Majnun (XVII asr)

Majnun – asl ismi Qays ibn al-Mulavvah bo‘lgan arab mumtoz shoiri. Ishqiy she’rlari bilan mashhur bo‘lgan shoirning nomi keyinchalik sharq she’riyatida “oshiq” so‘zi timsoliga aylangan.

* * *

Ishq ila men xastaman, bu dardima davo yo‘qdur,
Qora qismat bitilmishdir, visoldan hech vido yo‘qdur.

Vasl yo‘qdur, faqat bordur alam,hasrat ila kulfat,
Tovushingni kutarman zor, biroq sandan sado yo‘qdur.

Asir qushman – go‘dak panji g‘ijimlaydi berib ozor,
O‘lim yordur vujudima, xudoyimdan panoh yo‘qdur.

Bola dastida giryona – qanoti qonolud qushman,
Qutilmoqqa biror chora, azoblarga ado yo‘qdur.

Axir,man qush emasman, yor, qutilmoqqa yo‘lim bisyor,
Biroq ishqqa chalingan dil uchun erkin samo yo‘qdur.

* * *

Qora qismat qushi – qarg‘a, qag‘illarsan nechun nolon,
Nahot dildan judo etdi saniyam ishqi beomon.

Dalalarda uchib mahzun, chekarsan nolayu afg‘on,
Nahot saning yuraging ham manikidek erur vayron.

Agar rost ersa bu doston, qora qismat qushi – qarg‘a,
Qanoting ham sinar bir kun, olib uchsa sani bo‘ron.

Maningdek zor,maningdek xor, kecha kunduz dili abgor,
Topolmassan bu dunyoda na bir do‘stu na bir oshyon.

Xurshid Davron tarjimasi