Komil Ayyub (Misr)

ShAHARDAGI QAHVAXONA

Sovuqdan junjukkan odamlar bunda
Isinib ketarlar kunda va kunda.
Gohi sharob ichib isinadilar,
Tamaki chekib ham isinar ular.

G‘amdan o‘zni shunday soqit qilmoqchi,
Barcha tashvishlardan shart qutulmoqchi.
Ichar xandon bo‘lay deb faqat bir kun,
“Mallasoch xonim”ning sog‘lig‘i uchun.

Boshlar egiladi shu lahza birdan,
Atrofini o‘rab oladi tuman.
Tomog‘idan chiqar yig‘lagan so‘zlar,
Gandiraklab ketar, bukilar tizlar.

Munkib-munkib yana tashlaydi qadam,
Go‘yo soya deysiz, bu – soya-odam.
Yo‘q, bu odam hammas, faqat soyadir,
Soya qachon insonday yuksaladir?!

Insoniylik gullagaymi shu joyda –
Tutun bosgan ifloslikda, eh, qayda?!
Qo‘lansa hid anqib turgan paytlari,
Kurtak yozmas ko‘m-ko‘k hayot barglari…

Muzaffar Ahmad tarjimasi