashib yo‘l bo‘yiga – tutashgan qir-adirga,
Taqvodorlar bilan u ibodat qilar birga.
Tangriga hamdu sano aytar ular chuvillab.
Zarhal ibodatxonang yotar bunda huvillab.
Tilloga ham topilmas uyasin tashlab, tashna –
Bolari dala-dashtga bo‘lgani kabi oshna,
Muhtasham bu ma’badni unutib yoshu qari,
Gard-g‘uborga belanib ibodat qilar bari”.
Taxtin tark etib roja yo‘lga tushdi xezlanib,
Va dedi maysazorda avliyoga yuzlanib:
“Shohona ma’badimiz huvillab yotar unda,
Toat-ibodat qilmoq joizmi, axir, bunda?”
Avliyo der: “Shohona ma’badingda Xudo yo‘q!”
“Shakkoklik qilma! – deya roja unga urar do‘q –
Muqaddas mehrobda naq turar Tangrining o‘zi,
Mehrobu Tangrini ham ko‘rmas so‘qirning ko‘zi!”
“Illo, kimsasiz emas ibodatxonang, ey shoh,
Makon aylagan uni dabdaba, hashamat, joh.
Afsus, oliy ma’badda Tangridan yo‘q nom-nishon,
O‘zing Tangri, o‘zing xon, o‘zing pandit, brahman!”
“Bilarmisan, sarmoya sarfladim dasta-dasta,
Chiroyiga jumla el boqar hayrat-havasda.
Xudo yo‘liga uni qurganman istab savob,
Nechun unda Tangri yo‘q? Xudodan qo‘rq, ber javob?”
Avliyo der xotirjam: “Yodingdami qay sana,
O‘t balosiga eling yo‘liqqani rosmana.
Poyingga bosh urib boz najot istab kelgan payt,
O‘z elingning dardiga darmon bo‘lganmiding, ayt?!
Ro‘shnolik topmay sendan ahli yurt, qashshoq, g‘arib,
Tarqab ketdi to‘rt tomon boshpana, rizq axtarib.
G‘orlar, o‘rmonzorlarda yovvoyilarga o‘xshab,
Kun kechirdi sho‘rlik el necha yil qashshoq, qaqshab.
Sen esa molu mulking hech ravo ko‘rmay elga,
Ibodatxona qurib, sovurding go‘yo yelga.
Shu bois bu ma’bading ilohiylikdan xoli,
Izzattalab tamagir nafsingning tosh timsoli.
Bunday ehsoning hatto Xudoga ham kelmay xush,
Afsus-nadomat bilan shunday so‘ylagan xomush:
“Farovonlik, Adolat, Mehr-Muhabbatga kon,
Menga yuksak, munavvar Arshi a’lo hur makon,
Tamagirlik dardiga mubtalo har ko‘r-basir,
O‘z elini unutib kim menga qurar qasr?!”
Tangrim aytib shularni koshonangni tark etgan,
Qashshoqlarning boshiga soyabon bo‘lib ketgan.
Garchi ibodatxonang zarhal, sirti yaltiroq,
Kimsasiz xor kulbaday, attang, ichi qaltiroq!”
“Kim huquq berdi senga tik qarashga yuzimga!”
Titrar darg‘azab roja: “Bas, ko‘rinma ko‘zimga!”
Avliyo der: “Sen hanuz qulsan qattol hukmga,
Ahli imon ne, hatto kun bermaysan hech kimga!”
URUSh
Qon daryosi dunyoni tutar,
Yutar shahar-qishloqni, yutar.
Qirg‘in-barot chiqar avjiga,
Zamin cho‘mar qonning mavjiga.
Yanchar-sanchar lashkar ming tuman,
Saltanatlar qular yuz tuban.
Va yovuzlar yirtqich galaday,
Mo‘r-malaxday yoppa talagay.
Talon-toroj, zolimlik ishi,
Dudamaday charxlangan tishi,
Yov-g‘animlar ular uchun kam,
G‘ajib tashlar sohiblarin ham.
Qora qonni boz ichgan kez bu,
E’tiqoddan voz kechgan bez bu.
Go‘yo Qahhor muqtadir qahri,
Otash bo‘lib yog‘ilar zahri.
Va ming yillik gunohlar kabir,
Ming baloga do‘nar birma-bir.
Mayxonalar vayrona, xarob,
Farovonlik, farog‘at sarob.
Yoddan chiqqan Haqning kalomi,
Shayton bilan olomon omi.
Maishatboz puldorlar, qara,
O‘zi uchun tiklar maqbara.
Qonsiragan vahshiy tutoqib,
O‘z qonini ichar yutoqib.
Asta-asta, nihoyat kam-kam,
Qirg‘in-barot toparkan barham,
Qahru g‘azab, nafratdan tolib.
Insoniiylik muzaffar, g‘olib.
Vayronalar uzra o‘kinib,
Yolborarkan Haqqa yukinib,
Inson olib to o‘zin qo‘lga,
Tushib olgan haq, ravon yo‘lga.
Ne ajab, bu qiyomat qasos,
Baxtimizga bo‘lgay o‘q-asos!
HIND DIYoRI
Hind diyori, mungli asira,
Darding orom bermaydi sira.
Kun botarda qayg‘uli doston,
Chorlar motamsaro Hindiston.
Azal-abad bu qadim o‘lka.
Boshi uzra zulmat-ko‘lanka.
Agra, Dehli – shaharlar qadim,
Goh johil, goh oqilga nadim.
Koshonalar, qasr, saroylar,
Peshtoqida yulduzlar, oylar.
Xor qismatga go‘yo qasdma-qasd,
Najot istab ko‘kka cho‘zgan dast.
Kimning kulib boqar omadi,
Kulfat kimning bor daromadi.
Xoli emas kulfatdan baxti,
Mo‘rt baxtiday omonat taxti.
Siyosati kun sayin o‘zga,
El yolchimas kafanlik bo‘zga.
Gar yo‘q emas komil, to‘g‘rilar,
Urchib yotar kazzob-o‘g‘rilar.
Toju taxt deb qilar qattol jang,
Sho‘rlik avom holi zabun, tang.
Zebu ziynat aylagan basir,
Yuho qavm, nafsiga asir.
Aksar do‘nib molparast govga,
Ona yurtin tikkanlar dovga.
Neki achchiq qayg‘uli doston,
Qabristondir qora Hindiston.
Kimlar g‘olib, kim g‘olib puxta.
Yurt shoniga qo‘yganlar nuqta.
Xalqning qudrat-g‘ururi singan,
Sayozlashib tubi ko‘ringan,
Holsiz Jamna oqarkan besas,
Qulog‘imga chalinar bir sas:
“Shon-shavkatdan kir shu’la qoldi,
Armon to‘la ashula qoldi”.
* * *
Asta-asta g‘aribday xasta,
Dasta-dasta kechar shikasta,
Davronlarning karvoni uzun,
Avlod-ajdod fuzundan-fuzun.
Titratib bor yeru samoni,
G‘oliblarning o‘tar karvoni.
Pathanlar ham kelib ketarlar,
Boburiylar qo‘nib o‘tarlar.
Qalandarlar, xoqon, hakimlar,
Bu yo‘llardan o‘tmagan kimlar.
Mangu makon ular bariga –
Singib ketgan moziy qa’riga.
Hukmi tarix… Va lekin hamon,
Saharlar sof, lojuvard osmon.
Zamon orom bilarmi asti,
Qilich tutib zabardast dasti,
Jahongirlik qutquga solib,
Inglizlar bir muddatga g‘olib
Va lekin haq zamona zayli,
Bu kun g‘oyib ularning xayli.
Ahli tujjor yelday betinim,
Qo‘nim topmas, hech topmas qo‘nim.
Davron o‘zga, gar o‘zga zamon,
Asriy yo‘llar gavjum to hamon.
Avlod kelar avlod ketidan,
O‘tib borar zamin betidan.
Qo‘llarida dastur, qo‘llanma,
Dorilbaqo tomon yo‘llanma.
Na sanog‘i, na-da bor soni.
Turfa kasbi, turfa lisoni.
Turfa qismat, turfa yashar u,
Ahli odam, ahli bashar u.
Shohlar toji ortiq porlamas,
Nog‘oralar jangga chorlamas.
Qabilalar ortiq yovlashib,
Qon to‘kmagay obro‘ talashib.
Qirg‘in-barot moziyda qolgan,
Ertaklardan bu kun joy olgan.
Mehnat bilan mashg‘ul el-avom,
Davom etar hur hayot, davom.
Gar goh quvonch, goh g‘amga ulfat,
Yot-begona asrlik kulfat.
Jabr-zulm vayronasida,
Hur hayotga kuylar qasida!
* * *
Vasling jomiga tashna
Ostonangga ursam bosh.
Quchog‘ing ochib katta,
Kutib olgil, qalamqosh.
Jumla jahondan ortiq –
Ming jonim senga tortiq.
Visoling ohanrabo,
Osharman cho‘ng tog‘u tosh.
Quchog‘ing katta ochib,
Kutib olgil, qalamqosh.
Tarona dardi dilim,
Eshitib nolam, gulim,
Kulba bamisli qafas,
Qoshimga chiq bir nafas.
Zulmatda harob holim,
Bas, tutmagay uvolim,
Mushkulim ayla oson,
Tugab bitdi bor bardosh.
Quchog‘ing katta ochib,
Qoshimga kel, qalamqosh!
Rus tilidan Abduhamid Parda tarjimalari
KOPAI
Padma to‘lqinlarini quvar erinibgina
Parishon nigohim. Qumloq sohilda
Yashayotgan, mislsiz uqubat chekayotgan
Dunyodan uzoqlashib, unga bo‘lib beparvo,
Atrofdagi jamiki shir-yalang‘och daraxtlar
Xaroba bir kulbaning tegrasiga yig‘ilmish.
Bambuk, anbah daraxti… Banyan turar mung‘ayib,
Hammasi bir-biridek qartayganu bujmaygan.
Kulba ostida hovuz. Xantal ekilgan dala.
Yotibdi har-har joyda indigo qoldiqlari.
Shxau daraxtlari kun-tun shovqin solguvchi
Sohilda
Shundek g‘arib
Rojalarning mulki bor.
Ularning echkilari
Boqilar shu atrofda.
Qirdan qarab turadi keng bozorning tomlari
Shunday tuyular — bosgan qishloqni qo‘rquv go‘yo
Yaqinlashib qolgandek daryoni muz qoplashi.
U to‘g‘ri oqib kelar qadimiy yozuvlardan
Shoxtomirda Ganganing muqaddas qonin eltar.
Mag‘rur kelar.
Qishloqqa qolganda bir chaqirim
Bo‘rilar,
Go‘yo ko‘rmas, tanimas sira uni!
U, uning qiliqlari ulug‘vordir naqadar.
Ular bir xil balandlik, bir xil guvillashi-la
Dengizga juda-juda o‘xshashib ketadilar.
Shundog‘am o‘xshashlarki, beixtiyor o‘yladim:
Mudrab qopman qayiqda. Katta Ayiq bo‘rkining
Oydinida bir o‘zim yurgandim sayr qilib.
Men tong yulduzi bilan birga uyg‘ondim keyin.
Va bu to‘lqinlar mening kecha-kunim yonidan
Yo‘lovchidek beparvo o‘tib ketaverdilar:
Yo‘l bo‘yida uylari bir-birga jipslar bor —
Bir-birga qancha yaqin — uzoq erur shunchalar,
Kayg‘u-sevinch yonidan o‘tishaverar loqayd.
Mana, men
vidolashib kaytmas yoshligim ila
qaytib keldim oxiri shu qadim yalang joyga.
Unda yashil to‘nlarin yopinishgan daraxtlar,
Bolalikdan qadrdon daryoginam — Kopai
Men bilan kimo‘zarga
Chopisha ketdi yana.
Etishmas unga faqat qadimiylik va shuhrat,
Lek bari bir o‘zining jaydarigina nomin
Uyqash qildi serhasham nomiga bir ayolning.
Bu yerda sohil ila suv o‘rtasida sira
Nizo yo‘qdir.
Qishloqqa bo‘lgan muhabbatlarin
Sohildan sohilgacha eshitish mumkindir yo ayon.
Naq to‘lqinning ustida o‘sgan o‘simliklar bor,
Sholilar shabbodada sollanar bosh chayqashib.
Narida esa daryo
Yo‘lga tutashgan joyda
Odamlarga saxiylik bilan kechuv qoldirgan.
To o‘ynoqi jilg‘adan
O‘tolsinlar bemalol.
Dala uzra yuksalib xurmo turar sersavlat.
Sohilda tig‘iz bo‘lib jam ila anbah o‘sar.
Daryoning tili — oddiy uylarning tili erur,
Olimlar tili emas.
Qirg‘oq bilan to‘lqinni
Birlashtirar ikkovga umumiy bo‘lgan ohang,
Daryo yer boyligiga qilmaydi sira hasad.
O‘, u qandoq fusunkor nur va soya ichinda:
Voh, buralib-buralib oqqanida bir qarang.
Hatto karsak chalishni uddalay olar.
Ajir
Bo‘lib ketar yomg‘irda.
Ozroq musallas ichgan
Qishloq qizlarin raqsda ora yo‘lda qoldirar,
Lek shunda ham chiqmaydi daryo o‘z sohilidan
Suvi bilan atrofni bosib ketmoq qasdida.
Nafis ko‘ylak etagi hilpiragan misoli
Qirg‘oqqa bir urilar, so‘ng kulib ketar uzoq.
Kuzda shundayin shaffof bo‘larki uning suvi,
Hattoki ostidagi qumlar turar ko‘rinib.
Kamaysa ham goh suvi or etmas bu holidan
Boyib ketgan chog‘da ham
Qilmas sira shakkoklik.
So‘ngra uni ojizlik
Qo‘yadi pasaytirib.
Shu bois ham go‘zaldir, jozibador erur u.
Raqsga tushgan paytida
ham g‘amnok, ham xushchaqchaq,
Charchasa ham jilmayib turuvchi qizga o‘xshar.
Kopai oqishiga qarang — ketadi o‘xshab
Mening g‘ayritabiiy she’rimning ohangiga.
Qovushtirar yer-suvini.
Liq to‘ldirib turadi
Ish kuni soatlarin musiqa bilan doim.
Bu ohanglar ostida o‘sha santallik bola
Qaydib yurar parishon olib yoy va kamonin.
Pichan ortgan arava yo‘rg‘alar shu ohangda.
Bog‘lab yog‘ochga ikki idish to‘la savatni.
Savdo rastasi tomon
Ketib boradi kulol.
Egasining ortidan soya kabi ergashib
Ketayotgan it hatto chopadi shu ohangda.
Aravada qishloqning qashshoq muallimi bor,
Bir oyda uch rupiy ham ololmaydigan kishi.
Horg‘in borar.
O‘zining eski, titilib ketgan,
Yirtiq soyabonini ko‘tarib…
QAYG‘U
Boshimga tushganda qayg‘uli kunlar
Yalinaman o‘z qalamimga:
— Sharmanda qilma meni!
Oshkor qila ko‘rmagin
Hammaning qayg‘usiga aylanmagan qayg‘umni.
Tortib barcha diqqatin
Ko‘z-ko‘z qilmagin sira
Qorong‘ida yashirmagin yuzingni
Eshiklarni qo‘yma tambalab.
Jilvalansin ming xil nur.
Chiroq tursin charaqlab,
O‘chirma, qizg‘anma nurni!
Poyoni yo‘q dunyoning
Ulug‘ligi so‘nmas uning hech qachon.
Tabiati uning vazmindir.
Quyosh yaqinida, fazoda
U boshini ko‘targay baland.
Sovuq va chaqnoq nigohi vazmin.
Tekisliklar, tog‘lar, daryolar —
Harakatsiz ko‘ksidir uning.
U faqat menikimas.
Son-sanoqsiz odamlar — egasidir.
Hammayoqda nog‘orasin ovozi.
Chirog‘i barcha uchun nur sochar.
Koinot kengliklari uzra turar bayrog‘i.
Shunday dunyo qoshida
Sharmanda qilmagin qalamim!
Bular oldida nedir
Dardim, yo‘qotuvlarim —
Chang zarrasin zarrachasidir!
Agar yetsaydi kuchim
Dardni uzaytirmoqqa.
Qo‘ldan kelsa unutish yoki
Unda darrov ko‘rardim uni
Umumdard deb ataganlarni.
Men unda ko‘rardim:
Uqubatlar toshqini
asrlab bosardi jahonni.
Maxanadi achinib chetlab oqar uylarni.
Braxmaputra ko‘zyoshi
qalqir, tushar to‘lqindek.
Turli o‘lka, mamlakatlarning
barcha qirg‘oqlarida
Ketar uqubatning dahshatli
buzish, tuzish ishlari.
Ayriliqning mangu singrog‘i,
Odamzodning boqiy kulfati,
Mening yuragimga to‘kildi birdan.
Qirsilladi qobirg‘alarim,
toshib ketdi yuragim.
Qaysi kuchdan? Kim bilar?
Hayqiraman bugun o‘z qalamimga:
— Sharmanda qilmagin!
Mayliga, saxovating
G‘arq etsa qirg‘oqlarni.
Zora bu ulkan toshqin
Dardlarimni oqizsa.
Bu dunyoning minglab qichqiriq,
Jo‘rovoz sasiga qo‘shilsin
Uning ojiz ingrog‘i.
SO‘NGGI MAKTUB
Bo‘m-bo‘sh huvillagan uy mendan ranjib, xo‘mrayib,
Alam bilan yuzini o‘girgandek tuyuldi.
Xonalarni tentirab chiqdimu kezib bir-bir
Topolmadim o‘zimga undan biron qarich joy.
Bo‘lmaydi topshirmasam uyimni ijaraga,
So‘ng esa Dahri Dunga jo‘nab ketaman shartta.
Ocholmadim Omoli xonasining eshigin.
Nedir yurakni betin turaverdi g‘ijimlab.
Yig‘ishtirmoq shart lekin topshira turib uyni.
Oxiri tavakkal deb ochdim uning eshigin.
Taroq. Atir idishi. Bir juft Agra tuflisi.
Chapda, burchakda uning suyuk cholg‘u asbobi.
Tokchada turli kitob. Suratga to‘la albom.
Oynaning javonida turli-tuman o‘yinchoq.
Turli atir-upaning qutisi, idishlari.
Miz yonida kursiga o‘tirdim sekin. Jimman.
Mana, maktab paytidan yodgor — charm papkasi.
Bu-chi, hisob daftari. Uning ichidan nogoh
Berkitilgan xat tushdi. Ko‘rsam, mening adresim,
Bola ko‘llari ila timdalangan zo‘r berib.
Demishlarki, kimda-kim cho‘kib ketsa mabodo,
Neki o‘tgan boshidan — bir lahza ko‘rar barin.
Uning maktubin qo‘lga olganim zahot men ham
Ne bor — hamma-hammasin yodga oldim bir lahza.
Ettidaydi Omoli, onasi o‘lganida.
Ismsiz qo‘rquv meni tark etmay qo‘ydi sira.
«U uzoq yashamaydi» degan bir badbin xayol
Yuragimda ilondek g‘imirlardi doimo.
Bu qayg‘u uni ma’yus qilib qo‘ydi juda ham.
Hislari uning yuzga tepchib turardi ayop —
Bo‘lg‘usi ayriliqning soyasi yotar unda.
Mahkamada ishlardim. Uning bitta o‘zini
Hayhotday uyda yolg‘iz qoldirmoqdan qo‘rqardim.
O‘ylar edim dunyoda kammi baxtsiz tasodif.
Bayramlarda qidirib kelardi Bankpurdan
Uning yolgiz xolasi. Javrar edi tinmasdan:
«Bizning zamonamizda barcha kishi savodli,
Keyin kim uylanadi o‘qimagan qizlarga?»
Noqulay bo‘ldi menga. Ertadan kechiktirmay
Qizaloqni maktabga eltishni va’da qildim.
Bo‘sh kunlari ko‘p edi. Mug‘ambir qiz maktabdan
Darsni tashlab qocharkan, pand berdim otalarcha.
Kelgusi yil xolasi keldi. Aynigan fe’li:
«Bo‘ldi endi. Qizchaga ortiq bundan ortig‘i,
Banorasga eltaman — eng yaxshi pansionga.
Jiyanim otasining siylovidan qutilsin»,
Jo‘nab ketdi Omoli berkitib alamini:
Nega axir men uni xolasiga topshirdim.
O‘z-o‘zimdan berkinish yo‘llarini axtarib,
Badrinatxga borib qilar edim ibodat.
Yashadim to‘rt oy dilxun: maktub kelmadi undan
O‘yladim xeshlarining hukmron qo‘li bilan
Ikkimizning jigarlik iplarimiz uzildi.
Qizimning ham qalbida ularga bor shafelik,
O‘zin yengil his etar ular g‘amxo‘rligidan.
To‘rt oy o‘tgan Banoras tomonga borib o‘zim
Omolini ko‘rishga qaror qilgandim, ammo
Yo‘lda xat keldi: Uni olloh tortib olibdi.
Naylayki ilojim yo‘q. Jimgina o‘tiribman
Omoli xonasida. Oldimda uning xati:
«Seni ko‘rgim keldi» deb yozilgan edi unda.
KIMDIR
Baland bo‘yli, ozg‘in,
Mo‘ysafid hindi.
Soqoli moshguruch… Chehrasi
o‘xshaydi qurigan mevaga.
Egnida chit kamzul, ko‘ylagi g‘ijim.
Kiftida shamsiya, qo‘lida hassa.
Oyoqda terisi dag‘al tuflisin
Ustiga shalvirab tushgan paypog‘i.
Shaharga ketmoqda u.
Bxadro oyi nahori.
Bulutlar orasidan zaif nur yog‘iladi.
O‘tgan kecha dim bo‘ldi —
Go‘yoki tun boshi qattiq tang‘ilgan.
Tuman bois namxush shabboda
Nozik novdalar aro berkinib esar.
Tasavvurim oynasida
Paydo bo‘ldi ko‘rinmas yo‘lchi —
Soyalar g‘ira-shira tentigan joyda
Yurar edi kimdir.
Ayricha bir sifat yo‘q unda.
Nomi ham yo‘qdir uning —
Shunchaki bozorga u ketyapti yo‘ldan
Kimdir bxadro oyi tongida.
Balki u ham ko‘rgandir meni
O‘z bo‘shligi chegarasida:
Havorang tumanda hech narsa bilan
Hech kimsaga bog‘liq bo‘lmagan joyda.
Buzog‘i bor uning uyida,
Qafasda gapirib turadi qushi.
Xotini un elar tegirmonida.
(Qo‘lida mis bilakuzuk bor.)
Uning kir yuvuvchi hamsoyasi bor,
Baqqol qo‘shnisi ham. Va yana
Qarz so‘rab turuvchisi…
Ammo men u — notanish, ko‘rinmas
kishisi yo‘qdir uning.
NAY
Tor ko‘cha.
Ikki qavatli uy. Pastda —
Panjara ortida oyna.
Eshiklar ko‘chaga qaragan.
Loyqa suvlar oqib ostiga
To‘rlagan, nuragan devorlar.
Eshikda jamiki
Ibtido homiysi Ganganing
aksi tushirilgan yorliq.
Bu xonada yashayman yig‘lab uning holiga.
Bunda hokim axir kaltakesaklar.
Farqi shuldir mendan ularning —
Emishlari tayin har doim.
Mahkamada kichik xizmatchidirman.
Yigirma besh rupiy — maoshim.
Ovqat yeyman Dotto uyida
Dars berib ularning o‘g‘liga.
Oqshom o‘tkazaman vokzalda vaqtni —
Chiroqqa pul to‘lashdan
Qutulaman shu taxlit.
Pishillaydi bug‘ poyezd,
Chinqirar gudok.
Yo‘lovchilar urho-uri
Hammol mijoz chaqirar…
Soat bong uradi —
O‘n yarim.
Uyga qaytish kerak,
Qorongu. Sukunat. Yakkalik.
Dxaleshvari bo‘yida — qishloqda yashar xolam,
Qaynag‘asin qizi bor.
Belgilangan edi to‘y.
Topib qulay fursatni,
Rostlab qoldim juftakni.
Aynan o‘sha soatda
Qutqarmoq uchun ham o‘zim, ham qizni…
U kirmadi mening uyimga,
Ammo kirib keldi dilimga.
Dakka gazmolidan kiymish ko‘ylagi,
Manglayida qirmiz xol.
Yomg‘ir… Yomg‘ir…
Tramvayga pul tejash kerak.
Hali yana qancha chegirmalar bor…
Sasib yotar yo‘lakda
Chirigan barg, baliq sarqiti,
Harom o‘lgan, chetga otilgan mushuk.
Teshik soyabonim mening
Chegirmadan ilma-teshik
maoshimga o‘xshaydi.
Kiyimim ish joyimniki,
Qalbim
ochiq barcha taassurotga.
Qora ko‘lankasi bulutning
Tuzoqqa tushgan yirtqichdek
mening zulmat uyimga tushar.
Go‘yo oyoq-qo‘limni
Chirmab bog‘lagan yo‘qlik.
Kanto-babu yashar burchakda.
Sochi silliq taralgan.
Ko‘zlari ma’noli, o‘tkir,
U nozikta’b, muloyim,
Xush ko‘rar nay chalishni,
Yo‘lkamizning xarobasida
Ba’zan yarim tunda
Ba’zan g‘ira-shira tongda
Qo‘qqis g‘alat saslar chiqadi…
Kunbotar chog‘ quchib shafaqni
Asriy ayriliqlar alami
Cho‘zib kuylab qoladi birdan.
Yo‘lakning qo‘lansa hidi
Badmast g‘udranishidek
Tuyula boshlar menga.
Klerk Xoripodu bilan
Akbarshoh o‘rtasida
Farq yo‘qdek tuyular menga.
Nay sadosi ostida
Mening ham, shohning ham soyaboni
bir jannatga ketayotgandek…
Ammo — bu sarob.
U yoqda esa
Bu qo‘shiq bor joyda — asl hayot bor.
U yoqda —
Tunning boqiy lahzalarida
Tamal tarqatdi soyalar
Dxaleshvari qirg‘oqlariga.
Hovlida u turar:
Dakka gazmolidan kiymish ko‘ylagi,
Manglayida qirmiz xol.
A’zam O‘ktam tarjimalari