Qaysi qilgan aybi uchun osishlari kerak, Patyalga endi buning qizig‘i yo‘q edi. Qatl oldidagi oqshomda sodir etgan jinoyatlari to‘g‘risida xayol surib o‘tirar ekan, nazoratchi qamoqxona hujrasiga bir shisha may hamda buzoq go‘shtidan tayyorlangan bir bo‘lak qovurma taomni ko‘tarib kirib kelganida, u o‘zini kulimsirashdan tiya olmadi.
— Buning hammasi mengami?
— Ha-da, — ta’ziya ohangida so‘zlandi nazoratchi. — Oxirgi marta bir xumordan chiqib, to‘yib ovqatlaning. Hozir men sizga bodringdan gazak ham keltiraman, barchasini birato‘lasiga olib kelishni uddalay olmadim.
Patyal uni mamnuniyat bilan tingladi. Keyin kursiga bamaylixotir o‘rnashib oldi-da, kinoyaomuz jilmayib, qovurdoqni paqqos tushira boshladi. Ko‘rinib turibdiki, u boricha fikrlaydigan beor bir kimsa edi, hatto umrining oxirgi soatlarida ham, hayot o‘ziga nimaniki ravo ko‘rgan bo‘lsa, ularning hech birini qo‘ldan chiqarishni istamasdi.
Faqat bitta o‘y Patyalning ishtahasiga ozroq pand berardi: uning shafqat so‘rab qilgan o‘tinchi bugun tongda rad etilib, hukmning ijrosi atigi yigirma to‘rt soatga kechiktirilgani to‘g‘risida unga xabar yetkazgan kishilar, hukmning ijro etilishi oldidan uni o‘limga ko‘ngildagiday hozirlash uchun jonini jabborga berayotgan mana shu odamlar uni osishadi va murdasini tomosha qilishadi. O‘zlari bo‘lsa, ertaga, ertadan keyin va yana ancha-muncha yillar yashayverishadi, oqshomlari, go‘yo aytarli biron kori hol ro‘y bermaganday, xotirjam oilalari bag‘riga oshiqishadi, lekin Patyal… bu olamda boshqa bo‘lmaydi.
Ko‘nglida shunday o‘ylar kezar ekan, Patyal dilgir ahvolda buzoq go‘shtidan tayyorlangan qovurdoqni astoydil tushirardi. Bodringdan qilingan gazak hamda bulka non keltirishganda esa, u homuza tortdi va sarxil tamakidan topilsa, bir miriqib trubka tortish istagi yo‘q emasligini izhor etdi.
Mahbusga eng a’lo navli tamaki xarid qilindi. Nazoratchining shaxsan o‘zi gugurt chaqib tutdi va gap orasida Patyalga Xudoning marhamati cheksiz ekanligini eslatdi. Mabodo, yerdan nasibasi uzilganida ham, aytib bo‘lmaydi, balki osmonda…
Mahbus shundan keyin yana bir to‘yimli dudlangan cho‘chqa go‘shti hamda may keltirishlarini so‘radi.
— Bugun ko‘nglingiz tusaganini muhayyo qilamiz, — kuyunchaklik bilan dedi nazoratchi. — Sizning ahvolingizdagi odamlardan hech narsani ayamaymiz.
— Agar unday bo‘lsa, — dedi bunday iltifotdan ko‘ngli yayrab Patyal, — menga yana ikki to‘yimli, o‘pka-jigar aralashmasidan tayyorlangan kolbasa keltirsangiz. Tag‘in bir litr qoramtir pivo bo‘lsa, qani edi…
— Hozir buyuraman, keltirishadi, — dedi nazoratchi. — Nega endi vaqtingizni chog‘ qilmas ekanmiz? Hayot degani juda qisqa, undan imkon qadar ulgurganingni olib qolishing kerak.
Nazoratchi buyurtmalarni keltirgach, Patyal undan behad rozi ekanligini ma’lum qildi.
Biroq nafsini, qani endi, nafsini jilovlay olsa!
— Endi, quloq soling, — dedi u barcha idish-tovoqlarni yalab-tozalab bo‘lgach, — shu topda negadir qovurilgan quyon go‘shti, pishloq, anavi, gorgonzola deyishadimi — o‘shandan, jiqqa yog‘li sardinka va yana yengil hazm bo‘ladigan ul-bul yeguliklar topilsa, zo‘r bo‘lardi…
— Hech ham tortinmang, xohlaganingizni topamiz. Ochig‘ini aytsam, sizning kiroyi ishtahangizni ko‘rib, dilim yayrayapti. Umid qilamanki, mening ixtiyorimda ekansiz, tonggacha o‘zingizni osib qo‘ymaysiz? Ko‘rinib turibdi, esli-hushli kishisiz. Buning ustiga, janob Patyal, sizni hukumat osishidan oldin o‘zingizni osib qo‘yishingizdan kimga nima naf bor? Rostgo‘y bir odam sifatida shuni aytmoqchimanki, siz bunga qobil emassiz, zinhor. Bu to‘g‘rida o‘ylab ham o‘tirmang. Qani, yaxshisi, pivoni iching. Qarang, siz bilan ishimiz xamirdan qil sug‘urganday silliq bitayapti! Gorgonzoladan oldin pivoni bir sipqorib yuboring — oh-oh, bundan ham lazzatli obi-zamzam bo‘ladimi? Men sizga yana ikki krujkasini keltiraman, sardin va qovurilgan quyonni esa, aziz do‘stim, may bilan tanovul qilasiz.
Tez orada keltirilgan xushxo‘r taomlarning yoqimli hidi qamoqxona hujrasini tutib ketdi. Patyal taomlarni stolga birin-ketin joylashtirar ekan, pishloq va sardinkani astoydil gazak qilib, goh pivoni, gohida mayni, qay biri qo‘liga avval ilinsa, o‘shani yutoqib simira boshladi.
Shu topda, nogahonda, hali ozodlikda yurganida shahar chetidagi bir restoranning ochiq ayvonida mana shunday to‘yib va miriqib kechki ziyofatda o‘tirgan damlari yodiga tushdi. Daraxtlarning barglari oy yorug‘ida nafis jilvalanib turar, qarshisida esa restoranning baqaloq sohibi — ana shu jannat burchagining xo‘jayini yastanib o‘tirar, to‘xtovsiz valaqlar va Patyalga izzat-ikrom ko‘rsatar edi…
— Menga biron latifa aytib bersangiz, — so‘rab qoldi Patyal xayolini yig‘ishtirib olib.
Nazoratchi unga qandaydir, Patyalning o‘z ta’biri bilan aytadigan bo‘lsak, isqirt bir mazmunli latifani boshladi.
Ovqatlanib bo‘lgach, Patyal hazmi taom uchun mevalar va taqsimchada pechene bilan qora kofe keltirishlarini buyurdi.
Uning istagi to‘la bajo etildi. Patyal so‘nggi buyurtma taomlarni yeb-ichib bo‘lgach, nihoyat, mahbusga ko‘ngil xotirjamligini ato etish uchun hujraga qamoqxona ruhoniysi tashrif buyurdi.
Ruhoniy xushchaqchaq, odmi muomalali va ayni shu kezda Patyalni o‘rab olib, qo‘llaridan kelganicha g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan, uni o‘limga hukm etishgan va erta tongdayoq osishga chog‘lanayotgan barcha boshqalarga o‘xshash, ko‘rinishi yoqimtoy bir odam edi. Chehrasida o‘ktamlik barq urib turardi, o‘zaro muloqotning havosini olgan bu inson bilan Patyal bir pasda kirishib ketdi.
— Yaratgan Egamning o‘zi sabr bersin, — dedi qamoqxona popi Patyalning yelkasiga qo‘l tashlab. Ertaga tongda siz uchun barchasi tugaydi, biroq zinhor iztirobga berilmang. Tavba qiling va Alloh yaratgan bu yorug‘ olamga dilkash nazar tashlang. Parvardigorga topinsangiz, u har bir osiy bandasining tavba-tazarrularini qabul qiladi. Kimki, tavba-tazarrudan bo‘yin tovlasa, butun tunni azobda o‘tkazadi. Qamoqxona hujrasida o‘zini qo‘yarga joy topa olmaydi, yig‘i-sig‘idan bo‘shamaydi. Buning sizga nima keragi bor, a? Behudaga boshingiz og‘rigani qoladi. Va kimki tavba-tazarru qilsa, bu so‘nggi kechani baayni taqvodor zotday tinch uyquda o‘tkazadi. Takrorlayman, qarog‘im, dilingizni g‘uborlardan forig‘ etsangiz, yengil tortasiz.
Patyalning birdan rangi oqardi. Uning ko‘ngli ayniy boshladi, ichida ichak-chavog‘i ag‘darilib ketganday tuyuldi, ammo qayt qilmadi. Tanasini dahshatli bir tutqanoq iskanjaga ola boshladi, u egilib-buralar, og‘riqdan aftlari burishib ketgan edi, peshonasidan sovuq ter tomchilay boshladi.
Ruhoniyni hazilakamiga qo‘rquv bosmadi. Nazoratchilar yelib-yugurib qolishdi va Patyalni qamoqxonaning shifoxonasiga jo‘natishdi. Qamoqxona hakimlari uning ahvolini ko‘rib, bosh chayqashdi. Kechga yaqinlashib, bemorning harorati keskin ko‘tarildi, tun yarmidan oqqanda esa shifokorlar guruhi uning hayoti tahlika ostida ekanligini ma’lum qilishdi va barchasi yakdil ravishda tashxis qo‘yishdi: o‘tkir zaharlanish.
Og‘ir bemorlarni esa qatl qilib bo‘lmaydi, shu sababdan o‘sha tunda qamoqxona maydonida Patyal uchun dor qurilmadi.
Buning o‘rniga, uning oshqozonini hafsala bilan tozalashdi. Qayt qilingan ovqatning hazm bo‘lmagan qoldig‘i tahlili ko‘rsatdiki, o‘pka-jigar aralashmasidan qilingan kolbasa achib-aynigan va zaharga aylangan ekan.
Kolbasa sotilgan do‘konni komissiya bosdi, ma’lum bo‘lishicha, do‘kondor sanitariya qonun-qoidalariga parvo ham qilmagan, kolbasani muzlatkichda emas, balki dim-issiq joyda saqlagan. Komissiya bayonnoma tuzdi hamda ishni prokurorga oshirdi, prokuror esa sotuvchini mahsulotni g‘ayri sanitariyaviy sharoitda saqlaganlikda ayblab, uni javobgarlikka tortdi.
Patyalni davolagan qamoqxona shifokorlari orasida yosh, diyonatli, navqiron bir yigit bor edi, u bemor mahbusning karovati yonidan bir qadam ham jilmadi va hayotini saqlab qolishga bor bilim-tajribasini bag‘ishladi. Negaki, bu xastalik kamyob, murakkab va qiziqarli bir dard edi. Yosh hakim kechani-kecha, kunduzni-kunduz demasdan Patyalga g‘amxo‘rlik ko‘rsatdi va oradan ikki hafta o‘tgach, uning yelkasiga qoqib, dedi:
— Mana, sizni qutqarib qoldik!
Ertasiga Patyalni barcha qonun-qoidalarga rioya qilgan holda osishdi. Negaki, u dorga ossa bo‘ladigan darajada sog‘aygan edi.
Aybi bilan Patyalning umri ikki haftaga uzayishiga sababchi bo‘lgan kolbasafurush esa uch yil muddatga qamaldi, Patyalning hayotini dor uchun asrab qolgan yosh shifokor boshliqlarning astoydil maqtov va ta’riflariga sazovor bo‘ldi.
Rus tilidan Mixli Safarov tarjimasi