Gevorg Emin (1919-1998)

Emin Gevorg (haqiqiy ismi Karlen Grigorevich Muradyan) (1919—1998), arman shoiri. Armaniston tarixiga bag’ishlangan «Yangi yo‘l» she’riy to‘plami 1951 yili SSSR davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. «Armaniston haqida 7 qo‘shiq» (1974), «Asr. Yer. Sevgi» (1974; SSSR davlat mukofoti, 1976), «Askarning kundaligidan» (1985) she’riy kitoblari, «Mangulik yo‘li» (1985) esselari mavjud.

KELAJAKKA

Menga sendan o‘rganmoq kerak,
Yashamoqni o‘rgat, kelajak.
Bergin menga tinchimas yurak,
Mushkul chog‘da qilgin mard erkak,
Kurashlarda — uyg‘oq va sergak,
Bu dunyoda etma xotirjam.

Manmanlikka bulmayin hamdam,
Izlamayin shon-shuhratni ham.
Sevdim! — demay — sevmay chinakam,
Bahor! — demay — kelmasdan ko‘klam,
Etdim! — demay — kuymasdan qadam.
Baxtiyorman! — deb qilmay sado.

Oqni oq dey, qaroni qaro,
Tan berayin qilganda xato,
Tuzatganda kutmay tasanno,
Tasannodan kasb etmay havo,
Hech yerda hech kermayin ko‘krak,
Shuni menga o‘rgat, kelajak!

Erkin Vohidov tarjimasi