Dushanba kuni ishda emasdim. Ertalab barvaqt turib nonushta qilganman. Ishga jo‘nashim ham mumkinku-ya, o‘tgan shanba kaminaning dumini tugishdi. Hali ota-onamga bu haqda aytganimcha yo‘q. Kulbamizda, ularni ham hisobga qo‘shsak, o‘n bir jonmiz – birov gapingni eshitishini istasang, balandroq qichqirishingga to‘g‘ri keladi.
Haydalishimga ustamiz aybdor. Meni jini suymasdi. Ust-boshim toza, ozoda bo‘lishini xush ko‘raman. Bu mening odatiy ishim. Zavodda ishlaysan degani mo‘ri tozalovchidek yurishing kerak degani emas-ku, to‘g‘rimi? Ustimda gard yuqmagan ishchi kiyim, sochim tekis taralgan bo‘lishini yoqtiraman. Bunga haqqim bordir?! Yo‘q, bu shilqim masxaralashga imkon topdi deguncha menga yopishadi, yo “yalab-yulqangan oqbilak”man, yo “qo‘tir olifta”. Ustiga-ustak moldek baquvvat, shuning uchun bir muddat sassiq gapiga chidashga to‘g‘ri keldi. Juda yomon ko‘rganidan mazax qiladi deb bo‘lmaydi ham. O‘zi tovuqdek befahm, buning ustiga kuchini ko‘rsatgisi keladi-da.
Nihoyat, pichoq suyakka qadalib, o‘tgan shanba kuni uni belkurakning sopi bilan boplab tushurdim. Bunday qilmasligim kerak edi. Lekin boshi yorilmadi, toshday qattiq ekan. Ammo kaminaning sho‘riga sho‘rva to‘kildi, men bilan hisob-kitob qilingach, tomoshaga yig‘ilganlarning birortasi jillaqursa achinib ham qo‘ymadi.
Bunday xabarni yaqinlaringga yetkazishdan og‘iri yo‘q. Ayniqsa, ularning dardi-fikri pul bo‘lsa. Yigit kishi, mayli-da, yoshi o‘n to‘qqizda bo‘lsin, or-nomusi bo‘lmog‘i, o‘sha oriyat uchun kerak bo‘lsa turib berishi lozimligining ularga qizig‘i yo‘q, tushunmaydilar.
Otamdan nolimayman, yaxshi odam. Tinchgina ishiga borib-keladi, yuvinib oqshomni pivoxonada, og‘aynilari davrasida o‘tkazadi. Ba’zan, nomiga bir-ikki krujka ichadi-yu, baqirib-shang‘illab hovurini bosadi.
Onamdan ham nolimayman, ammo shunday to‘dadan chiqarkansan, avvalambor uni dunyoga keltirish hammaning ham qo‘lidan kelavermasligini tushunasan, undan keyin olov qarshisida, allakimning omadsizligi, bebaxtligi to‘g‘rida valaqlashishga bir muddat vaqt topib ko‘r-chi. Nimani aytayotganimni tushunib turgan bo‘lsangiz kerak?
Rosti, zavodda ishlayman deb o‘lib turganim yo‘q edi. Maktabning boshlang‘ich sinfini bitirgach, kaminaga stipendiya tayinlashdi. Shundan so‘ng bir necha yil ikkinchi bosqichda o‘qidim, ammo alal-oqibat o‘qishni yig‘ishtirishga, ishlashga majbur bo‘ldim. Uyga pul kerak edi. Men kabilarga stipendiya berish befoyda, buning uchun o‘g‘lining qo‘liga qaray boshlagan ota-onaga ham yana bir stipendiya tayinlashga to‘g‘ri keladi. Xullasi kalom, o‘qish peshonamda yo‘q ekan. O‘rnini to‘ldiraman deb kutubxonaga qatnaydigan, allaqancha kitoblar varaqlaydigan bo‘ldim, lekin bunday o‘qish kishiga hech narsa bermaydi. Boshi-keti yo‘q mutolaa, qarabsanki, miyang g‘ovlab ketadi. Bu daryoga poxolpoya solib chanqoq qondirishdek gap. Do‘stlarim meni “Tolibi ilm” deb chaqirishar, o‘qishga bo‘lgan havasim uchun hurmat qiladigandek tutardilar o‘zlarini. Bu kulgi uchun edi, xolos. “Bilimdonligim” qayergacha borishini o‘zim yaxshi bilardim, shu bois jiddiy o‘qishni orzu qilardim. Ammo bu tarafdan tole kulmasligi aniq, bunga ishonchim ham qolmagan. Otam va mening topayotgan moyanamiz uydagi bola-baqrani boqishga, kiyintirishga arang yetardi. Mana, bugundan e’tiboran ro‘zg‘orni tebratadigan otamning o‘zi bo‘lib qoldi.
Oxiri shahar tashqarisiga sayrga chiqishga qaror qildim. Ochiq havoda aylansam yomon bo‘lmasdi, bundan tashqari, biroz vaqt ham o‘tardi. Hozir kim aylangani chiqadi, deysiz. Poyabzalingdan chayon chiqadigandek, go‘yo. Kino, raqs – boshqa masala, lekin aylanishmas bu – kun bo‘yi shaharning u yog‘idan, bu yog‘iga yugurasan, borib-kelaverasan, buni sayr deb ham bo‘lmaydi.
Tangrining marhamatini ko‘ring – ko‘kda oftob charaqlaydi. Dengiz kun tig‘ida chayqaladi. Huv, ko‘rfazning narigi tomonidagi do‘ngalaklar tuman ortida qizarinqirab ko‘rinadi. Notabiiy manzara: dushanba, buning ustiga ertalab, men esa dengiz yoqasidagi xiyobonda sayr qilib yuribman. Ana, kampirlar cherkovga, tonggi ibodatga ketishmoqda, ertaroq qaytgan chollar esa kuchuklarini aylantirgani olib chiqqanlar, bir-ikkitasi yog‘och o‘rindiqqa o‘tirvolib chilim chekmoqda. Meni esa vijdon qiynaydi, o‘zimni yeyman.
Hozir dengiz bo‘yida o‘ralashib yurishim emas, ishda, dastgoh ustida bo‘lishim, dushanba tonggidan peshona teri to‘kib pul topishim kerak edi. Xayr, mayliga, yonib kul bo‘lmaydimi. Qumloq tomonga sakrab o‘tdim, dengizga mayda tosh otdim. Yassi tosh uchratsam, ularni silliq suv sathi ustiga irg‘ita boshladim, qaysi biri necha marta suv ustida sakraganini sanadim. O‘n bir martadan u yog‘iga o‘tmadi. Ko‘p o‘tmay atrofdagilar menga g‘alati qaray boshlaganini his qildim. Erta nahorda norg‘il yigitning sovuq sohilda daydib yurishiga balo bor ekanmi? Yo shu yerda ishla, yo bu yerdan pul topgani ket. Shundog‘am, bir qarashda badavlat xonadon erkatoyi emasligim usti boshimdan sezilib turibdi.
Odamdan xoliroq joyga o‘tishdan bo‘lak ilojim qolmadi, qarab tursam, qarshimdagi uy va do‘konlar oynavand ko‘zlari bilan menga teshib yuborgudek qarashyapti.
Xiyobondan o‘tib, dengiz yoqalab ketgan yo‘lka tomon burildim, daraxtzor va chuqur soylikdan o‘tdim – goh pastlab, goh tepalab ketaverdim, ko‘prik panjarasiga suyanganimcha silliq toshga urilib oqayotgan zilol suvga tikilib zavqlandim. Daraxtzor o‘rtasidagi yalanglik – sayhonlik yer ko‘rinib turibdi. O‘sha tomonga o‘tging keladi, qani endi yalanglikda, maysa ustida o‘zingni quyoshga toblab yotsang, yotaversang. Ammo shu ondayoq daraxtlar ortidan mallarang, semiz govmish chiqib keldi-da, hammayoqni rasvo qildi. Kulgim qistadi. Yana yo‘lga tushdim.
Oyog‘im qattiq og‘riy boshladi. Bir muddat to‘xtab, uvishib qolgan barmoqlarimni uqalab qo‘yishga to‘g‘ri keldi. Hozir jon deb oyoqlarim qadoq bo‘lib ketguniga qadar yalangoyoq yugurgan bo‘lardim. Yo‘qsillik shunga majbur etadi-da. Hozirgi bolalar oyoqyalang ko‘chaga chiqqandan ko‘ra o‘lib qo‘ya qolgan ma’qul deb biladilar. Odamlar buncha tez katta bo‘lmasa, buncha olg‘a intilmasa… Buni qarang-a, xuddi yuzga yetgan choldek javrayapman-a!
Sal naridagi qumloq sohilga ko‘zim tushdi, o‘sha tomonga ketdim. Biror zog‘ ko‘rinmaydi, qum ustida g‘ildirakdan qolgan chuqur ariqchalar, oftob taftida qizigan katta-kichik xarsanglar, ular o‘rtasidan ilonizi bo‘lib o‘tgan qishloq yo‘li aylanib-aylanib dengizga olib borardi. O‘ng‘ay joy, buning ustiga qumloq – oyog‘am maza qiladi.
Sohilga yaqin yerda mayda-mayda toshlar ko‘p. Dengiz o‘tlarining yoqimli isi dimoqqa uriladi. Qumloq oxiridagi usti maysa bilan qoplangan qoyada qo‘y-qo‘zi o‘tlab yuribdi. Juda menbop joy ekan deb o‘yladim va o‘sha tomonga yo‘l oldim.
Yarim yo‘lni bosib o‘tarkanman, men va chag‘alaylardan bo‘lak biror jon yo‘q, degan o‘y miyamga urilgandi hamki, xarsang ortidan bir qiz chiqib qoldi, sal qolsa menga to‘qnashib ham ketayozdi. Aftidan, poyabzali va paypog‘ini yechib qo‘ygani tosh ortiga o‘tgan, qum ustida yuguraman deb shoshib chiqqan chog‘i.
– Voy, kechiring, – dedi u biroz dovdirab.
Qizning oyoqlari mittigina, oyog‘i ostidagi qumdek oppoq edi. Menga tikilib turibdi-yu, yuzida qo‘rquv. Xo‘p, mayli, menga o‘xshagan odamni qumloqda ertalabdan uchratish g‘alatiroqdir. Ammo, qizi tushmagur meni kim deb o‘ylayapti? Ust-boshimdan unga tashlanib zo‘rlaydigan kishiga o‘xshaymanmi? Juda dilbar qiz ekan, nari borsa o‘n yetti yoshlardadir. Do‘kon oynasi oldiga qutisi bilan qo‘yiladigan qo‘g‘irchoq oyimchalarning xuddi o‘zi: qorasoch, yuzi yumaloq, ko‘zlari shahlo, qop-qora kipriklari qalin va uzun. Ustiga oq kofta va qora nimcha bilan hurpayma qat-qat yubka kiyib olgan. Bularning barini bir ko‘z tashlaganimda bilib oldim. Qizga bir-ikki iliq so‘z aytgim keldi, ammo yuzidagi hurkak qo‘rquv boisidan o‘zimni bosdim.
– Ming bor uzr, oyimqiz, – dedim va unga qaramay qoya tomon ketaverdim. Bular buncha tez xulosa chiqarishadi, deb o‘yladim, ust-boshingga, gap-so‘zingga qarab darrov “xavfli” yoki “quyi nasabdan” degan yorliqni yopishtiradilar-qo‘yadilar. Avval bir-ikki og‘iz gaplashib ko‘r!
Oradan besh daqiqalar o‘tib, qoya cho‘qqisiga chiqib, cho‘zilgancha ko‘m-ko‘k osmon, oppoq parqu bulutlarni tomosha qilib yotardim. Ko‘zim ilinibdi. Birdan qulog‘imga qichqiriq tovushi chalindi. Avvaliga chag‘alay deb o‘yladim, ularning bolalarga o‘xshab qichqiradigan paytlari bo‘ladi. Boshimni ko‘tarib pastga qaradim. Qiz o‘tirvolgancha tovonini ushlagan, shunday uzoqlikdan ham qumloqdagi qirmizi dog‘ ko‘zga tashlanib turibdi. Oyog‘ini kesib olganga o‘xshaydi. Xo‘sh, nima qipti? Avvaliga joyimga qaytib yotmoqchi ham bo‘ldim, qarasam, qiz men tomon tikilib turibdi, chidab turolmadim. O‘rnimdan turib, tezda qoyadan tushdim, to‘siq ustidan sakrab, qumga o‘tib oldim. Qizning yuzi bo‘zdek oqarib ketgandi, nozik qo‘llari bilan tovonini siqar, barmoqlari orasidan esa qon sizardi. Tiz cho‘kib oyog‘iga qaradim. Tovonini yaxshigina kesib olgandi.
– Nima bo‘ldi? – so‘radim qizdan.
– Siniq shishani bosib oldim, – dedi u. – Juda yomon kesilibdimi?
U hozir qattiq qo‘rquvda edi, kamida uchta chok tushadi.
– Vahima qilishga arzimaydi, – dedim. – Ko‘rinishidan yomonga o‘xshaydi. Ikki-uchta chok bilan tikib qo‘yishadi, xolos.
– Qon ketishidan o‘lib qolmaymanmi? – deya so‘radi u yana.
To‘g‘risi, boshini silagim keldi.
– E-e, yo‘q, – dedim. – Bundan ko‘pam xavotir olavermang. Yaxshisi, keling, sizni suvga eltay, jarohatni yuvishimiz kerak.
Uni ko‘tarib oldim. Qushdek yengil ekan, qarshilik qilgani yo‘q. Suv tomon ketarkanmiz, qum ustida ortimizdan qonli dog‘ uzayib kelaverdi. Suv bo‘yiga o‘tqazdim-da, cho‘ntagimdan toza dastro‘molchani chiqardim, suvi tozaroq joy topib yarani yuvdim. Jarohat chuqur edi, chetlaridan qon tinmay oqardi. Rosti, buning yaxshi tarafi ham bor. Qizga ho‘llangan dastro‘molimni berdim.
– Oling, qo‘lingizdagi qonni artvoling, – dedim. U indamay qo‘lini artishga tushdi. Hali ham o‘ziga kelmagan, yuzi oppoq, tinmay titrardi. – Bu nimasi, ilgari biror joyingizni kesib olmaganmisiz deyman? – deb so‘radim.
– Zirapcha, tikan tilgani bo‘lardi, – dedi u, – bunaqasi birinchi marta.
– Buni vahima qiladigan yeri yo‘q, boshingizni og‘ritmang, – dedim. – Lekin nima bo‘lganda ham katta yo‘lga chiqsak, shifoxonaga tashlab qo‘yadigan birontasi topilib qolar.
– Sizga rahmat, juda rahmdil odam ekansiz, – dedi qiz.
Dastro‘molni olib dengiz suviga chayib tashladim va qizning oyog‘ini qattiq bog‘lab qo‘ydim. Og‘rigani bilindi, qizning nafasi qaytganini sezdim, ammo nima ham qila olardim, bog‘ich mahkam bo‘lishi kerak.
– Poyabzal va boshqa narsalaringiz qayerda? – deb so‘radim.
– Anavi xarsang ortida, – dedi u qo‘li bilan ko‘rsatarkan. Men uni suv bo‘yida qoldirib, o‘sha yerga ketdim. Kichkina tuflichalar ichida paypoq. Ularni olib qizning oldiga qaytdim.
– Endi sizni ko‘tarib olaman, – dedim.
– Juda og‘ir bo‘lsam kerak? – dedi qiz.
Ko‘tardim, u parday yengil edi.
– Bo‘ynimdan ushlab oling, – dedim unga. Qiz qo‘llarini bo‘ynimdan o‘tkazib olgandi, ko‘tarib ketish yanada yengillashdi. – Men sizga qirol haqidagi ertakni aytib beraman. Xullas, o‘zingiz bilganingizdek, bitta qirol bo‘lgan ekan, u mohir ovchi ekan va hamma uni alqab-maqtashini istarkan. Bir kuni saroydagi xotinlardan biri kim ko‘p mashq qilsa, har kim o‘z istaganidek bo‘la oladi, deb qo‘yibdi. Qirol g‘azablanib, o‘rmonchiga xotinni o‘ldirib yuborishni buyuribdi. O‘rmonchining bunga qo‘li bormabdi, xotinni o‘rmon ichkarisidagi kulbasiga berkitibdi. Xullas, kulba devoriga bir narvon qo‘yilgan ekan, ayol har kuni yelkasida bir buzoqchani ko‘tarib o‘sha narvonga chiqib-tushaverarkan, chiqib-tushaverarkan. Kun o‘tgani sayin ko‘targan yuki ham og‘irlashib boraveribdi va nihoyat, o‘sha buzoqcha katta novvosga aylanibdi, ammo ayol har kuni tinimsiz novvos bilan hech bir qiyinchiliksiz narvondan chiqib-tushaverarkan. Bir kuni shu atrofdan o‘tib ketayotgan qirol xotinni ko‘rib qolibdi va bekorga manmanlik qilganini tushunib yetibdi.
– Bu nimasi? Demak, men buzoq ekanman-da? – dedi qiz. Kulib yubordim. Uning yuziga ham qon yugura boshlagandi.
– Nega unday deysiz, – dedim, – shunchaki aytdim-qo‘ydim-da.
– Tez-tez qizlarni qo‘lda ko‘tarishingizga to‘g‘ri kelsa kerak, a? – dedi qiz ko‘zlarini pirpiratib.
– Siz birinchisisiz.
– Qondan ham qo‘rqmaysizmi?
– Oyog‘imga o‘n to‘rtta chok tushgan, – dedim pinagimni buzmay.
– Nima qilgandi?
– Dastgoh buzilib qolgandi, – dedim. – Shu ham gapmi, ko‘chamizdagi bir tanishimning badaniga qirq sakkizta chok tushgan.
– Qirq sakkizta! – qizning hayratdan og‘zi ochilib qoldi. Men, albatta, tanishim buncha chokni ichkilikbozlikdan keyingi shisha jangidan orttirib olganini aytib o‘tirmadim.
– Ha-da! – dedim. – Sizning tovoningizga esa bir yo ikkita chok tikiladi, vassalom. Xavotir qilishga arzimaydi ham.
– Albatta, – dedi qiz. – O‘lamanmi deb qo‘rqib ketuvdim. Tentakman, a? Yaxshiyam yonimda siz bor ekansiz!
Bilasizmi, shu kungacha o‘zimni bunchalar yaxshi his etmagandim. Men uni kuldirardim, qiz yarasini unutdi, aslida hozir jarohat joyi achishib og‘riy boshlagan bo‘lishi kerak edi. Men unga kichik singillarim, ukalarim, ularning hunarlarini bir-bir gapirib ketaverdim. Qizning aka-singillari yo‘q ekan, men bilan ancha yaqin bo‘lib qoldi. Men, xuddi quyosh vaqtida botib-chiqqandek, hayotda biror narsa bekor emasligiga, hamma narsaning o‘z vaqti-soati borligiga ishona boshlagandim. Hozir barini tushunib qoldim, nega meni ishdan haydaganlarini, ko‘nglim nega biror zog‘ o‘ralashmaydigan joylarga tortganini, nega xijil bo‘lib allanimani kutganim, izlaganimni payqadim. Mana, topdim ham. Endi yurib emas, yer ustida uchib borardim.
Bizni birinchi uchragan mashina haydovchisi – yoshi o‘tinqirab qolgan, taqirbosh, shopmo‘ylov amaki shifoxonaga eltib qo‘ydi. Shunday qizni olib borib qo‘ymasa ham bo‘lmasdi. Agar yolg‘iz o‘zim bo‘lganimdami, ming yil o‘tsa ham birov to‘xtamasdi. Ammo buning ko‘p ham ahamiyati yo‘q. Muhimi, qiz yonida bo‘lishimni xohlardi. Men bilan birga uncha vahimaga tushmasdi. Hatto, shifoxonada ham meni qo‘yib yubormadi. Tez yordam ko‘rsatish xonasiga unga qo‘shilib kirishimga to‘g‘ri keldi. Bu muassasa bilan bir qarichligimdan tanishman. Biz bu yerda kunu tunni o‘tkazardik desam yolg‘on bo‘lmaydi. Doim yo u yer – yo bu yerimiz ko‘kargan, shilingan, yo tomog‘iga suyak tiqilgan… Xullas, jarohat joyini tikkanlarida ham, oyog‘ini bint bilan o‘rashganida ham qizning qo‘lidan tutib turdim.
– Siz shu yerda kutib turing, – dedim keyin, – men borib gaplashay-chi, sizga biror mashina berishsa, uyingizga yetib olardingiz.
– Tez qayting, – dedi u.
Xuddi shunday dedi, aynan shu so‘zlarni aytdi.
Ko‘chaga chiqdim. Qarab tursam, Turk mashinasini buryapti, hozirgina yo‘lovchi tushirgan bo‘lsa kerak. Unga qaratib hushtak chalgandim, bulbulning churillashini eslatuvchi ovozdan mashina zudlik bilan ortiga qaytdi.
– Ie, Tolibi ilm, o‘zingmisan? – so‘radi Turk. Bir nima bo‘lmadimi? Hushtagingni bir chaqirim naridan bilsa bo‘ladi-ya.
– Ko‘p gap sotma, aravakash, – dedim. – Ishing yo‘rg‘ani choptirish, hozir yo‘lovchingni keltiraman.
– Jiddiy aytyapsanmi? – dedi u. – Haqini kim to‘laydi? Yo‘lovchi senikimi, mullajiringni cho‘zib qo‘y.
Mashinaga yaqin borib, unga hovuchimdagi tangalarni uzatdim.
– Ushla manovini, qurumsoq, – dedim.
– To‘lashga puling bor ekan, – dedi u qo‘lidagi pulga tikilib. – Bo‘pti, bu safar senga ishonsam bo‘ladi.
Men qizni olib kelgani qaytdim. Bu safar uni ichkaridan ko‘tarib chiqishning hojati qolmagandi. Jarohatlanmagan oyog‘iga tuflisini kiygizishgan, aravachaga o‘tqazib chiqaverishdagi yo‘lakka keltirib qo‘yishgandi. O‘sha yerdan taksigacha qo‘limda ko‘tarib oldim. Turkning hayratdan og‘zi lang ochilib qoldi, hatto orqa eshikni ochish uchun dik etib o‘rnidan turdi ham. Qizni orqa o‘rindiqqa o‘tkazib, o‘zim yoniga cho‘kdim, qiz esa haliyam qo‘limdan tutib ketardi.
– Qayerga boramiz, oyimqiz? – deya so‘radi Turk. Xudoga shukr, qizning yuqori doiradanligini, bundaylar bilan qo‘rs muomala qilinmasligini vaqtida fahmlab qoldi. Boshqa paytlar doim qovun tushirib yurardi, yaramas.
Qiz manzilni aytdi. Aytyapti-yu, ko‘zini mendan uzmaydi.
– Mana, bo‘ldi, – dedim qizga, – uncha vahimali emas, to‘g‘rimi?
– To‘g‘ri, – deya ma’qulladi qiz. – Sizga qanday minnatdorlik bildirishni ham bilmayman. Shuncha yaxshilik qildingiz.
Nima ham derdim. Zo‘rg‘a yutindim, tomog‘im esa kuyib boryapti. Bunday ahvolga tushmaganman. O‘sha onda qiz menga yanayam yaqin kelib qolgandiki, bilasizmi, ichimdagi hamma yaramas narsalar erib yo‘q bo‘lib ketdi. Sizga buni qanday tushuntirsam ekan? Hozirgi holat juda afif va dilbar edi, hayotda bundan yaxshisi bo‘lmaydi. Hammasi g‘alati, to‘g‘ri emasmi – qon, chuqur jarohat, shifoxona, lekin bularning bari bo‘lib o‘tdi. Bu xayol ham, tush ham emas, chin haqiqat edi.
Birozgina avval qo‘zg‘algan edik, zum o‘tmay lang ochiq cho‘yan darvozadan o‘tib, kalta to‘shama yo‘lak bo‘ylab ketib boryapmiz. Uning oxiridagi zinapoya uyga – katta va hashamatli, oynalarining o‘zi sanoqsiz bo‘lgan qo‘rg‘onga olib chiqardi. O‘sha zahoti eshiklar ochildi, eshik oldida sochlari oqargan bo‘lsa ham yasan-tusan qilib olgan ayol, uning ketida qora ko‘ylak ustidan oppoq fartuk taqib olgan xizmatkor xotin ko‘rindi.
– Voy, xudoyim! – dedi ayol birdan vasvasaga tushib, – nima bo‘ldi? Xudo haqqi, senga nima qildi, aytsang-chi!
– Qumloqda siniq shishani bosib, tovonimni kesib oldim, – dedi qiz. – Agar bu kishi bo‘lmaganida nima qilardim, bilmadim. Avval shifoxonaga eltdilar, keyin uyga ham keltirib qo‘ydilar.
– Jonginam meni! – dedi qizning onasi, unga qo‘l cho‘zib, bag‘riga bosarkan. Keyin qizning yelkalari ortidan razm soldi, meni diqqat bilan boshdan-oyoq ko‘zdan kechirgach:
– Sizdan juda minnatdormiz, – dedi. – Juliya, borib hamyonimni keltiring.
– Oyijon! – qichqirdi qiz.
Lekin bari o‘tib bo‘lgandi, sovun ko‘pigiday bari yorildi-qo‘ydi. Tuflisi va paypog‘ining ikkinchi poyi hali ham cho‘ntagimda edi. O‘shani chiqarib onasining qo‘liga tutqazdimu ortga o‘girildim. Zinapoyadan tushib, mashinaga o‘tirar ekanman, Turkka o‘shqirdim:
– Gazni bos, og‘ayni!
U darhol mashinani o‘kirtirib jo‘nadi. Ortimizdan allakimning qichqirgan ovozi keldi:
– Yo‘q! Qayting! Iltimos, qayting orqaga! – qichqirardi qiz.
Nima naf? Ko‘zimning oldidagi pardani yirtib otishdi. O‘zimni qizning onasi nazarida ko‘rgandim. Albatta, qo‘l hamyonga cho‘ziladi-da. Har qanday o‘rgimchak uyasini birpasda buzib tashlasa bo‘ladi, uzunroq tayoq olasiz, bo‘ldi. Nari ketishingiz bilan o‘rgimchak yashiringan teshigidan qayta chiqib, qaytadan to‘r to‘qiydi. Axir biz o‘rgimchak emasmiz. Ehtimol qora odamdirmiz, ammo burnimiz tagidagini nazarga ilishga aqlimiz yetadi.
Kaltak yegan boladek o‘tirardim. O‘lay agar, ko‘p janjallarni ko‘rganman, oyoq tagida qolgan vaqtlarim ham bo‘lgan, biroq biror marta hozirgidek oyoqdan qolmagandim. O‘zingiz tasavvur qilib turgan bo‘lsangiz kerak, meni shunday urdilarki, lom-mim deyolmay qoldim.
Keyin nima bo‘lganini eslolmayman. Bir vaqt qarasam allaqaysi mayxonadamiz. Vaqt allamahal. Yonimda Turk, yana o‘zim tanimagan yigitlar. Qarab tursam, Turk ming‘irlab hikoya qilyapti. Emishki, Tolibi ilm qumloqda bir qizchani o‘rabdi, qo‘g‘irchoq, hayronlar qolasan, haqiqiy oyimcha. Turk yolg‘on aytmaydi, bunaqalarning farqiga boradi. Faqat Tolibi ilm oyimcha bilan issiq qum ustida o‘ynashishga ulgurdimi-yo‘qmi, shunisi qiziq, shuni bilgisi kelyapti…
Xullas, qansharini tagiga qo‘yvordim. Turk ham javob qaytardi, boshqasi aralashgandi, uni ham begona qilmadim. Birpasda iskovuchlar yetib kelishdi, men o‘shalardan birini ham tarsillatib soldim, ortimdan rezina tayoq bilan savalay ketishdi. O‘girilib yana aylantirib musht tushirdim.
Mana, politsiya bo‘linmasining alohida katagida o‘zimni oftobda toblab yotibman. Mast emasman, yo‘q. Ko‘nglim ozib ketyapti, xolos. Qo‘limga o‘rindiqni olib eshikka tashlangim, taraqlatib urib shovqin solgim bor. Mayli, rezina kaltak bilan meni yana savalasinlar. Juda-juda xohlayman shuni. Negaki, tushuning, ichimdagilarni chiqarolmayman, kimgadir aytib yengil bo‘lolmayman. Bu qurum umrbod ichimda qoladi. Avval-boshdan bundan naf chiqmasligini sezgandim, yo o‘sha oyimcha yo men bo‘lak tom ostida dunyoga kelmog‘imiz zarur edi. Endi unutishga qancha urinmay ko‘ksimda bir nima achishib, yondirib, izillab og‘riq beraveradi. Buni kimga aytib bera olardim, kim tushunardi ichimdagini? Kim ham ishonardi, hamdardim bo‘lardi?!
Rus tilidan Alisher Fayzullayev tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2020 yil, 8-son