Arevshat Avakyan – shoir, jurnalist va rassom. 1966 yili Yerevan davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. “Qo‘nim bilmas parvozlar”, “Nurli trayektoriya”, “Moddiyat ruhi”, “So‘z qulfi” va “Boshpana” kabi she’riy va nasriy kitoblari chop etilgan. Rassom sifatida o‘z kitoblariga bezaklar ham ishlagan. Asarlari qator xorijiy tillarga tarjima qilingan.
* * *
Umrimning olis bir tongida
Oq edi bulutlar shitiri,
Chag‘alay qanoti singari.
G‘ussaga botgandim,
Eh, olis manzil.
Erga singib ketgan bulutlar aro
Tushlar ko‘rar edim faqat yam-yashil.
Ko‘nglim yoritardi oppoq kengliklar,
Ko‘zim yashnatardi dalalar mavji.
Bir qiz tabassum-la olmish xayolim,
Qiyo boqmasa ham bo‘lardi garchi.
Shu qiz bo‘larmidi hamrohim, ammo
G‘oyib bo‘ldi zumda subhidam chog‘i
Tasavvur edimi, edimi ro‘yo?
Endi subh o‘zgacha, o‘zgacha falak,
Bilaman, qo‘shiqlar bitmasdim balki,
Balki yuz burmasa mendan o‘sha qiz,
Kuylamas ham edim bunday jonsarak.
Ketib borar edim g‘amnok, ozurda
Olis edi manzil o‘shanda juda.
MOKAS TOG‘LARIDA
Bexavotir uxlardi qishloq,
Sokin boshpanalar ustida
Kezar edi sirli xayolot,
Juda holdan toygan uyquning
Tepib turar edi tomirida qon.
Bedazor dalalar qo‘ynida
izg‘irin shamolni
afsunlar cho‘pon.
Ertaga hosil mo‘l bo‘larmi deya,
barvaqt turib odatdagidan
g‘allazor dalaga otlanar dehqon.
Kulollarning mohir san’ati
Kiritardi tuproqqa-da jon.
Muhabbat – rashk bilan yashar yonma-yon.
Nogoh baxt to‘rini otganda inson,
To‘riga muhabbat ilinar har on.
Huzur baxsh etardi qadrdon buloq
Ul sabab tashnalik bilmasdi qishloq.
Yarim tun, yarim oy mo‘ralagan chog‘
Go‘yo ajalga duch kelgan qo‘zichoq
Bo‘ri to‘dasiga qasdma-qasdiga
Yashashni istardi har nedan ko‘proq.
Rus tilidan Nodira Abdullayeva tarjimasi