Quyosh tandirdek qizdirayotgan pallada, jaziramaga ham qaramay, men, Letisiya, Olanda uchovimiz temiryo‘l yoqasiga o‘ynagani borardik. Oyim bilan Ruf xolam tushlikdan so‘ng dam olgani xona-xonalariga kirib ketishlari bilanoq, hayhotdek hovlimiz etagida kesakisiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri devorga o‘rnatilgan oq eshikchadan lip etib chiqardigu, qanot bog‘lab uchardik. Ikkovlari har kuni idish-tovoq yuvaverib bezib ketishgan, birpasda charchab ham qolishardi, shu sababli Olando ikkimiz ularga jonimiz achir, idish-tovoqlarni yuvib-artishga qarashib yuborardik. Ammo ming afsus, doim aksiga olar, yordam beramiz deb, ularga ish orttirar, bu ham yetmagandek, asablarini buzar edik. Negaki qizdirilgan yog‘ hidi bilan Xose degan mushugimizning bag-bug‘i, Olanda ikkovimizning ko‘ngilga uradigan baqir-chaqirimiz, talashib tortishishlarimiz hamda qoshiq-sanchqilarning sharaqa-shuruqlari tutib ketgan nimqorong‘i oshxona chidab bo‘lmas bir ahvolga kelar, pirovardida, bizning dastyorchiligimiz janjal-to‘polon, gina-araz bilan tugar edi.
Hammasini Olanda boshlardi. Ochig‘ini aytganda, u janjal chiqarishga juda usta edi, xohlasa hammani urushtirib ko‘ya olardi. Goh hozirgina yuvib-tozalangan stakanni yuvindi to‘la chelakka bilmagandek tushirib yuborar yoki kutilmaganda: “qo‘shnimiz Losalar bunaqa qora ishlar uchun uylariga ikkita xizmatkor ayol olishibdimi?” — deya so‘rab qolardi. Men esa boshqacha yo‘l tutardim: Ruf xolamga: “oyim agar yuvishni xush ko‘radigan ryumkalar bilan likopchalar qolib, qorayib ketgan tunuka kastryulkalarni qirib qirtishlaridan nariga o‘tmas ekansiz, qo‘llaringizning otashkurakdan farqi qolmaydi” — deya shama qilar va shu tariqa ikkovlarini osongina bir-birlariga qayrab qo‘yardim. Mabodo ta’na-dashnom, bezorijon pand-nasihat, ota-bobolarimizning ibratomuz hayoti, odob-axloqi haqidagi “ma’ruzalar” boshlanib qolsa, so‘nggi chorani ishga solardik — mushugimiz Xosega qaynab turgan suvdan bir cho‘mich sepib yuborardik. “Qaynoq suvda kuygan mushuk sovuq suvdan qochadi”, deyishadi. Bekor gap! Bizning Xose xuddi “qani, yuz daraja qaynog‘idan bo‘lsin, iliqroq bo‘lsa ham zarari yo‘q, yana bir sepinglar-chi” — degandek atay o‘choq yonidan ketmay, o‘sha orada aylanishib yurardi. Bunaqa hodisa tez-tez takrorlanib turganiga qaramay, mushukka hali hanuz ziyon-zahmat yetmagan, soppa-sog‘ yuribdi, ammo o‘sha damlarda uyimiz g‘alvaning iniga aylanardi, bu qiy-chuv, janjal, odatda, Ruf xolamning avj pardalarda baqirishi bilan nihoyasiga yetardi. Aloha, oyim to bizga qadrdon bo‘lib qolgan tayoqni izlab topgunlaricha Olanda ikkimiz juftakni rostlab qolardik, uzun yo‘lakdan o‘tib, hovlining narigi boshida Letisiya bizni kutib o‘tirgan xonaga kirib yashirinardik; o‘sha kezlar Letisiya Pongsong dyu Terraylning Rokambola haqidagi kitobini qo‘ymay o‘qib o‘tirgan bo‘lardi. Nimasi yoqib qolgan unga bu kitobning — sira aqlimiz yetmasdi. Shundan shunga kelgan oyim Letisiyaning xonasiga yetib kelgan hamon birdan boshimizda yong‘oq chaqish niyatidan qaytib qolardi. Ichkaridan eshikni tambalab olib, yalinib-yolborishga tushar, diydiyomiz birpasda oyimning joniga tegar, Olanda ikkimiz pushaymonligimizni yig‘lamsirab, sahna aktyorlaridek ta’sirli tarzda ijro etardikki, ham ko‘ngli yumshab, ham toqati bitgan oyim barchasiga qo‘l siltab iziga qaytardi. Ketayotganida: “Hah rasvo qizlar-a, bir kuni ko‘chaga haydab yuboraman, ana o‘shanda ta’ziringizni yeysiz!” — deya po‘pisa qilib qo‘yishni kanda qilmasdi.
Hayronman, bizga yopishgan ko‘ngilsizliklarning bari oyim jazo tariqasida aytayotgan ana o‘sha ko‘chada, aniqrog‘i, biz vujud-vujudimiz bilan oshiqayotgan temir yo‘l yoqasida barham topardi. Uyda janjal-to‘polon tinchib, hatto Xose ham xushbo‘y is taratayotgan limon butasining soyasida asalarilarning viz-viz “kuyidan” zavqlanib yotganida biz sekingina oq eshikdan chiqib, uni yana xuddi shunday — g‘ijirlatmay yopgan zahotimiz dilimiz ozodlikning g‘ayrat, zavq-shavqiga to‘lib, uchovimiz ham sevimli maskanimiz sari yeldek uchardik. Temir yo‘l yoqasidagi tepalikka yetib kelgach, o‘sha yerdan turib yastanib yotgan saltanatimizni ichki bir iftixor va mehr bilan tomosha qilardik.
Bu yer, chindanam, biz uchun bir saltanat edi. U temir yo‘l keskin burilgan nuqtadan boshlanib hovlimizning orqa tarafidagi devorlarga dovur taqalib o‘tgan yerlarni o‘z ichiga olardi. Bu zamin shag‘al, temir izlar, mayda toshlar orasidan nish urib chiqqan nomsiz giyohlar hamda tog‘ jinslaridan iborat edi, xolos. Mana shu tog‘ jinslarining tarkibidagi kvarts, dala shpati va shaffof zarralar oftob nurida xaqiqiy gavhar kabi jilolanardi.
Biz hadik, xavotir ichida (poyezd kelib qolishidan emas, balki uydagilardan: ular bizni har daqiqada ko‘rib qolishlari mumkin edi-da) cho‘k tushib temir izlarni ushlab ko‘rardik, cho‘g‘dek qizigan toshlardan taralayotgan qaynoq hovur yuz-ko‘zimizga urilar; so‘ng qaddimizni rostlab daryo tomon yuzlanardik, daryodan esayotgan namxush, lekin o‘ta issiq hovur yuz-ko‘zlarimizu, quloqlarimizga urilib kuydirgudek bo‘lardi, oqibat terlab ketar va pastga yugurib tushardik, zum o‘tmay yana tepalikka ko‘tarilardik; shu tariqa bir necha marta chiqib-tushar va har safar dam quruq jaziradan sernam otashkadaga, dam sernam otashkadadan quruq jaziraga tushib-chiqqandek bo‘lardik. Lov-lov yonayotgan kaftlarimizni a’zoyi-badanimizga bosib, ter quyilishini his qilishdan huzurlanar edik. Ko‘z o‘ngimizda qizg‘ish tusda tovlanayotgan temir yo‘l shpallari, kumushdek tovlanib oqayotgan daryo manzarasi zavqimizga zavq qo‘shardi.
Aloxa, tepalikdan tushib, o‘sha qayroqi toshlardan terib ko‘tarilgan oq eshikli devor yoqasidagi majnuntollarning salqin soyasiga borib o‘tirardik. Saltanatimizning markazi, biz uchun afsonaviy maskan — tabarruk o‘yingoh shu majnuntollar ostida edi. Biz sevgan o‘yinlarning hammasini zukko va erkatoy Letisiya o‘ylab topgandi. Bunday deyishimning sababi, uning hayoti havas qilarli darajada ma’mur — hamma uning ko‘ngliga qarar edi. Bizga o‘xshab idish-tovoq yuvmas, o‘rin-ko‘rpa solmas, supur-sidirdan darxon edi, ko‘ngli nimani tusasa, o‘shani muhayyo qilishardi, xohlasa uzzukun rasm chizib, haykalchalar yasab o‘tirar yoki kitob o‘qir va hatto, xoxdasa kattalar bilan allamahalgacha bemalol gaplashib o‘tirardi. Bu hali holva ekan! Alohida xona ajratib berishgani-chi?! Xontaxtasidan arimaydigan shirinliklar-chi?! Izzat-ikrom, ayab erkalashlarni ayting! Bunday marhamat va mavqedan Letisiya qolib, men foydalanaymi? U nafaqat o‘yinlarimizga bosh bo‘lar, balki butun saltanatimizga hokim edi. Uning chizgan chizig‘idan chiqishni xayolimizga ham keltirmasdik, aksincha, jon-jon deb itoat etardik. Ehtimol, hammasiga oyimning pand-nasihatlari sabab bo‘lgandir: u Letisiyaga qanday muomala qilish, qanday muomala qilmaslik haqida ertayu kech eslatib turardi. Balki singlimizni astoydil yaxshi ko‘rganimiz uchun barcha erkalik va injiqliklarini ko‘tarar va buyruqbozlik qilishiga ahamiyat bermasmidik?! Ammo esizgina, Letisiyaning turqi-tarovati rahbar bo‘lishga porom kelmasdi. Bo‘yi past, buning ustiga o‘ta ozg‘in. Olando ham nozikkina, bunday qaralsa, mening ham vaznim ellik kiloga yetmas — qo‘rqmasdan aytishim mumkin — oriqqina edim. Biroq Letisiyaga o‘xshagan qizlarni uchratish amri-mahol; eti suyagiga yopishgan, bo‘yni, quloqlari ham etsiz, rangpar edi. Ehtimol, xastalik uni shu ko‘yga solgandir?! Uning umurtqasi lat yegan, shu sababdan boshini tutolmas, qo‘shnimizning oshxonasida devorga suyab qo‘yilgan dazmol taxtasini eslatardi. Tavba qildim, chindanam dazmol tahtasining o‘zginasi-ya! Shunga qaramay, bizni istagan ko‘yga solishini ayting!
Bir kunmas bir kun oyim bilan Ruf xolam bizning o‘yinlarimiz haqida bilib qolishganda uyda nimalar bo‘lishini tasavvur qilsam yuragim orqaga tortib ketadi. Aniq, kimdir hushidan ketgan, kimdir suv keltirib sepgan, Ruf xolamning “si-bemol” pardasiga chiqib chinqirishi… ketidan dod-voy boshlanishi; yelga sovurilgan umr, bekordan-bekor yo‘qotilgan salomatlik, “ko‘rgan kunim qursin, shularni deb yashasamu, evaziga shumi rahmat?!”, pirovardida, biz “osiy bandalar” — quloqsiz bolalarga ko‘riladigan jazo ro‘yxati ovoza qilinadi. Eng oxirida esa eshitaverib ko‘nikib ketganimiz o‘sha iddao: “Yaramas kasofatlar, bir kuni ko‘chaga …” Nega ko‘cha bunchalik yomon, nimasi qo‘rqinchli — tushunolmayman.
O‘yin boshlanishidan oldin Letisiya qur’a tashlardi. Ba’zan esa mayda toshchani olib kaftiga berkitar, toshcha qaysi qo‘lida ekanini topish kerak bo‘lardi, ba’zan esa yigirma birgacha sanash orqali aniqlanardi, gohida boshqa bir nima o‘ylab topardi… Yigirma birgacha sanash chog‘ida azbaroyi qulaylik uchun bunday qilardik: go‘yo bizlar uch kishi emas — beshta yoki oltitamiz, basharti xayolimizdagi qizlardan birontasining chekiga yigirma birinchi bo‘lish tushib qolsa, yana boshidan sanashga tushardik, to men, Letisiya va Olandodan bittamiz yigirma birinchi bo‘lib chiqib ketmaguncha sanoq davom etaverardi. Shu hal bo‘lgach, Olando ikkimiz katta xarsang toshni surib, uning ostidagi maxsus qazilgan o‘radan taqinchoqlar to‘la qutini olardik. Chek tashlaganda Olando yutib chiqdi deylik, Letisiya bilan men o‘zimizga manzur taqinchoqlarni tanlab berardik. Uyinimiz asosan ikki xil edi, bittasi “haykal”, ikkinchisi esa “holat” degan o‘yin. Ikkinchi o‘yin uchun libos yoki taqinchoqlar shart emasdi, asosiysi, yuz-ko‘z orqali holatni ifodalash, sodda, tushunarli ishoralar bilan aks ettirishdan iborat edi. Mana masalan, hasadni oling, bu holatda mushtlar tugiladi, azbaroyi qattiq siqilgani uchun barmoqlar oqarib ketadi, ko‘zlar chaqnaydi. Shafqatmi? Marhamat — iltijo bilan osmonga termulgan ko‘zlar, farishtadek ma’sum chehra, uzatilgan ko‘llarda bir parcha matomi, tol novdasimi, koptokchami, qisqasi, tasavvurdagi bironta yetimchaga niyat qilingan xayr-ehson… Hammasidan ham nomus yoki ko‘rquvni aks ettirish oson edi. Lekin g‘azab yoki rashkni ifodalashda qiynalardik. Liboslar bilan bezaklar “haykal” o‘yinida askotardi. Xohlagan narsangni, xayolingga kelganini aks ettirish cheksiz imkoniyat. Biz qoyilmakom ifoda yaratish uchun uzoq tortishardik. Qoida bo‘yicha haykal bo‘luvchining o‘zi uchun bir tutam tasma yoki tugmachadek narsa tanlashga ham haqqi yo‘q. Unga nima ravo ko‘riladi — sheriklariga bog‘lik edi, sheriklari nimani tanlab berishsa, o‘shanga qarab to‘n bichardi, ya’ni qanday haykal bo‘lib turishni o‘zi uchun hal qilardi. Ushbu o‘yinning o‘ziga yarasha kiyinchiligi bor edi, chunki ba’zan bezaklarni tanlab berayotgan ikki kishi qasddan, atayin “haykal”ni qiynash uchun, eng ko‘rimsiz va keraksiz narsalarni tanlab berardi. Aksar hollarda esa haykal rasvoyi jahon bo‘lardi. “Holat” o‘yini chog‘ida bo‘lsa hammasi tinchgina, bejanjal va gina-kuduratsiz o‘tardi.
Men aytib berayotgan bu voqealar Xudo biladi, qachon boshlangan, biroq, aniq esimda — vagon oynasidan birinchi maktub uchib tushgan kundan e’tiboran hamma narsa ostin-ustun bo‘lib ketdi. Rostini aytsam, agar o‘yinimizni tomosha qiluvchi bo‘lmasa, haykalga o‘xshab qotib turishlaru har turli holatlarni ifodalab berishlar juda tez jonimizga tegardi. O‘yinimizning butun mohiyati shundan iborat ediki, chekiga tushgan qiz soat roppa-rosa ikkiyu sakkizda Tigre shaharchasidan chiquvchi poyezdni temir yo‘l yoqasidagi tepalikka chiqib kutib olishi va yo‘lovchilarga o‘zini ko‘z-ko‘z qilib turishi lozim edi. Odatda poyezdlar bu yerdan katta tezlikda o‘tar, shu bois biz o‘z san’atimizni vagon derazalari orqali ko‘rishga ulguruvchi yo‘lovchilarga namoyish etishdan uyalib o‘tirmasdik. Boshida ola-chalpoq qilib hech narsani ko‘rolmasdik, lekin sekin-asta poyezdning ko‘z ochib yumguncha lip etib o‘tib ketishiga ko‘zimiz o‘rgandi va hatto ayrim yo‘lovchilarning biz bilan salomlashish istagida qo‘l silkishlari, jilmayib qarashlarini aniq-taniq ko‘radigan bo‘lib qoldik. Muguzdan ishlangan ko‘zoynakli mo‘ysafid, sochlari qordek oppoq janob har safar oynadan boshini chiqarib, ro‘molchasini silkitgancha tepalikda qotib turgan “haykal”ni olqishlar edilar. Vagon zinapoyasida o‘tirib olgancha maktabdan qaytayotgan o‘quvchi bolalarni aytmaysizmi! Ba’zilar bir nimalar deb qiyqirgan, boshqalari bizlardan jiddiy nigohini uzmagan. Afsuski, haykal bo‘lib turgan yoki holat ifodalayotgan qiz buni ko‘rmasdi. Buning iloji ham yo‘q edi. Chunki uning butun diqqat-e’tibori poyezd o‘tib ketguncha qilt etmay turish va chayqalib ketmaslikka qaratilardi, bir so‘z bilan aytganda o‘zidan ortmasdi. Biz esa, o‘yinimizning asosiy ishtirokchisi yo‘lovchilarga qanday ta’sir qilganini majnuntol soyasidan kuzatib turardik. Mart oyining boshlarida, yanglishmasam, seshanba kuni ikkinchi vagon oynasidan o‘sha mash’um maktubcha uchib tushdi. Maktub “g‘iybatchi” holatini ifoda etayotgan Olandoning oldidagi toshga urilib koptokdek sapchib to‘ppa-to‘g‘ri mening oyoqlarim ostiga kelib tushdi.
To‘rt buklangan noma temir gaykaga bog‘langan edi. Uni erkak kishi yozganligi sezilib turardi — qing‘ir-qiyshiq harflar bilan quyidagilar yozilgandi: “Men ikkinchi vagonning uchinchi oynasi oldida o‘tiribman. Ariel B.” Shundan-shunga zalvorli gaykaga bog‘lab uloqtirilganidan nomaning qo‘limizga tegishini juda-juda istagan odam yozgani aniq. Biroq, ajabo, u shuncha tashvish chekishga arzimaydigan darajada qisqa va hissiz yozilgan edi. Lekin ming qilganda ham boshimiz osmonga yetdi va o‘sha zahoti qur’a tashladik. Qur’a menga chiqtsi. Ertasiga birontamizning tepalikka chiqib san’atimizni namoyish etgimiz kelmasdi, tavba. Hammaning fikru xayoli — Ariel B. ni yaxshilab ko‘rib qolish. Keyin mulohaza qilib, o‘yinni bir marta ham to‘xtatmaslik kerak, (Ariel buni noto‘g‘ri tushunishi mumkin) degan qarorga keldik-da, kim topsa o‘sha yutadi, deya Letisiya mayda toshchani kaftlari orasiga yashirdi. Letisiyaning o‘zi yutib chiquvdi, Olando ikkovimiz quvonganimizdan bir-birimizni quchoklab oldik. Sababi, boyaqish singlimiz haykal bo‘lishni juda boplar edi. Qimir etmay qotib turganida uning nogiron ekanini hech kim payqamasdi. Gap bunda ham emas, eng muhimi — uning butun qiyofasidan, har bitta harakatidan alohida poklik va mas’umlik yog‘ilib turardi. Agar “holat” o‘yini bo‘lsa, u odatda Shafqat, Itoat, Fidoyi, Himmatni ifodalashga urinardi. Bordiyu haykal bo‘lishga to‘g‘ri kelsa, qay jihati bilandir katta uyimiz devoriga osilgan, Ruf xolam qachon qaramang “Miloslik Venera” — deb tilga oladigan suvratdagi sohibjamolga o‘xshashga harakat qilardi. Nimasini aytasiz… o‘sha kuni Letisiya nima kiygani ma’qul, qaysi taqinchoqlar unga ko‘proq yarashishi borasida uzoq o‘yladik. O‘zi niyatimiz bitta — Arielni lolu hayron qoldirish. Letisiya yengsiz kalta ko‘ylakda edi, biz yashil baxmaldan tunukasifat yopinchiq bichdik, boshiga esa majnuntol novdalaridan yasalgan chambarak kiydirdik, Letisiya hayron qolarli darajada qadim-yunon ma’budasiga o‘xshab qoldi. U qanday holatda turmoqchi ekanini tushuntirganda hayajonlanib ketganimizdan Arielni munosib kutib olish uchun tepalikka uchovimiz ham chiqib turmoqchi bo‘ldik.
Letisiya haddan ziyod ochilib ketgandi, unga qaragan odam ko‘zini uzolmasdi, u to poyezd o‘tib ketgunicha qilt etmadi. Yonga burilolmagani uchun boshini orqaga tashladi va ikkala qo‘lini tushurib qotib qoldi, — yashil yopinchig‘ini qo‘yavering, — qoyil! Miloslik Veneraning xuddi o‘zi!
Ikkinchi vagonning uchinchi oynasi oldida o‘tirgan mallasoch o‘spirinni bir qarashda tanidik — salomlashib qo‘l silkiganimizda quvonchdan og‘zi qulog‘iga yetdi Uni atigi bir soniya ko‘rishga ko‘rdik, lekin uch soatdan keyin ham u haqdagi bahs-munozaramiz to‘xtay demasdi: kostyumining rangi qanaqa — kulrang edimi, ko‘kish edimi, qizil galstugi qanaqa tusda tovlanardi, umuman, Arielning o‘zi-chi — xushro‘ymi, so‘xtasi sovuqmi va hokazo mavzularda bahsimiz davom etaverdi. Payshanba kuni men iztirob holatini aks ettirayotganimda, “Uchovingiz ham bir-biringizdan ajoyib ekansiz. Ariel B.” degan mazmunda yana bir noma oldik. Shundan so‘ng har safar poyezd o‘tganida Ariel vagon oynasidan boshini chiqarib, bizga qo‘l silkitadigan bo‘ldi. Biz uni o‘n sakkiz yoshda (holbuki, uning o‘n oltiga ham kirmaganiga uchovimizning ishonchimiz komil edi), har kuni o‘qishdan ingliz kollejidan qaytayotgan bo‘lsa kerak, deya taxmin qilardik. Kollejda o‘qishiga shak-shubha yo‘q, chunki bizning Ariel oddiy bilim yurtida o‘qishi mumkin emas edi, nazarimizda! Qanaqa xonadonning farzandi ekani shunday ko‘rinib turibdi-yu!
Olandaning omadi kelib, qatorasiga uch kun qur’a tashlanganda yutib chiqdi. Birinchi kun Umidsizlik holatini bopladi, ertasiga G‘arazni betakror bir qiyofada o‘rinlatib qo‘ydi; uchinchi kun aks ettirgan Raqqosasi haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Shunaqa ham qoyillatdiki, asti qo‘yavering, ko‘rgan odam tasannolar aytmasdan iloji yo‘q. Poyezd muyulishda ko‘ringanidan to saltanatimiz yonidan o‘tib ketgunicha, yana tag‘in oyoq uchida qilt etmay turishning o‘zi bo‘ladimi?
Nixoyat, menga ham navbat keldi, o‘sha kuni men vahimaga tushgan odam holatini ifoda etib turganimda birov uloqtirgan gugurt qutisidek gaykaga bog‘langan noma vagon oynasidan uchib tushdi. Uni o‘qib, dabdurustdan tushunolmadik: “Orangizdagi… eng yokimtoyrokdir”. Letisiya Ariel kimni nazarda tutayotganini sal kechikibroq fahmladi, fahmlagach — qizarib ketdi va bir chekkaga o‘tib oldi. To‘g‘risini aytganda, Olanda ikkimizning hazilakam achchig‘imiz chikmadi. Bu Ariel deganlari qip- qizil ahmoq ekan-u! Letisiyaga aytib bo‘lmaydi-da bu gapni, ham nozik, ham ko‘ngli yarimta. Lekin, har qalay, nomani olib kissasiga solib qo‘ygani nimasi, kimga atalganini sezgan-da! Uyga qaytayotganimizda yo‘lda uchovimiz churq etmay ketdik, kechqurun esa har kim o‘zidan ortmay, bir-birimizni deyarli ko‘rmadik ham. Kechki ovqat paytida Letisiyani ko‘rsangiz edi, u bir gapirib o‘n kular, ko‘zlari por-por yonardi. Oyim Ruf xolamga bir-ikki marta ma’noli karab qo‘ydiki, buning tagida ana ko‘rdingmi, boshlanishi chakki emas, o‘zgarib qolganini qara, ikki kunda-ya, — degan ma’no anglashilardi. Gap shundaki, o‘sha kunlari Letisiyaga yangi dori-darmon bera boshlashgan edi.
Kechasi Olanda ikkimiz bu yog‘iga nima qilish kerakligi haqida allamahalgacha gaplashib yotdik. Ming qilganda ham Arieldan xafa bo‘lishning keragi yo‘q edi. Nima qipti, vagon oynasidan qarasa qarabdi, nimadir, kimdir unga ko‘proq yoqibti, shungayam ota go‘ri qozixonami?! Lekin Letisiya-chi, uni nima jin urdi, nega bunaqa qilyapti, uyda hech kim mushugini pisht demasligini, qattiq-qurum gapirib dilini og‘ritmasligiyu, aybini ko‘rib ko‘rmaslikka olishlariga ishonchi komil bo‘lgani uchun shunday kilyaptimi? Yoki hammasini bilishsa ham, bilmagandek churq etishmaydi, deya o‘ylayaptimi?! Odamzod haddidan oshmasin ekan.
Letisiyaning dasturxon tepasidagi qiliqlari, o‘sha zormanda nomani faqatgina o‘ziga tegishlidek kissasiga solib qo‘yishlari shundan dalolat bermaydimi?! Bunisi endi ortiqcha! O‘sha kuni men yana alag-chalag‘ tush ko‘rib chikdim. Tushimda sahar payti emishu, men son-sanoqsiz temir izlar kesishgan hayhotdek maydonda turgan emishman. Hali chap tomonimdan, hali o‘ng tomonimdan poyezdlar shitob bilan o‘tib qolarmish, mana hozir orqamdan kelayotgan poyezd meni yanchib bosib ketadi, deya qo‘rqarmishman…
Ertalab uyqudan turganimda kechasi ko‘rgan tushimni eslab o‘tirishga imkon ham bo‘lmadi, hojati ham qolmadi, chunki Letisiyaning ahvoli chatoq edi, u hatto birovning ko‘magisiz kiyinolmasdi ham. Uyqudan turganda shu ahvolda ekan… Aftidan kechagi qilmishidan qattiq pushaymon yeb, o‘z yog‘iga o‘zi qovrilib uxlolmay chiqqan bo‘lsa kerak-da. Bizlar birimiz olib, birimiz qo‘yib uning ko‘nglini olishga tushib ketdik: o‘zingni hadeb urintiraverma, toliqqansan, hech qayerga chiqmay bir-ikki kun dam ol, kitobingni o‘qib yot, deya maslahatlar berdik. U e’tiroz bildirmadi-yu, lekin biz bilan nonushta qilgani chiqdi va hatto oyim bilan Ruf xolam xol-ahvol so‘rashganda, “ancha yaxshiman, o‘tib ketdi”, — dedi. Shu alfozda ham Letisiya dam Olandoga, dam menga tikilib qarar edi.
O‘sha kuni chek tashlaganimizda men yutib chiqdim, lekin nima uchundir — negaligini o‘zim ham tushunolmayman — navbatimni Letisiyaga bag‘ishladim. Nega, nima sababdan, farqi nima — bag‘ishladimmi bag‘ishladim, gapni aylantirishning hojati yo‘q. Modomiki, Ariel uni yoqtirar ekan, husni jamoliga to‘ysin… Letisiya, asosan, “haykal” o‘yinini yaxshi ko‘rardi, boshqasiga uncha qiziqmas edi, shu sababli unga osonroq deb biron-bir odmiroq narsa tanladik, bechorani qiynab nima ham qilardik? U xitoy malikasiga o‘xshab turishni lozim topdi. Bu judayam oson edi: xitoy malikalariga monand kaftlarini ko‘ksida qovushtirib, bir ibo bilan yerga boqib tursa bas — xuddi o‘zi-da! Uzoqdan biz kutayotgan poyezdning qorasi ko‘ringan zahoti Olando atay o‘girilib oldi, men esa Arielning faqat Letisiyaga termulib qaraganlarini, poyezd o‘tib ketguncha va muyulishga borib ko‘zdan g‘oyib bo‘lgunicha undan ko‘z uzmaganini ko‘rib turdim! Aniqki, xitoy malikasi timsoliga aylangan Letisiya Arielning intizor termulganlarini ko‘rolmadi. Ammo qaytib majnuntol ostiga kelganimizda uning avzoyidan shu narsani fahmladimki, Letisiya hamma gapdan boxabar va u liboslarini ertalabgacha yechmay xitoy malikasining qiyofasida yurishga tayyor edi!
Chorshanba kuni Letisiyaning talabiga binoan faqat Olanda ikkimizning o‘rtamizda qur’a tashlandi (insof yuzasidan olganda bu odilona talab edi!). Yana Olanda yutdi — juda omadli qiz-da! Ammo-lekin Ariel uloqtirgan noma mening oyoqlarim tagiga kelib tushdi. Avvaliga uni Letisiyaga bermoqchi bo‘ldim, keyin fikrimdan qaytdim, nega hadeb uning ko‘ngliga qarayverishimiz kerak!! Nega? To‘rt buklangan qog‘ozni ochdim, unda Ariel bizlar bilan uchrashish niyatida ekani, shuning uchun ertaga narigi stantsiyada tushib qolib bizning oldimizga kelmoqchiligini ma’lum qilgan edi. Uning dastxati o‘ta xunuk edi, shunga qaramay oxirgi jumlasi bizga moydek yoqib tushdi: “Uchala haykalga alangali salomlar. Ariel B.” Imzosini ko‘rsangiz — aji-buji, lekin shu bilan birga qandaydir o‘ziga xos g‘ayrioddiy edi.
Men ushbu nomani baland ovozda o‘qib berdim, tavba, singillarim talmovsirab og‘iz ochishmadi! Ularning bu turishlaridan achchig‘im chiqdi, Ariel “Ertaga sizlarni ko‘rgani kelaman, — deb tursayu, og‘zingizga talqon solib olganingizni-chi”, — deya jerkib berdim o‘zimcha. Nima qilamiz, nima deymiz, gaplashib olish lozim. Agar Arielning kelishi haqida uydagilar bilib qolishsa yoki Losalardan bittasi ko‘rib, aytib berishsa bormi, ana unda ko‘ring! Ulardan ehtiyot bo‘lish kerak, bu qo‘qilchalar judayam rasvo, g‘arazgo‘y, g‘ayirliklarini aytmaysizmi — voy-voy! Letisiyaning taqinchoqlarini jimgina yechib oldik, indamay savatga soldik va xuddi bir-birimizdan arazlagandek, churq etmay, oq eshik yonigacha bordik.
Ruf xolam Olanda ikkovimizga “Xoseni cho‘miltiringlar” — deb topshiriq berdi-da, Letisiyani ichkariga olib kirib ketdi, Letisiyaning dori-darmon ichadigan vaqti bo‘lgan edi. Olanda bilan yolg‘iz qolgach, nihoyat gaplashib olishimiz uchun imkon tug‘ildi. Odamning ishongisi kelmaydi — Ariel bizni ko‘rgani kelarkan! Nihoyat birinchi marta o‘g‘il boladan do‘st orttiryapmiz-a, xolavachchamiz Tito o‘g‘il bola bo‘lgani bilan bir latta, ovsargina edi, haligacha burni oqib yuradi. Ertangi uchrashuv haqida o‘ylab shunaqayam to‘lqinlanib ketdikki, azbaroyi Xose buning jatiga qoldi. Boshlab Letisiya xaqida Olanda (menga yo‘l bo‘lsin) gap ochdi. Mening boshim qotardi: Arielga bor gapni aytsak, hammasi tamom — bu bir, ikkinchi tomondan yashirishdan nima foyda, baribir bir kunmas bir kun hammasi oshkor bo‘ladi, o‘z baxti uchun birovning baxtini barbod qilmaslik kerak, axir. Lekin qandoq qilsak, Letisiyaning dili og‘rimaydi — mana asosiy masala! Bechora, shundoq ham unga og‘ir, boz ustiga yangi muolaja boshlashgan, buni eshitsa bormi…
Kechkurun bizning deyarli so‘zlashmayotganimizni ko‘rgan oyim hayratdan yoqasini ushladi: “Nima balo, tilingiz tanglayingizga yopishib qoldimi hammangizning?! U Ruf xolamga ma’noli qarab qo‘ydi, ikkovlari ham qizlar bir ishkal qilib qo‘yishganu, shu bois oralariga sovuqchilik tushgan, yuzlari chidamayapti, deb o‘ylashdi, shekilli. Letisiya esa ovqat suzishganda qo‘l ham urmay, “tobim bo‘lmayapti, xonamga borib yota qolay”, degancha chiqib ketdi. Olanda kuzatib qo‘yish uchun o‘rnidan dik etib turuvdi, zo‘rg‘a rozilik bildirdi, men o‘sha zahoti to‘qishga tutindim — judayam hayajonlansam shunaqa, chalg‘ish uchun shu mashg‘ulotga tutinaman. Olanda negadir uzoq qolib ketdi — sabrim chidamay qarab kelmoqchi bo‘ldim lekin andisha qilib bormadim. Nihoyat Olanda qaytib chiqdi, kelib yonimga o‘tirdi, ma’nodor qilib tomog‘ini qirib qo‘ydi, lekin indamadi. Oyim bilan Ruf xolam idishlarni yig‘ib-terib chiqib ketishlarini ochikdan- ochiq kutib o‘tiraverdik. “Ertaga Letisiya hech qayoqqa chiqmas ekan, — dedi Olanda nihoyat yolg‘iz qolganimizda, — meni so‘rasa, manovi xatni berib qo‘yinglar, deya iltimos qildi”. U gapining isboti uchun bluzkasining cho‘ntagini kengroq ochib binafsha rang konvertni ko‘rsatdi. Ko‘p o‘tmay taqsimcha yuvish uchun chaqirib qolishdi-yu, gapimiz chala qoldi. So‘ngra xonamizga kirib bir og‘iz ham gaplasha olmadik, chunki Olandayam, men ham kun bo‘yi asabiylashib, judayam toliqqan ekanmiz, o‘ringa kirgan zahoti dong qotib uxlab qolibmiz.
Ertasiga ertalab meni bozorga yuborishdi-yu, Letisiyani ko‘rolmadim. Tushlikka yaqin hol-ahvol so‘rab qo‘yay, degan niyatda birrovgina oldiga kirgandim, u deraza yonidagi krovatda beholgina yostiqqa yastanib o‘tirar — tizzasida sevimli kitobi “Rokambala”ning to‘qqizinchi jildi yotardi. Uning rang-ro‘yi bir hol edi, shunga qaramay meni xushxandon qarshi oldi va oynaga tinimsiz kelib urilayotgan betayin ari tushiga kirganini kula- kula aytib berdi. Men, “Majnuntollar ostiga sensiz borgimiz kelmayapti”, — dedim. To‘g‘risi, shu gapni aytishga aytdimu lekin ovozim zo‘rg‘a chiqdi… “Agar xo‘p desang, Arielga “Tobi qochib qoldi”, deymiz…” Biroq Letisiya bunga ko‘nmadi. Shunda men sal o‘zimni bosib, uni ko‘ndirishga harakat qilib ko‘rdim; ikki oyogimni bir etikka tiqib olganim yo‘g‘u, lekin, harqalay, ko‘ngil uchun “biz bilan borgin”, deya iltimos qildim. So‘ng “hech narsadan cho‘chima, haqiqiy tuyg‘u odamning yuragida, ko‘nglida bo‘lishi kerak”, deyishga ham botindim. Hatto “Hikmatlar xazinasi” degan kitobda o‘qigan go‘zal va purma’no o‘gitlardan bir-ikkitasini eslatib ham o‘tdim. Biroq Letisiya churq etmadi. Men, ochig‘i, o‘kindim, u derazadan ko‘z uzmas, hozir yig‘lab yuboradigandek o‘pkasi to‘lib o‘tirardi. Oxiri “oyimning ishlari bor edi”, degan bahonada yugura chiqib ketdim.
Tushlik qandoq o‘tdi, bilmayman, Olanda dasturxonga tekkan dog‘ uchun Ruf xolamdan eshitadiganini eshitdi. Taqsimchalarni yuvganimizni ham, oq eshikcha yoniga qanaqa qilib borganimizni ham yaxshi eslolmayman. Qadrdon majnuntol ostiga borgach, boshimiz ko‘kka yetib quvonganimizdan bir-birimizni quchoqlab, yig‘lab yuborishimizga oz qolgani aniq esimda. Olanda basharti so‘rab qolsa, o‘zimiz haqimizda nima deymiz, Arielning hafsalasini pir qilib qo‘ymasmikinmiz, deya tashvishlanardi. Yuqori sinfda o‘qiydigan bolalarni bilasizu, endigina boshlang‘ich sinfni tugatgan, ko‘ylak bichish bilan sutni kuvlab moyini olishdan boshqasini bilmaydigan qizchalarni mazax qilishdan nariga o‘tmaydilar. Roppa-rosa ikkidan sakkiz minut o‘tganda avval poyezdning, keyin hadeb qo‘l siltayotgan Arielning qorasi ko‘rindi, bunga javoban biz “Xush kelibsiz!” deb yozilgan ro‘molchalardan tikilgan shiorimizni baland ko‘tardik. Yarim soatlardan so‘ng, Ariel tepalikdan tushib keldi, — egnida ko‘kish kostyum, u biz o‘ylagandan ko‘ra tikroq edi. Tanishuv marosimi qanday boshlandi, kim avval gapirdi — yaxshi eslolmayman. Ariel judayam tortinchoq ekan, og‘zidan gapi tushib ketardi, shunday ajoyib nomalar yozib, ko‘rgani kelgan odam shunaqa bo‘ladimi?! U dastavval bizning haykal va surat bo‘lib turishlarimizni ko‘rib qoyil qolgani haqida to‘lqinlanib gapirdi, so‘ng ismimizni, nega uch emas ikki kishi ekanimizni so‘radi, Olanda “Letisiya kelolmadi”, degandi, u “Afsus, ming afsus”, dedi va ortidan “Letisiya… judayam chiroyli ekan ismi!”, deya qo‘shib qo‘ydi.
Aloha, sanoat bilim yurti, u yerdagi mashg‘ulotlar, o‘rtoqlari haqida qiziq-qiziq narsalarni gapirib berdi (ana sizga ingliz kolleji!). Oxiri taqinchoqlarimizni ko‘rsatishni iltimos qildi. Olanda xarsangtoshni surib, bor bisotimizni oldi-da, uning oldiga yoyib qo‘ydi. Ariel katta bir qiziqish bilan taqinchoq va bezaklarni tomosha qila boshladi, ora-chora biron bir buyumni sinchiklab ko‘zdan kechirarkan, o‘ziga-o‘zi gapirgandek: “Bir safar Letisiya mana shunga o‘ranib olgandi”, yoki “Buni Sharq malikasi bo‘lganda kiygandi”, deb qo‘yardi.
Bizlar majnuntol ostida o‘tirardik, Arielning afti-angorida mamnuniyat ifodalari zuhur etib turgan bo‘lsa ham, gaplarimizni faromushxotirlik bilan tinglar, odob yuzasidangina shartta turib ketvormayotgani sezilardi. Suhbatimiz hozir tugab qoladigandek tuyulgan lahzalarda Olanda menga o‘g‘rincha qarab qo‘yar edi. Ikkovimiz ham bir xilda qiynalardik, tezroq shu savil qolgur uchrashuv tugasa-yu, tezroq uyimizga ketsak, qayerdan ham tanishgisi kelibdi-ya biz bilan! Ariel yana Letisiyaning salomatligi haqida so‘ragan edi, Olanda mendan ko‘z uzmay turib: “U kelolmadi tamom vassalom” dedi. Men esa hozir hammasini ochiq-oydin aytib beradi, deb kutardim… Ariel cho‘p bilan yerga har xil shakllarni chizar, dambadam oq eshik tarafga qarab qo‘yardi. Hammasi so‘zsiz tushunarli edi, shu sababdanmi Olanda binafsharang konvertni chiqarib Arielga uzatganda quvonib ketdim. Ariel esa avvaliga hayron bo‘lib turdi, buni Letisiya berib yuborganini tushungandan so‘ng, qip-qizarib ketdi va bizning oldimizda ochib o‘qishni istamadimi, konvertni cho‘ntagiga soldi. Shundan keyin o‘rnidan turdi va: “Sizlar bilan tanishganimdan bag‘oyat xursandman” dedi-yu, xayrlashgani qo‘lini uzatdi — uning kafti o‘ta yumshoq, hatto bir qadar irg‘amchiq edi. Biz tanishuv marosimining bunchalik tez tugab qolganiga zarracha achinmadik, lekin Arielning ko‘kish ko‘zlari bilan g‘ayrioddiy tuyulgan tabassumini anchagacha eslab yurdik. Xayrlashayotgan chog‘idagi “Uzr va alvido” degan kalomi ham bizni xayratga soldi. Chunki biz bunaqa so‘zlarni umrimizda eshitmagandik. Uning bu so‘zlari bamisli she’riy misralar kabi betakror va ta’sirli edi. Letisiya bizni bog‘imizdagi limon butasi ostida kutib olgan chog‘da oqizmay-tomizmay hammasini aytib berdik, men to‘lqinlanib ketganimdan bizdan berib yuborgan xatingda nimalarni yozganding deb so‘rashimga oz qoldi, biroq atay konvertga solib, azza-bazza yelimlab so‘ngra Olandaga topshirgan bo‘lsa qanaqasiga so‘rayman — qisqasi botinolmadim, ikki opa-singil birimiz olib, birimiz qo‘yib Arielni ta’riflashga o‘tdik, “Seni so‘rayverib esi ketdi-da o‘ziyam” — deb rosa gelladik. To‘g‘risini aytsam, shunday qilmasak ham bo‘lmasdi — farosati bor odam kosaning ostida nimkosa borligini fahmlaydi, — boshqa ilojimiz ham yo‘q. Lekin bir tomondan yaxshi — Letisiya o‘zini baxtiyor his qiladi, ikkinchi tomondan yomon — shu sabab Letisiya yig‘lab yuborishdan o‘zini zo‘rg‘a-zo‘rg‘a tiyib turardi. Oqibat doimgidek: “Ruf xolamning ishlari bor edi” deya bahona qilib asta qochishdan o‘zga yo‘l topolmadik, Letisiya esa limon butasining yam-yashil, top-toza yaproqchalari ostida asalarilarning tinimsiz g‘o‘ng‘illashi ichra bir o‘zi qoldi.
Kechkurun, yotar oldidan Olanda: “Meni aytdi dersan, ertaga o‘yinimiz tamom!” — deya shipshidi. Uni yanglishdi ham deyolmayman, to‘g‘ri aytdi, deb ham bo‘lmasdi. Ertasiga tushlik chog‘ida endi shirinlik keltirishgandi, Letisiya bizga imo-ishora qilib qolsa-chi?! Ochig‘i dovdirab qoldik. Zum o‘tmay achchig‘imiz chiqdi, yaxshimas, shuyam insofdanmi! Nima bo‘lgan taqdirda ham, idish-tovoqni yig‘ishtirib, yuvib-tozalagach, oq eshik yonida ko‘rishdik-da, uchovimiz temir yo‘l tomonga qanot bog‘lab uchdik. Majnuntol ostiga yetib borgach, Letisiya beparvogina, indamay — holbuki biz ko‘rib sarosimaga tushdik — cho‘ntagidan oyimning bir shoda marvaridi bilan tilla bilaguzugi hamda Ruf xolam ko‘zlariga surib taqadigan yoqut ko‘zli uzukni oldi. Yuragingga balli! Xudo ko‘rsatmasin, chaqmachaqar Losalar sezib qolsa bormi, o‘sha zahoti oyimga oqizmay-tomizmay yetkazishadi — ulardan kutsa bo‘ladi! Ana unda ko‘ring tomoshani! Oyim bilan Ruf xolam bitta qo‘ymay yuladi-ya sochimizni! Ammo Letisiya pinagini buzmasdi, “qo‘rqmanglar, hammaga o‘zim javob beraman”, — dedi-da, yerdan ko‘zini uzmay turib xasta bir ovozda iltimos qildi: “Bugun men haykal bo‘lib tursam maylimi?”. Biz jon-jon deb rozi bo‘ldik, hatto hali ko‘ksimizdagi gina-kudurat ko‘tarilib ulgurmaganligiga qaramay, Letisiyaga mehrimiz tovlanib ketdi, shu daqiqalarda uning har qanday talab- istagini bajo keltirish, ko‘ngliga qarash istagi jo‘sh urardi yuragimizda. Unga eng sara zeb-ziynatlar — tovus patlaridan tortib uzoqdan qaraganda kumush tusda tovlanguvchi tulki mo‘ynasi, sallaga o‘xshatib o‘rasin uchun pushti rang sharfni olib berdik. Bularning bari uydan keltirilgan qimmatbaho tilla taqinchoqlar bilan “yig‘lab^ ko‘rishardi. Letisiya xayol surgancha jim turar, aftidan mo‘ljallagan haykalini qanday aks ettirish haqida o‘y surardi. Poyezdning qorasi ko‘ringanda u tepalikka chiqib oldi, shunda daf’atan butun zeb-ziynat, tilla taqinchoqlari quyosh nurida ko‘zlarimizni qamashtirib yuborgudek yaraq-yaraq tovlanib ketdi. Ilkis u shaxd bilan ikkala qo‘lini azot ko‘tardi-da, boshini bir siltab orqaga tashladi (bechora yon tarafga qimirlatolmasdi, qisqasi, o‘zga iloji ham yo‘q edi!) va novdadek chunonam egildiki, azbaroyi xudo, ko‘rib, chin so‘zim, yuragim orqamga tortib ketdi. U ijod qilgan haykal go‘zal, beqiyos edi. Bu bamisli bir mo‘jiza ediki, odamning ishongisi kelmasdi. Bizlar hatto vagon derazasidan boshini chiqarib ko‘ziga haykaldan boshqa hech narsa ko‘rinmay, tikilib qarayotgan va to poyezd muyulishga singib ketmaguncha Letisiyadan ko‘z uzmayotgan Arielni ham unutib yuborganimizni sezmay qolibmiz. Sababini aytib berolmaymanu, biroq poyezd g‘oyib bo‘lgan hamono Olanda ikkimiz Letisiyaning yoniga yugurdik. U ham ko‘zlarini chirt yumgancha qotib turar, ko‘z yoshlari yomg‘ir tomchilari kabi yonoqlarini yuvib oqardi. U ko‘maklashish niyatida uzatgan qo‘llarimizni ohista, beozorgina qaytarib, tepalikdan o‘zi tushdi. Kimmatbaho taqinchoqlarni yechib cho‘ntagiga soldi-da, churq etmay, shalviragancha uyimiz tarafga keta boshladi. Bizlar uning ortidan lolu hayron qarab qoldik. So‘ng oxirgi marta Letisiya yaxshi ko‘rgan zeb-ziynatlarni qutiga solib joyladik. Endi bu yog‘iga nima bo‘lishini ko‘nglimiz sezardi, shunga qaramay ertasiga biz Ruf xolamning “Shovqin solmanglar, Letisiyaning tinchi buziladi”, deganlariga ortiqcha ahamiyat bermay, majnuntollar o‘sgan saltanatimiz sari yugurdik. Bechora Letisiya tobi qochib yostiqtsan bosh ko‘tarolmay yotardi. Qizig‘i, poyezd yonimizdan o‘tayotgan mahal ikkinchi vagonning derazasi yonida hech zog‘ ko‘rinmaganiga qilcha ham ajablanmadik. Bir-birimizga ma’nodor qarab kulimsirab qo‘ydik. Lekin yashirishdan nima foyda bir jihatdan.
Olim Otaxon tarjimasi