Shel Silverstayn (ingl. Sheldon Alan ‘Shel’ Silverstein; 1930 – 1999) – mashhur amerikalik shoir, bastakor, mug‘anniy, xonanda va rassomdir. Bolalarga atab chop etilgan qator kitoblarini o‘zi bezagan. Nozik qochirimlarga boy she’rlar yozgan. She’rlarini ko‘cha tiliga yaqinlashtirgan. Bolalarga atalgan nazmida – kattalarga xos oqillik, kulgusi zamirida oydin hasrat yashirindir.
NABIRA VA BOBO
Bola der: «Qo‘ldan goh tushar qoshig‘im».
Bobo javob qilar: «Mening ham, ushog‘im».
Bola der: «Ishtonim ho‘l bo‘lar goho».
«Meniki ham», – deya jilmayar bobo.
Bola der: «Men tez-tez turaman yig‘lab».
Chol der: «Men ovozsiz yuraman yig‘lab».
«Eng yomoni, – deydi go‘dak, – erta-kech
Meni eslashmaydi, e’tibor yo‘q hech».
Nevara boshini ohista silab:
«Bilaman…» – deydi chol ovozi titrab.
AYTING MENGA…
Ayting menga oqilligimni,
Juda dono ekanim ayting.
Haddan ziyod iste’dodli va
O‘ta zebo ekanim ayting.
So‘zlang hisli, shafiq ekanim,
Ayting menda bor nazokatni.
So‘zlang to‘kis, barkamolligim,
Ayting, axir, bor haqiqatni!
VUJUD SUHBATLARI
«Raqs tushamiz», – tovon tilanar.
«Ovqat yeyman», – so‘raydi og‘iz.
«Kitob o‘qi», – miyam elanar.
«Termulamiz», – zorlanadi ko‘z.
«Sayr qilaylik», – shoshar oyoqlar.
«Yurmagin, uch!», – nolir bellarim.
«O‘tiramiz, – cho‘rt kesar dumba, –
Jonga tegib ketding-ku baring!»
MENING QOIDALARIM
Gar xotinim bo‘lmoqchi bo‘lsang,
Go‘shtsiz sho‘rva qilishni o‘rgan.
Bilgin yirtiq paypoq yamashni,
Kovushni pok etishni o‘rgan.
Qiyin kunga tushsam, achingin,
Uqalab qo‘y egik belimni.
Ostonadan xazonni yo‘qot,
Tozalab qo‘y yurar yo‘limni,
Kech – eshik yop, tongda – ochasan…
Ey, to‘xtagin, nega qochasan?
AYTOLMAGANLARIM
U kiyimin joylar jomadoniga
Men ayta olmadim: «Ketmagin, gulim»,
Aytolmadim shartta: «Qaytgin ortingga,
Kel, boshqatdan yashay boshla, sevgilim».
Meni sevganmiding, deb so‘raganda,
Tilimni tishladim, turdim gungu kar.
Yorim ketdi. Endi aytolmaganim
Tilimning uchida osilib turar.
Aytolmadim: «Kechir meni, jonginam,
Hammasiga o‘zim edim gunohkor».
Aytolmadim: «Barin tuzatmoq mumkin,
Bizga faqat biroz muhabbat darkor,
Yana darkor bizga birozgina vaqt».
Aytdim: «Gar bizlarni ajratsa zamon,
Ketaqol, baxtingga qilmayin zarar».
Yorim ketdi. Endi aytolmaganim
Tilimning uchida osilib turar.
Aytolmadim: «Qani, kiyimingni yech,
O‘tir, so‘zla biror narsani, ey gul».
Aytolmadim: «Ketar yo‘l – juda uzoq
Vido yo‘li – olis, poyoni yo‘q yo‘l».
So‘zladim: «Alvido, tilayman omad,
Tangri yoring bo‘lsin». Qaytarmadim-da…
Yorim ketdi. Endi aytolmaganim
Osilib turibdi tilning uchinda.
Hatto so‘nggi onda uzatmadim qo‘l,
Uning ko‘z yoshini arta olmadim.
«Sensiz hayot – baxtmas, do‘zaxdir», – deya
Aytsam bo‘lar edi, ayta olmadim.
O‘yladim – nihoyat, orzumga yetdim,
Endi erkin zotman, shodman naqadar.
Yorim ketdi. Endi aytmaganlarim
Yuragim ichiga qonday tomchilar…
MIJG‘OV DILGIRNING XIRGOYISI
Bu dunyoda bari g‘alati,
Barcha – ablah, hamma – yaramas!
Tunlar o‘ta zerikarlidir,
Kun nuriga ko‘zing chidamas,
Haddan ziyod shamoli tezdir,
Bulutlari erinchoq, bezdir.
O‘t-o‘lanlar haddan ziyod ko‘k,
Barglar buncha silliq, joni yo‘q.
Zamin changu g‘uborga to‘lgan,
Kerilgan oy, unga ne bo‘lgan?!
Yulduzlar ham yorqin, qattiqqo‘l,
Suvlar buncha xaddin ziyod ho‘l.
Juda quruq bu qumlar, axir,
Toshlar nechun bunchalar og‘ir.
Chivinlardan qanoti yengil,
Bolalari janjalkash, savil,
Poyafzali qisar oyoqni,
Odamlari juda o‘ynoqi –
Qo‘shiq aytar, raqs tushar gohi.
Achinaman, ular – sarmastlar –
Dunyo g‘alatligin bilmaslar.
G‘ALATI QUShChA
Qahraton qish, izg‘irin, bo‘ron –
Qushlar uchdi janubga tomon.
Faqat bitta qushcha qolibdi,
Qorli ko‘prik uzra turibdi –
Boshin silkir goho raqqosday,
Sakrar, uchar, qo‘nar bexosdan,
Qanotini goh ochar, yopar.
Sovuq shamol ichin titratar.
Chumduklari titrab, chug‘urlar:
– Menga ham hech yoqmas izg‘irin,
Chidab bo‘lmas sovuq – zo‘r dushman,
Lekin dilga beradi taskin –
Men shaharda yagona qushman.
BEMOR
“Borolmayman maktabga, voh-ey, –
Nola qilar Peggi Enn Makkey. –
Yaxshi emas sog‘lig‘im butkul
Chiqdi tepki, qizamiq, qizil,
Toshma toshdi, yara – hamma yoq.
Og‘iz – ho‘ldir, qurigan – tomoq,
Tomoq bezi toshday, shishgandir,
Eshitmaydi chap quloq qurg‘ur,
O‘ng ko‘z bexos bo‘lib qoldi ko‘r,
O‘n olti bor chiqdi suvchechak,
Voy, u yana bosdi-ku beshak!
Ko‘ryapsizmi, ranglarim ko‘m-ko‘k,
Ko‘zim chiqib, chaqchayar lo‘q-lo‘q.
Voh oyog‘im, qandoq yuraman,
Yo‘talaman, aksa uraman,
Olomayman bir yutum nafas,
Yutganim ham ichimdan chiqmas.
Yana qattiq shamollaganman –
Iyagimni ushlasam, axir,
Oyoqqacha sirqirab og‘rir.
Oyoq singan, oqqan iligim,
Evoh, ichga kirgan kindigim.
O‘ng to‘pig‘im chiqqan, qilt etmas,
Vujudimga, eh, kaltsiy yetmas.
Va, ajabo, yomg‘irda beshak –
Og‘riq berar ablah ko‘richak.
Burunginam muzlab yotgandir,
Barmoqlarim sezmas, qotgandir.
Bo‘yinlarim burilmay qoldi.
Eshitilmas, ovoz yo‘qoldi,
Tilim shishdi, sig‘mas og‘zimga.
Sochim tushdi, jonim bo‘g‘zimda,
Umurtqamda og‘riqlar yuzdir.
Issig‘im ham o‘ttiz to‘qqizdir!
Boz ustiga, miyam o‘tirgan.
Qulog‘imga zirapcha kirgan.
Qaqshab turar orqam, kuragim,
Nafas olsam, sanchar yuragim…
Nima-nima? Nima dedingiz?
Eshitmadim, takrorlang, axir,
Darslar – bekor, boshlandi o‘yin?
To‘xtang, chopib boraman hozir!
TANGRINING TIZGINI
Bir kun menga jilmayib Tangri,
Savol berdi to‘g‘ridan-to‘g‘ri:
“Ey yigitcha, tizginni bersam,
Istarmiding, o‘rnimda tursang?”
– Mayli, qani urinib ko‘ray.
– Qayga boray? Qay yerda turay?
– Manzilimiz qaysi tomonda?
– Qachon uxlay, tushlik – qay onda?
– Qachon chiqsa bo‘lar ta’tilga?
“Etar, qaytar tizginni menga,
Bunda na dam, na-da ta’til bor,
Na uyqu bor, men mudom hushyor, –
Dedi Tangri og‘ir xo‘rsinib, –
Bandam, hali emassan tayyor…”
OSMONDAGI JANG
Kun emasdi –tun ham emasdi shu tob,
Samoda uchrashdi oy bilan oftob,
Odatdagi ishlar– lek, buni qarang,
Tortishdi ikkisi – boshlandi-ku jang.
So‘z ketidan so‘zlar – bu yog‘i janjal:
Kim – yorqin, kim – chaqnoq, hammadan go‘zal?!
Oyni nurlari-la kuydirdi oftob,
Oy ham jim turmadi, ayladi javob.
Oy qattiq tarmashib, o‘jar jinqarcha,
O‘rog‘ini suqib uzdi bir parcha,
Olovli jang kechdi ufqda shafqatsiz,
Kuzatib turgandik uni barchamiz.
Tirnalab, yondirib otash-olovni,
Tashlashdi yulishib birov-birovni,
Oyning yuzi kuygan, jon talash edi,
Oftobning yarasi qontalash edi.
Oxiri tugadi ufqning shafag‘i –
Oyning chehrasi oq, qizg‘ish siyog‘i.
Quyoshning qobog‘i biroz ko‘kardi,
Oxir u uyalib zaminga kirdi.
Shu tunni to‘shakda o‘tkazgandi oy,
Quyosh ham tushdan so‘ng chiqdi, hoynahoy…
TUYG‘ULAR
Og‘iz so‘zlar edi Burun va Ko‘zga,
Shu atrofda o‘tib borardi Quloq.
Nozik sezgisi-la eshitdi barin,
O‘tindi: «Kechiring, eshitdim, biroq –
Atay poylamadim sizlarni maxsus,
Ovozingiz baland ekan-da, afsus…»
Yarim so‘zda Og‘iz qotib qoldi dong,
Burun ham jiyrildi alamdan hayron,
Uyalib nazarin Ko‘z ham oldi-ku,
Lekin xafaligin bildirmadi u.
Og‘ir sukut cho‘kdi – lol bo‘lib shu choq,
Qaygadir yo‘l oldi bechora Quloq.
RANGLAR
Mening terim asli shokoladrangdir,
yonog‘imda sarg‘ish-oqish-gulrang bor,
ko‘zlarim – yashildir, biroz moviyrang,
tunlari – to‘q sariq bo‘ladi makkor.
Sochim – oq aralash sariq, jigari,
agar sal ho‘llansa, u kumushdaydir.
Bu tashqi ranglarim, ichim rangini –
Sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydir…
SAVDOYI TUSh
Kecha oqshom ajab bir tush ko‘ribman:
Doskaning oldida mag‘rur turibman,
Partalardan boqar o‘qituvchilar,
Ular, vo ajabo – zo‘r o‘quvchilar.
Yuzta kitobni bir kunda yodlashni
Topshirdim uy ishi – ular dodlashdi,
Turishar mung‘ayib, boshni past qilib,
O‘qish oson ishmas – qo‘yishsin bilib.
Ularni jo‘natdim Mug‘ulistonga,
Gobi sahrosida suvsiz yurishsin,
Ular bir kecha va yana bir tunda
Magnoliya eksin va o‘stirishsin.
So‘radim, qanaqa bizni yig‘latmoq?
Bariga ketma-ket “ikki” qo‘yaman?
Agarda javobsiz qolsa gar so‘roq,
Qulog‘in tortaman, ko‘zin uyaman.
Talabim – dars payti sukunat bo‘lsin,
Piq etib gapirsa, terisin shildim,
Uyg‘ondim o‘kinchli qattiq yig‘idan…
Lek oqshom tushimda bir mazza qildim.
Ingliz tilidan Karim Bahriyev tarjimasi
AGAR BO‘LSAM…
Agar bo‘lsam jimitday,
Shabnamga cho‘milardim.
Xonqizini minvolib,
To‘rt tomonga yelardim.
Eshik tirqishi menga
Bo‘lar edi katta yo‘l.
Pashsha bahaybat burgut,
Likopcha bepoyon ko‘l.
Agar jimitday bo‘lsam,
Onamni qucholmasdim.
Kuchukvachchadan qo‘rqib,
Qutulib qocholmasdim.
Konfet tutqazsa xolam,
Yil bo‘yi yalar edim.
Qog‘ozini yarim kun
Ocholmay qolar edim.
Asli o‘zim jimitman,
No‘xatpolvon yigitman.
“Salom” so‘zin bitishga
Bir hafta kamlik qildi.
Ushbu she’rni yozishga
O‘n to‘rt yil kerak bo‘ldi!
Rus tilidan Nurulloh Oston tarjimaci
KO‘RShAPALAK
Quyosh tushar
Tor yoriqdan.
Ko‘z qamashar,
Nur – yorug‘dan.
Uyg‘oniboq
Zax bir g‘orda,
Ming‘irladi
Qilib zarda.
Ko‘rshapalak
Nurdan qochib,
Ko‘zlarini
Zo‘rg‘a ochib:
– Hoy, buvijon!
Bo‘ling qani,
Yoqing tezroq
Qorong‘ini.
Men bechora
Ko‘rmayapman.
Yorug‘likdan
Qo‘rqayapman.
Rus tilidan Ravshan Isoqov tarjimasi