Nozim Frakuliy (1680-1760)

Alban adabiyoti tarixidagi yirik siymolardan biri. U Ibrohim Nozimiy, Nozim Beratiy taxalluslari bilan ham ijod qilgan. 1680 yili Albaniya janubidagi Berata muzofotining Frakul qishlog‘ida badavlat harbiy oilasida tug‘ilgan. Beratada madrasa ta’limini olgach, Istanbulda o‘qigan. Turk, arab va fors tillarida she’rlar yozgan. 1731–1735 yillarda alban tilida ilk devon tuzib, unga albancha-turkcha she’riy lug‘at ilova qilgan. Garchi devonning asl nusxasi yetib kelmagan bo‘lsa-da, undan ko‘chirilgan 110 ta she’rning nusxasi mavjud. Bu she’rlarning ko‘pchiligiga kuy bastalanib, xalq og‘zaki ijodida kuylab kelinadi.

MARDIKORLAR

O‘zga yurtga otlanamiz biz,
Safarimiz, balki, o‘n oylik?!
Haq qo‘llasa, abgor bo‘lmasmiz,
Qaytajakmiz orttirib boylik.

Yaxshiyamki, hali bu dunyo
Dastyorga zor,
Kim qashshoq, kim boy.
Ul shaharda sochadi ziyo
Minoralar uzra yarim oy.

Kamol topib borgaydir ochun,
Qush charx ursa, butoq shoxlasa.
Nasibasi bo‘lgaydir butun,
Boy bo‘lgay el, xudo xohlasa.

Duo qiling bizni, jo‘ralar,
Xudo shohid, Istanbulda ham:
Haqqingni naqd to‘lar to‘ralar,
Pand bermasa biror muttaham.

Bu tog‘larni, bu o‘rmonlarni
Ketmoqdamiz qoldirib sizga.
Unuting-da kek, gumonlarni,
Oq yo‘l tilang hozircha bizga.

Olis yo‘lga otlandi erlar,
Oyday borib, qaytaylik omon.
Do‘st duosi ijobat, derlar,
Duo qilib turing har zamon.

Rus tilidan Yahyo Tog‘a tarjimasi