Rashida Ismoiliy (1941)

Shoira, dramaturg va hikoyanavis. G‘arbiy Afrikada joylashgan mamlakat Beninda tug‘ilgan. O‘tgan asrning 60-yillarida Nyu-Yorkka ko‘chib o‘tgan. Afrika san’ati va madaniyatini keng targ‘ib qilish barobarida Rashida Ismoiliy badiiy ijod sohasida ham sezilarli ishlar qilgan, to‘rtta she’riy to‘plami, amerikalik adib Lengston Hyuz va senegallik yozuvchi Mariyama Ba to‘g‘risidagi ocherklari nashr etilgan. Shoira she’rlarini musiqiy asboblarga jo‘r ohangda ifodali o‘qishni yo‘lga qo‘yib, san’at dargohlarida muntazam ravishda yoshlarga ijod sirlaridan saboq berib kelmoqda.

ChITTAK

Har yonda sukunat,
yo‘q qilt etgan shabada,
keskinlik
tilsimlangan simlar
kenglikda cho‘zilar
daydi itlar izg‘ir,
mushuklar o‘g‘rincha kezinar
shox-shabba-yu ulov ostida
hurpaygancha tatalaydi yer.
Bosh ustida
sarg‘imtir qushlar
tussiz osmon
tinchini buzar
chinqirib.
Chil-chil bo‘lar piyola
polga urilib.
Mari-Flora xonim
bukar tizzasin,
sovuq chimchilarkan ketini
qunishib olar.
Tashqariga chiqmoqchi bo‘lib
toyilib ketar chuqur ichiga.
Tepada hanuz
sarg‘imtir qushlar
talpinadi xira samoga
esankirab
qulayotgan daraxtni oladi qurshab.
Jimjit-jimjit
nasimdan nom yo‘q
havo qotib qolgan
bo‘g‘iq qichqiriq
og‘riqlarga chirmab tashlangan.
Zamin silkinadi
odamzod ne qilarin bilmay
ko‘tarib uradi o‘zini.
Qushlar darbadar.
Shamolsiz
chayqalib-chayqalib
qulaydi pastga.

Ingliz tilidan A’zam Obid tarjimasi