Zamharir qish kunlarining birida ovdan qaytayotib “Ludogor” yoqalab chanada kelardim. Chetan arava odam bilan liq to‘la, ba’zilar aravakashlarning orqasida oldinga qarab, boshqa birovlari teskari – orqa o‘girib, uchinchilari noqulayroq – yonlamasiga o‘tirib olishgan, yo‘lovchilarning hammasi horib-charchagan, ayoz zabtidan sovuq qotgan, bir qadar ma’yus ko‘rinishardi. Biz yoqalarimizni ko‘tarib, quloqchinlarimizni tushirib, telpaklarimizni bostirib kiyib olgan edik, bu ham kamlik qilgandek sharf bilan og‘iz-burnimizni o‘rab olgandik, shu sababli bironta yo‘lovchining afti-angoridan tanib bo‘lmasdi. Telpaklar hamda sharflar ostidan bug‘ o‘rlar, damo-dam pishqirayotgan otlarning burun kataklaridan ham oppoq, quyuq bug‘ tom ma’nosi bilan, otilib chiqar edi. Chanada ketayotganingda sovuq bir zumda suyak-suyagingdan o‘tib, a’zoyi-badaning uvisha boshlaydi, ko‘zlaring yoshlanib borliq olam, atrofingni qurshagan jamiki narsalar shumshuk bo‘lib ko‘rinadi.
O‘rmon yoqasidagi ilonizi yo‘l dam pastga sho‘ng‘ir, dam yuqoriga o‘rlar, ba’zi yerlarida chana surilib ketib, uning tag qismi mayda shag‘al bilan toshlarda sirg‘alib g‘ijirlar, otlar pishqirar, aravakash qamchinini azod ko‘tarib: “Hah, dangasa, ishyoqmaslar, qani, ildamroq, chu!” deya qichqirib qolar edi. Qor yog‘ib oppoq choyshab yopib qo‘yilgandek ko‘rinayotgan yo‘l chana ortida yastanib qolar, bir nafas sukutga cho‘mgan o‘rmon chekinar, yo‘l yoqasida qator saf tortgan dov-daraxtlar lip-lip o‘tar, oldindagilari juda tez yaqinlashib kelsa, ortda qolganlari juda sekin ko‘zdan yo‘qolar, pirovardida xuddi o‘rmon son-sanoqsiz ulkan oyoqlari yordamida harakatga kirgandek tuyular, shu bilan birga, bironta daraxt ikkinchisiga urilib ketmasdi. Bunday manzara chindanam mahliyo bo‘lib tomosha qilishga arzigulik edi.
Chana burilayotgan yerda birdan qor qo‘ynidan shoxlarini g‘uj-g‘uj qip-qizil mevalar qoplagan na’matak butasi lop etib uning yo‘lini to‘sib qo‘ydi. Uning shoxlari to‘rt tomonga tarvaqaylab o‘sgan edi. “Buni qaranglar-a!” deya qichqirib yubordi haydovchi va qulochkashlab qo‘lidagi qamchi bilan butaga urdi.
Na’matak butasi keskin chayqaldi, unga qo‘shilib qip-qizil mevalari ham silkindi, xuddi butaning muzlagan shoxiga emas, balki tirik jonning yuziga urishgandek jonoqi mevalar qattiq ta’sirlanib, iztirob yoshlari yuvgan odam ko‘zlari kabi chaqnadi. Chana shibbalangan yo‘ldan bir maromda g‘irchillab yo‘lga tushdi, egar-jabduq chetlariga ilingan qo‘ng‘iroqchalar unga hamohang jiringlay boshladi, na’matak butasi son-sanoqsiz qirmizi ko‘zlarini bizdan uzmay sekin-sekin ortda qoldi. Yo‘l bilinar-bilinmas pastga enib borardi, otlar hars-hars qila boshlashdi; men o‘girilib hamrohlarimga birma-bir qaradim: telpaklar, quloqchin va sharflar orasida bittagina ovchining moviy ko‘zlarini ko‘rdim. Uning lablariga qistirilgan sigareti allaqachon o‘chib bo‘lgan edi. “Qonxo‘r arvohning o‘zi-ya!” – dedi o‘sha ovchi menga, “Kimni aytyapsan?” – deb so‘radi chananing old qismida o‘tirgan kimsa xirillagan ovozda. “Anavi butani aytyapman”, – deya javob qildi, lablarida o‘chib qolgan sigaretli ovchi va buta tomon boshi bilan ishora qildi. Uning yuzida hayronlik alomati zuhr etardi.
Men ortga o‘girilib qaradim – na’matak butasi ko‘rinmasdi. Yolg‘iz qor bosgan oppoq sayhonlik ko‘zni qamashtirgudek yarqirar, o‘rmon hosil qilgan qoramtir devorgina tebranar, tepada esa osmon bo‘zrayib borardi. Biz soylikka tushganimizda na’matak butasining qip-qizil ko‘zlari umuman ko‘rinmay qoldi.
“Xuddi odam deysiz-a, odamga o‘xshaydi nimasidir!” – degan fikr ko‘nglimdan o‘tdi. Men hamon otlarga orqa qilib o‘tirardim, qo‘ng‘iroqchalar- ning jiringi, yo‘talgan ovoz, kimningdir aljiragani, charm abzalning g‘irchillagani eshitilardi. Qor bosgan yo‘lka bo‘ylab ketayotgan chananing ortidan go‘yo xotiralar quvib kelar, keta-ketgan mahobatli o‘rmon bizlarni shovqinsiz kuzatib qolar, yonimizda karpat ukrainlarining telpagini kiyib olgan sersoqol bir kishi orqada qolib ketmaslikka tirishib, changida yugurib kelardi, uning keng peshonasi bilan mutaassibona nigohini bir ko‘rgan odam anchagacha esidan chiqarmasdi. Uning old tomonida na’matak butasi sathida bamisoli ko‘zga ko‘rinmas qamchi izmu-ixtiyorida yuzlab chiroqlar kabi porlagan qizg‘ish ko‘zlarini zulm yetkazayotgan kimsadan uzmay oppoq qor sathida buralib, sudralib borardi. Tuyqus buta bilan ta’qib etuvchi taqqa to‘xtab qolishdi, o‘sha odam bamisoli pinhoniy bir nimani izlagandek soqolini xayolchan tutamlagancha na’matak butasiga tikilib qoldi.
Buni qarangki, shapka kiyib olgan kishi Metodiy Andonov edi!
U tiriklar olamini tark etganiga besh yil bo‘ldi, biroq men sira unutolmayman, u hamisha tirik va jo‘shqin qiyofada ko‘z oldimga kelar, xuddi chaqirsam, albatta, javob beradigandek tuyulardi. Lekin men bir marta bo‘lsin chorlashga botinolmagandim, chunki istihola qilarmidim, aniq aytolmayman, negaki, mabodo uning ovozini eshitsam yoki men tomonga kelayotganini ko‘rsam, yuragim ko‘tarolmasligini bilaman. Hali u tirik paytida bizlar ittifoqo, yirik hayvonlarni ovlash uchun Ruy tog‘lariga borgan edik. O‘shanda ham hozirgidek qish fasli edi, biz shumshuk va huvillagan o‘rmonda ov qilib yurardik, osmonda uvada bulutlar suzib borardi, o‘rmon goh quyosh nuri tushib, charog‘on bo‘lib yorishar, goh yana qorong‘ilik qoplar, pistirma qo‘yilgan tomondan yakkam-dukkam o‘q tovushi eshitilar va o‘sha zamonoq aks-sado berib yangrar edi. Ov nihoyasida Metodiy – biz pistirmada bir-birimizga yaqin yerda turardik – meni chaqirib qoldi. Qarasam, u na’matak butasi atrofida depsinib yuribdi, xuddi qafasga yirtqich hayvon kirib olgandek sinchkovlik bilan tikilardi. “Bu yoqqa, bu yoqqa kel!” – dedi u past ovozda. Men undan nima gap, deya so‘radim. “Manavini qara!” – dedi u butani ko‘rsatib. Uning aft-angori quvonchdan yorishib ketgan, ko‘zlarida esa allaqanday bir shaydoyilik charaqlardi. Men na’matak butasini diqqat bilan ko‘zdan kechirdim.
Bu balandligi odam bo‘yicha keladigan buta bo‘lib, ildizi baquvvat va sertarmoq edi, yoqut donalaridek qip-qizil g‘uj-g‘uj mevalari novdalarini bezagan edi. “Endi boshqa tarafiga o‘tib qara!” – dedi Metodiy Andonov, ikkovimiz bir bo‘lib narigi tarafiga o‘tib qaradik, buta bu tomondan ham xuddi shunday ko‘rinardi, “Qaysi tarafdan yaqinlashmagin, senga qarab turgandek”, – dedi Metodiy Andonov. Men sigaret tutatdim, u izlagan narsasini qidirib, buta atrofida aylana boshladi. U bir necha marta qor yumaloqlab butaga otdi, buta seskanib ketdi, unga qo‘shilib son-sanoqsiz qirmizi mevalari ham seskandi, buni bemalol tasavvur qilsa bo‘ladi: na’matak butasi chindanam tirik jondek qaltiraydi, ko‘zlari qorachiqlarning chaqchaygan qip-qizil ko‘zlari kabi teshib yuborgudek tikiladi. Metodiy Andonov dam oqish-surrang qalpog‘ini ushlab ko‘rar, dam soqolini huzur qilayotgandek silab o‘ynar edi. Uning ovozidagi tantanali ohanglar juda ta’sirchan edi. “Mana bu chinakam spektakl”, – derdi u baland ovozda. – Mo‘jiza! Haqiqiy mo‘jiza! Mana shu butani sahnaga chiqarib qo‘yganini tasavvur qila olasanmi – shundoqqina o‘rmondan keltirilgan, xuddi qoni qaynayotgandek hurpayib olgan, sovuqda muzlagan, bir ajoyib mevalari bilan… Tasavvur qil: sahna tevarak-atrofni qor qoplagandek oppoq, agar uni chiroqlar nuriga ko‘mib yuborsak, bir go‘zal, bokira xilqatga aylanadi… So‘ng g‘ira-shira qorong‘ilikka chulg‘aymiz, butaning bir qismini esa oppoq, harir tumanga o‘rab qo‘yamiz, so‘ng mana shu tumanni mayin shamolda to‘zg‘itib yuboramiz… Aqlni shoshirib qo‘yadigan beqiyos manzara hosil bo‘ladi-yu…”
U to‘lqinlanib ketganidan qo‘lini bir-ikki ko‘ksiga urdi va yana boyagidek sokin, oppoq qor sathida emin-erkin qad rostlagan na’matak butasiga taqvodor insonlarga xos ilohiy bir mehr bilan tikilib qoldi. Shu daqiqalarda u hayotga, tevaragidagi manzaraga chinakam jilvagar olamni bizdan yashirish uchun qo‘yilgan ziynatli sarparda deb qarayotgan ijodkor tugul, ich-ichida oppoq parda ortida nima borligini tobora ko‘proq bilgisi kelayotgan, shuni tagiga yetish uchun umrini baxshida etishga tayyor darveshga o‘xshardi. Ehtimol, Metodiy Andonov o‘zi izlagan narsani topgan yoki kashf etgandir, garchi u bor-yo‘g‘i oddiygina bir tirqishdan qarayotgan bo‘lsa parda ortidagi o‘ta muhim va bilishga munosib bir nimani ko‘ra oldi, shekilli, chunki sog‘lom, aqli-hushi joyida inson shoxlari muzlagan buta tegrasida bunchalik ishtiyoq va xarislik bilan shuncha vaqt mast odamdek aylanib yurishini nima bilan izohlash mumkin?
Agar shu daqiqalarda u yugura kelib, butalar orasiga o‘zini otsa, men ajablanmagan bo‘lardim; taajjublanadigan yeri shuki, ulardan qay biri ko‘proq tabiatga yaqin, uning uzviy qismi – insonmi, na’matak butasimi – aniq aytib berolmasdim. Ehtimol, ikkovi ham mushtarak – biri ikkinchisini to‘ldirishga qodir xilqatdir, ya’ni tabiatga bir xilda yaqindir… Ularning bir-biriga uzoq tikilib qolganini o‘lgunimcha esdan chiqarmasam kerak, faqat bitta narsaga aqlim yetmaydi, tushunolmayman – nima sababdan kalishtelik sersoqol yigitga tabiat bunchalik qisqa umrni ravo ko‘rgan, hech qachon yanglishmaydigan zakovat sohibi – dono ijodkor, abadiy va mutlaq qudrat egasi shunga yo‘l qo‘ydi, buni o‘lay agar tushunolmayman! Nahotki, shuncha na’matak butalari kamlik qilgandek, bizning qalbimizdan o‘rin olgan mana bu na’matakni yulib olib, qor bosgan sayhonlikda u yoqdan-bu yoqqa uloqtirsa!
…Yana orqa tomonimda qo‘ng‘iroqchalarning sadosi, kimningdir yo‘talgani va yo‘lovchilarning ovozlari keldi. Men ortimga, hozirgina chana bosib o‘tgan yo‘lga qaradim – qimir etgan jonzot ko‘rinmaydi. To‘g‘risini aytganda, qor bosgan kimsasiz sahroda nimayam bo‘lishi mumkin. Mabodo, biron nima topgim kelayotgan bo‘lsa, men faqat o‘zimdan izlashim kerak – buni o‘zim ham yaxshi bilaman. Biroq hozir buning mavridi emasdi, qolaversa, daf’atan qoramtir osmon qo‘ynida kulrang qushlar galasi paydo bo‘ldi, qo‘ng‘ir izdihom hosil qilib uchayotgan bu qushlar tovush chiqarmay, jimgina kulrang o‘rmon uzra qanot qoqishardi. “Yovvoyi kaptarlar!” – deya qichqirayozdi xirillagan ovozda boya moviy ko‘zli yigitga “qonxo‘r arvohlarga o‘xshaydi-ya”, deb so‘z qotgan kishi. Chanadagilarning hammasi g‘imirlab qolishdi, ko‘kko‘z yigit miltig‘ini o‘qladi-da, aravakashga otlarni to‘xtatib turishni iltimos qildi, jilovlar tarang tortildi, otlar temir suvliqlarini pishqirgancha chaynay boshlashdi. Kimdir kaptarlar juda balandda, otishdan foyda yo‘q, otgan o‘q baribir bekor ketadi, dedi. “Bekor ketmaydi, mana ko‘rasan”, – dedi boshqasi. Maslahat bergan yana gapini takrorladi: “Bekor ketadi o‘qi dedimmi, bekor ketadi”. Kaptarlar galasi hamon shoshilmay doira yasab bir tekis uchmoqda edi. Ko‘kko‘z xovliqmasdan nishonga ola boshladi. Qushlar bizning boshimiz uzra uchib o‘tayotganda ovchi tepkini bosdi. Kaptarlar galasi keskin yuqoriga ko‘tarildi, faqat bittasi ularga qo‘shilmay orqada qoldi, u bir siltandi-yu, xuddi yerda nima gumbirlaganini aniqlamoqchidek kichkina doira yasab aylanishga tushdi.
Biroq u na bu gumbirlashning nimaligi va buning sababini, na nima yuz berganini bilolmadi, shuning uchun yana bir karra aylandi, yovvoyi kaptar ham doira yasab, ham yuqoriga ko‘tarilib uchardi, zero, u zamin uzra aylana turib to‘daga yaqinlashib borish uchun tinmay intilardi. Afsuski, ko‘z ochib-yumguncha vaqt o‘tmay uning bir qanoti shalvirab qoldi. Endi uning doira yasab uchishga quvvati yetmadi. U tobora pastlay boshladi. Lekin shunda ham jon-jahdi bilan bizning boshimiz tepasidan nari ketishga urinardi, oxiri sog‘ qanoti ham toliqdi, o‘ziga bo‘ysunmay qo‘ydi va bamisoli kulrang lattadek shuvillab pastga sho‘ng‘idi.
Yovvoyi kaptar qor bosgan sayhonlikka quladi va boya na’matak butasi qanday g‘oyib bo‘lgan bo‘lsa shunday tez va kutilmagan tarzda ko‘zdan yo‘qoldi.
Yo‘lovchilarning ichida eng kichigi men edim, shuning uchun chanadan sakrab tushdim-da, yaralangan kaptarni keltirgani yugurdim. Tizzalarimga qadar qorga botib, yovvoyi kaptarni qidira boshladim. Ajabo, kaptar yerda ham, ko‘kda ham yo‘q edi. Tevarak-atrofda oppoq sayhonlik yastanib yotar, na bironta pat, na bir uyum xas-xashak ko‘zga chalinardi. Lekin uzoq qidirishimga to‘g‘ri kelmadi. Yo‘ldan chetroqda qip-qizil dog‘ni ko‘rib, o‘sha tomonga yurdim, yaqinroq borib qaramoqchi edim, uning yonidagi ikkinchi dog‘ga ko‘zim tushdi, nariroqda uchinchi qon tomchisi yarqirab turardi. Men mana shu qon tomchilari tepasiga bordim. Tomchilar burama chiziq shaklida doira hosil qilgan, shu doiraning chetida xuddi shunga o‘xshash, faqat kichikroq ikkinchi bir doira ulangan, o‘z navbatida, xuddi shu taxlit, lekin yana ham kichikroq uchinchi aylana davom etardi. Zotan, bular ham to‘kilgan qon tomchilaridan vujudga kelgan edi… Men dam osmonga, dam qor sathidagi qon tomchilariga qaradim. Bu yovvoyi kaptarning qoni edi. U chir aylanib, osmon qo‘ynida doira yasab, yoy shaklida charx urayotgan chog‘da yirik-yirik qon tomchilari oppoq qorga tomgan edi. Men u yog‘iga bosib o‘tib ketolmadim, allaqanday g‘alati bir tuyg‘u hatto bir doirani bosib o‘tishimga yo‘l qo‘ymayotgandi. U yoqda oppoq sathi buzilmagan qorda qon tomchilaridan hosil bo‘lgan yana boshqa doiralar davom etardi.
Chanadagilar yovvoyi kaptarning qayerga qulaganini ko‘rsatish uchun biri olib, biri qo‘yib qichqirishardi. Men bunga javoban u yoqqa o‘tishning iloji yo‘q, deya qichqirardim. Yo‘lovchilarning yarmidan ko‘pi chanadan tushishdi, hammalari ketma-ket sigaret tutatgancha men tomonga kela boshlashdi, ular yo‘limni nima to‘sib qo‘yganini bilmoqchi edilar, shekilli. Meni hayratga solgan qor sathidagi qip-qizil marvarid donalaridek yoy shaklida sochilib yotgan qon tomchilarini ko‘rgach, ular ham lolu hayron qolishdi. Qor sathi oppoq va shunchalar tekis ediki, biron yerida taxi buzilmagan, dog‘ degan narsani topolmaysan – faqat hozirgina osmonda charx urgan yovvoyi kaptar qon tomchilari bilan chizgan yoy shaklidagi nafis doiralar jilva qilardi…
Yovvoyi kaptarning parvozi shiddatli va zebo. Chanadan uzilgan o‘q uning parvoziga so‘nggi nuqtani qo‘ygach, qushning doira yasab charx urishi sustlashib, sekin aylanayotganda bu noaniq shakldagi doira va yoy shaklini chizish uchun tomirlarida qolgan qonni sekin-sekin silkib tushirgan, bu bilan o‘zining so‘nggi nomasini, hayotidagi oxirgi itobini qor sathiga chizmoqchi bo‘lganmi, deysiz. Uning bu itobi ehtimol, jabr-zulmga qarshi bir qarg‘ishdir, ehtimol, boshqa qushlarga yuborgan vasiyatnomasidir, balki nogahon poymol qilingan hayotning so‘zsiz hasratidir. Nima bo‘lgan taqdirda ham bu chegarani hech kim bosib o‘tolmadi, har qalay qor sathiga chizilgan yoy shaklidagi alvon rangli ushbu ziynatli poyandozni ovchilar oyoqosti qilolmadi. Hammamiz churq etmay turardik, oppoq choyshab yopgandek pokiza sahnda bu ahvolda turishdan xijolat chekkan erkaklar birin-ketin chanaga qaytib ketishdi. Ajabo, ularning birontasi aravaga borib o‘tirguncha lom-mim demadi, kumush qo‘ng‘iroqchalar ohista jiringladi, yo‘lning narigi tarafida o‘rmon hamon shumshayib turar, ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan na’matak butasi yana qor bosgan sayhonlik mehvarida ajoyib mevalari bir tekis yoyib qo‘yilgan qirmizi sadafdek ko‘zlarni yashnatardi. Go‘zal mevalari mitti chiroqlardek yorqin porlagan na’matak butasi boya chanadan ko‘rinmayotgandi, chunki ular soylikka tushishgan edi. Lekin hozir to‘xtagan yerlaridan oppoq hovur ichida yarqirab aniq-tiniq ko‘rinardi. U xuddi bizlarga yuzlarcha yoqut ko‘zlari bilan tikilayotgandek bo‘lardi. Biz shoxlari alvon rang taratayotgan na’matak butasi bilan tepadan qulayotgan yovvoyi kaptar qorga chizgan qirmizi rangdagi naqshlar orasidan o‘tib borib chanaga chiqdiq.
“Qani shovvozlar! Chu!” – deya qichqirdi baland ovozda aravakash hamma chanaga joylashib o‘tirgach, arava izidan qo‘zg‘algan chana g‘irchilladi, qo‘ng‘iroqchalar bir tekisda jiringladi, biz yo‘lga tushdik. Yo‘lda ketayotib mening qalbimda qo‘ng‘iroqchalar sadosidan bo‘lak samovotning qirmizi ko‘z yoshlariga monand, hurkitilgan na’matak butasining mahzun shivirlashi yanglig‘ yana allanimalar nafis ohangda asta taralar, aks sado berar, vujudim horg‘in, lekin barqaror va hayotbaxsh tuyg‘ulardan yayrab borar va ajabo, nazarimda qalbim noaniq, ammo nozik doiralar hamda yoy shaklini chizish istagida hapriqardi.
Rus tilidan Umar Otaxonov tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 11-son