Yashar Kamol. Issiq kunda (hikoya)

Bola: «Onajon, — dedi. — Onajon ertaga ertalab kun yorishmasdan uyg‘ot meni».
— Yana uyg‘onmaysan baribir.
— Uyg‘onmasam igna suq etimga. Sochlarimni tort. Ur meni.
Yuzlari oppoq oqargan, nozik xotinning qora ko‘zlari sevinchli bir shu’la bilan yiltiradi.
— Shunda ham uyg‘onmasang-chi?
— O‘ldir meni.
Xotin bor kuchi bilan bolani quchog‘iga olib, bag‘riga bosdi.
— Jonim! — dedi.
— Uyg‘onmasam… — bola o‘ylandi va birdan: — og‘zimga qalampir tiq! — dedi.
Onasi yana zo‘r shafqat bilan, ko‘zlari yoshlangan holda uni bag‘riga bosib o‘pdi.
Bola tinmasdan yana takrorladi:
— Eshitib qo‘y, agar uyg‘onmasam, og‘zimga qalampir tiq, xo‘pmi!
— Jonim! — dedi ona.
— Qalampir juda achchiq bo‘lsin.
Erkalanar, tepinib sho‘xlik qilar va to‘xtamasdan qichqirardi:
— Achchiq qalampir, qip-qizil qalampir… Bir achitsinki og‘zimni… bir achitsinki… darrov… darrov uyg‘onaman.
Onasining qo‘lidan qutulib, u yugurgancha ayvonga chiqib, to‘shagiga yotdi. Dim bir yoz kechasi… Ko‘k yuzida xira miltillagan yulduzlar va g‘ildirakday yumaloq katta oy… To‘shakdan sassiq ter hidi keladi.
Bola u yon-bu yonga ag‘darildi. So‘ngra birdan seskanib ko‘tarildi. «Yana uyg‘onmasam». Birdan bir qarorga keldi: «Tong otguncha uxlamayman». Bu fikridan sevinib ketdi. Tong otganda onasi: «Usmon» der-demas, darrov o‘rnidan turib ketajak. Onasi bu ishga juda hayron qolajak! To‘shagi ichida sevinchidan sakradi. Yana sevinchi bir oz so‘nib, ichida qo‘rquv paydo bo‘ladi: «Yo uxlab qolarmikinman?» o‘zi-o‘ziga hadeb takrorladi: «Uxlamayman. Hech uxlamayman. Nima uchun uxlayin? Nima bor uxlaydigan?»
Bir ozdan so‘ng, onasi uning yoniga kelib, qo‘lini uzatib, uning boshini silab:
— Qo‘zichog‘im, uxladingmi? — deb so‘radi.
Usmon hech tovush chiqarmaydi. Onasi uni quchoqlab, o‘padi. Usmonning ichidan issiq bir sevgi ishq-muhabbatga o‘xshash yig‘latuvchi bir narsalar kechadi. Tong otishini kutib yotadi. Tong otib, onasi kelib uyg‘otganda, darrov o‘rnidan turib ketib, onasini juda hayron qoldiradi…
Ona uxlab qoldi. Usmon yotgan joyida ag‘darildi. Ko‘z qovoqlari og‘irlashdi. Lekin Usmon o‘zini osonlik bilan uyquga taslim etmayajak.
Bir lahza o‘rnidan turib, chuqur nafas’ olib, yotgan onasining yuziga boqdi. Uning yuzi oy shu’lasi ostida oppoq porlamoqda. O‘rilgan qalin sochlari hozir yana ham qora ko‘rinmoqda. Qora soch o‘rimlari oppoq yostiq ustida yoyilib, yaltirab yetmoqda. Ancha vaqtgacha bola onasining oppoq yuziga tikildi. So‘ngra boshi og‘irlashib, yostiqqa tushdi.
Vaqt yarim kechadan oqqan, atrof kunduz kabi oydin edi. Ayvon ostida yotgan sigirning kavshanishi, tishlarining g‘ijirlashi eshitildi. Bolani shirin uyqu bosib, uxladi-ketdi. Tishlarini qisdi. Qo‘llari shilq etib yoniga tushdi. Nima qilsa qilsin, uyqu bir suv kabi to‘rt yonini qoplamish, ustini bosayotir. Yuzini burishtirdi, so‘ngra kulimsiradi. Burishdi, kulimsiradi, onasining bo‘yniga tashlandi. Qo‘llari onasining bo‘ynida…
Oy, g‘arb tomondagi dala ustiga og‘gan, bir uchi tuproqqa tekkan kabi, botay-botay deb qip-qizarib turibdi.
Sharqdagi tog‘larning orqasidan go‘zal; oppoq shu’la barq urgach, asta-sekin tog‘ cho‘qqilari oqardi. Qishloqning sigirlari ma’rashga, qishloqda har narsa jonlanmoqqa boshladi.
Ona tiz cho‘kib, bolaning ustiga egilib, qimirlamasdan boqmoqda.
Bolaning boshi yostiqdan yonboshga tushgan, bo‘yni egilgan, yuzi sariq… hatto nafas olmayotganday… Kichkina yuzi ola-bula qorong‘ilikda g‘aroyib bo‘lib ko‘rinmoqda… Ona turib-turib xo‘rsinar edi…
Bola shu orada bir qo‘lini tashqari chiqardi. Qo‘l — boshbarmoq kattaligicha bor. Terisi suyakdan ajralgan kabi burish-burish… Onaning ko‘zi shu qo‘lga tikildi, qoldi.
So‘ng chuqur bir «uf!» tortdi. «Qo‘zichog‘im, uuuf…» dedi.
Qimirladi, tebrandi. Bolaning yonidan turdi. Kun shu’lasi tomdagi qamishlar ustiga tushmoqda edi.
Ona g‘azab bilan: «Uyg‘otmayman» dedi. «Uyg‘otmayman, ochimizdan o‘lsak o‘laylik. Bir bolaning ishlagani nima bo‘lardi?»
Ko‘zlarini uning ingichka qo‘liga tikib, hozirga qadar bolasining bunchalik zaif ekanligining farqiga bormagani o‘zini taajjublantirdi.
— Ochimizdan o‘lsak ham o‘laylik.
Uzun soch o‘rimini og‘ziga solib, qattiq chaynadi. Pastdan eri baqirdi:
— Yana uyg‘onmadimi?
Xotin erkalagan, yolborgan bir tovush bilan: — bola faqirdan nima istaysan? — dedi, — mushtday joni bor. Suyaklari sinadi og‘ir ishda…
Eri achchiqlandi:
— Bugun vaqtli uyg‘onishi kerak! Uyg‘onsin deyman senga! Ishlasin! Tanballikka o‘rganmasin. Bolalikdan pishmog‘i kerak.
Xotin norizo ahvolda qo‘rqa-qo‘rqa:
— Qo‘li shu qadar ingichka-ki… — dedi.
Bolaning boshiga borib turdi. Par singari nozik bolani uyg‘otib issiq kunda ishga jo‘natishga ko‘ngli hech rozi emas edi.
— Pastdan kelgan g‘azabli tovush:
— Uyg‘ot! — dedi, — ot haydaydi. Mustafo og‘olarga so‘z berganmiz. Agar bormasa, qayerdan bola topadilar so‘ngra? Xotin:
— Hoy odam! — dedi, — hech ko‘nglim chopmayotir. Bir nozikki… Uning ishlashi bizni boy qilarmidi?
Erkak:
— Hozirdan ishlashga o‘rgansin… — dedi.
Xotin bolaning sochlarini siladi. Sekin uyg‘ota boshladi:
— Usmonim, Usmonjonim tur, qo‘zichog‘im tur, tong yorishdi. Usmonim.
Bola ingradi. Asta bir yondan ikkinchi bir yonga ag‘darildi.
— Usmonim, qo‘zichog‘im! Tong otib qoldi…
Bolaning yelkalaridan turtib uyg‘otdi. Shu qadar sekin turtardiki, go‘yo suyaklari sinib ketmasin deb qo‘rqardi… To‘shagiga qayta yotqizdi,
— Uyg‘onmayotir axir. Uyg‘onmayotir. O‘ldiraymi?
Jadallab ayvondan pastga tushdi. Ayvon beshik kabi lapangladi. Erkak g‘azablandi:
— Xudo senga ham balo yuborsin, unga ham… Uyg‘onmas emish…
— Uyg‘onmayotir axir, nima qilayin!
Erkak jahl bilan zinapoyalarga hakladi. Ayvonga chiqdi, achchiq bilan bolaning ikki qo‘lidan ushlab ko‘tardi. Bola xuddi quyon bolasi singari uning qo‘lida osilib turardi. Hamon uyqusirab: «Ona, ona» deb baqirmoqda edi. Erkak bolani ayvondan pastga tushirib, xotinning yoniga otdi. Bola hovlidagi tuproqqa belandi. Xotin bolasiga qaradi:
— Xudo hech kimning bolasini birovning qo‘liga qo‘ymasin, — deb dodladi. Yugurib borib, bolasini yerdan olib, bag‘riga bosdi. Bolaning ko‘zlari katta ochilib, hayrat bilan boqardi. Oborib, sovuq suv bilan yuzini yuvdi. Bola o‘ziga kelib:
— Ona! — dedi.
— Qo‘zim!..
— Og‘zimga qizil qalampir tiqdingmi?
Bu orada Mustafo og‘oning aravasi kelib, uylari oldida to‘xtadi.
— Usmon…
Usmon yugura-yugura borib, aravaga chiqdi. Sevinchidan toshiqar, ashulalar aytardi.
Ona, Mustafo og‘olarnikiga kundalik ishga boruvchi Zaynabni bir chetga tortib dedi: «Aylanay, Zaynab, Usmonni qo‘lla, bola bechora quruq teri bilan suyak…»
— Qo‘rqmang, opoqoyi, Usmonni xafa qilmayman hech…
Dalaga yetib keldilar. Hali kun chiqmagan… O‘roq bilan o‘rilib taxlangan bog‘lar shabnamli… o‘t va nam ekin hidi kelmoqda… Chanaga ot qo‘shib, bog‘larni yuklashga boshladilar. Chanaga bir ot qo‘shildi. Otning jilovi Usmonning qo‘lida… Chana to‘lar-to‘lmas qush kabi, xirmonga olib kelayotir…
Chanani yuklab turganlar Usmonga tegajoqlik qiladilar:
— Qalay, Usmon?
— Yasha, Usmon!
Usmon sevinadi…
Bu orada qip-qizil bir o‘tli shar holidagi quyosh ro‘paradagi tog‘lar orqasidan chiqdi… Bug‘doy poyalardan, bog‘lardan asta-sekin, nozik, ko‘zga ko‘rinar-ko‘rinmas bir bug‘ ko‘tarildi. Ko‘k yuzida parcha-parcha oq bulutlar kezmoqda.
Usmon, xirmon bilan dasta bog‘lovchilar o‘rtasida moki otmoqda. Usmon jonli, tep-tetik. Zaynab ikki gapning birida «Ha, Usmonim, arslon Usmonim…» deb erkalatadi.
Kun qoq peshin bo‘ldi.. Tevarak-atrof qizimoqqa boshladi… Tuproqdagi bug‘doypoyalarga, bog‘larga tushgan kun nuri o‘tday lovillaydi. Minglarcha, yuz minglarcha, bir-biriga ulangan shu’la iplari jimirlamoqda. Bog‘ bog‘lovchilarning changga belangan yuzlaridan tarnovdan oqqanday ter quyilmoqda. To‘rt tomonga o‘t tushganday yonmoqda.
Usmonning qoraygan yuzi yana bir oz noziklashgan kattakon ko‘zlari qisilgan… Ko‘ylagi xam terga pishilgan…
Ertalabki jonlilik qayda!.. Endi Usmon yurganda oyoqlari bir-biriga chalishib ketmoqda. Naq bo‘lmasa, yiqilib otning oyoqlari ostida qolishiga sal qolmoqda… Usmon o‘zini tutmoqda.
Er temirdek qizib ketgan. Usmon har oyog‘ini bosganda, bir sakrayotir. Shu sababdan yurishlari bir ajoyib…
Chana yetib kelguncha, bog‘ bog‘lovchi xotinlar bog‘lar ustiga, quyosh qarshisiga yotib, hordiqlarini chiqarishadi.
Usmon hadeb ko‘k yuziga qaraydi… Bir parcha bulut… Ba’zan bir oq bulut ko‘lankasi ustlaridan bir on qalqib o‘tadi… ko‘zlari bulut ko‘lankasi orqasida…
Kun tepada… Bug‘doypoyalar shitirlaydi. Yorilgan qizg‘in tuproq Usmonning oyoqlari ostida… Usmonni hadeb sakratmoqda.
Joni halqumiga kelgan Usmon ostdan yonmoqda, tepadan yonmoqda. Jigariga qizg‘in bir temir suqulganday…
Issiq… Dunyo jimir-jimir lovillamoqda. Ko‘z ochib o‘n metr ilgariga boqib bo‘lmaydi.
Zaynab bog‘ yuklarkan, Usmonga qayrilib qaradi. Qarasaki, Usmonning oyoqlari dir-dir titramoqda.
— Usmon, — dedi, — Usmon… Usmonim, bunday yayov yurma, seni ot ustiga mindirib qo‘yay.
Ko‘tardi, ot ustiga mindirdi. Usmon otni chuh dedi. Hamon oyoqlarining titrog‘i bosilmadi… Ot ustida borib keldi. Zaynab uzoq joyda bog‘ bog‘lamoqda edi. Otdan tushib, Zaynab yoniga bordi. Zaynab so‘radi:
— Nega otni qo‘yvording, Usmon? Qochib ketsa-chi?
Usmon uning yoniga yaqin kelib, qo‘lini ushladi:
— Menga qara, — dedi, — Zaynab xola, men katta bo‘lsam, senga oltin isirg‘a olib beraman.
Yugura-yugura ot yoniga ketdi.
Bo‘g‘uvchi bir issiq… G‘ir etgan shamol yo‘q. Ot ustida Usmonning oyoqlari og‘ridi. O‘tirolmasdan qoldi. Xuddi hozir yiqilib ketayotganday bo‘ldi… Ko‘zi hech narsani ko‘rmayotir… Usmon otni haydamayotir, ot o‘zi borib kelayotir.
Bir palla tushki yemak chog‘i keldi… Issiqda o‘tirib ovqat yeyish kerak… Qon singari iliq suv… Zaynab qancha yalinib-yolborsa ham, Usmon og‘ziga bir burda non olmadi. Hadeb suv ichdi…
Zaynabning aqliga kelib, uning boshiga bir ko‘zacha suv quydi. Bola shundan keyin bir oz o‘ziga keldi.
Ishga turarkanlar, Zaynab:
— Usmonim, — dedi, — sen bor, o‘tir, otni boshqa birortasi haydasin!
— Bo‘lmaydi, Zaynab xola, — dedi, Usmon, — mei o‘zim haydayman, hech charchaganim yo‘q.
Otni qo‘lidan olgan edilar, Usmon o‘tirib, ho‘ngrab-ho‘ngrab yig‘ladi va «men charchaganim yo‘q. Vallohi, charchamadim» demakka boshladi. Bir qari xotin:
— Mindiring otga uni… Otning oyog‘i ostiga yiqilsin-da, majaqlansin kuchukvachcha! — dedi.
— Vallohi, yiqilmayman, billohi, yiqilmayman. Men charchaganim yo‘q.
Mindirdilar. Mindirdilar-u, lekin uch aylanib kelgandan keyin, Usmonning boshi aylana boshladi… O‘zini tutishga urindi.
Bir oz o‘tgandan so‘ng, ot ustiga bor bo‘yicha munkayib, yollarini quchoqlab qoldi. Zaynab ishning farqiga borib, ot ustidan Usmonni oldi. Usmon hushidan ketgan edi. Ko‘tarib bir bog‘ ustiga yotqizdi.
— Qo‘zichoq, — dedi Zaynab… — Nega o‘jarlik qilding?..
So‘ng Zaynab yana suv keltirib uning boshiga quydi. Oftobni to‘sib, ko‘lanka yasadi. Usmonning hushi joyiga keldi. Oqshomgacha, to ish tamom bo‘lguncha, Zaynab yotqizgan bog‘ ustida ko‘zlarnni jovdiratib, ishlaganlarga termulib yotdi. Uyalganidan boshini yerdan ko‘tarolmas edi.
Ish tamom bo‘lgach, Usmonning qo‘lidan ushlab, aravaga mindirdi. Bola yumshoqqina bir kulcha kabi edi.
— Usmonim, — dedi Zaynab, — bugun sen xo‘p yaxshi ishlading. Mustafo og‘o haqingni ortig‘i bilan berajak…
Usmon shoshib-pishib so‘radi:
— Berarmikin?
— Sen ko‘p ishlading.
Usmon jonlanganday bo‘ldi.
Butun onla to‘plangan, tashqarida, eshik oldida ovqat yemoqdalar… Nariroqda arava, aravaga bog‘langan otlar. Otlar boshlarini yangi pichan orasiga suqib, kirt-kirt kavshanmoqdalar. Atrofni yangi pichan hidi tutgan.
Asta-sekin qorong‘ilik tushmoqda. Otlardan bir oz ilgarida Usmon daladan kelganidan beri, tikilgancha turmoqda. Ko‘zlari betoqatlik bilan, ovqat yeyib o‘tirganlarga qarab jovdiramoqda. Yemak ustida o‘tirganlar Usmonga parvo ham qilmaydilar.
Usmon kutmoqda. Eng so‘ng, sabri tugab, yo‘taldi. Hech kim uning yo‘talganini eshitmadi. Usmon ust-ustiga bir necha marta yana yo‘taldi. Usmon gir aylandi. Yerdan bir kaltak topib, qarsillatib sindirdi. Ovqatlanib o‘tirganlar qaraguday emas. So‘ngra Usmon sindirgan kaltak bilan yerga doiralar, chiziqlar chizdi. Kaltakni kuchi boricha tuproqqa ishqalab qitirlatdi. Uning tuproqqa ishqalanib qitirlaganidan chiqqan ovozlar ham foyda bermadi… Usmon murodiga erishmadi. Ovqat yeyishib o‘tirganlar gaplashishar, kulishar edilar. Usmon asabiylashdi. Kaltak bilan hadeb yer chizaverdi. Chizgan chiziqlarini oyoqlari bilan tepdi. Kaltakning bir uchi tuproqda… Usmon yugura-yugura kaltak cho‘p atrofida aylandi, So‘ngra ovqat yeyishib o‘tirganlarni unutib, tamomila o‘yinga berilib ketdi… Chizar, chizar va o‘chirar edi…

Turkchadan M. Davron tarjimasi