Ma’mun ash-Shinaviy (1914-1994)

Ma’mun ash-Shinaviy (مأمون الشناوي) – misrlik mashhur shoir. U 1914 yili Mansur shahrida tug‘ilgan.

UYG‘ON, SEVGILIM…

Uyg‘on, sevgilim, uyg‘on,
Kun berma uyqularga,
Uyg‘on, ko‘zlaringni och,
Qara yangi kunlarga!

Uyg‘on, sevgilim, uyg‘on,
Yurakdan uyquni quv
Qara, tip-tiniq osmon,
Tovlanib turipti u.

Qara, qizardi ufq,
Kelayotir tongotar.
Hayot uchar misli o‘q,
Bir zumda o‘tar-ketar.

Azizim, sening sevging
Quyoshning nuri kabi –
Ham iliq, ham mehribon
Bahorning qo‘ri kabi.

yg‘on, sevgilim, uyg‘on,
Anvor sharqning har yog‘i.
Ellarda erkalanar
Anvor gullar yaprog‘i.

Xushbo‘y hid taratar bog‘,
Yuvgan tongoldi shabnam.
Oqib kirgandir ifor
Mening yuragimga ham.

Uyg‘on, qachon turasan,
Jonim to‘la sen bilan.
Ko‘zlarimning nurisan,
Senga qarab to‘ymayman.

Bilmasdan oldin oting,
Seni sevmasdan burun
Achchiq edi hayotim,
Ma’nosiz edi, mahzun.

Sevging misoli mash’al
Hayotni etdi yorug‘.
Endi yashamoq go‘zal,
Har qanday g‘amdan forug‘.

Kunduz quvadi tunni,
Kunni yoritar quyosh.
Quyosh quvar tumanni,
Kulgingdan tinar ko‘zyosh.

G‘amdan qolmaydi asar
Tarqaydi arqin-arqin
Qalbga to‘lar shodliklar
Dengizday to‘lqin-to‘lqin.

KO‘ZLARIMNI BERAMAN, SO‘RASANG AGAR

Ko‘zlarimni beraman, so‘rasang agar,
Yuragimni beraman qo‘shimcha qilib!
Bugun sevgi sevinchi bizga berilar,
Qara, yig‘layotirman quvonchdan kulib!

Uyg‘onmas uyqulardan meni uyg‘otding,
Saqlab qolding ayanchli adashuvlardan.
Yuragimga og‘riqlar qurgan edi in,
Shifo bo‘lib qutqarding ana shulardan.

Xatar, alam, ko‘zyoshi dengizlaridan
Quruqlikka sog‘-omon qaytishim uchun
Musibatli yo‘llardan keltirganim o‘t
Darkormidi umrimni yoritish uchun?

Qiyna, sinamoq uchun meni bemalol,
Sevaman achchiqlangan o‘tli onlaring.
Ishq neligin so‘z bilan anglatish mahol
Faqat sen-la bildim ishq hayajonlarin…

Ko‘zlarimni beraman, so‘rasang agar,
Otashin tunlarimni qilaman in’om.
Men ishqda aldamayman, sotmayman magar,
Faqat mening tunlarim qisqardi, inon!

Men seni olib yurdim qalbda mash’alday,
Eng xatarli tushim deb bilardim seni.
Biroq o‘tdi qo‘rqinchli tushlar mahali,
Keraksiz sinovlarga yo‘llama meni!

Faqat sinamoq uchun qo‘rqmasdan qiyna,
Men arziyman sevinchlar, iztiroblarga
Faqat sen bilan bildim muhabbat nima,
Uning ta’rifi yo‘qdir zo‘r kitoblarda.

Ko‘zlarimni beraman, so‘rasang agar,
Biz doim oshiqlarni jarohatlaymiz.
Men ishqda aldamayman, sotmayman magar,
Men baxtli bo‘lgum azob yesam-da hargiz!

Meni sinamoq uchun tayyorla azob
Seni sevib bildim ne, ishqiy iztirob!

MEN SENI MALAK DEB O‘YLAGAN EDIM

Seni farishta deb o‘ylagandim men!
Guldasta quchoqlab kelgan eding sen!
Kulgingni marvarid deb o‘ylagandim
Tip-tiniq, jarangli, nozli, muloyim!

Aslida sen shayton ekansan yomon,
Azoblar yog‘dirding menga beomon…
Kulging ham soxtakor, qalbaki ekan,
Ayirdi u meni ovunchog‘imdan…

Buloq deb o‘yladim dudoqlaringni,
Bosdim unga qaqroq dudoqlarimni!
Qarashlaring yulduz deb o‘ylagandim
Menga yo‘lchi yulduz bo‘lar degandim!

Ammo dudoqlaring saqich ekan-ku,
Yopishib, kuydirdi dunyomni butkul
Qarashlaring ilon ekan qomatga,
Jonimni keltirdi o‘lar holatga…

Men esa farishta bilibman seni!..

Rus tilidan Miraziz A’zam tarjimasi