Elena Shuvayeva-Petrosyan (1978)

Elena Shuvayeva-Petrosyan 1978 yilda Rossiyaning Volgograd viloyatida tug‘ilgan. Yerevanda Lazaryan nomidagi Xalqaro aloqalar institutini tamomlagan. Rossiya ham­da Armaniston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Bir qancha xalqaro mukofotlar sohibasi. 2001 yildan buyon Yerevanda yashaydi.
Elena Shuvayeva-Petrosyan she’rlar va nasriy asarlardan iborat to‘rt kitob muallifi, Xalqaro adabiy tanlovlar ishtirokchisi. Asarlari ingliz, nemis, bolgar, rumin, qirg‘iz tillariga tarjima qilingan. Shoira alpinizm bilan faol shug‘ullanadi. Ayni paytda “Gora” jurnali bosh muharriri.

YoQALAB

Osmon qirg‘og‘idan dengiz qirg‘og‘igacha,
Baxt sohilidan qayg‘u sohili sari,
Yog‘du yoqasidan zulmat yoqalab…
To‘siq, qanotlarni irg‘itib
Yopinchiq bo‘lmagan kiyimlar –
To‘lqinlarning ingroq og‘ushi…
Oqyapman, dengizdagi payraha kabi,
Unutgancha jarohatlarni,
Qalbim mayoq tomon yeladi.
Dunyo tutilishi chulg‘ar olamni
Lahzada maydalangan ko‘z yoshlar,
Quyosh sharbatiga singib ketadi.

Tunning yoqasidan kunduz yoqalab
Ruhsizlik ko‘tarib yeladi meni…

YoQALAB – 2

Osmonning chetidan dengiz chetiga,
Baxt qirg‘og‘idan qayg‘u qirg‘og‘igacha,
Yog‘du yoqasidan zulmat yoqalab…
Quyosh parchalari qizarib borar,
Ibtidodan yorishdi yo‘llar
Bo‘m-bo‘sh shovqinlarni oralab.
Sovuq shamol keltirar g‘ussa….
Osmonning chetidan dengiz chetiga
Dunyo qafasidan qochib borasan…

Rus tilidan Go‘zal Begim tarjimasi

OY TOShLARI

Oy toshlari
Marjoningda yotishar uxlab.
Vaqtni ortga qaytarib bo‘lmas.
Lahzalar bor edi,
Marjoningda uxlar ular ham…
Faqat ishonch
Tiriltirar ularni
Va to‘ldirar
Barhayot Oy nafasi bilan.

QUSh EMASMAN, MEN BIR TIRIK XOCh

Cevan suvlari
Qondirajak yulduzlar va
Ma’budlarning tashnaligini,
Ko‘zlarimdan suv ichgandan so‘ng
Yashillandi ranglari bir oz.
Sen meni quchding,
O‘sha onda o‘lgim keldi negadir:

Ishonaman, baxtli bo‘lajak
Jon berganlar sevgi onida.
“Ikkimiz hozircha barhayotmiz”, –
Qulog‘imga shivirlading
Va to‘lqinlar jo‘r bo‘ldi senga.
Qo‘llarimni yoydim quvonchdan –
Qush emasman, men – bir tirik xoch…

* * *

Yuragim qabristoni
Etganida ulkan o‘lchamga,
Men tikladim krematoriy.
Lek hammamiz suyanguvchi Zot
Kuldan yana Erkak yaratdi,
Keyin meni – qovurg‘asidan.

TUNGI SUHBAT

Oy to‘lganda
Ko‘ksingdagi qora quyosh bilan
Kelasan.
Nimagadir titrar lablaring…
Men esa…
Xonamning burchaklarida
To hanuz qo‘rqqancha qorong‘ilikdan,
Tungi tog‘lar mahobatidan
Ozodlik izlayman.

Rus tilidan Gulnoz Mo‘minova tarjimasi