Dritero Agolli (1931-2017)

Dritero Agolli (Dritëro Agolli) 1931 yil 13 oktyabrda Albaniyaning Menkulyas qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan. Peterburg davlat universitetida jurnalistika bo‘yicha tahsil olgan. Albaniya Yozuvchilar uyushmasining raisi sifatida bir necha yil faoliyat yuritgan. U Anna Axmatova, Aleksandr Blok, Boris Pasternak, Vladimir Mayakovskiy, Sergey Yesenin, Velimir Xlebnikov she’rlarini tarjima qilgan. Shoirning “Meni yo‘llar boshqarar” (1958), “Qadamlarim” (1961), “Tog‘ yo‘li va so‘qmoqlar” (1965) she’riy kitoblari va 2007 yilda rus tilida “Qaydan yelar bu ohang” kitobi chop qilingan.

BINAFShA TONG

Atirgul ochildi tong otar yayrab,
Mudrab yotar Dayti tog‘lari, sekin
Tuman yoyiladi, zag‘izg‘on sayrab,
Dumlarini qoqar, terakka betin.

Urildi qadrdon bug‘doy islari,
Chirmashdi yovvoyi hid nam aralash.
Vujudimda erib borgani sari
Kechagi shom yodi tush kabi otash…

AJOYIB QARIYa

(Bolalik xotirasi)

Xo‘b ajoyib edi bu bobo,
Unga o‘xshab ketgim kelardi!
Peshonasi baland – tik qoya,
So‘zlari ham mayin yelardi.

Bilmasdim na taqdir, hayotin,
So‘ramagan ekanman, ammo
Tuyulardi sabr, saboti
Kitoblardan oqil va a’lo.

Sizday bo‘lsam, derdim men unga
Hayajonga to‘lgancha sim-sim.
U mehribon Tangriday menga
Jilmayardi: “Shoshilma, o‘g‘lim”.

ShE’RIYaT URUG‘I

G‘aroyib, g‘aroyib!
Bu yerga
Mirishkor chumchuqlar hali
Qurishmadi in.
Kapalaklar uchmas,
Bedazor so‘lg‘in.

Hamma-hammasiga
Atay – atayin
She’riyat urug‘i qadaldi,
Gulladi mayin!
G‘aroyib, g‘aroyib!

BALIQChI QUSh

Qumlikda uchratdik biz uni bejol,
Panjalar qontalash, qanotlar behol.
Tashlab ketgan chog‘i to‘da begumon,
Yugurik ko‘piklar sachrar bezavol.

Uni dast ko‘tarib, keltirdik uyga,
Qarang, kun o‘tmasdan jonlandi yana.
Oynadan ko‘z uzmay, cho‘mardi o‘yga,
Dengiz shamollari boshlar tantana.

Undan ayrilgimiz kelmasdi, biroq,
Noxush havo esgan kunda yo‘qoldi.
O‘sha kun shamolni tutdi qaltiroq,
Suv uzra ko‘piklar o‘zga tus oldi.

Uni izlab ketdik. To‘lqinlar saf-saf
Urilar, to‘qnashar, ingrar beomon.
Olis qumliklarda zorlari sadaf
O‘sha qush, o‘sha qush bergan edi jon…

Tanini yuvardi dengiz to‘lqini,
Tutqinda o‘lgisi kelmadi uni.

QAYG‘U TUBI

Bir tomchi ko‘z yoshdan tuproq ham og‘rir,
Tomchi yer qa’ridan bug‘doy izladi…
Azaliy hikmat bu – ko‘z yoshdan og‘ir
Nimani ko‘rdigu, nedan so‘zladik.

DARAXT

Men yosh nihol edim, do‘stlarim!
Shu ildizda bo‘y tortdim go‘zal.
Boshqa joyga ko‘chirmang meni,
Shu yer – mening taqdirim azal.

Shoxlarimni beshafqat bolta
Chopaverar qayta, beomon.
Ko‘z yoshlarim, unsiz bo‘zlarim
Yoriqlardan silqiydi hamon…

MEN TARK ETGAN UY

Yomg‘ir tindi, kengliklar moviy,
Eshiklarga quyosh sochar zar.
Yoyiq bulut, ko‘priklar bo‘ylab
Chaqnab ketar tilla tangalar.

Darvozasi ochiq eski uy,
Biroq meni kutib olar kim?
O‘tmish olis, har kim har yerda,
Ko‘r bobo va nevara qiz jim…

Uchdi yoshlik, ortga qaytmaydi,
Shoxlar quruq… o‘tlar qalin, tik.
Darvozani yopaman, asta
Mo‘ralaydi ortda keksalik.

BU TOSh, BU KUNDA…

Sevimli yurt! Qaydan qidirsam,
Uchratmadim bunday tosh, kunda.
Men yo‘llarda birpas tin olsam,
Beqayg‘u va betashvish bunda.

Men dunyoni kezindim, kunda
Sanog‘i yo‘llarda betin.
Duch kelmadi bunday tosh, kunda,
Topolmadim ularning o‘tin.

YIG‘I

Ko‘cha bo‘ylab sayr etaman jim,
Gullar chiroy ochgani sari
Zorga o‘xshab ketar bo‘ylari,
Sig‘mayapman o‘zimga o‘zim…

Favvoralar yosh oldi ko‘zga,
Kimni yodlab, gullar chekar g‘am?
Gullar, men ham birga yig‘lasam,
Biroz yengil bo‘larmi sizga…

KULRANGLIK

Suvlar kulrang, ko‘k kulrang, kulrang,
Yolg‘izlikda kulrang kun yolg‘iz.
Vidolashar laylaklar olis,
Suvlar kulrang, ko‘k kulrang, kulrang…

Tomdan tushar yomg‘irlar kulrang,
Tomchilarda oqib – oqmas g‘am.
Xat tashuvchi kulrang xatni ham
Darvozadan uzatar arang.

Varaqlayman – ro‘znoma kulrang,
Derazada o‘tirar mushuk.
Kulrang samo, tumanlarda mushk,
Uchayotir laylaklar, qarang…

STOL

Ikkimiz ham mudroqlik tuydik:
Burchakdagi stolim va men.
Qo‘llarimga bosh qo‘ydim, lekin
Mudramoqda stol hamon tik.

Tug‘yonlaring qaydan sezar u!
Ichi bo‘m-bo‘sh, sovuq va bejo.
Oyoqlari baland, hech qachon
G‘ijirlamas, o‘rtamas qayg‘u…

LAHZA

G‘am-alam tirnar boshni,
Gadosiday bir iliq so‘zni
Yurak toliqadi
Tutganday aza.
Bir lahzalik umrning
Na uzun qiynoqlari!

Bo‘riga aylanar
unutib o‘zni
Beshafqat yozg‘iriq –
Singanday ko‘za.
Bir lahzalik umrning
Na o‘tkir tirnoqlari!

AYoLIMGA

Hamon yonma-yonmiz, ming bora shukur,
Shu xushboy non haqqi, ranglari tiniq
So‘lmas gullar haqqi, ko‘zlaring mag‘rur
Sharafli bu yo‘lda birgadir yoniq.

Minnatdorman, garchand o‘ylarim to‘zg‘in,
Goho yolg‘iz achchiq qaxva ichaman.
Sigaralar beta’m, taxir va ezg‘in,
Bilmam, men ulardan qachon kechaman…

Minnatdorman, umrim bo‘yi hech qachon,
Qoldirmading meni zulmat, zorlarda.
Olib chiqdi aziz pok mexring omon
Yorug‘ kengliklarga olis g‘orlardan.

QAYDIN KELUR BU NAVO…

Qaydin kelur bu navo…
Ehtimol
Gulbarglar bir-biriga
Tegib-teginmay
Tebranishlari.
Bir juft moviy qo‘ng‘iroq gullar
Bilib-bilmay
Emranishlari.
Unda shudring kuyi, jarangi,
Salqin havo,
Tiniq oqshomlar
Esayotgan yellar shiviri.

Qaydin kelur bu navo…
Extimol
Chigirtkalar jo‘rovoz kuylar..
“Sovchilarmiz, qadami qutlug‘,
Quvnoq to‘ylar izmimizdadir.
Kim biladi qay xushro‘y kelin
Nasib etur tanti kuyovga!
To‘ydan qolmang, do‘stlarim, to‘ydan,
Bu tun bejiz nurga to‘lmagan!”

Qaydin kelur bu navo…
Yulduzlardan sochilgan shu’la
To‘shaladi jaranglab mayin
O‘tloq, mozor, dala, dengizlar,
Mollyuskalar, baliqlar uzra.
G‘uvillaydi kemalar ulkan,
Chug‘ur – chug‘ur
Dengiz qisqichbaqasi…

Qaydin kelur bu navo…
Bilib bo‘lmas!
Kimlardir qachondir
Ehtimol biz ham
Bir kun aylanajak
Tuproq changi, to‘zoni…

Qaydin kelur bu navo…

Rus tilidan Oygul Suyundiqova tarjimasi