Sen qora kunlarda dunyoga kelganding, bu qismat ijodingga alamli, tushkun kayfiyat, g‘amgin ohanglar baxsh etdi. Oqibatda mungli qo‘shiqlar kuychisiga aylanding, boshqacha bo‘lishi mumkin ham emasdi, negaki, tole senga shuni ravo ko‘rgan. Endi ayt-chi menga, ko‘ngli vayron, dili xun mashshoqning sho‘x-shodon qo‘shiqlar, tantanavor, ulug‘vor madhiyalar aytishi mumkinmi?! Alalxusus, butun ilhoming, ijoding tugul, ko‘z yoshlaring, yurak tuyg‘ularing va hatto e’tiqodingni shu yo‘lga fido qilding. Yoshligingni nisor etding.
Odamlar dardi haqida, g‘am va o‘lim haqida qo‘shiqlar kuylading. Har qanday go‘zallik va nafosatning kushandasi, ezgulik va saxovat gullarini so‘ldiruvchi, tong shafag‘i, oydin tushlar sokinligi, xokisor inson qalbining ulug‘vorligini beorlarcha shafqatsizlik bilan g‘orat etuvchi manfur o‘lim haqida g‘amgin-g‘amgin marsiyalar aytding. Endigina kuz uqalay boshlaganda nobud bo‘lgan nihollarga bag‘ishlab qo‘shiqlar yaratding.
Poymol bo‘lgan muhabbat, ushalmagan orzular haqidagi nolalar yuragingdan qo‘shiq bo‘lib otilib chiqdi. G‘amgin kuylaring qabr toshlariga behol tirmashgan mash’um chechaklar kabi odamlar yuragini larzaga solardi. Holbuki, sen o‘zgalar dardi bilan yasharding.
Vodarig‘, bir xayrixoh, hamdard topilmadiki, seni yoqlaydigan, aksincha, odamlar senga ishonishmadi; zotan, ularning nazarida bunga tamomila haqli edilar. Ular ko‘z yoshlaringni beta’sir, dardu hasratlaringni yolg‘on, his-tuyg‘ularingni soxta, deb topishdi, negaki, sen bularni boshdan kechirmagansan, to‘qigansan, xolos. Modomiki, san’atkor boshidan kechirmas ekan, u yaratgan kuy-qo‘shiqlar samimiy emas, deyishardi.
Ular bu fikrlarni asoslash uchun qiyinchilik ko‘rmagan, hayotning achchiq-chuchugini tatimagan bir o‘smir xalqning g‘am-alamini qaydan bilsin, deyishardi. Ba’zilar boshingga tushmagan bo‘lsa, judolik alamini tabiiyki ta’sirchan va haqqoniy ifoda etishing amrimahol, deya taskinbaxsh so‘zlar ham aytishardi. Yana kimlardir ijro etgan qo‘shiqlaring musiqasi notayin, nolalaring soxta, ohang buzuq deb jar solishardi.
Ular bamisli dudama xanjarning o‘tkir tig‘i ko‘ksingni qanday yorib kirayotgani va yuragingni jarohatlashini ko‘rmoqchi bo‘lardilar, shekilli. Sendan qonga belangan yuragingni changallab qah-qah urayotgan masxaraboz singari kulishingni talab qilishardi. Hatto qo‘yib bersang, yuragingga hech narsa sig‘may, qalbing bir dam bo‘lsin halovat va tinchlikka zor bo‘lgan chog‘da ham masrur va sho‘x qo‘shiqlar bilan ko‘ngillarini ovlashingni amr etishdan ham toymaydigan kunlar bo‘ldi. Shunda sen nima qilding? Ularning talabini ado etishdan o‘zga chora topolmading! Sho‘x-sho‘x qo‘shiqlar bilan ularning ko‘nglini olding. Biroq kunlardan bir kun kuy avjiga chiqqanda skripka torlari chirt etib uzildi. Cholg‘uning ijrosi taqqa to‘xtadi, shodiyona bir onda barham topdi.
Sen avomning ra’yini qaytarmaslik uchun astoydil xursandchilik qilaman, deganingda odamlarning chinakam qayg‘usiga duch kelding, bedavo hasrat endi senga ta’sir etmay qo‘ygan davrlar kelgan edi, biroq sening boshingga ham g‘am, musibat keldi.
Qo‘rqinch to‘la o‘sha tun yodingdami?
Bechora kasalmand onalarining boshi uzra turgan kampirning tutqichi qayirma hassasini ko‘riboq o‘takalari yorilgan to‘rt nafar bolaning oqarinqiragan yuzini eslay olasanmi? Hali sovib ulgurmagan onaning vujudiga malham bo‘lish uchun uzatilgan nimjongina sakkizta qo‘lchani-chi?
Esingda bo‘lsa, ko‘z oldingga keltir: jon talvasa ichida, lekin ko‘zlarda zuhur etgan fikr yolqini so‘nmagan, qaqragan lablar bir nimalar deyishga shaylangan. Biroq o‘sha lablar orasidan “uh” degan tovush chiqdiyu, so‘nggi daqiqalar – intiho yaqinligidan darak berdi.
Hali nur so‘nmagan ko‘zlar – nuridiydalariga bir umr mehr bilan boqqan ko‘zlar javdirab bolalarini izlaydi, vidolashuv onlarida ularni yana bir bor erkalagisi keladi. Bu ko‘zlarda aks etgan yashash istagi so‘nmagandi. Kunlar, yorug‘lik, quyoshga hali mushtoq edi bu ko‘zlar! Koshki, shu chekkan azob-uqubatlari evaziga hayoti davom etsa, nasibasi uzilmagan bo‘lsa!..
Kechagi kunni yodingda tut! Keyin-chi, keyin nimalar bo‘lgani esingdadir?! Uy sovuq, tashqari undan ham sovuq, zamharir aqrabning dildiragan kunlari…O‘choqdagi cho‘g‘larni kul bosgan, bir chekkasida ana-mana o‘t oladigandek bir hovuch cho‘g‘ qirmizi uchqun sochmoqda. Uning haroratida kaftlarni isitish amrimahol.
Motamsaro uyning narigi chekkasini qoplagan zulmat yuraklarga qo‘rquv soladi. Kechagina bu kulbada hayot qaynardi, charog‘on kunlar ko‘ngillarda umidbaxsh, najotbaxsh orzu-istaklar uyg‘otar edi. Mana shu uy sohibasidan ayrildiyu, hammayoqni zulmat qopladi.
Ba’daz hayot chechaklari so‘ldi, bolalarning quvnoq kulgilari eshitilmay qoldi. Onaning quyosh haroratiday mehriyu, quyoshning ona mehriday jonbaxsh harorati kirmagan uyni rutubat, zax havo, suyaklarni qaqshatuvchi sovuq egalladi.
Bunga nima deysan?
Oilamiz boshiga tushgan musibat, qaro kunlar haqidagi hikoyamni davom ettiraymi yana, ukajon? Sening tosh qotayozgan diydangni yumshatishning chorasi bormikan?! Allaqachon unutilgan taronalarga jon bag‘ishlash uchun nima qilish kerak yana? Javob ber, dardlarimga sherik bo‘l, befarq qolma!
Ko‘ngil qabristoniga o‘zing dafn etgan his-tuyg‘ularga jon ato et, skripkani qo‘lingga olib shunday nola qilginki, unutilgan g‘amgin navolar tong nurlari kabi yana olamni tutsin! Marhum otang ruhini biron-bir mungli madhiya bilan yod aylab qo‘ysang yomon bo‘lmasdi, har holda uning pushti kamaridan bo‘lgansan.
Olislardan olis Albaniyadan jo‘natilgan maktub ummonlar va tog‘lar osha yetib kelgani bilan foydasi bo‘lmadi. Hatto qalbi o‘ksik singilning dastxatini ko‘rganda ham uning yuragida g‘amgin qo‘shiqlar uyg‘onmadi, uzoq va begona yurtda yashayotgan kuychining tosh qotgan ko‘ngli yumshamadi.
Qolaversa, allaqachon yangramoqdan to‘xtagan ko‘ngil torini sozlashga ishtiyoq bormidi? Qayoqda, o‘tmishda jo‘sh urgan tuyg‘ulari, zavqi, g‘ayrati zavol topgan va u o‘zining layoqatiga ishonmay qo‘ygan edi. Xullas, qo‘shiqlarga kuch, ohang bag‘ishlagan qalbdagi ilhom chashmalari qurib bitgandi. Uning bir misqol g‘ayrati, oniy hayajoni bo‘lsa ham faqat ichkilik tufayli edi.
Nogahon… Ichkilik sabablimi yoki ming qilganda ham shu xat yoki zaifgina jonlangan xotiralar ta’siridami, hofizning ko‘zlarida yosh halqalandi. Yirik marvarid donalaridek tiniq tomchilar yonoqlarini kuydirib, lablariga oqib tushdi.
Shunda uning qarshisida hamsuhbat bo‘lib o‘tirgan ayol ojiz, ehtimol, taqdir zarbalariga dosh berolmay bukilib qolgani bilan boshqalarga o‘xshamaydigan g‘alati va iste’dodli inson bilan o‘tirganini his qildi. Darhaqiqat, bu jamiyat tushunmay yanchib tashlagan va shu lahzalarda o‘zining zoye ketgan yoshligi, armon to‘la hayoti hamda xazon bo‘lgan umr bahorini eslab, o‘ksib-o‘ksib yig‘layotgan inson betakror qo‘shiqchi va benazir bastakor edi…
Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 11-son