Yusuf Samado‘g‘li. Gullar (hikoya)

Ukam Voqifga

Kontsert boshlanishiga sanoqli daqiqalar qolgandi.
Sahnaga qo‘shni xonaga bugungi kontsert ishtirokchilari to‘planishgandi. Ularning ko‘pchiligi tahminan o‘n besh-o‘n olti yashar bolalar edi. Kimdir muallimning yonida so‘nggi bora maslahatiga quloq solar, kimdir skripkasini, kimdir torini sozlardi. Hammasi yosh bo‘lishiga qaramay ba’zida shivirlab gaplashishar, o‘zini iloji boricha sovuqqon ko‘rsatishga urunishardi. Lekin, tan olish kerakki, bunday hollarda hayajon sun’iy sovuqqonlikni mahv etadi. Ularning hayajonlanishi tabiiy edi. Axir bugun ularning ilk kontserti.
Toxir xonaning sahna sari ochilgan eshigi yonida o‘tirardi. U piyonistalardek tez-tez kaftlarini og‘ziga yaqinlashtirib nafasi bilan isitardi. Qora rangli kastyum to‘lacha badaniga yopishib turar, oq ipak ko‘ylagining yoqasini oliftalarcha nimchasi ustidan oshirgandi. Sifatining chizgilari qo‘pol bo‘lsa-da jozibador edi. Tirishgan peshonasi uni o‘ta o‘ychan ko‘rsatardi.
Uning ko‘rinishi, chehrasida muzlab qolgan tabassum yuragida yashirin bir tuyg‘u hukm surayotganidan dalolat berardi. Bu yashirin hisning ismi naqadar sodda va ravshan bo‘lsa, shunchalik mudhish edi. Dard!
O‘n olti yashar odamda nima dard ham bo‘lardi deysizmi? Shahar uni ancha sha’nlashtirgandi. U o‘zini huddi endi hech qachon yomon kun ko‘rmaydigandek, hamisha masrur yashaydigandek sezardi. Hayotda duch kelgan har narsa uning nazarida oddiy, tabiiy holida qolmas, kattalashar, go‘zallashar, har bir shaxs esa u uchun mahorati va nomusi tajassum etgan insonga aylanib borardi. Bugungacha uning o‘n olti yillik umri cheksiz-chegarasiz chamanlik qo‘ynidan sokin oqib o‘tayotgan daryoga mengzardi. Bu daryo na bulg‘angan, na qoyalarga urilgan, nada biror to‘siqqa duch kelgandi.
Biroq beshafqat dard shaffof suvga tushgan siyoh tomchisi kabi uning hayotini bulg‘ardi. Toxir avvaliga o‘ksinsa ham, vaqt o‘tgan sayin dardning ham muhabbat, sevinch kabi tabiiy hisligini angladi.
Toxir o‘rnidan turib hamrohlariga qaradi. Ular qanchalik baxtiyor edi. Hammasining xayoli bitta narsada – kontsertda edi. Toxirni esa bu unchalik ham o‘ylantirmasdi. Uni xayolga toldirayotgan narsa boshqa edi.
Shu mahal to‘satdan kimdir uning qo‘lidan tortdi. Bu Toxirning maktabdoshi, “Tarzan” laqabi bilan tanilgan Hasan edi. Hasan oq sadaf bilan bezalgan torini qirmizi stol ustiga qo‘ydi va Toxir tomonga o‘girildi:
– Toxir, yuragim yorilay deyapti, – deya uni eshik tomonga tortib pardadan mo‘raladi, zalni bir qur ko‘zdan kechirdi va so‘zida davom etdi, – Yo Xudoyimey, shuncha odamning oldida qanday chalaman axir?
Toxir miyig‘ida kuldi. Uning burnini ikki barmog‘i orasiga siqib:
– Qo‘rqma, yo‘lbars bolasi, – dedi, – sen “Zabul”ni chal, ko‘rasan hali, qanday olqishlashadi.
– Ko‘ramiz albatta!
Hasan yana bir marta “Yo Xudoyim” deb torini qo‘liga oldiyu xonaning narigi boshiga yo‘l oldi. Toxir esa parda oralab diqqat bilan zalni kuzata boshladi.
Yuqorida osilgan ulkan chiroqning nuri zalning marmar ustunlarini oynadek oydinlatar, odamlarning suhbati anglab bo‘lmas shovqinni vujudga keltirgandi. O‘tirganlarning ko‘pchiligi Toxirga tanish edi. Ana, ikkinchi qatorda Hasanning otasi Bakir va onasi Gulnoz hola o‘tiribdi. Ular kontsertga Hasanning kichkina singlisi So‘lmazni ham olib kelishgan. Bakir amaki tez-tez soatiga qarar, ayoliga nimadir der, Gulnoz hola esa bosh chayqab qo‘yardi.
Ikki qator orqada yana tanish chehralar ko‘rinyapti. Bakir amaki va Gulnoz holadek ular ham kontsert boshlanishini sabrsizlik bilan kutishmoqda. Bugun kontsertga kelganlarning ko‘pchiligi ota-onalar edi. Toxirning nigohi birdan birinchi qatordagi ikki bo‘sh joyga tushdi. Qaniydi hozir bu yerda uning otasi va onasi o‘tirsa…
Toxir birdan seskandi. Qora qoshlari chimirildi. Zalni go‘yoki tuman qopladi. Yiqilmay deya devorga suyandi. Ko‘zidan bir tomchi yosh yumaladi va yonog‘ida quridi. Xayolida bir onda uyi jonlandi.
Mana, uning sakkiz oydan beri oddiy, sog‘ odamning uyqusini sog‘ingan horg‘in onasi, u otasining boshini yostiqdan ohista ko‘tarib unga choy qoshiqda suv beradi va shunday deydi:
– Iching, qani, iching, jonim qurbon sizga…
U hasta ko‘zlarini ochadi va xirillagan ovozda tilga kiradi:
– Axir icholmayman…
Onasi yolvoradi, iltimos qiladi, nihoyat betob ota bir qoshiq suvni bazo‘r yutadi. Onasi sevinadi. Hasta ota esa buni sezmaydi.
Toxir o‘ylaridan ayrildi. Qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib ko‘zlarini bir nuqtaga tikdi. Shu payt negadir o‘tgan kungi muallimi bilan bo‘lgan suhbat yodiga tushdi.
O‘tgan kun darsdan keyin muallimi Toxirni yoniga chaqirib unga kontsertda bugun emas, bir haftadan keyin – ikkinchi guruhda chiqish qilishni aytgandi. Toxir buning sababini so‘raganida u:
– O‘g‘lim, istardimki, sening birinchi rasmiy chiqishingda otang ham ishtirok etsin, seni tinglasin. Axir u senga faqat ota bo‘lmagan, tushundingmi? – degandi.
– Ustoz, buni tushunaman, biroq…
– Ikkinchi guruhda chiqishingni istayman, ishonaman, o‘shangacha otang ham sog‘ayadi.
– Yo‘q, ustoz, ertanggi guruhda chiqish qilganim yaxshiydi…
U bu gapni hammasini yaxshi anglagani uchun aytgandi. Ya’ni ikkalasi ham bir narsa. Erta chiqadimi yo indin, hech qanday tafovuti yo‘q. Bu so‘zlarni ochiq-oydin aytishga Toxirning yuragi betlamasdi.
U bu so‘zlarning ma’nisiga yetganiga ko‘p bo‘lgandi. Bu so‘zlar bedor kechalarning qo‘li bilan uning qalbi, ongiga o‘yib yozilgandi. U yaxshi bilardi, taqdir ilojsiz va hasta. U yaxshi bilardi, otasiga yotgan to‘shagidan qayta turish nasib etmaydi. Toxir bu kunlarda otasiga – o‘sha dono, rahmdil odamga so‘nggi o‘g‘illik burchini bajarardi. Xo‘l latta bilan oyoqlarini artar, yostig‘ini tuzatar, bir so‘z bilan aytganda, qo‘lidan kelgan hamma ishni bajarardi. Oradan bir kun, ikki kun, uch kun o‘tdi… Nihoyat, otasi kuladigan, suhbatlashadigan, yura oladigan oddiy odamdek uning ko‘zlari o‘ngidan abadiyga yo‘qoladi. Ota!.. Bu nom u uchun endi naqadar aziz, naqadar mehribon yangrardi. Endi Toxirni yondirgan otasining bu kontsertda bo‘lmasligi edi. Axir u uzun yillik zahmatning bahrasini unga, ilk navbatda faqat unga ko‘rsatishni istardi. Foyeda uchinchi marta chalingan bong ovozi Toxirni azobli o‘ylaridan ayirdi. Xonada kimdir qichqirdi:
– Kontsert boshlanmoqda.
Birozdan so‘ng xonaga keksa ayol kirib keldi. U ichkariga to‘planganlarni mehribon nigoh bilan kuzatgach so‘ng, hammaga murojaat qilib:
– Xo‘sh, qo‘rqmayapsizmi? – dedi va javob kutishdan qo‘lidagi qog‘ozni nazardan kechirib eshik sari yo‘naldi, qora pardalarning orasiga kirib ko‘zdan yo‘qoldi. Bir necha soniyadan keyin sahnadan uning ovozi eshitildi:
– O‘n yillik musiqa maktabining bitiruvchi sinf o‘quvchilarining ishtirokida kontsertimizni boshlaymiz. “Segohi-zabul”ni torda ijro etadi Hasan Alizoda.
Ayol sahnadan qaytib “Qani, tez bo‘l” deya Hasanni shoshiltirdi.
Tarzan Hasan qo‘lida tor bilan ohista sahna sari odimlayotganida Toxir yana uning ovozini eshitdi:
– Yo Xudoyimey…
Hasanning tori tilga kirdi. Toxir pardadan mo‘ralab unga qarar, “Zabul”ga quloq solardi. Hasan “Zabul”ni yakunlagandi zal gurillab qarsak chaldi, olqishladi. Bakir amakining saodatdan yongan ko‘zlari go‘yo hammaga “Qaranglar, bu meni o‘g‘lim, meni o‘g‘lim” derdi. Gulnoz hola esa odamlar ko‘rmasin deya boshini qo‘yi egib ko‘zyoshlarini artardi. Toxir Gulnoz holani bunday holda ko‘rib to‘satdan o‘z onasini esladi. U ham ko‘zlari tez-tez yoshlanadigan ayol edi. Toxir so‘nggi paytlar onasini boshqacha tasavvur etolmasdi. Lekin bu ikki ayolning ko‘zyoshlari o‘rtasida katta farq bor edi.
Hasandan keyin Toxirning navbati edi. U sahnaga chiqdiyu joyida turib qoldi. Ulkan yoritkichlarning nuri bir muddat ko‘zlarini qamashtirdi. Toxir sahnadagi royalni bir amallab topdi. Zalga ahyon-ahyon nazar tashlab royal sari yurdi. Ko‘zlari yana o‘sha ikki bo‘sh o‘rindiqqa tushdi. Qalbida yana parishon bir his uyg‘ondi. Nihoyat o‘zini qo‘lga olib joyiga o‘tirdi.
Ilk akkord yangradi. Toxirning quloqlari dahshatli nimanidir eshitdi. Akkord bu darajada beumid va horg‘in yangramasligi kerak edi. Barmoqlari holdan toygandi go‘yo. Yuragi tez-tez, go‘yo ko‘ksini yorib chiqquday tepardi. U akkordni yana bir marta bosdi. Zaldan shivirlashlar eshitila boshladi.
Toxir chalayotgan asari endi uning barmoqlari ostida tamomila boshqa ruhda – bu asarning ma’nosiga yot ruhda yangrardi. Buning sababi nima edi? Toxirning xayolini yana o‘sha ikki bo‘sh joy chulg‘adi. So‘nggi kunlar dard uni gangitib qo‘ygan, o‘zini yo‘qota boshlagandi. Mudhish hayajondan boshi aylanar, barmoqlari harakatlanmasdi. Toxir shu mahal royalning ichida, sariq simlar ustida yotgan otasini ko‘rdi. Quloqlariga tanish ovoz eshitildi:
– O‘g‘lim, qo‘rqma, men sen bilanman! Qo‘rqma, chal, men seni eshitaman!
Otasi horg‘in ko‘zlarini ochib unga shunday derdi. Xayol shunchalik jonli ediki, Toxir hamma narsani – kontsertni ham, zaldagi odamlarni ham unutgandi. U faqat chalar, xayolini buzmasdan davom etardi. Yuragi chalayotgan asari bilan hamohang urardi. Xayol esa boshini yostiqdan ko‘tarib muhabbat to‘la nigohlari bilan unga tikilar, jilmayar, xirillagan emas, tiniq ovozda shunday derdi:
– Rahmat, bolajonim! Shunday davom et, qo‘rqma, chalaver.
Toxir chalardi. Otasining muhabbati, hayotning muhabbati bilan chalardi. Endi u ijro etayotgan asar yangi ruhda yangrar, g‘olib hayot va yoshlikning qudratini, uning yengilmasligini ifoda etardi. U esa chalar, xayoli bir zumga yolg‘iz qoldirmasdi. Bu qanaqasi bo‘ldi? Otasi oyoqqa turdimi? Ha, xuddi shunday. U haqiqatdan oyoqqa turibdi. Ana, u kiyinyapti, o‘g‘liga kulib qarab xonada aylanyapti. Sira hastga o‘xshamaydi. Og‘ir qadamlar bilan yozuv stoliga o‘tiradi, yolg‘izlikdan chang bosgan eng yaqin sirdoshini – qalamini qo‘liga oladi. Toxir yana uning ovozini eshitadi: “Ko‘ryapsanmi, bolajonim, hech bir shifokor, hech qanday dori menga yordam bermadi. Meni oyoqqa turg‘izgan yana san’atga muhabbat bo‘ldi. Chal, o‘g‘lim, to‘xtama, hamisha chal! Men bir ota o‘laroq chekkan zahmatlarimning bahrasini ko‘rdim. Sen otangni behad quvontirding. Rahmat senga bolajonim, ming rahmat!”
Keyin otasi boshini quyi egadi. Nimadir yoza boshlaydi. Toxirning bu saodatdan ko‘zlari yoshlandi. Toxir g‘olib kelgandi. G‘amning, motamning ustidan g‘alaba qozongandi.
Toxirning barmoqlart royalning yuqori tillaridan pastga tushib so‘nggi akkordni bosdi. Xayol o‘sha onda yo‘qoldi.
Toxir o‘rnidar turdi. Zalda hech kim yo‘talmasdi hatto. Hamma Toxirga ko‘zini tikkandi. “Nima bo‘ldi, tomoshabinlar nega jim qolishdi? Yomon chaldimmikan?” – deya o‘yladi. Birdan yig‘laganini his qildi, yonoqlarida yoshning izi bor, u xo‘ngrab-xo‘ngrab yig‘lagandi. Tez sahnadan chiqish darkor edi. O‘girilib chiqish eshigi sari ketmoqchiydi zalda olqishlar yangradi. Shu payt orqasidan bir qizning titragan ovozi eshitildi:
– Toxir, marhamat!
Toxir ovoz kelgan tomonga o‘girilganida yonida maktab kiyimidagi sinfdoshi Shafiqani ko‘rdi. Uyalganidan ikki yuzi qizarib ketgandi. Qiz qo‘lidagi kichik guldastani Toxirga uzatib, uning bu tuhfani qabul qilib olishini ko‘zlardi. Toxir qisqa hozirlikdan so‘ng guldastani oldi va Shafiqaning kaftini siqib “Rahmat senga!” dedi. Shafiqa sahnani tark etdi.
Tomoshabinlar tinmay qarsak chalar, samimiy nigohlar bilan Toxirga tikilishardi. Nihoyat u bosh egib hurmat ko‘rsatdi va eshik sari odimladi, xonaga kirdi. Hamrohlari uni davrasiga olishdi. Har tarafdan tabriklar yog‘ila boshladi. Biroq u hech narsani ko‘rmas, hech narsani eshitmasdi. Endi uning xayoli, yashirin mulohazalari faqat bu kichkina guldastaga tobe bo‘lgandi. Bu gullar Toxirga bemalol nafas olishga yordam berdi.
“Yodimda, – deya o‘yladi Toxir, – dadam hamisha she’riyat kechalaridan qaytganida ko‘plab guldastalarni keltirardi. Unda hammamiz – onam, singlim, men, ukam juda sevinardik. Men ham endi uni sevintiray. Otajon, bu soat, bu daqiqada!..”
Toxir xonadan qanday chiqqanini, paltosini kiyib qanday ko‘chaga otilganini sezmadi. Uyiga oz qolgandagina o‘ziga keldi. Tezkor qadamlar bilan uchinchi qavatga ko‘tarildi. Qo‘ng‘iroqni bosdi, eshik ochilgan payti ichkari shoshdi, paltosini yechdi va dahlizdan o‘tib otasi yotgan xonaning eshigini ochdi.
Otasi ko‘zlari yumiq holda yotardi. Toxir karovat boshida qo‘llari qo‘ynidagi onasi va darddan beli bukilgan amakisini ko‘rdi. Shivirlab:
– Dadam yaxshimi? – deya so‘radi.
Onasi:
– Yaxshi, hozir juda yaxshi, – dedi. Biroq uning yolg‘on gapirayotgani shunday sezilib turardi. U hastaning sovuq ter bosgan peshonasini artib, – O‘g‘lim, qanday chalding? – deya so‘radi.
Toxir orqasida yashirgan guldastani onasiga ko‘rsatib jilmaydi. Toxir bu daqiqada hamma – onasi, otasi, amakisi kulib uni tabriklashini kutardi. Lekin…
Shu mahal otasining yopishib qolgan kipriklari ochildi. U ko‘zlarini ochdi.
Toxir:
– Dada, qarang, bu gullarni menga berishdi, bugun kontsertda chalganim uchun berishdi, – deya asta egilib unga guldastani uzatdi.
Hasta loqayd nigohlarini gullarga qadadi, ko‘kargan lablarini ochib zaif ovozda so‘z juftladi:
– Tabriklayman, bolajonim! Shunday kunlar kelsin, bunday gullardan… – u jim qoldi, so‘zini tugatolmadi. Ko‘ksini to‘ldirib nafas olgachgina so‘zida davom etdi, – Biroq, bu gullarni asra, o‘g‘lim, kerak bo‘ladi, asrab qo‘y, asrab…
Ha, bu gullar kerak bo‘ldi rostan. Bu voqeaning ertasi ota tobuti yoniga qo‘yilgan ilk bu gullar bo‘ldi. Gullar bir kechada so‘lib qolgandi. Balki, bunga Toxirning og‘riqlari sabablidir. Tobut qarshisida turgan do‘stlar, tanishlar bu guldastaga e’tibor berishmasdi. Hadsiz-hisobsiz guldastalar orasida bu guldasta biror diqqatni o‘ziga tortmasdi. Unga faqat Toxir tikilib turardi. U dahshatdan kattalashgan ko‘zlarini bu gullardan uzolmasdi.
Vaqtlar o‘tadi, hayotning eng oddiy qonuni – yashamoq qonuni ehtimol Toxirga bu ulkan dardni unuttirar. Biroq, u umr bo‘yi ilk kontserti va bu kichkina guldastani unuta olmaydi. Har bahor Toxir tabiatni bezagan ol-alvon chechaklarga qarab shunday deydi:
– Oh, gullar, gullar! Siz menga nimalarni eslatmaysiz-a!

Ozarboyjonchadan Rahmat Bobojon tarjimasi