Mujohid Abdulmunaym Mujohid

MA’YuS TABASSUMING SOYaSIDA

Ohista kuylayman, seni o‘ylayman,
Oy, yulduzlar tushib seni yo‘qlasin.
Ohista-ohista singib kuylayman,
Mening o‘g‘lim ko‘ksing uzra uxlasin.

Ko‘zlaringda o‘qiyman shul so‘zlarni:
Nechun kuylar go‘yo g‘amlardan ozod,
Go‘yo o‘chgan tashvish — motam izlari,
Go‘yoki kishvari Sulaymonobod?

Saxiy Ar-Rashiddek yo‘qdir tashvishi,
Bir miri yo‘q huvillaydi ko‘ylagi,
Nechun kuylar, kulmasmi ko‘rgan kishi?
Ko‘rsa ko‘rsin sodda yorim, kuylagin.

Ha, suyuklim, menda davlat na qilsin?
Oyni etak bilan yashirib bo‘lmas.
Faqat ko‘zlaringdan qayg‘u chekilsin,
Mening xazinam bor — sening qalbing, bas.

Mening bor davlatim kipriging uzra
Hali to‘kilmagan ikki tomchi yosh.
Mayli, dasturxonda nonim bir burda,
Baribir, kuylayman kulib, umrdosh.

Ko‘k yuzida uxlagan yulduz kabi
Borimiz beshikda — javhari nujum.
Kuylayman men sening muqaddas qalbing,
Ma’yus tabassuming soyasida jim.

Rauf Parfi tarjimasi