Nairi Zaryan (1900-1970)

Nairi Zaryan (Նաիրի Զարյան; haqiqiy ismi Ayastan Yegiazaryan) – shoir va nosir. 1928 yili Yerevan davlat universitetini tugatgan. Bir nechta she’riy to‘plami chop etilgan. “Avatsan”, “Janob Petros va uning vazirlari” romanlari, “Ara” tragediyasi, “Buloq boshida”, “Tajriba dalasi” singari komediyalari ham e’tibor topgan.

* * *

G‘ussaga cho‘marsan bir kun sog‘inib,
Ortiq yo‘llaringda bo‘lmasam abgor.
Kuzda yig‘lab oqqan jilg‘a bo‘yida
Bag‘ri xun toldayin kutmasam zinhor.

Ovozim olisdan jaranglar faqat,
Ko‘l tubidan kelgan nidoday g‘amnok.
Ko‘chaga chiqarsan yolg‘iz, betoqat,
Vujuding titroqqa to‘ladi shu choq.

Izlab topolmassan, endi ko‘changdan
O‘tmoqqa yetmagay ko‘nglim doshlari.
Noiloj qaytarsan ortingga, bog‘da
Unutilib qolar ko‘zing yoshlari.

Rus tilidan Nodira Abdullayeva tarjimasi