Yashar Aliyev. Ayriliq (hikoya)

Ona-bola saharlab yo‘lga chiqishgandi, yurave­rib charchashgani bois oyoqlaridan mador keta boshlagandi, ikkisi ham bir og‘iz gapirmasdan borardi.
Ona qosh qoraymasdan turib manzilga yetish lozimligini, aks holda o‘g‘li yolg‘iz qaytsa, yo‘lda turli yirtqichlarga ro‘para kelishini o‘ylab, so‘nggi kuchini to‘plab bo‘lsa-da, olg‘a intilardi. O‘g‘il esa o‘z onasidan, so‘nggi kunlarda boshiga qanchadan-qancha ko‘rgiliklarning tushishiga sabab bo‘lgan bu ayoldan tezroq qutulmoqqa oshiqardi. El-yurt ichida obro‘si bir pul bo‘ldi, odamlarning ko‘ziga ko‘rinishga uyalib qoldi. Chunki odamlar uning onasi armani ekanini endi yaxshi bilishadi.
Alloh qaysi aybi uchun unga bunday qismatni ravo ko‘rdi? Yo‘q, unga bu zulmni Alloh emas, har kuni siymosi ko‘z o‘ngidan ketmaydigan otasi yetkazmadimi? Agar o‘sha paytlar qishloqning barcha yigitlari kabi o‘z qavmidan halol sut emgan bir musulmonning bolasiga sovchi yuborib uylanganida, sho‘ri qurib bir armani qizga ro‘para kelmaganida bunday savdolar yo‘q edi.
U boyadan beri jim kelayotgan onasining yuzi­da azobli og‘riq nishonasini ko‘rdi. U oqsab bora­yot­ganini sezdirmaslik uchun oyog‘i emas, yuzi bilan yurib borardi, go‘yo.
O‘tgan yozda qo‘shni ayolning o‘g‘li armanilar bilan bo‘lgan urushda nobud bo‘lgandi. Ayol qo‘shni­sinikiga hol so‘ragani chiqqanida marhumning onasi uning oyog‘iga qo‘liga ilingan temir par­chasi bilan aylantirib soldi. Ayol issiq ustida og‘riqni sezmadi, ovozini chiqarmay uyiga qaytdi. Baqirib-chaqirgandan ne naf? O‘tgan ishga sa­lavot. Uni ham tushunish kerak, bir kunda ham o‘g‘lidan, ham eridan ajralib o‘tiribdi. Kichkina qizi bilan bir haftacha uy kunjida berkinib, xaloyiqning ko‘ziga ko‘rinmadi. Hozir ham yarador oyog‘i qaqshayotgan ona uydagi kasal qizini o‘ylardi.
Qizaloq bir necha kundan beri isitmalab yotardi. Tunov kuni uni kelib ko‘rgan do‘xtir ham “Xavotirga o‘rin yo‘q, shamollamagan, hammasi o‘tib ketadi, nimadandir qattiq qo‘rqqan, uning yonida baland ovozda gapirmang”, deb ketdi.
Anchadan buyon jimgina kelayotgan ona o‘g‘liga “Qizimga hushyor bo‘linglar” degisi keldi, ammo nimanidir mulohaza qilib, indamay yarador oyo­g‘iga zo‘r berdi.
Yigit singlisini ham o‘yladi. Bekorga sho­shil­di-da! Singlisining sog‘ayishini kutsa bo‘larkan. Ehtimol, hozir singlisi uyg‘onib, isitma aralash onasini chaqirayotgandir, kuyib-yonayotgandir?
E, o‘lib ketmaydimi? Hamma kulfat o‘sha qiz­chaning dunyoga kelishi bilan boshlandi-ku? Tug‘i­lishi hamono ikki olamni bir-biriga qorish­tirib yubordi. Bu vaqtga qadar onasining armani ekanini birov yuziga solmagan edi. Hozirga qadar qishloq ayollari onasining nomini hurmat ila tilga olardi. Qishloqning azasida onasidek yonib-kuyib yig‘laydigan, to‘yida undan-da ziyod raqs tushadigan ayol yo‘q edi.
– Tezroq yursangiz-chi, toshbaqadek sudral­mas­dan!
Bu tahqiromuz so‘z tilidan qanday uchganini o‘zi ham bilmay qoldi. Aslida u onasining oyog‘i og‘riyaptimi-yo‘qmi, shuni so‘ramoqchi edi. Ona zo‘rg‘a qadamlarini tezlatdi.
Yo Rab, endi onasi unga ishonib tashlab kelgan singlisiga kim qaraydi? Onaizor qizini qancha­lik sevishini so‘z bilan ifodalamoq qiyin. Shu qiz tug‘ilguncha o‘g‘lining bir tarafini kemtik ko‘rardi. Oilada qiz tug‘ilgach, uning bag‘ri to‘ldi. Qiz ana shu kemtiklikni to‘ldirdi. Ona endigina o‘zini mutlaq baxtiyor seza boshlagandi. Biroq, ikki farzandining unga ehtiyoji yo‘qligini yaxshi bilardi. Ular bir-biriga suyanib-tayanib ulg‘ayishi mumkin edi.
Eri bo‘lsa, usiz bir kunini o‘tkazishi mumkin. Xotini bormi-yo‘qmi, endi unga farqi yo‘q. Bo­lalari uchun ham uncha yonib-kuymaydi. Agar Alloh unga o‘n farzand berib, yettitasini qaytarib olsa ham, u bundan zarracha g‘am chekmasdi. Yigirma yil bir tom ostida yashab, erining nasabini yaxshilab o‘rgangan edi u. Ho‘, bir paytlarda, juda istab qolganida, “Qani, bo‘l!” deb qo‘yar, o‘shanda ham javobni ilhaqlik bilan kutib o‘tirmasdi.
Hozir ham yaxshi biladiki, o‘g‘li uni bu yerlarda tashlab qaytgach, eri undan xotini qayerga yo‘qolgani haqida so‘rab o‘tirmaydi. Xudo umr bersa, oradan uch, besh, o‘n yil o‘tsa-da, xotini qay manzilda g‘oyib bo‘lgani bilan qiziqib o‘tirmaydi. Chunki u erkak o‘z yonida kim yotgani bilan ham ishi bo‘lmasdi. U hayotni faqat o‘zidangina iborat deb bilardi, xolos. Buni ayol eri bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan kundayoq sezgandi.
– Otangga ehtiyot bo‘l!
Otasi o‘zi kim ediki, uni esga olsin?
To‘g‘risi, yo‘l juda uzayib ketdi. Ertalab uyidan chiqayotganda qosh qoraymasdan uyiga qaytishni ko‘zlagandi. Hisobdan adashganga o‘xshaydi. Kun allaqachon botgan, ammo onasining qishlog‘i hali-veri ko‘rinay demasdi. Nogoh o‘g‘ilning yuragini vahima chulg‘adi. Rost-da, yarim kechasi uyiga qan­day qaytadi?
Yo‘q, bu yo‘l bunchalik uzoq emasdi. Bir paytlar bobosini ko‘rib kelish uchun bu yo‘ldan onasi bilan ko‘p bor o‘tishgan. Har doim kun qizimay turib, ona-bola manzilga yetib kelishardi. Bugun esa yo‘lning adog‘i ko‘rinmaydi.
– Namuncha imillaysiz, yursangiz-chi?
Bu gal o‘g‘ilning ovozi boyagidek qahrli chiqmadi. Bu ohangda boyagi iddao va g‘azab sezilmasdi.
Balki haliyam kech emasdir? Balki hali ham ortga qaytmoq, hammasini boshdan boshlamoq mumkindir? Balki orqaga qaytish uchun hali kech emasdir, degan o‘y kechdi o‘g‘ilning xayolidan. Bir paytdagi kabi ona-bola birga ortga qaytishsa, nima qipti? Hatto “Ona, yuring, uyga ketaylik” deyishiga oz qoldi. Ammo, ayolning kechagina ayt­gan gapi esiga tushib, bu niyatidan qaytdi.
– Nega bu bechoralarni o‘z uyida tinchgina yasha­gani qo‘ymaysizlar? – degandi onasi bir kun il­gari.
Bu gapdan keyin o‘g‘ilning ko‘ziga uyqu kelmadi. Kechasi bilan to‘shakda to‘lg‘ana-to‘lg‘ana tong ottir­di.
“Qaysi bechoralar? Nahotki, millatimizning ashaddiy dushmanlarini bechora atamoq mumkin?
Kimning uyida? Axir bu bizning o‘z uyimiz, o‘z yerimiz emasmi?”
Kun yorisha boshlashi bilan onasini uyg‘otish uchun uning yotog‘iga keldi. Ayolning ko‘zlari ochiq edi. Boyagi gapni aytganidan buyon to yotog‘iga kir­gunicha u bir og‘iz ham gapirmagan, o‘g‘li kelib uyg‘otishini bilgani uchunmi, kuta-kuta tong ot­tirgan edi. O‘g‘li tepasiga kelib to‘xtaganini ko‘rgach, indamay o‘rnidan turdi. Kiyim boshini to‘g‘rilab, jimgina o‘g‘lining oldiga tushdi.
“Nega bu bechoralarni o‘z uyida tinchgina yasha­gani qo‘ymaysizlar?” O‘z uyida hamma narsani tartibga solib kelgan saranjom-sarishta ayol o‘ylamay aytib yuborgan bir og‘iz so‘zi tufayli hamma narsani ostin-ustun qilib yuborishini bilgani uchun kechadan beri ich-etini yeb yotardi. Lekin, bo‘lar ish bo‘lgan, g‘isht qolipdan ko‘chgandi. Endi sabr kosasi to‘lgan o‘g‘liga hech gap kor qilmasligini bilardi. Xullas, subhi sodiqda o‘sha uydan boshlangan bu yo‘lning oxiri ko‘rinay demasdi. Ona oldinda, o‘g‘il orqada borardilar.
O‘g‘il tushundiki, endi kech, onasini o‘zi bilan qaytarib ketolmaydi. Keta ketguncha yo‘l ham yomg‘irda yumshab qolganga o‘xshar, poyonsiz dengizga aylangan edi, go‘yo. Ona-bola ana shu dengizning o‘rtasida turishardi. Ikkovining anchadan beri halovat topmagan joni toqatdan ayrilgan, yura-yura holdan toygan onasini yelkasiga ko‘tarib, dengizni ortga qaytarish bu notavon farzandning qo‘lidan kelmasdi.
– Tezroq yuring, – dedi o‘g‘li. Bu gal uning ovo­zida qahr va iddao emas, nechukdir samimiyat bor edi.
Shu choq o‘g‘il dahshatli bir uyqudan uyg‘ongandek bo‘ldi. Bu qandoq gap? O‘z onasini oldiga solib qayerga olib bormoqchi? Bu narsa uning xayoliga qayerdan keldi?
Nogoh o‘g‘ilning vujudiga bir titroq oqib kirdi. Muzlab qolgan yuragiga harorat o‘rmaladi. Shu choq qulog‘iga dunyoning narigi chetidan bir sado keldi:
– Onamni orqaga qaytar!!!
Bu singlisining ovozi edi.
Yigitning ichida nimadir portlagandek bo‘ldi. Axir singlisi undan ancha uzoqda-ku, uning ovo­zini qanday eshitishi mumkin?
To‘xtadi. Onasi ham to‘xtadi. Balki singlisi­ning bu nidosini onaizor ham eshitgandir?
– Singlingga ham ehtiyot bo‘l.
Keyin onasi chiroqlar g‘ira-shira ko‘zga chalinib turgan qishloq so‘qmog‘i bo‘ylab qorong‘ilik qa’riga singib ketdi.

* * *

Onasi ko‘zdan yo‘qoldi, ammo zulmat o‘z o‘rnida qoldi. O‘g‘il umrida qora rangning qanchalik quyuq bo‘lishini birinchi daf’a ko‘rib turardi. Demak, ish bitdi, hamqishloqlari orasida yuzini shuvut qilgan ayoldan birato‘la qutuldi, endi or­tiga xotirjam qaytishi mumkin. Yigit vujudi allanechuk yengillashib qolganini his etdi. U onasini emas, butun o‘tmishini chetga uloqtirgan edi, go‘yo. Inson yuragi hamma narsani boshqatdan boshlashga qodir.
Yigitning yelkasidan tog‘ qulagandek bo‘ldi. Alloh, o‘zingga ming qatla shukur, deya pichirladi. U ayni chog‘da ichidagi va tashidagi bor narsalardan, noxush o‘y-xayollardan tamomila qutulib, butunlay boshqa qiyofaga kirmoqchi edi.
U kelgan yo‘lidan orqaga qarab kelayotganida to‘g‘ridan kelayotgan bo‘rini ko‘rib taxtadek qotdi. Jonivorning qarashlarida vahshiylik va ochlik nishonasi sezilmasdi, negadir. Aftidan, u ona-bolaning ortidan izma-iz yo‘lga chiqqan, yo‘l-yo‘lakay ularga o‘rganib qolgan, shundan bo‘lsa kerak, hozir ro‘parasidan chiqqan yigitga indamay o‘tib ketdi.
Ertalab onasini olib yo‘lga chiqqan yigit uyiga qoq yarim tunda kirib bordi. Qishloqning chiroqlari allaqachon o‘chgan, hech bir tirik jon ko‘zga chalinmasdi. U hovlisining darvozasini lang ochiq ko‘rib, dong qotdi. Shundagina ertalab ona-bola yolg‘iz tashlab ketgan, isitmalab yotgan singlisi esiga tushdi.
…Shundan keyin nima bo‘lganini eslay olmaydi.

Ozarboyjon tilidan Rustam Jabborov tarjimasi