Yuliya Aleychenko (Yulіya Alyaksandrao‘na Aleychanka) – belorus yozuvchisi, adabiy tanqidchi, tarjimon. «Nyoman» jurnali bosh muharriri.
* * *
Jazirama o‘tdi, shiddatli yomg‘ir,
Saxiy tomchilar-la savalar go‘yo.
O, hovuchlolsaydim tuyg‘umni dilgir,
Tomchilar ostida o‘zga bir dunyo…
Sim-sim to‘lqin ichra nigohing tutsam,
Anglolsam, u shaffof beg‘ubor sirni.
…Ivigan ko‘chadan sarpoychan ketsam,
Ko‘rmoq-chun osmonga oshiq yomg‘irni…
* * *
Yulduzlarga narvon tirasam,
Somon yo‘li bag‘rini ochsa.
Iforli yoz tonglari aro,
Zuhro yulduz biz-chun nur sochsa.
Har daqiqa sezsam abadni,
Qo‘rqmay qo‘lim yozolsam har on.
Olisdagi o‘sha yovuzlar,
So‘zlolmasa hech qachon yolg‘on.
* * *
Ayiq mo‘ynasida izg‘ir dekabr –
Uylar tegrasida, muz qotar yuzlar.
Oq bo‘ron qa’riga cho‘kadi bir-bir,
Xotimasiz suhbat, uzilgan so‘zlar.
Oqshom tilsiz qotdi charchab kutishdan,
Mavlud yulduzlari – mo‘jizalarni.
Qor naqshlari ko‘kdan kumushdek yog‘ar,
Tonggacha tomosha qilgum ularni.
Ushalgisi kelar bu tun orzular
Tushlar o‘ngimizda gullamoq istar.
Yangidan tug‘ilmoq – dillar murodi,
Yuraklar o‘zga bir hayotni qo‘msar.
* * *
Tanish hodisalar talqinidan hech,
Azaliy sababni izlamam, bekor.
Azaliy har neki bordir abadiy,
Falak nazaridan qochmoq na darkor?
Kim bani-basharga asrlar bo‘yi,
Yomg‘ir-u qorlardan undiradi tot?
Kim daraxt ostida yorqin tonglarni,
Sevishganlar uchun aylar iltifot?
Mayli, eski gaplar deb biling buni,
Mayli nasiba deng, bizga bu rizq-ro‘z.
Lek hamon yodimda otam va onam,
Murg‘ak chog‘im alqab shivirlagan so‘z.
Ishonaman, hikmat, ibrat bor beshak,
Taqdir ato etgan qismat har ishda.
To hayot bor ekan, uzilmas aslo,
Boqiylik atalmish mangu rishta!
Rus tilidan Minhojiddin Mirzo tarjimasi