Xulio Kortasar. Aksolotl (hikoya)

1-tarjima

Bir vaqtlar men aksolotllar haqida ko‘p o‘ylardim. Men Botanika bog‘idagi akvariumga qatnar, soatlab ulardan ko‘z uzmas, qimir etmay turishlari, bilinar-bilinmas siljishlarini kuzatardim. Endi o‘zim aksolotlman.
Uzoq cho‘zilgan qish tugab, Parij sekin-asta jilvalanayotgan bahor kunlarining birida, tasodifan ularga yo‘liqdim. Men Por-Royal bulvari bo‘ylab yurdim, Marsel va L. Opital xiyobonlari yonidan o‘tib ketayotsam, birdan fayzsiz turar-joy binolari orasidagi ko‘kalamzorni ko‘rib qoldimu beixtiyor arslonlar bilan qoplonlar yodimga tushdi. Men arslonlar va qoplonlarni yaxshi ko‘rardim, lekin shu paytgacha biror marta bo‘lsin akvariumning g‘ira-shira, zax binosiga kirmagan edim. O‘sha kuni velosipedimni to‘siq oldida qoldirib, ichkariga yo‘l oldim. Arslonlar juda ko‘rimsiz bo‘lib odamning rahmi kelar, qoplonlar esa uyquga ketgan edi. Shunda men akvariumga kirishga ahd qildim. Xuddi mana shu paytda, oddiy baliqlarni tomosha qilayotib, kutilmaganda aksolotllar ustidan chiqib qoldim. Salkam bir soat ularning yonida turib, u yerdan bir holatda chiqib ketdim. O‘sha kuni kechgacha ko‘nglimga hech narsa sig‘madi.
Avliyo Jeneveva kutubxonasida lug‘at titkilab, aksolotllar amblistomlar naslidan bo‘lgan yo‘lbars amblistomining oyquloqli g‘umbakchasi ekanini bilib oldim. Ularning meksikalik ekani esa ko‘rinishlaridan — shapaloqdek atstekoviy pushti yuzi hamda akvarium tepasiga ilib qo‘yilgan lavha orqali ma’lum bo‘ldi. Men Afrikada qurg‘oqchilik mahali quruqlikda, yog‘ingarchilik davrida esa suvda yashashga moslashgan nusxalari topilgani, ularning axolote ekani, go‘shtining xushxo‘rligi va yog‘i xuddi baliq moyi singari (chamasi hozir iste’moldan chiqib ketgan bo‘lsa kerak) iste’mol qilingani haqidagi eslatmalarni topdim.
Men ularning hayotiga oid maxsus ilmiy ishlarni o‘rganib o‘tirmadim va ertasigayoq Botanika bog‘iga qaytib bordim. Shu-shu har kuni ertalab, ba’zan kuniga ikki mahal — ertalab va kechqurun akvariumga qatnay boshladim. Akvarium qorovuli biletimni yirtib qo‘limga tutqazarkan, ensasi qotgancha iljayardi. Men shisha devorni ihotalab turgan temir tutqichga suyanib, ularni ko‘zdan kechira boshladim. Bunda hech qanday g‘ayritabiiylik yo‘q, chunki bizlarning bir-birimizga bog‘liqligimiz, benihoya yiroq va unutilayozgan bir nima bizlarni hamon bog‘lab turganini birinchi ko‘rganimdayoq anglagan edim. O‘shanda, suv yuziga pufakchalar qaynab chiqayotgan akvariumning oynavand devori oldida to‘xtashning o‘zi menga kifoya qilgan edi. Aksolotllar hovuzning iflos va tor tubidagi (qanchalar tor va iflos ekanini faqatgina men bilaman) shilimshiq parda qoplagan toshlar orasida to‘dalashib turishardi. Ular to‘qqiz nusxa bo‘lib deyarli hammasi shisha devorga qapishib olgancha oltindek sap-sariq ko‘zlari bilan tomoshabinlarga termilishardi. Men xijolat chekkandek, qariyb izza bo‘lgandek turardim: chinni hovuz ostida to‘dalashgan bu indamas va sustkash jonzotlar qarshisida so‘rrayib turish beadablikka o‘xshardi. O‘ng tomonda, boshqa sheriklaridan chekkaroqda turgan aksolotlni xayolan ajratib olib uni sinchiklab ko‘zdan kechira boshladim. Men baliqlarnikidek ajoyib, nozik dumli bir qarich kaltakesakka o‘xshash nimpushti va shaffof (shunda sutrang shishadan yasalgan xitoyi haykalchalar yodimga tushdi) jismni ko‘rdim. To‘g‘ri dumiga tutashib ketadigan shaffof suzgichi uning butun yelkasini egallagan edi, lekin, ayniqsa, odamga xos jajji tirnoqlar o‘sib chiqqan zig‘irday barmoqlari bilan nafis va mayin oyoqchalari meni lol qoldirdi. Shunda men uning ko‘zlari bilan yuzini sezib qoldim. Yuzi ifodasiz edi, munchoqdek tilla rang ko‘zlari ko‘rinishdan jonsiz bo‘lgani bilan termulib qarardi; men qa’rini ko‘rolmas edim. Ko‘zlarini o‘rab turgan nafis qora gardish uning jismiga ham, chetlari uchib nuray boshlagan uchburchak haykalchani eslatuvchi tosh boshiga ham pushti rang baxsh etardi. Og‘zi uchburchak yuzining iyagi o‘rnida joylashgan bo‘lib, faqat yon tarafdan behad kattaligi sezilardi; old tarafdan qaraganda toshdagi ingichka yoriqni eslatardi. Ikki chakkasida — quloqlar o‘rnida xuddi o‘simta kabi uch donagina marjondek qip-qizil shoxchalar bor edi. Bular oyquloqlari bo‘lsa kerak. Nazarimda uning birdan-bir jonli a’zosi ham shu edi: har o‘n-o‘n besh sekundda bu shoxchalar dikkayar va yana shalpayib tushardi. Goho oyoqchalardan biri xiyol qimirlar va zig‘irdaygina barmoqchalari loyqaga ohista botib ketardi. Bizlar umuman hadeb qimirlashni yomon ko‘ramiz, buning ustiga akvarium shunchalik torki, sal joyingdan qo‘zg‘alsang o‘sha zahoti birontasining dumi yoki boshiga tegib ketasan; bu esa norozilik, janjal qo‘zg‘aydi, natijada — holsizlanasan. Qilt etmay turganimizda vaqt o‘tishi sezilmaydi.
Shisha hovuzga birinchi marta engashib qaraganimda xuddi mana shu sukunat es-hushimni olib qo‘ygandi. Men uning makon va zamonni mana shu befarq jimlik qa’riga yashirincha g‘arq qilib yuborish niyatini g‘ira-shira payqagandek edim. Hammasini keyin tushundim: oyquloqlarning qisqarishi, nozik oyoqchalarning toshga beozorgina tegib ketishi, to‘satdan siljishlar (ayrimlari tanasini to‘lqinsimon harakatlantirib suza olardi) ularning bu karaxtlikdan uyg‘ona olishlaridan darak berardi. Hammasidan ham ularning ko‘zlari meni larzaga solardi. Qo‘shni akvariumda yashayotgan turli-tuman baliqlarning biznikiga haddan ziyod o‘xshash ajoyib ko‘zlarida zig‘ircha ma’no bo‘lmagan holda, aksolotlning ko‘zi allaqanday o‘zga hayot, o‘zgacha ko‘rish yo‘li mavjudligiga ishora qilardi. Bu pushti rang mavjudotlarning abadiy sust va mutlaqo notanish dunyosiga olib boruvchi yo‘l — tillarang mitti nuqtalarni imkon boricha ko‘zdan kechirish uchun shisha devorga singib ketgundek yaqin kelib qarayotganimda qorovul xavotirlanib yo‘talib qo‘yardi. Aksolotllarning diqqatini jalb etish uchun shisha devorni chertishdan foyda yo‘q edi: ular zarracha ham ta’sirlanmasdi. Tillarang ko‘zlar tinmay mayin va mudhish alanga ichida yonar va tubsiz chuqurlik qa’ridan menga qarayverganidan azbaroyi boshim aylanib ketardi.
Shunga qaramasdan ular bizga juda o‘xshardi. Men buni ancha ilgari, hali aksolotlga aylanmasimdan burun sezgandim. Buni men hali ularning oldiga birinchi marta kelgan kunimoq sezgandim. Maymunlar odamga o‘xshaydi, degan tushuncha har qancha ommalashib ketganiga qaramay, aytish mumkin: xuddi mana shu o‘xshashlikning o‘zi ular bilan bizni ajratib turgan tafovutni belgilaydi. Odamzod bilan aksolotl o‘rtasida tariqcha bo‘lsin o‘xshashlik yo‘qligi mening farazlarim to‘g‘riligini va men tasodifiy qiyoslarga suyanmaganimni tasdiqlardi. Faqat oyoqchalar bilan qo‘lchalar-chi… Ammo kaltakesaklarning oyoqchasi shunday bo‘lgani bilan ular odamzodga aslo o‘xshamaydi-ku! Menimcha, hamma gap aksolotlning tillarang ko‘zlarida edi. Bu ko‘zlar ko‘rar va tushunardi. U ta’sir qilardi. Ular maxluq emasdi, sira.
Shu o‘rinda turgan gapki, bemalol afsonalardan foydalansa bo‘lardi. Men aksolotllarni insonga o‘xshab sirli anglash layoqatini yakson qilib yubora olmagan rivojlanish tufayli boshqa ko‘rinishga o‘tishlar natijasi deb hisoblay boshladim. O‘z badanlariga qaram bu ongli mavjudotlar abadul-abad suv ostida xayol surish va armon chekishga mahkum etilganini tasavvur qilardim. Ularning xira, nursiz nigohi, ifodasiz, biroq favqulodda bama’ni tillarang ko‘zlari «bizni xalos et, xalos et» degan unsiz iltijo singari yuragimni o‘rtardi. Men tuyqus tasalli berib shivirlayotganimni, ularni yolg‘on-yashiqlar bilan umidvor qilmoqchi bo‘layotganimni sezib qoldim. Ular qilt etmay menga qarab turaverishardi: birdan oyquloqlarning och qizil novdalari dikkaydi. Daf’atan yuragimda og‘riq turdi: balki ular meni ko‘rib o‘zlarining aql bovar qilmaydigan hayotlarini anglamoqqa zo‘r berayotganimni fahmlab qolishgandir. Ular mutlaqo odamga o‘xshamasdilar-u, lekin men, umrimda bironta maxluq bilan o‘rtamizda bunchalik o‘xshash alomatlar ko‘rmagandim. Aksolotllar ko‘p narsani biladigan, binobarin ko‘p narsalarning taqdirini hal qilganga o‘xshardi. Ularning musaffo ko‘zlarida shunchalik bokiralik ko‘rinib turardiki, men o‘zimni beixtiyor aybdordek sezardim. Ular g‘umbakchalar edi, ammo bu g‘umbakchalar ayni choqda ham niqob, ham sharpa vazifasini o‘tardi. Bu ma’nisiz va shuning barobarida qahrli atstekona ko‘rinish kelajakda qanday qiyofaga aylanarkin?
Men ulardan qo‘rqardim. Basharti, yonimda boshqa odamlar va akvarium qorovuli bo‘lmasa ular bilan yuzma-yuz qolishga jur’at qilolmasdim, shekilli. Meni ko‘ngli buzilgan, deb o‘ylaganmi, qorovul kulgisi qistab: «Xuddi yeb qo‘ygudek qaraysiz-a, ularga?» deb piching qilardi. U aslida aksolotllar yovuzliklariga borib meni sekin-asta o‘z domiga tortayotganini anglamasdi. Shisha hovuz yonidan ketib ham aksolotllardan qutulolmas — ular haqida o‘ylaganim o‘ylagan edi. Aksolotllar go‘yo masofa orqali ham menga ta’sir qilayotganga o‘xshardi. Men har kuni u yerga qatnar, kechalari esa ularning zulmat qo‘ynida qimir etmay osilib turishlari, qo‘llarini erinchoqlik bilan uzatayotib qo‘qqisdan o‘ziga uzatilgan boshqa qo‘lga tegib ketishini ko‘z o‘ngimga keltirib yotardim. Ularning ko‘zi kechasi ham ko‘rishga qodirdir, balki. Agar shunday bo‘lsa kun bilan tunning ular uchun farqi yo‘q. Aksolotllarning kiprigi yo‘q edi.
Men favqulodda hech nima sodir bo‘lmaganini, bari ro‘y berishi muqarrar ekanini endi bilaman. Har kuni ertalab engashib shisha hovuzga qaragan paytlarimda ularni tobora yaxshiroq tushuna borardim. Aksolotllar azob chekardi — men vujud-vujudim bilan ularning suv qatlamlari aro unsiz chekayotgan uqubati, bitmas-tuganmas jafolarini his qilardim. Ular allazamonlar — olam aksolotllarga tobe bo‘lgan paytlarda yo‘qotilgan saltanat bilan ozodlik davrini diqqat bilan tikilib topmoqchi bo‘lishardi, go‘yo. Ularning tosh qiyofalaridagi, noilojlikdan paydo bo‘lgan sokinlikni bartaraf etgan bunday qo‘rqinchli ifoda alamnok mujdani bildirmasligi, ular yashayotgan suyuq jahannamdagi abadiy iztiroblardan ogoh qilmasligi amrimaholdek edi. Men hissiyotga nihoyatda berilganim natijasida aksolotllarda yo‘q bo‘lgan tafakkurni o‘ylab chiqaryapman, deya o‘zimni ishontirishga behuda urinardim. Bizlar — ular bilan men hammasini bilardik. Shunga ko‘ra yuz bergan bu voqeada hech qanday g‘ayritabiiy narsa yo‘q edi. Men akvariumning shisha devoriga yuzimni bosib qapishib olgancha yoypardasiz va qorachiqsiz tillarang ko‘zlarning siridan voqif bo‘lgani zo‘r berib tikilardim. Oynaning u yog‘idagi aksolotlning sokin yuzini juda yaqindan ko‘rdim. U yerga o‘tmay, aksolotl o‘rniga oynaning ortida o‘z qiyofamni ko‘rganimda ajablanmadim. Uni chinni hovuzdan tashqarida — oynaning narigi tarafida ko‘rdim. So‘ngra mening yuzim uzoqlashdi-yu, gap nimadaligini fahmladim. Faqat bir narsa — burungiday o‘ylashim va bilishim ajablanarli edi. Anglash — uyqudan turgach, tiriklayin dafn etilganini sezgan odamning dahshatini his qilish degani edi. Mening yuzim oynaga yana yaqinlashib keldi, men azbaroyi aksolotllarni tushunish uchun zo‘r berish natijasida qimtilgan lablarimga qaradim. Men aksolotl edim va endi bir zumda hech narsani tushunishning iloji qolmaganini anglab yetdim. U akvariumdan tashqarida edi. Binobarin, uning fikrlari akvariumdan tashqaridagi olamga mansub edi. Uning tanasida yashaganimni bilganim holda endi aksolotl edim va o‘z olamimda yashardim. Men o‘zimni, aksolotl jismiga insoniy tafakkurim bilan ko‘chib o‘tdim, endi ongsiz maxluqlar orasida oqilona yashashga mahkum etilgan aksolotl vujudiga tiriklayin ko‘mildim va bundan buyon uning abadiy tutquniman, deb hisoblaganim sababli -— buni o‘sha zahoti fahmladim — yuragimga vahima tushdi. Biroq kimningdir panjasi yuzimga ohista urildi, xiyol chekkaroqqa surilib menga qarayotgan aksolotlni ko‘rgach, bu holat o‘tib ketdi va men uning ham barchasidan ogoh ekanini tushuntirib berolmasa-da, menga o‘xshab hammasini ro‘y-rost bilajagini sezdim. Yo men uning ham vujudida yashardim, yo biz hammamiz qachonki, hamma narsa oynaga qapishib turgan odamning yuziga tikilib qarayotgan ko‘zlarimizning tillarang yog‘dusidan iborat bo‘lgan choqda ko‘nglidan kechayotganini ifodalashga ojiz odamlar kabi o‘ylardik.
U ko‘p kelardi, endi onda-sonda kelyapti. Goho haftalab qorasini ko‘rsatmaydi. Kecha uni ko‘rdim, u menga uzoq tikilib turdi-da, so‘ng shartta burilib ketib qoldi. Nazarimda u allaqachon bizlarga qiziqmay qo‘ygan, bu yerga shunchaki, o‘rganib qolgani uchun kelayotgandek edi. Hamonki o‘ylash menga taqdir ekan va shundan bo‘lak ish qo‘limdan kelmas ekan, u haqida ko‘p o‘ylayapman. Dastlab bizlar hali tutashgan paytimizda u o‘zini; har qachongidan ko‘ra daxlsiz sirga bog‘liqdek his qilardi, degan fikr kallamga kelardi. Ammo ularni bog‘lab turgan rishta uzildi, chunki uning ruhini egallab kelgan shayton inson hayoti begona bo‘lgan aksolotlga aylangan edi. O‘ylaymanki, dastlab men ham ma’lum darajada — unga aylanishim va uning yuragidagi bizni yaqindan bilish istagini qo‘llab-quvvatlashim mumkin edi. Endi men batamom aksolotl bo‘lib qoldim, mabodo odamga o‘xshab fikr yuritar ekanman, bu barcha aksolotllar o‘zlarining pushti rang g‘umbaklarida odamlar kabi fikr yuritishlaridan. Menimcha, mana shularning ba’zilaridan hali menga aylanib yurgan dastlabki paytlarda uni ogoh qilganman, shekilli. Bu pirovard tanholikda — chunki u endi qaytib kelmaydi — menga birgina fikr — o‘zim to‘qib chiqardim degan ishonch bilan bizlar — aksolotllar haqida hikoya yozar balki, degan fikr menga tasalli berardi.

Rus tilidan Olim Otaxonov tarjimasi.
“Yoshlik” jurnali, 1987 yil, 4-son.

Aksolotllar to‘g‘risida obdon o‘ylagan vaqtlarim ko‘p bo‘lgan. Botanika bog‘idagi akvariumga borar va ularning sezilar-sezilmas harakatlaridan, qotib turishidan ko‘z uzmay, soatlab tikilib turardim. Endi o‘zim ham aksolotlman.
Ularni uchratib qolishim bir tasodif bilan bog‘liq bo‘lib, uzoq cho‘zilgan qishdan keyin Parijning bamisoli tovusdek tovlana boshlagan paytiga to‘g‘ri keldi. Men Por-Royal bulvaridan o‘tib, Sen-Marsel va L’Opti-mal bulvarlarini ortda qoldirarkanman, kulrang tekisliklar o‘rtasidagi yashillikka ko‘zim tushdi va xayolimga arslonlar keldi. Menga arslonlar va sirtlonlar yoqar, ammo shu paytgacha hali biror marta ham akvariumning zax va namchil binosiga qadam bosmagandim. Velosipedimni chetan to‘siqqa suyab qo‘yib lolalarni tomosha qila boshladim. Arslonlar tasqara va g‘amgin, mening sirtlonim esa uyquda. Akvariumga kirishga qaror qildim. Rosmana baliqlarga shunchaki ko‘z qirimni tashlar ekanman, kutilmaganda aksolotllarga to‘qnash keldim. Bir soat davomida ularni kuzatib dalaga chiqqanimda allaqachon aksolotl­lardan boshqa hech narsani o‘ylashga qodir emasdim.
Ilohiy Jenevev kutubxonasida lug‘at varaqlab o‘tirib angladimki, aksolotllar – amblistomlar turiga mansub bo‘lgan jabrali yo‘lbars amblistomlari ekan. Ularning Meksikaga mansubligini esa kichkinagina qizg‘ish basharalaridan hamda akvarium tepasidagi yozuvdan bilib oldim. Afrikadan ularning qurg‘oqchilik bo‘lganda quruqlikda va yomg‘irlar mavsumida suvda yashay oladigan turi ham topilganligini lug‘atdan o‘qidim. Ularning ispancha nomini ham topdim, “oxolote” ekan, lug‘atda eslatilishicha bu jonivorlar iste’molga yaroqli va ularning yog‘idan baliq moyi o‘rnida (menimcha hozir ishlatilmasa kerak) foydalanilarkan.
Boshqa maqolalarni o‘qigim kelmadi, shunday bo‘lsa-da, ertasi kun yana Botanika bog‘iga yo‘l oldim. U yerga har kuni ertalab, ba’zida ham ertalab, ham kechqurun boradigan bo‘ldim. Akvarium farroshi ensasi qotgan kuyi iljayib yirtardi mening pattamni. Men esa shisha devorlarni muhofaza etib turgan temir to‘siqqa suyangancha ularga qarardim. Buning hech qanday ajablanadigan joyi bo‘lmasa-da, ularga ilk daf’a ko‘zim tushgandayoq angladimki, biz bir-birimizga bog‘liqmiz, qandaydir cheksiz uzoqlarda qolgan va unutilgan bir narsa hamon bizni tutashtirib turishda davom etardi. Buni anglash uchun o‘sha kuni ertalab shisha devor oldida bir dam to‘xtash va suv bo‘ylab yuqoriga ko‘tarilayotgan pufaklarga bir qarashning o‘zi yetarli bo‘lgandi. Akvariumning jirkanch va diqqinafas (faqat men bilardim u qanchalar xunuk va diqqinafasligini) tagligida qotib yotgan shilamshiq toshlar orasida to‘planib turishardi aksolotllar. Ular jami to‘qqiz dona bo‘lib, hammasi tumshuqlarini shisha devorga tiragancha, oltinrang ko‘zlari bilan tomoshabinlarni kuzatardilar. Sukut saqlayotgan va akvarium tubida tartibsiz tarzda qotib qolgan bu jonzotlar oldida kekkayib turganimdan xijolat chekar va o‘sal holatga tushib qolgandim. Xayolan ulardan birini, biroz o‘ngda, boshqalaridan ajralibroq turganini tanlab oldim-da, diqqat bilan o‘rganishga kirishdim. Uning qizg‘ish va shaffof tanasida (xuddi sutrang shishadan yasalgan Xitoy haykalchalariga o‘xshash) biz – aksolotllarning eng sezgir qismimiz bo‘lgan, baliqlarnikiga monand, ammo ayni paytda o‘n besh santimetrli kaltakesaknikiday murt dumi bor edi. Qirorqasi bo‘ylab o‘tgan shaffof suzgichi dumiga tutashib ketgan bo‘lib, nozik, bejirim kichkinagina panjalari, insonlarnikiday tirnoqchalaridan tamom hayratda edim. Shunda uning ko‘zi va yuzi e’tiborimni tortdi. Oltin kabi yaltiroq, ammo har qanday ma’nodan mosuvo, shunday bo‘lsa-da, ko‘rishga qobil igna to‘g‘nagich boshiday keladigan bir juft tillorang nuqtadan sizib o‘tgan nigohim sirli va harir bo‘shliq ichra jo bo‘ldi. Ko‘zlar tegrasini o‘rab turgan juda nafis qora nur gardish uning gulobi gavdasi va shu rangdagi uchburchak, suyrisimon va vaqtlar o‘tishi bilan yemirila boshlagan boshiga juda monand edi. Uchburchak og‘zi yuz qismining tugagan joyida, ya’ni naq iyagida joylashgan, yon tomondan qaraganda bir nav ko‘rinsa-da, oldidan jonsiz tosh ustiga tortilgan ingichka chiziqday tuyulardi. Boshining har ikkala tomonida quloqlari o‘rnida – jabrasi bo‘lsa kerak – suvosti marjonlariga o‘xshash uch donadan qizil butoqcha o‘sib chiqqan edi.
Har o‘n-o‘n besh soniyada butoqchalar keskin bir silkinib ko‘tarilar va yana yotar, faqat ana shularga qarabgina uning tirik mavjudot ekanligini anglash mumkin edi.
Vaqti-vaqti bilan oyoqchalaridan biri bilinar-bilinmas harakatga kelardi, men uning mo‘jazgina panjalari suvosti o‘tlari ustiga ohistagina bosilganini ko‘rdim. Biz umuman tepsa tebranmas maxluqlarmiz, ko‘p harakat qilishni yoqtirmaymiz, buning ustiga akvarium ham juda tor, o‘rningdan qo‘zg‘alishing bilan kimningdir dumiga yoki boshiga tegib ketasan, bu esa noroziliklar va janjallarga sabab bo‘ladi, pirovardida – toliqasan. Harakatsiz tursang vaqt o‘tganini sezmaysan.
Men ilk marta akvariumga qaraganimda aynan ana shu harakatsizlikdan sehrlanib qolgandim. Nazarimda, uning cheksizlikni va vaqtni ana shunday befarq harakatsizlik bilan suvga g‘arq qilishdek sirli istagi borligini g‘ira-shira payqab qolgandim. Keyin men tushundim: jabralar harakati, nozik oyoqchalarning toshga ohista bosilishi, to‘satdan bo‘ladigan silkinishlar (ulardan ayrimlari gavdasini to‘lqinsimon harakatlantirgancha suza olardilar) shuni anglatardiki, ular gohida soatlab jonsizdek qotib turish holatidan uyg‘ona olishlari ham mumkin edi. Hammasidan ko‘ra ularning ko‘zlari meni ko‘proq hayajonga soldi. Ular bilan baqamti turgan boshqa akvariumlardagi baliqlarning biznikiga monand ko‘zlarida ma’nosizlikdan boshqa hech narsa zuhur etmasdi. Aksolotllarning ko‘zlari esa menga bu hayotdan boshqa hayot ham borligini, dunyoga boshqacharoq nazar solish ham mumkinligini anglatib turardi.
Yuzimni shishaga mahkam bosib (gohida farrosh xavfsirab yo‘talib qo‘yardi) cheksiz sokinlikka va poyoni yo‘q dunyoga olib kiruvchi kichkina oltinrang soqqachalarga tikilardim. Ular yuzini taqab turgan shishani barmoq bilan chertish foyda bermas, bari bir hech qanday harakat sezilmasdi. Oltinrang ko‘zlar o‘zidan go‘yoki nafis va qo‘rqinchli nurlar taratib menga tikilib turishar va bu hududsiz chuqurlikdan boshim aylanardi.
Baribir ular bizga naqadar o‘xshash! Shundayligini men ancha avval, hali aksolotlga aylanib ulgurmasimdan payqagan edim. Men buni o‘sha kuni, ularning oldiga yaqinlashgan onimda bilgandim. Maymunlarning odamlarga o‘xshab ketishi to‘g‘risidagi fikrlar qay darajada keng tarqalgan bo‘lmasin, ularni bizdan juda uzoq masofalar ajratib turadi. Inson bilan aksolotl o‘rtasida hech qanday o‘xshashlik yo‘qligi mening fikrim to‘g‘riligini, men oddiy tahlilga asoslanish bilan cheklanmaganimni ko‘rsatdi. Faqat kaftlari, qo‘llari… lekin kaltakesakning panjalari ham shunday, ammo ular biznikiga hech ham o‘xshamaydi. O‘ylaymanki, hamma gap aksolotllarning oltin ko‘z­li uchburchak shaklidagi niqobdor boshlarida. Bu anglatib, ko‘rsatib turardi. Bu da’vat etib turadi. Ular hayvon emaslar.
Bu holatda afsonalarga murojaat etish ma’qul va o‘ng‘ay. Men aksolotllarning keskin o‘zgarishga duchor etilgani, ammo ulardagi sirli insoniy mohiyatni mahv etish imkoni bo‘lmaganini angladim.
Mening nazarimda, o‘z vujudlarining qo‘llari bo‘lgan – bu jonzotlar suvosti sukunatiga va adadsiz mulohazaga hamda ilojsiz tushkunlikka mangu hukm qilingandirlar. Ularning shabko‘r nigohi hech qanday ma’no anglatmaydigan, ayni paytda yurakka harorat solishga qodir aqlli oltin soqqasimon ko‘zlari mening qalbimga chuqur botib borar va mana bunday da’vat etardi: “Qutqar bizni, bizni qutqar”.
Nogoh ularga qarab umidbaxsh so‘zlarni shivirlayotganimni va bolalarcha orzularga ishontirmoqchi bo‘layotganimni payqab qoldim. Ular qilt etmay menga qarab turisharkan, jabralarining pushtirang novdalari harakatga keldi. Shu lahzada mavhum bir og‘riq vujudimni sirqiratib o‘tdi, ular meni ko‘rishdi, o‘zlarining anglab bo‘lmas hayotlariga kirib olishga urinayotganimni balki tushunishdi. Shubhasiz ular inson zotiga mansub emasdilar, lekin men boshqa birorta jonzotda o‘zimga bu qadar yaqinlikni ko‘rgan emasman. Aksolotllar go‘yo nimadandir xabardorday, gohida vahimali hakamday turishardi. O‘zimni gunohkor his etdim, ularning tiniq ko‘zlarida etni junjiktirib yuboradigan beg‘uborlik namoyon. Ular g‘umbak edilar, lekin g‘umbak, bu niqobni anglatadi, shu bilan birga sharpani bildiradi. Bu niqob serifoda va ayni paytda qat’iyatli. Uning ortida qanday bashara o‘zini namoyon etarkin?
Men ulardan qo‘rqardim. O‘ylaymanki, agar atrofimda tomoshabinlar va farrosh bo‘lmasa, ular bilan yolg‘iz qololmasdim. “Siz ularga yeb qo‘ygudek tikilyapsiz” dedi farrosh kulib, aftidan meni biroz telbatabiat hisoblab. Aksincha, ular o‘zlarining oltinrang odamxo‘r ko‘zlari bilan meni yeyotganlarini tushunmasdi u.
Akvarium oldidan qancha uzoqqa ketmay, bari bir ular to‘g‘risida o‘ylardim, go‘yo ular uzoq masofadan turib ham menga ta’sir o‘tkazmoqda edilar. Men u yerga har kun boradigan bo‘ldim, kechalari ularning qorong‘ulikda qilt etmay muallaq turishlarini tasavvur qilar, bir-birlariga shoshilmasdan qo‘l uzatayotganlarini va dabdurustdan o‘zga qo‘lni tutib olayotganlarini go‘yoki ko‘rib turardim. Balki ularning ko‘zlari qorong‘ulikda ham ilg‘ar, shunday bo‘lgach aksolotllarning qovoqdan mahrum ko‘zlari uchun hamisha kunduz.
Endi menga ma’lum, bu yerda hech qanday g‘ay­ritabiiylik yo‘q, o‘zi shunday bo‘lishi kerak edi. Har kun ertalab akvarium ustiga engasharkanman, ularni ko‘proq anglay boshladim. Ular iztirobda – va men vujudimning har bir hujayrasi bilan ularning tilsiz iztiroblarini, suv qavatlarida qotib qolgan azoblarini his etdim. Ular go‘yoki qandaydir boy berilgan ozodlikka, dunyo aksolotllarga mansub bo‘lgan zamonlarga tikilib qolgan edilar. Bunday vahimangiz nigohlarning tosh qotgan yuzlardagi majburiy harakatsizlikni madh etishi ishonchsizday ko‘rinar, bu qayg‘uli xabarni anglatishga, ular yashayotgan suyuq do‘zaxning guvohi bo‘la olishiga ishonib bo‘lmasdi. Hissiyotlarim shu qadar o‘tkirlashib ketgandiki, men aksolotllarning aqli bor deb o‘zimni ishontirmoqchi bo‘lardim. Buni ular ham, men ham bilardik. Hech qanday g‘ayritabiiy voqea yuz bermaganligi ham shuni anglatardi. Mening yuzlarim akvarium shishasiga taqalib turar, nigohim rangdor pardalardan mosuvo oltinsimon qoracho‘g‘siz ko‘zlarga tikilib ularning sirini anglashga intilardi.
Men shisha devor orqali aksolotlning harakatsiz yuzini juda yaqindan ko‘rib turardim. Undan nigohimni olmasdan, ajablanmasdan shisha ortida o‘z yuzimni ko‘rdim, aksolotlning yuzi o‘rnida meniki turardi. Akvariumning ichida emas, akvarium shishasining boshqa tomonida turardi. Keyin mening yuzim o‘rnidan qo‘zg‘aldi va men gap nimadaligini tushundim.
Faqat bir narsa ajablantirardi: o‘ylashni avvalgiday davom ettirish kerak. Buni anglash nogahonda o‘ziga kelib o‘zining tiriklay ko‘milganligini anglashdek vujudni muzlatib yuborardi. Men yana yuzimni shishaning tashqi tomoniga bosdim, lablardan iborat o‘z og‘zimga qaradim. Aksolotllarni anglab olish maqsadida mahkam juftlashib turgan lablardangina iborat o‘z og‘zimga qaradim. Men aksolotlligimni ang­ladim va shu lahzaning o‘zida tushundimki, boshqa hech narsaga idrokim yetmaydi.
Aksolotl akvariumdan tashqarida va uning uylari ham akvarium ichida emasdi. Buni bila turib va aynan aksolotl ekanimni anglay turib, men endi o‘z olamimda zohirligimni his etdim. Qo‘rqib ketdim, o‘zimni aksolotlning vujudiga qamab qo‘yilganligimni, tirik­lay aksolotl ichiga o‘z insoniy shuurim bilan ko‘chib o‘tganligimni, uning ichiga tiriklay ko‘milganimni, ongsiz jonivorlar orasida o‘z ongim bilan yashashga mahkumligimni birdan anglab qoldim va battar qo‘rqib ketdim. Lekin bu holat chekindi, o‘zimni birozgina yon tomonga olarkanman, kimningdir panjasi yuzimga tegdi, menga tikilib turgan aksolotlni ko‘rdim, u ham hammasini tushunar, hammasini aniq-ravshan bilib turar, ammo buni so‘z bilan ifodalay olmasdi.
Yoki men uning ichida edim yoki biz hammamiz oltinrang ko‘zlarimiz yog‘dusini, akvarium shishasiga bosib turgan kishiga tikib turganimiz sababli o‘z fikrini so‘z bilan ifodalashga ojiz odamlarga o‘xshardik.
U ko‘p marta oldimizga keldi, aniqrog‘i kamnamo. Gohida haftalab o‘zini ko‘rsatmaydi. Bir gal uni ko‘rdim. Mendan uzoq ko‘z uzmadi, keyin ortga kes­kin burildi-da, ketvordi. Nazarimda, endi uning bizga qiziqishi so‘ngan, shunchaki odatlanib qolgani uchungina keladi. Modomiki shunday ekan, qo‘limdan keladigani faqat o‘ylash, men uni har kun o‘ylayman. Boshimga shunday bir fikr keldi, nazarimda, biz avvallari bir tanu bir jon edik va u o‘zining muqarrar bir sir bilan bog‘liqligini his etardi. Endi uning aksolotlga aylanishi va insonlarga begona bo‘lib qolishi natijasida yuz bergan toshqin tufayli ularni bog‘lab turgan ko‘prik buzildi. Dastlab men ma’lum darajada aksolotllarga aylanib qolishim mumkinligini, ah, ma’lum darajada, va bizni yaxshiroq anglash uchun unga madadkor bo‘lib turishni o‘ylardim. Endi bo‘lsa, tamoman aksolotlga aylanganman. Va agar insonlardek fikrlayotgan bo‘lsam buning sababi shundaki, barcha aksolotllar o‘zlarining pushtirang tosh g‘umbaklari ichida yotib xuddi insonlardek fikrlay oladilar. Nazarimda bor qilgan ishim o‘sha dastlabki kunlar, hali insonlik paytimda, unga ayrim narsalar to‘g‘risida xabar yetkazganim bo‘ldi. Va endi bu tanholikda – modomiki u qaytib kelmas ekan – balki u biz to‘g‘rimizda biror narsa yozar, aksolotllar haqida hikoya o‘ylab topar degan fikrgina menga tasalli berardi.

Rus tilidan Ne’mat Arslon tarjimasi.
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 10-son.