Ayman Abu Shaar (أيمن أبو الشعر) – suriyalik arab shoiri. 20 dan ortiq kitobi chop etilgan.
* * *
Bir zumgina qolsang parishon,
O‘zligingdan judo bo‘lgaysan.
G‘aflat bossa selda nogahon,
Suv ostida ado bo‘lgaysan.
O‘zingni tut, mard bo‘l va bardam,
Kulib boqqay iqboling albat.
Yolvorganman hayotga men ham:
— Ber, deb,— nafas rostlashga fursat.
Tashnalikdan quridi sillam,
Tovonlarim qondir shilinib.
Boqadirman iltijo bilan,
Orom bergil marhamat qilib…
Huzur topsin ko‘ngilning uyi,
Yalangoyoq o‘tloq kezay shod.
To‘yib tinglay qizlarning kuyin,
Qushlar bilan qoqayin qanot.
Faqat orom olsam bas bir oz.
So‘ng o‘tgayman yo‘llardan o‘ktam…
Hayot kuldi va berdi ovoz:
Sen o‘zingga tilayapsan g‘am.
Axir, ayt-chi, qayerda shamol
Tinim topgan, izlagan orom,
Tinib, rohat topsa bemalol,
Qo‘zg‘olgaymiz so‘ng misli bo‘ron?!
Yodgor Obidov tarjimasi