Men o‘tinchiman. Ismimni aytganim bilan, baribir, hech kim tanimaydi. Men dunyoga kelgan va shu yerda olamdan o‘tadigan kulbam o‘rmon chekkasida joylashgan. Aytishlaricha, o‘rmonning bir tomoni butun quruqlikni qoplab, menikiga o‘xshash yog‘och uylar suzib yuradigan dengizga borib taqalar ekan.
O‘rmonning narigi tarafini ko‘rmaganman. Akam bolaligimda meni ikkovlashib o‘rmondagi daraxtlarni bitta qo‘ymay kesib bitirishga qasam ichishga majbur qilgandi. Akam allaqachon olamdan o‘tib ketgan, men esa hamon bir narsani izlayapman va uni sirayam xayolimdan chiqara olmayapman.
Quyoshbotar tomondan oqib o‘tadigan kattakon daryodan qo‘lim bilan baliq tutishga urinaman. O‘rmonda bo‘rilar izg‘ib yurishadi. Ammo men bo‘rilardan qo‘rqmayman: boltam shu paytgacha menga pand bermagan. Umrimning o‘tayotgan yillarini hisoblamayman, necha yoshga kirganimni bilmayman ham, ammo anchagina qarib qolganim aniq. Ko‘zlarim xiralashgan. Yo‘lda adashib qolishdan qo‘rqib, oyoq bosmay qo‘ygan qishloqda meni xasis deb o‘ylashadi, xasis emasman, o‘tinchining topgan puli nimayam bo‘lardi.
Kulbamga qor kirib ketmasligi uchun eshikka tosh tirab qo‘yaman. Bir kuni oqshomda og‘ir qadam tovushlarini eshitdim, keyin eshik taqilladi. Eshikni ochib, notanish bir yo‘lovchini ichkariga kiritdim. Baland bo‘yli, keksa bu odam katak yomg‘irpo‘shga burkanib olgandi. Yuzini chandiq kesib o‘tgandi. Aftidan yillar ham uning qaddini ega olmagan, kuch-quvvati joyidaga o‘xshaydi, ammo men uning hassasiz yurishga qiynalishini payqadim. Biz bir-ikki og‘iz gaplashdik. Nima haqida gaplashganimiz esimdan chiqib ketdi. O‘shanda u to‘satdan:
– Mening uy-joyim yo‘q, to‘g‘ri kelgan yerda tunab yuraman. Butun Saksoniyani aylanib chiqdim, – dedi.
Bu nom meni ajablantirmadi. Chunki otam hozir hamma “Angliya” deb ataydigan Saksoniya haqida ko‘p gapirardi.
Menda non va baliq bor edi. Kamtarona kechki ovqatimni birgalikda jimgina yeb tugatdik. Yomg‘ir kuchaydi. Yo‘lovchi yotishi uchun bir vaqtlari akam jon bergan joyga po‘stak to‘shab berdim.
Ertasi kuni uydan chiqqanimizda kun yorishib ketgandi. Yomg‘ir tingan, yerni qor qoplab olgandi. Mehmon qo‘lidagi hassasini tushirib yubordi. U menga hassasini olib berishimni buyurdi.
– Nega menga buyruq beryapsiz? – deb so‘radim men.
– Chunki, – dedi u, – men hali qirolman!
Men uni jinni deb o‘ylagandim. Ammo bahslashgim kelmadi, indamay hassasini olib berdim.
U biroz tinchlanib, bosiqroq ohangda dedi:
– Men sekgenlarning qiroliman. Ming martalab ularni og‘ir janglarda muzaffarlikka boshlaganman, ammo vaqti-soati kelib, qirolligimdan ayrildim. Ismim – Izern, asli Odin naslidanman.
– Hech qanaqangi Odinni tanimayman, men faqat Iso alayhissalomni tan olaman, – to‘ng‘illadim men.
U gaplarimni eshitmayotgandek, so‘zlashda davom etdi:
– Mana endi quvg‘indi bo‘lib yuribman. Shunday bo‘lsa-da, hozircha – qirolman, chunki medal hamon mening qo‘limda. Uni ko‘rishni istaysanmi?
U musht qilib olgan qoq suyak qo‘lini ochdi, ammo kaftida hech narsa yo‘q edi. Shundagina men u chap qo‘lini hatto uxlayotganida ham musht qilib olganiga ko‘zim tushganini esladim.
U menga tikilib dedi:
– Ushlab ko‘rishing mumkin.
Men xavfsirabgina uning kaftiga barmog‘imni tekkizdim – qandaydir muzdek narsani sezdim. Nimadir yaraqlab ketdi. Qirol qo‘lini darrov musht qilib oldi. Men miq etmadim. U xuddi bolaga uqtirayotgandek, hijjalab tushuntira boshladi:
– Bu – Odinning medali. Uning faqat bitta tarafi bor. Undan bo‘lak dunyoda boshqa bironta ham orqa tomoni bo‘lmagan narsa yo‘q. Bu medal mening qo‘limda ekan, qirolligimcha qolaveraman.
– U oltindanmi? – deb so‘radim men.
– Bilmayman. Bu – Odinning medali. Faqatgina bitta tomoni bor, xolos.
Shu paytda negadir judayam o‘sha medalga ega bo‘lgim kelib qoldi. Agar u meniki bo‘lganida edi, uni bir dunyo oltinga sotardim va qirol bo‘lib olardim.
Men o‘zim shu paytgacha nafratlanib kelayotgan bu daydiga:
– Kulbamga oltin tangalar to‘ldirilgan sandiqni yashirib qo‘yganman. Agar menga Odinning medalini bersang, o‘rniga senga o‘sha sandig‘imni berardim, – deb taklif qildim.
U qat’iy ohangda:
– Bermayman, – dedi.
– Bermasang yo‘lingdan qolma! – dedim men.
U o‘girildi. Gandiraklab, yuztuban yiqilishi uchun boltamning bittagina zarbi yetarli bo‘ldi. U yerga yiqilgani hamoni kafti ochilib, yorqin uchqun chaqnaganini ilg‘adim. Men bolta bilan daraxtga belgi o‘ydim va uning jasadini ilgari hozirgiga nisbatan anchagina chuqur bo‘lgan daryo tomon sudrab ketdim. Uni suvga uloqtirdimu, ortimga qaytdim.
Uyim yoniga qaytib, o‘sha medalni izlay boshladim. Ammo topa olmadim. Shundan beri uni izlash bilan mashg‘ulman…
Ingliz tilidan Gulnoz Tojiboyeva tarjimasi