Uilyams Tennessi. “Orzu” tramvayi (drama)

Ishtirok etuvchilar:

BLANSh Dyubua
STELLA – uning singlisi
STENLI Kovalskiy – STELLAning eri
Herold MITChell (MITCh)
YuNIS
Stiv
Pablo Gonsalez
ZANJI XOTIN
Shifokor
Nazoratchi xotin
Yigit – obuna bo‘yicha agent
Meksikalik xotin
OVQATFURUSh
O‘TKINChI
MATROS va boshqalar.

BIRINChI MANZARA

Yangi Orleanning Yelisey dalalari – daryo va temir yo‘l izlari oralig‘idagi ko‘chaning muyulishidagi ikki qavatli uy.
Xilvat chet joy, bu yer tashlandiq bo‘lsa-da, boshqa buyuk amerika shaharlarining shunday hovlichalariga havas qilib bo‘lmasa-da, bu yerning o‘ziga xos maftunkor jozibasi yo‘q emas. Bu yerdagi uylarning ko‘pi oq, qora yomg‘irlardan ko‘pchib ketgan, orqa va old tomonlari jimjimador, shalog‘i chiqqan narvonchalar va peshayvonlar bilan jihozlangan.
Uyda ikkita xonadon bor – tepa xonadon va pastki xonadon, har ikkalasiga ham liqillagan zinalardan chiqib boriladi.
May oyining boshi, oqshom, endi-endi qosh qoraya boshlagan palla. Zulmat qo‘ynidan oqarishib ko‘ringan uylar orasidan osmon shu qadar to‘q ko‘k bo‘lib ko‘zga tashlanadiki, go‘yo sahnada go‘zal badiiy asar aks etgandek – ko‘ngilni aynituvchi, nochor manzarani ataylab xaspo‘shlab turganga o‘xshaydi. Bu yerdagi muhitning bor-yo‘q bisoti shu o‘zi, sohildagi qahva va bananlarning chuchmal hidi dimoqqa urgan yukxona, omborlar ortidagi asov daryoning shovullashi birday quloqqa chalinib turadi. Muyulish naryog‘idagi barda qoratanli mashshoqlarning cholg‘ularidan shu manzaralarga monand kuy taralib turibdi. Yangi Orleanning bu qismida mudom shundoq yonginangda, birinchi muyulishda, qo‘shni uydami, harqalay yaqin joyda qandaydir pachoq pianino chaqqon jigarrang barmoqlarning shiddatli yugurishidan faryod urib yuboradi.
Ushbu ma’yus kuy qa’rida bu yerdagi hayotning ruhi kezadi. Ayvonchada ikki ayol salqin va toza havoda hordiq chiqarib o‘tiribdi – biri oq tanli, ikkinchisi qora tanli. Birinchisi Yunis ikkinchi qavatdagi xonadonda istiqomat qiladi, Zanji Xotin uning qo‘shnisi.
Orlean – kosmopolit shahar, eski mahallalarda turli irq odamlari aralash-quralash yashaydi. Ammo bir-birlari bilan ahil-inoq. Pianino kuylari ko‘chadagi g‘ala-g‘ovur bilan qorishib ketadi.

ZANJI XOTIN (Yunisga)… Ana shunaqa, avliyo Varnava itga uni yalashni buyurdi deydi, uning esa miyasidan tovonigacha muzday bo‘lib ketibdi. O‘sha tunning o‘zidayoq…
O‘TKINChI (Matrosga). O‘ngdan ketaverasiz, to‘g‘ri olib boradi. Eshit­yapsizmi, deraza eshiklarini chertayapti.
MATROS (zanji xotin va Yunisga). “To‘rtta ikkilik” bari qayerda?
OVQATFURUSh. Issig‘iga kep qoling, qaynog‘idan bor, kep qoling…
ZANJI XOTIN. Bu yerda bor pulingni shilib olishadi, yulg‘ichlar.
MATROS. Bir qiz bilan uchrashuvimiz bor edi.
OVQATFURUSh. Kep qoling!
ZANJI XOTIN. Ularning “Ko‘k oy” kokteylini og‘zingga ola ko‘rsang, til torttirmay o‘ldiradi.
Muyulishdan ikki kishi ko‘rinadi – Stenli Kovalskiy va Mitch. Ikkalasi ham yigirma sakkiz-o‘ttiz yoshlarda, ikkalasi ham dag‘al korjomada. Stenlining qo‘lida sport kurtkasi va go‘sht do‘konining qon shimgan qog‘oz xaltasi.
STENLI (Mitchga). Xo‘sh, u-chi?
MITCh. Hammasiga teng to‘layman deydi.
STENLI. Yo‘q. Sen bilan ikkimizga ko‘proq to‘lashi kerak.
(Zina oldida to‘xtashadi.Ovozini baralla qo‘yib) Hoy, Stella! ­Mittivoy!
Birinchi qavat zina maydonchasiga Stella chiqib keladi, yigirma beshlarga kirgan dilbar ayol, bugun aft-andomiyu o‘zini tutishidan eribop emas.

STELLA (yumshoq ohangda). Buncha kekirdagingni yirtmasang. Salom, Mitch.
STENLI. Ma, ushla!
STELLA. Nima bu?
STENLI. Go‘sht. (Unga qog‘oz xaltani irg‘itadi).
Stella qo‘rqqanidan past ovozda “voy!” deb yuboradi, ammo xaltani chaqqon tutib olib, kuladi. Eri oshnalari bilan yana muyulishga buriladi.
STELLA. Stenli! Qayoqqa?
STENLI. Soqqa dumalatamiz.
STELLA. Tomosha qilgani borsam maylimi?
STENLI. Kela qol (Ketadi).
STELLA. Orqangdan yetib boraman. (Yunisga) Salom, Yunis! Ishlar qalay?
YuNIS. Hammasi joyida. Stivga aytib qo‘ying, eplaganicha o‘zi ovqatlanib olsin, uyda u yeydigan hech narsa yo‘q.
Uchalasi baravar kuladi, zanji xotin anchagacha kulgidan o‘zini to‘xtatolmaydi. Stella ketadi.
ZANJI XOTIN. U irg‘itgan xaltadagi nimaydi? (O‘rnidan turadi, ovozining boricha sharaqlab kuladi).
YuNIS. Sekinroq-da!
ZANJI XOTIN. Ushla – xo‘sh, nimani? (U yana qotib-qotib kuladi).
Muyulishdan qo‘lida jomadon bilan Blansh chiqib keladi. Qog‘oz parchasiga, unga, yana qog‘ozga va yana unga qaraydi. Norozi qiyofada angrayadi va ko‘zlariga ishonmagandek bo‘ladi. Bu yerlarda uning paydo bo‘lishining o‘ziyoq o‘ta ajablanarli hol edi. Belidan keladigan paxmoq jaketli po‘rim kostyum, oq shlyapa va qo‘lqop, dur sirg‘a va marjon, bamisoli zodagonlar tumanida istiqomat qiluvchi boy tanishlari oldiga kokteyl ichgani yoki bir piyola choyga kelgandek. U Stelladan besh yosh katta. Yoshlik barq urgan chehrasini quyoshdan ehtiyot qiladi. Hurkak fe’l-atvorli Blansh oppoq kiyimda ham kapalakka qaraganda fusunkorroq ko‘rinardi.
YuNIS (birpas turib). Nimaydi, azizam? Adashib qoldingizmi?
BLANSh (uning hazilomuz aytgan gaplaridan asabiylashgani sezilib turadi). Avval bir “tramvayga o‘tirasiz – uning oti “Orzu”, keyin boshqasiga o‘tirasiz – “Qabriston” degan, shunda olti mahalla o‘tib, Yelisey dalalarida tushasiz, deyishgandi.
YuNIS. To‘ppa-to‘g‘ri kelibsiz.
BLANSh. Yelisey dalalarigami?
YuNIS. Xuddi o‘zi-da.
BLANSh. Unda… uyning raqamini almashtiribman-da…
YuNIS. Uyning raqami qanaqa edi?
BLANSh (haligi qog‘oz parchasini horg‘in tekislaydi). Olti yuz o‘ttiz ikki.
YuNIS. To‘g‘ri topib kelgansiz.
BLANSh (butunlay hangu-mang bo‘lib). Men singlimni qidirib kelganman, Stella Dyubuani. Ya’ni, mister Stenli Kovalskiyning xotinini.
YuNIS. Shu yerda, shu yerda. Bir-biringizni ko‘rmay o‘tib ketibsizlar.
BLANSh. Unda bu… He, yo‘q, nima deyapsiz! – uning uyi shumi?
YuNIS. U pastki qavatda turadi, men – yuqori qavatda.
BLANSh. Shunaqami! U uyda emasmi?
YuNIS. Hov burchakdagi kegelbanni ko‘rmadingizmi?
BLANSh. Ko‘rmadim, shekilli.
YuNIS. Uni xuddi o‘sha yerdan topasiz, erining qanday soqqa o‘ynashini tomosha qilayapti. (Sukunatdan so‘ng) Xohlasangiz, jomadoningizni bu yerga qo‘yib, borib keling.
BLANSh. Yo‘q.
ZANJI XOTIN. Men borib aytib kela qolay.
BLANSh. Tashakkur.
ZANJI XOTIN. Savobning gadosimiz (ketadi).
YuNIS. Kelishingizni bilishmasmidi?
BLANSh. Yo‘q. Bugun – yo‘q.
YuNIS. Bo‘pti, ichkariga kiring, bamaylixotir o‘tiravering, ular hozir kelishadi.
BLANSh. Qalay bo‘larkin…
YuNIS. Bu yerda begonamiz yo‘q – uyimizning to‘ri sizniki. (O‘rnidan turadi va eshikni ochadi.)
Chiroqni yoqadi, parda ko‘k tusga kiradi. Blansh asta Yunis ortidan kirib keladi. Sahna asta-sekin qorong‘ulikka chulg‘anadi, uning ichidan Kovalskiylar xonadoniga qadam qo‘yishadi. Parda bilan ikki xonaga bo‘lingan kattakon xona. Birinchisi oshxona vazifasini o‘taydi, ammo shu yerning o‘zida yig‘ma kravat bor – unda Blansh yotadi. Undan narisi – xobgoh. Undan ensizgina eshikdan g‘uslxonaga o‘tiladi.
(Blanshning chehrasidagi o‘zgarishni payqab, Yunis uning ko‘nglini olishga harakat qiladi.) Hozir bu yer to‘zib yotibdi, sal u yoq-bu yog‘i yig‘ishtirilsa, jannatning o‘zi bo‘ladi-qo‘yadi.
BLANSh. Shunaqami?
YuNIS. Ha, shunaqa. Demak, siz – Stellaning opasimisiz?
BLANSh. Ha (Undan qanday qutulishni bilolmaydi). Uyga kirganingizga rahmat.
YuNIS. Par nada, – meksikaliklar shunaqa deyishadi, Stella siz to‘g‘ringizda gapirib bergandi.
BLANSh. Shunday deng?
YuNIS. Yanglishmasam, maktabda dars berasiz, shunaqami?
BLANSh. Ha.
YuNIS. Siz to‘g‘ri Missisipidan kelyapsizmi?
BLANSh. Ha.
YuNIS. U sizlarning anavi plantatsiyadagi uylaringizning suvratini ko‘rsatgandi.
BLANSh. “Orzular” mi?
YuNIS. Oq ustunlari bor dang‘illama uy.
BLANSh. Ha…
YuNIS. Bunaqa uylarni eplashning o‘zi bo‘lmaydi.
BLANSh. Kechirasiz, azizam, hozir ag‘darilib tushaman.
YuNIS. Bo‘lmasa-chi, opajon. Ie, nega tik turibsiz, o‘tiring.
BLANSh. Buni aytmayapman – bir o‘zim xoli qolgim kelayapti.
YuNIS. (ko‘ngli og‘rib). E-ha! Unda oyog‘ingiz tagida o‘ralashib yurmasam bo‘larkan.
BLANSh. Men sizni xafa qilmoqchi emasdim, ammo…
YuNIS. Kegelbanga borib, oldimga solib haydab kelay uni. (Ketadi).
Blansh hafsalasi pir bo‘lib, karaxt holda kursida o‘tirganicha qoladi. Qo‘llari tizzalari ustidagi sumkachaga jonholatda tirmashgan, xuddi bezgak tutgandek butun gavdasi bilan g‘ujanak bo‘lib olgan. Biroq, uning ko‘r ko‘zi yana ko‘rayotgandek bo‘ladi. Shoshmasdan atrofga razm sola boshlaydi. Yurakka vahima solib mov mushuk miyov-miyov qiladi.
Blansh dahshatdan hushini yo‘qotayozadi, saqfi tabiiy ravishda, xuddi himoyalanganday, bir qo‘lini qattiq silkitadi. Birdan qiya ochiq shkaf eshigidan nimanidir ko‘rib qoladi. Sapchib turib, shkafga yaqin boradi va bir shisha viskini oladi. Yarim stakan quyadi-da, bir ko‘tarishda sipqoradi. Shishani avaylab joyiga qo‘yib, chanoqda stakanni chayadi. Yana oldingi joyiga, stol yoniga kelib cho‘kadi.
BLANSh (shivirlab). O‘zimni qo‘lga olishim kerak.
STELLA (shoshib burchakdan chiqib keladi, eshikka qarab shodon yuguradi.) Blansh!
Bir-biriga qarab qolishadi. Blansh sapchib turadi, qattiq qichqirib, singlisiga otiladi.
BLANSh. Stella! O, Stella, Stella! Stella – tanho yulduzim! (Qattiq quchoqlashadilar.Singlisining o‘ziga kelib, nima gapligini anglab qolishidan qo‘rqqandek u sarosimalanadi). Qani, menga qara-chi, ha, qara. Lekin unaqa qaramagin-da, Stella, keragi yo‘q, avval vannada yuvinib olay, sal o‘zimga kelib olay, shunda… Tepadagi chiroqni o‘chirib qo‘y! O‘chir! Berahm yorug‘da mening nimamni ham ko‘rarding, keragi yo‘q! (Stella kuladi, ammo parvo qilmaydi.) Qani, kel, kelsang-chi, axir. Oh, mening singiljonim! Stella! Stella – yulduzim, mohitobonim! (Uni quchoqlaydi.) Men bo‘lsam, sen endi bu puchmoqqa qaytib kelmaysan, deb o‘ylagandim. Nima dedim! Og‘zimdan chiqib ketdi… Men esa, chin vijdon so‘zim: uymisan uy bo‘libdi, biram shinamki! Atrofning ko‘rkamligi-chi! Ha-ha! Kabutarginam. Churq etib og‘iz ochmaydi…
STELLA. Og‘iz ochgani qo‘ysangiz ochamanmi? (Kuladi, biroq opasiga tikilgan nigohida – tashvish).
BLANSh. Nachora, so‘z – senga. Og‘zingni och-da, sayrayver, men esa paytdan foydalanib, timirskilanaman-da, ichgani u-bu topib olarman. Bilaman, bilaman, yashirib qo‘yganlaring bo‘ladi har qanaqasiga. Qayerda ekan u? Rosa u yoq-bu yoqni qaradim! (Shkaf tomon otiladi, bir shishani oladi. Uni asabiy silkitadi, kulishga harakat qiladi – bo‘g‘ilib qoladi. Shisha sal bo‘lmasa, qo‘lidan sirg‘alib tushib ketay deydi).
STELLA (uning ahvolini sezib). O‘tir, Blansh. Menga ber, o‘zim quyaman. Nima qo‘shib ichilishini bilmasam. Balki koka-koladir? Nazarimda, muzlatgichda borday edi… O‘sha yerni borib qara-chi, opajon, men esa…
BLANSh. E, muzlatgiching ham bor bo‘lsin, singiljon, asablar bunaqa qaqshab turganda koka-kola ketarmidi. Ammo anovi … anovi qayerda, nimaydi?
STELLA. Stenlimi? Kegel o‘ynayapti. Shu o‘yin desa jonini beradi… Bugun ularda… Ha, mana sodali suv! Chinakam olishuv ketadi.
BLANSh. Oddiy suv ham bo‘laveradi, qoqvoshim. Bir qultum yutsam bo‘ldi. Qo‘rqma, opajoning shusiz turolmaydigan bo‘lib qolmagan, faqat sal holdan toyganman, issiq jonimni oldi… Shuning uchun mundoq o‘tir-da, ayt, men qaysi go‘rga kelib qoldim? Bu puchmoqqa qaysi shamol uchirib keldi seni?
STELLA. Axir, opa…
BLANSh. Obbo, mendan nega yashirasan – gapirsang, to‘g‘risini gapiraver. Hech qachon, hech qachon, eng yomon tushlarimda ham ko‘rmasdim… Faqat Po! Edgar Allen Po, faqat u bular barchasining qadr-qimmatini o‘lchar va bilar edi. Shundoq uyning orqasida, albatta, o‘sha harom-xarish Umr o‘rmonida… (Kuladi).
STELLA. Sizni qarang-u, opajonginam, temir yo‘l izlari, bor-yo‘g‘i temir yo‘l izlari, xolos.
BLANSh. Yo‘q, bu jiddiy narsa, hazilga yo‘yma. Nimaga darak bermading, nimaga xat yozmading, sas-sado bermading?
STELLA (hushyorlanib, o‘ziga viski quyib). Nimani aytayapsiz, opa?
BLANSh. Nimani bo‘lardi? Mana bunaqa sharoitda diydirab o‘tirish senga zarur keptimi?
STELLA. Pashshadan fil yasamang. Bu yerda unaqa yomon narsa yo‘q. Yangi Orleanday joy bormikan?
BLANSh. Yangi Orleanning bunga nima daxli bor ekan! Buni aytmasang ham… Kechir, singiljon! (Bu mavzudan keskin bosh tortib) Masala hal.
STELLA (vazmin ohangda). Minnatdorman.
Blansh indamay singlisiga qaraydi, u javoban opasiga qarab jilmayadi.
BLANSh (qo‘lida titrab turgan stakanga qaraydi). Mening endi yorug‘ dunyoda bittagina odamim qoldi – sen. Sen bo‘lsang, meni yoqtirmaysan.
STELLA (samimiy ohangda). Nimalar deyapsiz, opajon, o‘zingiz bilib turibsiz, buning yolg‘onligini!
BLANSh. Yolg‘onmi? E-ha, esim qursin, uyimizda bitta sen eding-ku sirkang suv ko‘tarmaydigan.
STELLA. Siz bilan gaplashib odam baraka topmaydi, opajon. Oldingizda og‘zimizga talqon solib o‘tirishga o‘rgatgan o‘zingiz.
BLANSh (parishon). Yomon o‘rganmabsan… (Keskin ravishda). Sen mendan bahorgi semestr oxirigacha maktabdan qanday siqilib chiqqanimni so‘raganing yo‘q.
STELLA. Hushingizni yig‘sangiz, o‘zingiz gapirarsiz degandim.
BLANSh. Haydalgan deb o‘ylayapsanmi?
STELLA. Yo‘q, o‘ylagandimki… axir o‘z xohishingiz bilan ham keta olar edingiz.
BLANSh. Pichoq borib naq suyakka qadaldi… Asablarim chidash bermadi. (Sigaretini asabiy ezg‘ilaydi.) Oxirgi nuqtagacha chidab berdim, undan u yog‘i – faqat telba bo‘lish qolgandi. Mana, mister Greyvs – maktab direktori – o‘z hisobingdan ta’til ol, deb turib oldi. Telegrammada hamma gapni aytib bo‘lmaydi-ku. (Viskini bir ko‘tarishda ichib yuboradi.) Oh-oh-oh, barcha tomirlarimni qizdirib o‘tayapti-ya, qanday yaxshi!
STELLA. Yana bitta quyaymi?
BLANSh. Bittadan ortig‘i – ortiq, bas.
STELLA. Rostdanmi?
BLANSh. Meni nima deb o‘ylayotganingni aytganing yo‘q hali…
STELLA. Siz ajoyibsiz.
BLANSh. Shu yolg‘oning uchun Xudo seni o‘zi yarlaqasin. Ollohning bu keng dargohida bunaqa xarobazor hali dunyoda bo‘lmagan. Sen esa biroz to‘lishibsan, do‘mboqqina bo‘lib qolibsan – jo‘jacha, ha, jo‘jacha. To‘lishish yarashibdi senga.
STELLA. Obbo opajon-ey…
BLANSh. Ha, ha, ha, rost men gapirdimmi, ishonaver, qani, belingdagini ko‘raylik endi. Tur-chi.
STELLA. Keyin…
BLANSh. Eshitayapsanmi? Tur dedimmi – tur! (Stella istamaygina bo‘ysunadi.) Obbo shumtaka-ey! Bu kashtali yoqalarni qaranglar – ko‘zni olaman deydi. Sochini-chi, yuziga mos qilib, o‘g‘il bolacha qilib olibdilar. Stella, axir senda cho‘riqiz bo‘lsa kerak?
STELLA. Yo‘q. Ikkitagina xona bo‘lgach…
BLANSh. Nima? Ikkitagina dedingmi?!
STELLA. Mana bu va… (Xomush tortadi.)
BLANSh. Va anavimi? (Achchiq kuladi.Og‘ir jimlik cho‘kadi.) Yana beg‘am-beparvo, xotirjam o‘tirishingni qara, qo‘l qovushtirib… Odam bolasi emas, farishtasan go‘yo.
STELLA (xijolatda). Sizday g‘ayratli bo‘lganimda-ku, o‘zim bilardim…
BLANSh. Men ham senday bardoshli bo‘lganimdaydi… Aftidan, supraqoqdisiga yana bitta olaman, shekilli. Keyin qoramni o‘chiraman, gunohlardan nari bo‘lay. (O‘rnidan turadi.) Mening qomatim haqida nima derding, shuni bilmoqchiydim. (Singlisining oldida aylanadi.) Shuni bilginki, o‘n yil ichida bir gramm ham semirganim yo‘q. Sen “Orzularim”dan ketgan o‘sha yozdan keyingi vaqt bilan teppa-teng. Dadamiz o‘lib, sen bizni tashlab ketganding.
STELLA (bazo‘r). Gap yo‘q, opajon, gaplaringiz xuddi yurakka borib tegadi.
BLANSh. Ko‘rib turibsan, men o‘sha-o‘sha husndorman, hatto so‘lib borayotgan hozirgi pallamda ham. (Asabiy kuladi va e’tiroz bildirishini poylab, singlisiga qaraydi).
STELLA (majburan). Hecham so‘lib borayotganingiz yo‘q.
BLANSh. Shuncha ko‘rguliklarni ko‘rganimdan keyin ham-a? Meni har narsaga ishonaveradi, demoqchimisan? Shundayam soddasan-da, jonginam… (Qaltiragan qo‘li bilan manglayini silab qo‘yadi.) Demak, xonalaringiz ikkitagina ekan…
STELLA. Vannaxona ham bor.
BLANSh. E-ha, vannaxona ham bor! Tepada, yotoq bo‘lmasi bilan yonma-yon, uydagi birinchi eshikmi?(Ikkovi xijolatli kuladi.) Yo‘q, Stella, meni yotqizadigan joyingni ko‘rmayapman.
STELLA. Mana bu yerda-da.
BLANSh. Ha-a, buklama tobutmi – bir yotding – turmaysan. (O‘tirib ko‘radi.)
STELLA. Qalay ekan?
BLANSh (ko‘ngli to‘lmay). Zo‘r ekan, singiljon. Menga shundoq ham bemalol yetib ortadi. Lekin xonalar o‘rtasida eshiklar yo‘q ekan, Stenli esa… u xijolat tortmasmikan?
STELLA. Bilasizmi, axir Stenli – polyak.
BLANSh. E-ha, ular asli irlandlardan bo‘lsa kerak?
STELLA. Ehtimol…
BLANSh. Tag‘in anavinaqa kiborlardan emasmi? (Ikkalasi ham kuladi-yu, ammo ochilib-sochilib emas. Xijolatli.) Men kiyimlar keltirib qo‘yganman – oliyjanob do‘stlaringiz oldiga kiyib boraman-da.
STELLA. Ular siz o‘ylagandek oliyjanob bo‘lmasalar kerak deb qo‘rqaman.
BLANSh. Ular o‘zlari kimlar aslida?
STELLA. Stenlining do‘stlari.
BLANSh. Polyaklarmi?
STELLA. Har xilidan bor, opajon.
BLANSh. Aralash-quralash olomonmi?
STELLA. Ha-da, aynan olomon.
BLANSh. Nachora, mayli. Modomiki, kiyimlarni olib qo‘ydimmi, endi kiyaman-da. Mening tushunishimcha, mehmonxonaga borib joylasha qolay degan so‘zimni eshitishga mushtoqsan. Lekin otelga borib joylashish niyatida emasman va buni kutma ham. Men sen bilan bo‘lishni istayman, kimdir yonimda bo‘lishi men uchun zarur, o‘zim qolishni istamayman. Chunki, sog‘lig‘im joyida emas, sen buni payqamasliging mumkin emas. (Uning ovozi bo‘linadi, ko‘zlarida qo‘rquv).
STELLA. Rostdanam sal asabiy bo‘lib qolibsiz yoki toliqqansiz, yo bo‘lmasa… nimaligini ham bilmayman.
BLANSh. Stenliga yomon ko‘rinmasmikinman, yoki shunchaki qayin egachisi mehmonga kelganmi, xo‘sh, Stella? Shunday bo‘lsa, o‘lganim yaxshi bu kunimdan.
STELLA. Siz aslo malollik keltirmaysiz, opajon, faqat uning davrasidagi odamlarga tenglashmasangiz bo‘lgani.
BLANSh. U shunchalik yotmi?
STELLA. Ha, nasli boshqa.
BLANSh. Qanaqa ekan?
STELLA. Sevgan odaming haqida nima ham deysan? Mana uning suvrati (Opasiga erining fotosuratini tutadi.)
BLANSh. Zobitmi?
STELLA. Muhandislik qo‘shinida katta serjant. Mana bular olgan ordenlari!
BLANSh. Sizlar tanishganingizda u butunlay jangovar holatda bo‘lganmidi?
STELLA. Ishontirib aytamanki, men bunaqa arzimagan narsalariga mahliyo bo‘lmagan edim.
BLANSh. Unaqa demoqchi emas edim.
STELLA. Ha, keyinchalik ba’zi narsalar bilan murosa qilishga to‘g‘ri keldi.
BLANSh. Uning muhiti bilan, masalan.(Stella xijolatomuz kuladi.) Mening kelishim haqidagi xabarni qanday qabul qildi?
STELLA. Stenli hali bilmaydi.
BLANSh (qo‘rqib). Sen unga aytmaganmiding?
STELLA. Uning boradigan joylari ko‘p.
BLANSh. Xizmat yuzasidanmi?
STELLA. Ha.
BLANSh. Shubhasiz. Mana gap qayoqda…
STELLA (o‘ziga gapirgandek). Tun bo‘yi uyga kelmaganidan xavotirda o‘zimni qo‘ygani joy topolmayman.
BLANSh. Nimalar deyapsan?
STELLA. Bir haftaga ketgan paytlarda bo‘larim bo‘ladi.
BLANSh. Astag‘firullo!
STELLA. Qaytib kelganida esa xuddi yosh boladay tizzasiga o‘tirib olib, o‘kirib yig‘layman. (Nimagadir jilmayib qo‘yadi).
BLANSh. Shunaqa de, bundan chiqdi… qattiq sevarkansan-da… (Stella tabassumli ko‘zlari bilan opasiga qaraydi.) Stella…
STELLA. Ha?
BLANSh (o‘zini tikka gapirishga majbur qilib). Har turli narsalarni so‘rayverib, joningga tekkanim yo‘qmi? Umid qilamanki, sen ham mening yangiligimga oqilona munosabatda bo‘lasan.
STELLA. Qanaqa yangilik, opajon? (Uning yuzi tashvishli tus oladi).
BLANSh. Gap bunday, Stella, sening menda arazing bor… Men ham bilaman, o‘pkali qarindoshdan umid… ammo avval bir narsani hisobga ol – sen ketgansan! Men chekinishga yo‘l qidirmadim va oxirigacha kurashdim. Toleimni topay deb o‘zingning Yangi Orleaningga ketding. Men “Orzu”da qoldim va kurashdim. Minnat qilmayman-u, ammo hamma og‘irlik mening yelkamga tushdi.
STELLA. Men nima qilishim kerak edi? O‘zim oyoqqa turib olishim kerak edi, Blansh.
BLANSh (badani uvushadi). Ha, ha, bilaman. Ammo “Orzu”dan voz kechgan sen eding, men emas! Men oxirigacha chidadim, o‘lim bilan yakkama-yakka olishdim. Qilcha jonni Egamga topshirishiga bir bahya qoldi.
STELLA. Jazavaga tushmasdan, odamlarday gapiring. Nima bo‘ldi? Nega qilcha joningizni Egamga topshirmoqchi bo‘ldingiz? Biron sababi bordir, axir?
BLANSh. Men bilardim, Stella, bilardim, hamma ishni sen shunaqa mulohaza qilasan.
STELLA. Qaysi ishni? Yo tavba!
BLANSh (past ovozda). Yo‘qotishni …
STELLA. “Orzular”nimi? U yo‘qoldimi? Yo‘g‘-e!
BLANSh. Ha, Stella.
Ular bir-biriga qaraydi, ular oralig‘ida sariq katak-katak klyonka to‘shalgan stol. Blansh ohista bosh irg‘ab qo‘yadi, Stella nigohini stol ustidagi qo‘llariga tushiradi. Yoshlarning musiqasi yana avj pardalarda yangraydi. Blansh ro‘molcha bilan manglayini artadi..
STELLA. Nima bo‘ldi o‘zi? Qanday bo‘ldi?
BLANSh (sapchib turib). Senga so‘rash oson-da, tanasi boshqa dard bilmas.
STELLA. Opajon!
BLANSh. Senga nima… o‘tiribsan bu yerda mazza qilib… Tag‘in mendan ijikilab so‘rashingga o‘laymi?
STELLA. Opajon…
BLANSh. Men! Men! Hamma zarbalarni men o‘zimga oldim – kaltaklar mening boshimda sindi, chala o‘likka aylandim… Mana o‘limlar! Dafn ustiga dafn, dafn ustiga dafn… Otam. Onam. Margaretning dahshatli o‘limi. U shunday shishib ketdiki, jasadi tobutga sig‘madi: boshqa chora topolmadik – yoqib yubordik. Axlatxonadagi o‘laksaday. Sen barcha dafnlarga kela olding, Stella, bittasini ham kanda qilmading. Ammo dafnlar – o‘z yo‘liga… ammo mana bu o‘limlar! Dafn imi-jimida, tekisgina o‘tadi, ammo o‘lim – ming xil bo‘ladi. O‘layotganlar xirillaydilar. Bo‘g‘iladilar. Va yig‘laydilar… “Jonimni olmay tur, yana biroz yashab qolay!”. Hatto keksalar ham o‘lgisi kelmaydi – Xudodan menga umr tilanglar, umr tilanglar! Xuddi olib qolish sening qo‘lingda. Dafn esa… saranjom-sarishta, chiroyli gullar. Va… bu qutilar shunaqangi dabdabaliki! Jasadlarni shu qutilarga joylashadi! Ular: “Rahm qil!” deb qichqirishganida krovatlari oldida navbatchilik qilmaysan. Jon-jahdlari bilan, so‘nggi kuchlarini sarflab, hayotga shunday tirmashishadiki, tasavvur ham qilolmaysan, men esa buni ko‘rdim. Ko‘rdim! Endi na… Menga qarayapsan-da, ko‘zlaring meni ayblayapti – men boy berdim uyimizni. Xo‘sh, jin ursin, seningcha, bu mablag‘lar qayerdan kelgan? Seningcha, bu barcha kasalliklar va o‘limlar nima bilan to‘langan? To‘y og‘zingni, o‘lim ketingni ochadi deydilar, miss Stella! Margaret bilan izma-iz Jessining keksa ammavachchasi tap-tayyor bo‘lib turibdi. Ha, beshafqat o‘roqchi bo‘sag‘amiz tuprog‘ini ko‘p yalagan edi, Stella, “Orzu” uning qadrdon go‘shasi, Vatani bo‘lib qolgandi! Shu maskanni o‘z qo‘llarimdan boy berdim. Ulardan birontasi o‘layotib, mol-mulk vasiyat qilib ketmadi-ku. Hech bo‘lmaganda bir tsent sug‘urta puli ilinmadi. Faqat birgina shu bechora Jessi yuz dollar tobut puli berdi. Bor-yo‘q gap shu, Stella. Bundan tashqari arzimagan o‘qituvchilik maoshi. Qarg‘a, meni! Mana shunday ko‘zingni mendan uzmay qaragin-da, o‘yla, uyimizni men saqlab qolmadim. Men saqlab qololmadimmi? Sen qayerda eding? Polyak ering bilan to‘shakda…
STELLA (sapchib turib). Blansh. Jim bo‘ling. Bas. (Xobgoh tomon yuradi.)
BLANSh. Yo‘l bo‘lsin?
STELLA. Vannaxonaga, yuzimni chaygani.
BLANSh. Eh, Stella, Stella… yig‘layapsanmi?
STELLA. Ajablanayapsizmi?
BLANSh. Kechir… bunday demoqchi emasdim. (Stella vannaxonaga ketadi. Ko‘chada erkaklar ovozi eshitiladi. Stenli, Stiv va Mitch uyga yaqinlashib kelishadi.)
Stiv. …Uni hech narsaga yaramaysan deb shunaqangi ta’zirini berdiki, sho‘rlik yer yorilmadi, yerga kirmadi. Yigitcha bir qizarib, bir bo‘zarib, xo‘rsinib, nima deydi deng: “Tajriba degani qayerda sotiladi?” emish! U esa battar tutoqib: “Hu, padaringga la’nat! Yo‘qol bu yerdan, boshqa qorangni ko‘rmay!” – deb baqirib berdi.
(Qattiq qah-qaha. Erkaklar ovozini eshitib, Blansh xobgohga kirib ketadi. Pardoz stolidan Stenlining fotosuratini oladi-da, birpas qaraydi, keyin yana joyiga qo‘yadi.) Demak, ertaga kechqurundan pokarmi?
STENLI. Ha, Mitchnikida.
MITCh. Menikida mumkin emas. Oyim hali tuzalib ketgani yo‘q (Ketishga chog‘lanadi).
STENLI (uning ortidan). Mayli, unda menikida o‘ynay qolamiz… Cen esa pivo quyasan.
Mitch o‘zini eshitmaganga soladi, xayrlashadi va o‘zicha asta xirgoyi qilib ketadi.
YuNIS (tepadan qichqiradi). Hoy, menga qaranglar! Tarqalinglar. Men spagetti pishirgandim, hammasini o‘zim yeb qo‘ydim…
STIV (zinadan ko‘tarilarkan). Sening o‘zingga ham, telefondan ham aytilgan edi – o‘ynaymiz, deb! (Erkaklarga) Ammo pivo albatta bo‘ladi!
YuNIS. Qachon telefon qilibsan.
STIV. Nonushta vaqtida aytgandim, tanaffusda qo‘ng‘iroq ham qilgandim…
YuNIS. Bo‘pti, bo‘pti, buning kimga qizig‘i bor. Yilda bir uyga kelsang ham katta gap, shunda ham yalintirib.
STIV. Nima, senga gazetadan xabar berishsinmi?
Kulgi, tarqalayotgan erkaklarning xayrlashuv ovozlari. Eshikni siltab ochib, o‘choqboshiga Stenli kirib keladi. Bo‘yi o‘rtacha – besh fut va sakkiz-to‘qqiz dyum, kuchli, kelishgan kishi. Uning qaddi-qomati va yurish-turishi butun borlig‘ini to‘ldirib turadigan hayvoniy lazzatdan darak berib turardi. O‘spirinlik vaqtidan buyon u hayotni ayollarsiz, ularning vaslidan lazzatlanishsiz tasavvur etolmasdi, bunday paytda ular ayollarni shirin-shirin so‘zlar bilan avrar, o‘zlari ham ko‘ngillarini chog‘lar edi, shu bilan birga o‘zgalar oldida ishva-nozlar qilishiga yo‘l qo‘yishmasdi. Tovuqlar orasidagi babaq xo‘rozdek gerdayib, hech kimga bo‘y bermay yurishar edi. Chinakam mardlarga xos saxovatdan, bu xilvatdagi erkaklar bilan samimiy bo‘lish, ichakuzdi hazillarga moyillik, yaxshi yeb-ichish, qimorga, o‘zining moyilligiga, xushtoriga, shaxsan uning o‘ziga daxldor hamma narsaga, ajoyib nasl qoldiruvchisiga nisbatan muhabbatidan mastu mustag‘riq – bunday bo‘lish unga Xudo tomonidan abadiy ato etilgan fazilat. U ayollarga bir qarashdayoq kerakli bahoni berib qo‘ya qoladi, ayollarga in’om etuvchi bir daf’alik tabassumi uning yuragini alg‘ov-dalg‘ov qilib yuboruvchi barcha xatti-harakatlarning nechog‘li uyatli ekanini bildirib qo‘yar edi.
BLANSh (Stenlining tikilib qarashidan beixtiyor ortga chekinadi). Siz, hoynahoy, Stenli bo‘lsangiz kerak? Men – Blanshman.
STENLI. Stellaning opasimi?
BLANSh. Ha.
STENLI. Salom! Bizning bekamiz qayerdalar?
BLANSh. Vannaxonada.
STENLI. E-ha-a. Bizning yurtlarga kelmoqchi ekaningizdan bexabar edim.
BLANSh. Men…
STENLI. Qayerdan keldingiz, Blansh?
BLANSh. Men… men Lorelda turaman.
STENLI (shkafga yaqin boradi, bir shisha viski olib). Lorelda? Ha-ya. Albatta, Lorelda-da. Mening hududimga kirmaydi. Issiq havoda bunaqa zaharni saqlab bo‘lmaydi. (Shishani yoruqqa tutib, diqqat bilan qaraydi, unda nasiba qolgan-qolmaganini aniqlagani bo‘ladi.) Ichasizmi?
BLANSh. Yo‘q-yo‘q, qariiyb og‘zimga olmayman, ahyon-ahyonda.
STENLI. Shunaqalar ham bo‘ladiki, o‘zlari shishaga kamdan-kam daxl qiladilar, lekin shisha ularga – aksar.
BLANSh (loqaydlarcha). Vah-hah-ha.
STENLI. Hammasi o‘zimga qolibdi-da. Hechqisi yo‘q, agar beadablikka yo‘ymasangiz. (Ko‘ylagini yechishga harakat qiladi.)
BLANSh. Bemalol o‘zingiz baham ko‘ravering.
STENLI. Har ishda erkin bo‘lish – mening shiorim.
BLANSh. Mening ham. Tetiklikni saqlash oson ish emas. Hali bundoq yuvinib-chayinib, o‘zimni tartibga solishga ulgurganim ham yo‘q, siz esa allaqachon kelib qoldingiz.
STENLI. Men sizga aytsam, shamollashdan osoni yo‘q – ho‘l kiyimda, ayniqsa, bundan oldin ko‘ngling xohlagancha soqqa dumalatsang. Siz o‘qituvchisiz, shundaymi?
BLANSh. Ha.
STENLI. Nimadan dars berasiz?
BLANSh. Ingliz tilidan.
STENLI. O‘quvchilik vaqtimda ingliz tilidan no‘noq edim. Ko‘pga keldingizmi, Blansh?
BLANSh. Men… hozircha bilmayman.
STENLI. Biznikida qolishni o‘ylamayapsizmi?
BLANSh. Durust bo‘lardi… agar uyingiz torlik qilmasa.
STENLI. Maylingiz.
BLANSh. Yo‘l qoqib tashladi.
STENLI. Hechqisi yo‘q, o‘tib ketadi.
Deraza ostida mov mushuk vahimali miyovlaydi.
BLANSh (sakrab turib). Bu nima?
STENLI. Mushuklar-da… Hoy, Stella!
STELLA (vannaxonadan). Ha, Stenli.
STENLI. Nima balo, cho‘kib ketmadingmi tag‘in?..
(Blansh miyig‘ida kulib qo‘yadi. Stellaning unga javoban kulib qo‘yganini hech kim bilgani yo‘q. Jimlik). Meni qo‘pol odamga chiqarmasangiz bo‘lgani. Stella faqat siz to‘g‘ringizda gapiradi. Siz turmushga chiqqan ekansiz, to‘g‘rimi? (Olisdan polka kuyi elas-elas quloqqa chalinadi.)
BLANSh. Ha. Yoshgina edim.
STENLI. Nima, bir narsa bo‘lganmidi?
BLANSh. U… u o‘lgan (Boshi solinadi.) Ishqilib… kasal bo‘lib, yotib qolmasaydim. (Boshini qo‘llariga tashlaydi.)

IKKINChI MANZARA

Ertasi kuni. Choshgoh vaqti, soat olti. Blansh vannada cho‘milyapti. Stella pardozini tugallayapti. Blanshning guldor ko‘ylagi Stellaning karovati ustiga yoyib qo‘yilgan. Stenli ko‘chadan o‘choqboshiga kirib keladi, eshikni ochiq qoldiradi va uning ortidan so‘ngsiz blyuz taronasi eshitiladi…
STENLI. Bu qanday tomosha bo‘ldi yana?
STELLA. Oh, Sten!… (Irg‘ib turadi va erini o‘padi, eri buni kibr­li loqaydlik bilan qabul qiladi.) Men opamni kechki ovqat qilgani “Gilatura”ga olib boraman, keyin esa tag‘in biron joyga – axir bugun poker o‘yinlaring bor-ku!
STENLI. Mening kechki ovqatim-chi? “Gilatura”ga hammamiz yopirilib bormaymiz-ku.
STELLA. Muzlatgichda yaxna mol go‘shti bor.
STENLI. Zap hotamtoy xotinim bor-da!
STELLA. Men Blanshni uzoqroq tutib turishga harakat qilaman, ungacha miriqib o‘ynab olasizlar. Uning sizlarga qanday munosabatda bo‘lishini oldindan aytib bo‘lmaydi-ku. Bitta-yarimta kino ko‘rgani kirarmiz. Shu yerda, mahallaning o‘zida. Qani, mullajiringdan cho‘zib qo‘y-chi.
STENLI. Uning o‘zi qani?
STELLA. Issiq vannada cho‘milyapti. Bu uni tinchlantiradi. Asablari butunlay tamom bo‘lgan.
STENLI. Nimadan?
STELLA. Asabi tamom bo‘ladigan ish bo‘lgan-da.
STENLI. Ya’ni?
STELLA. Sten, “Orzu…” endi bizniki emas.
STENLI. Qo‘rg‘onmi?
STELLA. Ha.
STENLI. Nega unaqa bo‘ldi?
STELLA (noma’lum qilib). Uni qurbon qilishga to‘g‘ri kelgan-da… Xullas, shunga o‘xshagan bir narsa. (Pauza.Stenli o‘ylab qoladi. Boshqa ko‘ylagini kiyadi). U chiqqanda esingda bo‘lsin, unga yaxshi gapirgin. Ha, yana… hozircha kichkina haqida og‘iz ochmay tur – avval sal o‘ziga kelib olsin.
STENLI (hech qanday yaxshilikdan darak bermaydigan ohangda). Shunaqami hali!
STELLA. U tushunib olishi kerak, harakat qilgin-da, iloji boricha yumshoq gapir, Sten.
BLANSh (vannada qo‘shiq aytadi). “Moviy dengiz orti yurtidan keltirdilar yosh asirani…”
STELLA. Biz tor qafasga tushib qolganimiz uning uchun kutilmagan hol bo‘ldi. Yozgan xatlarimda hech narsani ochiq aytmagandim, albatta..
STENLI. Rostdanmi?
STELLA. Uning ko‘ylagini maqtayotuvdingmi? Ayt, u sizni juda ochib yuboribdi, de. Bu Blanshga juda muhim. Shunaqa. U shuni yoqtiradi…
STENLI. E-ha, angladim. Qo‘rg‘onni yo‘q qilishibdi deb aytganding-a?
STELLA. Nima? Ha-ha, o‘shanday.
STENLI. Nima bo‘lgan edi o‘zi? Bundoq tushuntiribroq ayta olasanmi?
STELLA. Hozircha uni savollarga ko‘mmay turamiz, sal o‘ziga kelib olsin.
STENLI. E-ha, gap bu yoqda de! Heh! Qo‘yinglar – opajonim Blanshning bunaqa ishlar haqida gapirishga toqati yo‘q!
STELLA. Qanaqa kelganini o‘zing ko‘rding-ku.
STENLI. Ha, ko‘rdim. Vasiqasini bir ko‘rsak bo‘larmidi.
STELLA. Men vasiqani ko‘rganim yo‘q.
STENLI. U senga hech qanaqa hisobotni, hech qanaqa hujjat-pujjatni, hech nimani ko‘rsatmadimi?
STELLA. Uyning savdosi pishmabdi…
STENLI. Nima qilishgan o‘zi uni, jin ursin. Shundoq berib yuboraveradimi? Kambag‘allar foydasiga?
STELLA. Jim! Eshitib qoladi.
STENLI. Tupurdim, eshitsa undan nariga. Hujjatlarni menga ber!
STELLA. Hech qanaqa hujjat-pujjat yo‘q edi, u hech narsa ko‘rsatmadi, mening unaqa hujjatlar bilan ish-pishim yo‘q.
STENLI. Napoleon kodeksi haqida eshitganmisan?
STELLA. Yo‘q, Stenli, eshitganim ham yo‘q, tushunmayman ham, bunga mening qanaqa…
STENLI. Kel, bo‘lmasa, xotin, senga bu narsalarni o‘rgatib qo‘yay.
STELLA. Rostdanmi?
STENLI. Bizning Luiziana shtatida Napoleon kodeksi amal qiladi, unga ko‘ra xotinning barcha mol-mulki erga qaraydi va shuning aksi. Masalan, mening mulkim bor yoki sening qandaydir mulking bor…
STELLA. Boshim aylanib ketdi.
STENLI. Bo‘pti, gapirmaymiz. Kutib turaman, u issiq vannadan ko‘pchib chiqqanda so‘rayman. Napoleon kodeksi bilan tanishmisiz deyman. Menga ochib soladi, sening esa qulog‘ingga lag‘mon ilib ketishadi, xotinjon. Ammo bordi-yu, sening qulog‘ingga lag‘mon ilishsa, unda Napoleon kodeksi bo‘yicha, mening ham qulog‘imga lag‘mon ilishlarini yoqtirmayman.
STELLA. Savollaringni berishga shoshilmasang ham bo‘ladi, ke­yin ham beraverasan, bo‘lmasa uning yana jag‘i ochiladi. U yoqda “Orzu”ga nima bo‘lganini tasavvur qilolmayapman, ammo ishonsang-ishonmasang, bu qanday bema’nilik axir, opam yoki men, muttahamlikka qodir bo‘lsak.
STENLI. Unda pullar qayoqqa ketdi, axir uy sotilgan-ku?
STELLA. Sotilmagan – yo‘qotilgan, yo‘qotilgan! (Er xobgohga otiladi, xotin ortidan chopadi.) Stenli!
STENLI (xobgoh o‘rtasida turgan katta sandiqni shiddat bilan ochadi, bir quchoq kiyimni chiqarib tashlaydi.) Ko‘zingni kattaroq och mana bularning bari birgina o‘qituvchilik maoshiga kelganmi?
STELLA. Sekinroq gapirsang-chi!
STENLI. Mana bu mo‘ynalarga boq, bu balki u kishining ko‘ziga cho‘p suqaman deb yuribdi? Ana senga misol. Bunaqa ko‘ylak, bilishimcha, bir dunyo pul turadi! Mana bu-chi? Bu nima o‘zi? Shol ro‘mol, tulki mo‘ynasi! (Mo‘ynaga puflaydi.) Sara moviy mo‘ynalar, har biri yarim million turadi! Qani sening mo‘ynalaring, Stella! Momiqqina, oppoqqina mo‘ynalaring! Moviy tusli mo‘ynalaring bormi?
STELLA. Arzongina mo‘ynam bor edi – opamda u, qachon berganim esimdayam yo‘q.
STENLI. Mening bir mo‘ynachi tanishim bor. O‘shani chaqiraman, narxlarini bilib beradi. Garov o‘ynayman, mana shu matohlarning barisiga necha minglab dollar ketgan.
STELLA. O‘zingga yarashgan ishni qilsang-chi, Stenli!
STENLI (mo‘ynali kiyimlarni divanga uloqtiradi. Sandiqning lo‘kidonini yulib oladi-da, undan hovuchini to‘ldirib javohirotni oladi). Mana bular nima? Dengiz qaroqchilarining o‘ljalarimi?
STELLA. Oh, Stenli!
STENLI. Dur! Shoda-shoda dur! Ko‘rdingmi, opajoning kim ekan – dur qidirib, dengiz tagiga tushadigan g‘avvosmi? Qo‘lga tushmas eshikbuzar, po‘lat sandiqlar kushandasimi? Toza tilla bilakuzuklar! Qani sening duru gavharlaring, tilla bilakuzuklaring!
STELLA. Bo‘ldi qilsang-chi endi, Stenli!
STENLI. Olmoslar-chi! Qirolichaning boshidagi tosh deysan!
STELLA. Reyn toshlari qadab tikilgan qalpoq. Uni opam liboslar ziyofatida kiygan edi.
STENLI. Reyn toshlari deganing nima tag‘in?
STELLA. Oddiy shisha bo‘laklari, tamom.
STENLI. Hazilga yo‘yma! Mening zargarlik do‘konida tanishim bor. O‘shani chaqiraman, qani, u nima derkin. Mana senga o‘sha plantatsiyang yoki o‘shandan nima qolgan bo‘lsa, o‘sha.
STELLA. Hozir qanaqa nodonlik, qanaqa vahshiylik qilayotganingni bilasanmi o‘zi? Endi esa u chiqmasidan oldin sandiqni yop.
STENLI (oyog‘i bilan bir tepib, sandiqni naridan-beri yopadi va o‘choqboshi stoliga kelib o‘tiradi). Kovalkiylar bilan Dyubualar hayotga turlicha qaraydilar.
STELLA (jahl bilan). Ha, Xudoga shukrki, shunday! Men ko‘chaga chiqaman. (O‘zining oq shlyapasi va qo‘lqopini oladi va eshik tomon yuradi). Men bilan yur, opam kiyinib olsin.
STENLI. Buyruq berayapsanmi? Qachondan buyon?
STELLA. Nima, bu yerda qolib, uning ustidan kulmoqchimisan?
STENLI. Nima deb o‘ylovding! Albatta, qolaman.
Stella ravonga chiqadi.
BLANSh (qizil atlas xalatda vannaxonadan chiqib keladi. Quvnoq). E-ha, Stenli! Mana, cho‘milib chiqdim, xuddi onadan qayta tug‘ilganday yengil tortdim.
STENLI (sigareta tutatadi). Juda yaxshi-da.
BLANSh (derazadan pardani tortib qo‘yadi). Kechirasiz, men mana bu yangi ko‘ylagimni kiymoqchiman.
STENLI. Kiysangiz kiyavering, shu ham ish bo‘libdimi.
BLANSh (xonalar oralig‘idagi porterni tortib qo‘yadi). Anglashimcha, bugun bu yerda qartabozlik bo‘ladi, xotinlar taklif qilinmagan – g‘oyat iltifotli!
STENLI. Nima bo‘libdi?
BLANSh (xalatini egnidan oladi, guldor chit ko‘ylagini kiyadi). Stella qani?
STENLI. Chiqib ketdi.
BLANSh. Orqamdagi tugmalarni qadash kerak. Kirsangiz bo‘laveradi. (Stenli porterni suradi, ayolga yaqin boradi, unga qaramaslikka harakat qiladi.) Meni qanday topasiz?
STENLI. Kerak bo‘lgach…
BLANSh. Siz judayam iltifotli ekansiz. Mana – tugmalar.
STENLI. Eplolmayapman.
BLANSh. Eh, siz erkaklar, barmoqlaringiz qanaqa o‘zi – baquvvat-baquvvat, qo‘poldan-qo‘pol… Sigaretangizdan tutatib bersangiz, maylimi?
STENLI. O‘zingiz tutatib ola qoling.
BLANSh. Ha, bo‘lmasa-chi. Rahmat. Sandiqni kimdir titkilabdi, shekilli.
STENLI. Ha, Stella ikkalamiz. Mollaringizni yoyishda yordamlashdik.
BLANSh. Xo‘sh, xo‘sh… G‘ayrat bilan ishlabsizlar, halol ishlabsizlar.
STENLI. Siz esa, aftidan, Parijdagi bir emas, qanchalab do‘konni ship-shiydon qilibsiz.
BLANSh. Vah-hah-ha! Ha, kiyim desa o‘zimni tomdan tashlayman.
STENLI. Mana bunaqa mo‘yna qancha turishi mumkin?
BLANSh. Bunisi-chi… bir muxlisim hadya qilgan.
STENLI. Ixlosi haddan tashqari zo‘r ekanligi shundoq ko‘rinib turibdi!
BLANSh. Ha, yoshligimda ko‘plar mening ishqimda telba bo‘lishgan. Endi-chi? Bir qarang-a (shirin tabassum bilan). Sizningcha, men qanday qilib hammani o‘zimga tortganman?
STENLI. Husni tavajjuhingiz bilan-da.
BLANSh. Meni ko‘rganlarning og‘zidan bol tomar edi, Stenli.
STENLI. Bo‘lmagan narsa. Unaqa qiladigan odatim yo‘q.
BLANSh. Nega bo‘lmagan narsa ekan?
STENLI. Tashqi chiroyiga qarab xushomad qilish-da. O‘zingning chiroyli yo chiroyli emasligingni bilmagan va boshqalar ishorasiga muhtoj bo‘lmagan ayolni hali uchratmaganman. Tag‘in shundaylar ham borki, ularga ming gapirma, faqat o‘z bilganlaridan qaytmaydi. Bir vaqtlar o‘shanday go‘zal bilan yurgan edim. Har ikki gapning birida u nuqul: “Oh, qanchalik latofatliman, oh, qanchalik fusunkorman”, der edi. Men esa unga: “Xo‘sh, u yog‘i-chi?” derdim.
BLANSh. U nima derdi?
STENLI. Hech narsa. Ovozi o‘chdi boyoqishning.
BLANSh. Shu bilan sevgi ham tamommi?
STENLI. Bema’ni gaplar to‘xtadi, vassalom. Ba’zi erkaklar bunaqa gollivudcha suyuqoyoqlarning oyog‘ini o‘pishga tayyor, boshqalari esa – yo‘q.
BLANSh. Siz, hoynahoy, ikkinchi toifadagilarga kirarsiz?
STENLI. To‘ppa-to‘g‘ri.
BLANSh. Sizni o‘ziga maftun etadigan sohibjamolning shirinzabonligini ko‘z oldimga keltirolmayapman.
STENLI. To‘ppa-to‘g‘ri.
BLANSh. Osmondagi oyni olib bermasangiz-da, siz oddiy, to‘g‘ri, halol odam ekansiz. Sizni o‘ziga maftun etuvchi ayol shunday bo‘lishi kerakki… (Noaniq qo‘l siltaydi.)
STENLI (dona-dona qilib). Qartalar stolga qo‘yib qo‘yilsin.
BLANSh (jilmayib). Ha, ha. Qartalar stolga qo‘yilsin… Hayotda aldoqchilar, firibgarlar to‘lib-toshib yotibdi. Men rassomning kuchli, yorqin bo‘yoqlarda rasm chizishini, uning palitrasida faqat asosiy, eng oddiy ranglar qolishini sevaman. Hammayoqni qip-qizil qilib tashlaganlarga aslo toqatim yo‘q, “na u yoqlik, na bu yoqlik” odamlarni sira jinim suymaydi. Kecha kechqurun biznikiga kirib, dangal: “Singlim haqiqiy erkakka turmushga chiqdi”, deb aytganim shundan. To‘g‘ri-da, birinchi ko‘rishda bundan ortig‘ini aytmaysan ham…
STENLI (o‘tiradi). Bo‘ldi-da-ey, bekinmachoq o‘yinlaring!
BLANSh (quloqlarini qisib). Vuy-y-y-y!
STELLA (ravoqdan). Stenli! Chiq bu yoqqa, opamning kiyinishiga xalaqit berma.
BLANSh. Men tap-tayyorman, jonim.
STELLA. Unday bo‘lsa chiqing-da.
STENLI. Dildan gaplashayotuvdik.
BLANSh (quvnoq). Jonim, xizmatga buyursam, xafa bo‘lmaysanmi? Yugurib do‘konga borsang, bitta koka-limonad olib kelsang, maydalangan muzlari ko‘proq bo‘lsin. Men uchun xo‘p dey qol, maylimi?
STELLA (malollik bilan). Bo‘pti. (Burchak ortiga o‘tadi.)
BLANSh. Boyaqish yuvoshgina-da. Mening nazarimda, u sizni menday yaxshi bilmaydi… Xo‘-o‘sh, shunday qilib, mister Kovalskiy, nimada to‘xtalgandik? Ha… Keling, ochiqchasiga gaplashaylik. Men har qanday savolga javob berishga tayyorman. Mening yashiradigan hech narsam yo‘q. Xo‘sh, sizlarni nima qiziqtiradi?
STENLI. Bizning Luiziana shtatimizda mashhur Napoleon kodeksi bor, unga ko‘ra xotinimga tegishli bo‘lgan hamma narsa meniki hamdir va shuning aksi.
BLANSh. Ey, Xudoyim-ey, qovoqlarini uyib olishini qaranglar! Hakamning o‘zi!
O‘ziga atir sepadi, hazillashib pulverizatorni Stenliga to‘g‘rilaydi. Stenli pulverizatorni yulib oladi va pardoz stoli ustiga itqitadi. Blansh boshini orqaga tashlab kuladi.
STENLI. Xotinimning opasi bo‘lmaganingizda sizni nima qilishni o‘zim bilardim.
BLANSh. Nima qilardingiz?
STENLI. O‘zingizni go‘llikka solmang. O‘zingiz bilasiz. Qog‘ozlar qani?
BLANSh. Qog‘ozlar?
STENLI. Hujjatlar. Plantatsiya bo‘yicha hisobot.
BLANSh. Qanaqadir qog‘ozlar bor edi.
STENLI. Ya’ni? Birdan yo‘q bo‘lib qoldi, shundaymi?
BLANSh. Balki, yo‘q bo‘lib qolmay, bir joyda yotgandir-a?..
STENLI. Ammo, bo‘lsa ham sizning sandig‘ingizda bo‘ladi.
BLANSh. Bor topgan-tutganim sandiqda.
STENLI. Nega qarab turibmiz bo‘lmasa, qaraymizmi? (Sandiqqa yaqin keladi, zarb bilan qopqoqni ochadi.)
BLANSh. Yo tovba, sizga nima bo‘ldi? Xuddi bolaga o‘xshaysiz-a. Aqlingiz joyidami? Qanaqadir pullarni o‘marganman-da, sizning burningizdan ip o‘tkazib olganman, shuni singlimga topshirishim oson bo‘ladi, shundaymi? Bundoq turing, o‘zim qarayman. Shunda tezroq va osonroq bo‘ladi… (Yaqin keladi, qutichani oladi.) Qariyb barcha qog‘ozlarim mana shu qutichada. (Ochadi.)
STENLI. U yerdagi-chi, tagidagi nima? (O‘rog‘liq qog‘ozlarni ko‘rsatadi.)
BLANSh. Eskirganidan sarg‘ayib ketgan ishqiy maktublar, hammasi bitta boladan. (Stenli tortib oladi. Blanshning ovozida tahdid). Bering!
STENLI. Avval bir ko‘raylik-chi.
BLANSh. Sizning tegishga haqqingiz yo‘q!
STENLI. E, nima bo‘pti. (Tasmachani yirtib oladi va qog‘ozga ko‘z yugurtiradi.)
BLANSh (maktublarni yulqiydi va ular yer bilan bitta bo‘lib sochiladi.) Modomiki, nozik qo‘lchalaringiz tegdimi, endi uni yoqishdan boshqa choram yo‘q.
STENLI (butunlay o‘zidan ketib). E, nima ekan o‘zi ular, jin ursin?
BLANSh (varaqlarni yerdan terib olarkan). Bir bolaning she’rlari, o‘zi esa dunyodan o‘tib ketgan. Qachonlardir u meni qattiq sevib qolgan ekan, xuddi hozir siz meni bir nima qilib qo‘ymoqchi bo‘lganingizday, ammo bunga sizga yo‘l bo‘lsin! Men endi yot emasman, bunaqa narsalardan sovib bo‘lganman. Lekin erim yosh edi, durkungina edi. Men ham… e-e, endi baribir. To‘plab bersangiz-chi maktublarni!
STENLI. Bu nima qilganingiz – nega endi ularni yoqayapsiz?
BLANSh. Uzr. Shunchaki esimni yo‘qotdim. Har bir odamning biron-bir ezgu, dilda e’zozlagan bir narsasi bo‘ladi. (Uning chehrasi juda horg‘in. Qo‘llarida quticha bilan o‘tiradi, ko‘zoynagini taqadi, diqqat bilan katta to‘p qog‘ozlarni ko‘rib chiqa boshlaydi.) “Embler va Embler”. Hm… Krebtri… Yana “Embler va Embler”.
STENLI. “Embler va Embler” nima degani?
BLANSh. Idora. Ko‘chmas mulkka ssuda beradigan joy.
STELLA. Demak, demak, uy garov pullarini to‘lashga ketgan.
BLANSh. Xuddi shunday, menimcha.
STENLI. Mening esa hech kanaqangi “menimcha” bilan ishim yo‘q. Qolgan qog‘ozlardagi nima ekan?
Blansh qutini unga tutqazadi. Stenli stolga yaqin joyda bemalolroq turib oladi-da, hujjatlarni ko‘zdan o‘tkaza boshlaydi.
BLANSh (erdan katta xatjildni oladi, u ham qog‘ozlarga liq to‘la). Yuz yil ichidagi minglab qog‘oz, “Orzu”mizning butun tarixi… pul sanashni bilmaydigan bobolarimiz va otalarimiz, amakilarimiz va og‘a-inilarimiz, jo‘ngina qilib aytganda, o‘zlarining tiyiqsiz fahsh yo‘llariga qarichma-qarich, tanobma-tanob qimorda yutqazib qo‘yganlar. (Ko‘zoynagini oladi va horg‘in kuladi.) To‘rtta harfdan iborat mana shu “fahsh” so‘zi butun plantatsiyani yamlab yuborgan. Stellaning aytishicha, undan faqat bitta uy va yigirma akr yer qolgan, xolos, shunda ham qabristonni qo‘shib hisoblaganda, u yerga barcha qarindosh-urug‘larimiz ko‘chib borgan… Stella va mendan boshqalari (Xatjildni stolga uradi). Bu yerda, hamma, hamma qog‘ozlar bor! Oling-da, joyga ega bo‘ling. O‘qing, takror o‘qing, yodlab oling. Bundan yaxshi tugallash xayolingga kelmaydi: butun “Orzu” sizning baquvvat, sohibjamol panjalaringizdagi eski qog‘oz omboridan bitta toy!.. Qiziq, limonadga ketib, Stellaning o‘zi limonadga aylanib qoldimi? (Kursi suyanchig‘iga o‘zini tashlab, ko‘zlarini yumadi.)
STENLI. Mening bir huquqshunos tanishim bor, u bu hujjatlarni o‘rganib chiqadi.
BLANSh. Hujjatlarni unga hadya deb, bosh og‘riq dori ham qo‘shib olib boring.
STENLI (biroz xijolat tortib). Ko‘rmaysizmi, Napoleon kodeksi bo‘yicha er-xotinining ishlari qanday ketayotganidan xabardor bo‘lib turishi kerak. Ayniqsa, ular, xuddi bizlardek, masalan, hozir bola kutishayotgan bo‘lsa.
Blansh ko‘zlarini katta-katta ochadi. Blyuz kuyi balandroq yangraydi.
BLANSh. Stella? Stella chaqaloq tug‘adimi? (Orzuga berilgancha) Men esa hech baloni bilmayman! (Turadi, eshik tomon yuradi).

Burchakda Stella paydo bo‘ladi. Stenli xatjild va qutichani olib, xobgohga olib ketadi. Xonalar qorong‘ilik ichida qoladi, undan ko‘cha, uyning tashqi devori ko‘rinadi.
BLANSh (Stellani yo‘lakda ravoq yonida uchratadi). Stella, Stella, chirog‘im! Qanday baxtiyorman, farzandli bo‘lasan-a! (Singlisini quchoqlaydi Stella ham uni quchoqlaydi, titrab-qaqshab, piq-piq yig‘laydi. Past ovozda) Hammasi joyida – aniqlab oldik. Hozir sal-pal isitmam chiqib turibdi, ammo men, aftidan, barini uddaladim. Kuldim, hammasini hazilga yo‘ydim. Uni o‘g‘il dedim, kuldim, ozgina ishva ham qildim. Ha, ering bilan jinday tegishdim ham, Stella!
Stiv va Pablo pivoli qutini ko‘tarib keladi. Mehmonlar qartabozlikka hozirlik ko‘rishayapti… Erkaklar opa-singillarning o‘rtasidan yurib o‘tishadi, Blanshga tez va qiziqish bilan ko‘z solishadi-da, uyga kirib ketishadi.
STELLA. Uni kechiring.
BLANSh. Ha, bu kishi o‘z nomiga yosuman guli ochdiradiganlardan emas. Ammo nachora, endi bisotimizda “Orzu” bo‘lmagandan keyin qonimizga aralashtirish uchun xuddi shu narsa kerak. Osmon qanday ajoyib! Raketada uchib ketsang-da, qaytib kelmasang.
OVQATFURUSh (qichqirgancha muyulishdan chiqib keladi). Kep qoling, qaynoqqina!
BLANSh (qo‘rqqanidan bosiq qichqiradi, keskin tisariladi. Ammo o‘sha zahoti, qo‘rquvi bosilmasidanoq xandon tashlab kuladi). Qayoqqa boramiz endi, Stella… manavi yoqqami?
OVQATFURUSh. … Qaynog‘iga kep qoling!
STELLA (uning qo‘ltig‘idan olib). Yo‘q, bu yoqqa.
BLANSh (kulib). Ko‘r… ko‘rni yetaklayapti!
Burchak ortiga o‘tib ketishadi. Blanshning umidsiz kulgisi hali ham tingani yo‘q. Bunga javoban esa uy ichidan erkaklarning qahqahasi yang­raydi. Blyuz taronasi kuchayib boraveradi, unga surdinka jo‘rligida truba ovozi qo‘shiladi.

UChINChI MANZARA

Qartabozlik tuni. Van Gogning bir asari bor – “Bilyard tuni” degan…
O‘choqboshi stolidagi sariq klyonka uzra och yashil shisha qalpoqli osma chiroq yonib turibdi. O‘yinchilar Stenli, Mitch, Stiv va Pablo rang-barang ko‘ylaklar kiyib olishgan, erkaklarning o‘zlari ham o‘z holicha, ularning uchiga chiqqan mardliklari ham asosiy ranglar kabi qo‘pol va beso‘naqay.
Stolda tarvuz karjlari, viski shishalari, stakanlar. Xobgoh ancha xira yoritilgan, ikki joydan yorug‘lik tushib turibdi, biri – o‘choqboshi chirog‘idan, ikkinchisi porter orqali – ko‘chadan. Qarta suzilguncha o‘yinchilar sukut saqlaydi.
STIV. Xo‘sh, nima ochildi?
PABLO. Bir juft valet.
STIV. Ikkitasini sotib olaman.
PABLO. Senga-chi, Mitch?
MITCh. Chiqdi.
PABLO. Bittasi – o‘zimga.
MITCh. Viski… yana talabgorlar bormi?
STENLI. Men.
PABLO. Hammaga xitoy ragusidan olsak-chi?
STENLI. Men yutqizayapman, sening bo‘lsa ishtahang karnay bo‘lib ketayapti. Hech kim boshqa qo‘shmaydimi? Ochamizmi? Ochdik. Ketingni stoldan olsang-chi, Mitch, buncha yalpayib olmasang! Modomiki, o‘yinmi, stolda faqat qartalar, tangalar va viski bo‘lishi kerak. (U chayqalib ketadi. Qulochkashlab stoldagi tarvuz po‘choqlarini pastga supurib yuboradi.)
MITCh. Nima, halitdan yetib keldingmi?
STENLI. Kimga qancha?
STIV. Menga uchta.
STENLI. Menga bitta.
MITCh. Yana chiqdi. Uyga ketaversam ham bo‘ladi.
STENLI. Og‘zingni yumsang-chi.
MITCh. Oyim kasal. To men bormaguncha tun bo‘yi uxlamay chiqadi.
STENLI. Yonidan hech yoqqa jilmay o‘tira qol bo‘lmasa.
MITCh. Shu onam-da yana… odamlarga qo‘shilib yur deydi. Mana, yuribman. Nima karomat ko‘rayapman? Xayolimda u – qanday o‘tiribdi ekan, deb.
STENLI. Ketsang keta qol, Xudo haqqi.
PABLO. Senda nima ekan?
STIV. Flesh, Piklar.
MITCh. Hammangizning xotiningiz bor. Men-chi… u o‘lib ketsa, so‘qqabosh bo‘lib qolaveraman… Vannaga kirib chiqay.
STENLI. Tezroq qayt.
MITCh. Bor yo‘qol.. (vannaga ketadi.)
STIV (topshiradi). Yetti ayrilishga. (Topshirayotib, navbatdagi latifani boshlab yuboradi). Bir negr chol hovlisida o‘tirgan ekan, o‘tirib jo‘jalarga hovuchlab makkajo‘xori doni socha boshlabdi. Birdan ona tovuqning jonholatda qaqag‘lagani eshitilibdi, qarasa, uyning orqasidan o‘qday uchib yosh ona tovuq kelayotganmish, orqasidan esa xo‘roz quvib kelayotganmish, yetib olib, ustiga chiqibdi…
STENLI (sabrsizlanib). Suzsang suza qol endi!
STIV. …biroq donga ko‘zi tushibdi-yu, tovuqni qo‘yib yuborib, donni cho‘qilay ketibdi. Negr qarab turib, nima dermish: “Ishqilib, mana bunday och qolishdan Xudoning o‘zi asrasin-da!”
Stiv va Pablo qah-qah urib kuladi. Ko‘cha muyulishida opa-singillar ko‘rinadi.
STELLA. O‘yin hali-beri tugaydigan emas.
BLANSh. Qanaqaman hozir?
STELLA. Juda ochilib ketgansiz, opajon.
BLANSh. Issiq, sillam qurib ketdi. Shoshma, ochmay tur… Avval upa-elik qilib olay oz-moz. Ko‘rinishim juda horg‘indir?
STELLA. He, yo‘q. Yangi ochilgan guldaysiz.
BLANSh. Bir necha kun avval uzilgan gulday de.
Stella eshikni ochadi va ular ichkariga kirishadi.
STELLA. Xo‘sh-xo‘sh-xo‘sh… sizlar esa, do‘stlar, ko‘rib turganingizdek, bas qilishni o‘ylamayapsizlar ham.
STENLI. Qayerdan kelayapsizlar?
STELLA. Opam bilan reviga bordik. Opa, bular mister Gonzales va mister Habbel.
BLANSh. Iltimos, turmanglar.
STENLI. Hech kim turaman deyotgani yo‘q, bu yog‘idan xotirjam bo‘laveringlar.
STELLA. Hali uzoq o‘ynaysizlarmi?
STENLI. Hozircha bilib bo‘lmaydi.
BLANSh. Ha, poker shunaqa qiziq o‘yin. Kimga juft bo‘lay?
STENLI. Mumkin emas. Balki Yunisning oldiga chiqarsizlar?
STELLA. Nima deyapsan – ikki yarim bo‘ldi-ya! (Blansh xobgohga ketadi va porterni salgina tortib qo‘yadi.) Sizlarga qiyin emas-ku, keyingi qo‘ldan keyin hisob-kitob qilarsizlar-a? (Kursi g‘ichirlaydi. Stenli shap etib, Stellaning dumbasiga shapatlaydi. Jiddiy ohangda). Kulgili joyi yo‘q, Stenli. (Erkaklar kulishadi. Xobgohga ketadi). Birovlar oldida uning shunaqa qiliq qilishidan jonim chiqib ketay deydi.
BLANSh. Cho‘milib olay.
STELLA. Yanami?
BLANSh. Asablar. Nima, bandmi?
STELLA. Bilmadim.
Blansh vanna eshigini taqillatadi. Eshik ochiladi, qo‘llarini sochiqda artgancha Mitch chiqib keladi.
BLANSh. E-ha… Salom.
MITCh. Salom. (Ayolga suq bilan qaraydi.)
STELLA. Opa, bu Xerold Mitchell. Mening opam, Blansh Dyubua.
MITCh (qo‘pollarcha takalluf bilan). Ehtiromimni qabul qiling, miss Dyubua.
STELLA. Onangizning sog‘lig‘i qanday, Mitch?
MITCh. Ha rahmat, umuman o‘sha-o‘sha. Xantalingiz uchun tashakkur aytdi. Iltimos, kechiring. (O‘choqboshiga ohista o‘tib ketadi, dam-badam Blanshga qaraydi va xijolatomuz yo‘taladi. Sochiqni olib ketgani esiga tushadi va sarosimalangancha kulib, Stellaga uzatadi).
BLANSh (unga oshkora qiziqish bilan razm soladi). Buni odobdan desa bo‘ladi.
STELLA. Har holda.
BLANSh. Yuzi qandaydir tashvishli.
STELLA. Uning onasi kasal.
BLANSh. Oilalikmi?
STELLA. Yo‘q.
BLANSh. Xotinbozmi?
STELLA. Nima deyapsiz, opa! (Blansh kuladi.) Shu holiga-ya.
BLANSh. Nima ish qiladi, u? (Bluzkasi tugmalarini yecha boshlaydi).
STELLA. Slesar ishchi, Stenli ishlaydigan zavodda.
BLANSh. Lavozimi kattaroqmi?
STELLA. Qayoqda… Bularning butun davrasidan bitta shu Stenli qo‘l uchida kun ko‘radi.
BLANSh. Nega unga turmushga chiqding bo‘lmasa?
STELLA. Unga o‘zingiz bir qarang.
BLANSh. Qaradim.
STELLA. Unda so‘ramasangiz ham bo‘ladi.
BLANSh. Xafa bo‘lmagin-u, Stenlining manglayi sho‘rligi shundoq ko‘rinib turibdi. (Bluzkasini yechadi va porterdan tushib turgan yorug‘ga kelib turadi, shoyi siynabandi qip-qizil, yubkasi oppoq. Qartabozlar o‘yinni davom ettirishadi, ularning ovozlari uzoqdan kelayotganga o‘xshaydi.)
STELLA. Manglayga balo bormikan bu yerda, dono?
BLANSh. Nega bo‘lmasin? Qiziq.
STELLA. Hamma kuch – shunda! Siz ayni yorug‘da turibsiz, opajon.
BLANSh. Eh-ha… (Yorug‘ning sariq qismidan chiqib keladi).
STELLA (ko‘ylagini yechadi, yengil ko‘k atlas kimonosini kiyadi. Qizlarday sharaqlab kuladi). Ularning xotinlarini bir ko‘rsangiz edi qanaqaligini!
BLANSh (kulib). Bilaman, bilaman. Mana bunday semiz-semiz, qishloqi xotinlar-da…
STELLA. Anovini, tepadagini bilasizmi? (Tobora balandroq kuladi). Bir kuni u… (Kulgi) Biznikida suvoq… (yana sharaqlagan kulgi) shiftdan palaxsa-palax ko‘chib tushgandi..
STENLI. Hoy tovuqmijozlar, bas endi!
STELLA. Sizlarga eshitilayotgani yo‘q-ku.
STENLI. Ammo sizlarga eshittirib aytaman – sal sekinroq gapiringlar!
STELLA. Men uyimda o‘tiribman, xohlagancha gaplashaman.
BLANSh. Stella, arining uyasiga tegma.
STELLA. U ichib olgan… Men hozir (Vannaxonaga ketadi.)
Blansh turadi, asta, xuddi eringandek ixchamgina oq radiopriyomnikka yaqinlashadi, uni qo‘yadi.
STENLI. Mitch? Gapir sen…
MITCh. Nima? E-ha. He yo‘q, bas.
Blansh yana yorug‘ joyga keladi. Qo‘llarini ko‘tarib, boshi orqasiga oladi, kerishadi, erinib alpon-talpon o‘zining kursisi oldiga keladi. Priyomnikdan rumba yangraydi. Mitch o‘rnidan turadi.
STENLI. Kim qo‘ydi radioni?
BLANSh. Men. Nimaydi?
STENLI. O‘chiring.
STIV. Qo‘y, qizlar eshitishaversin, bo‘lmasa zerikib qolishadi.
PABLO. Senga nima? Xudo haqqi, yaxshi kuy ekan…
STIV. Zever Konchet bo‘lsa kerak. (Stenli dast o‘rnidan turadi, priyomnik oldiga uchib boradi, o‘chiradi. Kursida Blansh o‘tirganini ko‘rib, taqqa to‘xtaydi. Ayol uning ko‘ziga tik qaraydi, kiprik qoqmaydi va Stenli yana qartaga o‘tiradi. O‘ynovchilar bu orada bahslashib qolishadi.) Shuncha tayinlaganingni hech eslolmayapman.
PABLO. Men nima degandim, Mitch?
MITCh. Eshitmadim.
PABLO. Qayerda eding?
STENLI. Porterda edi ko‘zi (sapchib turadi-da, pardani jahl bilan tortib qo‘yadi). Boshqatdan suzishga to‘g‘ri keladi. O‘zi, umuman o‘ynasak, o‘ynaylik, yoki uy-uyimizga tarqalaylik. Birovning yutganini ko‘rsam chidolmayman. (O‘tiradi. Mitch turadi. Qichqiradi). O‘tir!
MITCh. Hojatxonaga borayapman. To‘nka bilan o‘ynanglar.
PABLO. Yettita beshlikni cho‘ntagiga joyladi. Stiv ertaga tongdan uni yigirma besh tsentlikka maydalatadi.
STENLI. Uyda tangalar bilan cho‘chqa bolachalarini boqadi, hammasi dumaloq-dumaloq, oyijonisi rojdestvoga sovg‘a qilgan, to‘g‘ri qilgan. (Qartani suzadi). Xoh o‘yna, xoh o‘ynama…
Mitch ma’yus jilmayadi va porter ortiga o‘tadi. To‘xtaydi.
BLANSh (past ovozda). Bolalar burchagi esa – band.
MITCh. Bilasizmi, pivo…
BLANSh. Ko‘rgani ko‘zim yo‘q.
MITCh. Issiqda – yagona xaloskor.
BLANSh. Menga to‘g‘ri kelmaydi. Pivo ichsam, jig‘ildonim qaynaydi. Sigaretangiz bormi? (Qora-ko‘kchil atlas xalatini yelkasiga soladi).
MITCh. Topamiz.
BLANSh. Nima ekan sizdagi?
MITCh. “Lakki”.
BLANSh. Bo‘ladi. Tamakidoningizga gap yo‘q. Kumushmi?
MITCh. Ha. o‘qing-chi, nima yozilgan ekan.
BLANSh. O‘-ho‘, yozuvi ham bor! Tushunolmadim… (Gugurt chaqib, yaqinroq suriladi.)U-u. (Ataylab tutilib o‘qiydi).

Xudo beraman desa
Men kuchliroq sevaman…
O‘lgandan keyin!
O, missis Brauning!.. Mening sevimli sonetimdan.
MITCh. Siz buni bilasizmi?
BLANSh. Bo‘lmasa-chi!
MITCh. Yozuvda butun bir tarix bor.
BLANSh. Xuddi romandagidek.
MITCh. Uncha quvnoq emas.
BLANSh. Shunaqa deng…
MITCh. Ha, endi bu qiz o‘lib ketgan.
BLANSh (xayrixohlik bilan). O‘-o‘h!
MITCh. Hadya qilayotganda u tirik qolmasligini allaqachon bilgan. Juda g‘alati qiz edi, g‘oyat muloyim, juda ham muloyim!
BLANSh. Sizni sevgan bo‘lsa kerak-da. Bemorlar shunaqa ko‘ngilchan va samimiy bo‘ladilar.
MITCh. Ha, shunaqa. Juda ham.
BLANSh. Nazarimda, azob chekkanda odamlar samimiy bo‘ladi.
MITCh. Shunaqa, odamlarning samimiyligi g‘am-qayg‘udan.
BLANSh. Ha, samimiylik endi faqat jabrdiydalarda qolgan.
MITCh. Ha, nimasini aytasiz.
BLANSh. Xuddi shunday. Umrida g‘am chekmagan odam bo‘lsa, ko‘rsating menga, u… Quloq soling! Negadir tilim tutilib qolayapti. Hammasi siz tufayli, erkaklar. Tomosha o‘n birda tugagan, uyga ketish hech kimning esida yo‘q – o‘yin!.. Bugun ichish xonasi kelgani shundan. Mening bir qadahgina ichadigan odatim bor, juda bo‘lmaganda ikki qadah, uchtasi esa!… (Kuladi). Bugun uch qadah.
STENLI. Mitch!
MITCh. Mensiz o‘ynayveringlar. Men miss…
BLANSh. Dyubua.
MITCh. Dyubua?
BLANSh. Frantsuzcha ismi sharif. Ya’ni, “O‘rmondan kelgan qiz”, Blansh esa “oppoq”, oppoq daraxtlar. Gulga kirgan bahorgi bog‘. Shundan mening ismi sharifimni eslab qolasiz.
MITCh. Siz frantsuzmisiz?
BLANSh. Kelib chiqishimiz Frantsiya. Amerikaga ko‘chib kelgan dastlabki Dyubualar frantsuzlar, gugenotlar bo‘lgan.
MITCh. Sizlar Stella bilan opa-singillarmisiz?
BLANSh. Ha, Stella mening erkatoyim, jajji singiljonim. Men kichkina deyapman, aslida men undan ozgina kattaroqman. Bir yil ham emas… Bitta iltimosim bor edi, bajarasizmi?
MITCh. Albatta. Qanaqa iltimos ekan?
BLANSh. Men Burbon ko‘chasidagi xitoy do‘konidan qog‘oz fonus sotib olgan edim. Juda rang-barang. Shunga lampochka o‘rnatib bersangiz. Malol kelmaydimi?
MITCh. Jonu dilim bilan.
BLANSh. Yalang‘och lampochkalarga toqatim yo‘q. Qadimgi jinchiroqdan farqi yo‘q.
MITCh (fonusni qo‘ndirarkan). Biz sizga nomunosib ulfatlar ekanimizdan xavotirdaman – qo‘pol odamlarmiz.
BLANSh. Men kirishimli ayolman.
MITCh. Ajoyib fazilat. Mehmonga keldingizmi?
BLANSh. Stellaning mazasi yo‘q, shunga birmuncha muddatga kelgan edim, yordam bergani. U ozib, cho‘p bo‘lib qolgan.
MITCh. Siz anovi…
BLANSh. Erim bormi? Yo‘q, yo‘q, yo‘q. Qariqizman – muallima.
MITCh. Ie, maktabda, albatta, dars bera olasiz, ammo qanaqasiga qariqiz bo‘lasiz?
BLANSh. Tashakkur, sizga, ser. Mana buni odob desa bo‘ladi!
MITCh. Muallimaman deng?
BLANSh. Ha. Afsuski, ha…
MITCh. Boshlang‘ichmi yoki o‘rta ta’limmi, yoxud…
STENLI (og‘zini to‘ldirib). Mitch!
MITCh. Ketyapman!
BLANSh. Ey, Xudo, qanaqasi bo‘lardi!.. O‘rta maktabda. Lorelda.
MITCh. Nimani o‘qitasiz! Nimadan dars berasiz?
BLANSh. Siz nimadan derdingiz?
MITCh. Garov o‘ynayman, rasm yoki musiqa. (Blansh kuladi.) Ha-a, topolmadim, shekilli. Unda, ehtimol, arifmetikadan…
BLANSh. Zinhor-bazinhor, ser. Arifmetikadan! (Kulib) Anavi ko‘paytiruv jadvali bor-ku, o‘shani ham yolchitib yodlagan emasman. Yo‘q, men sho‘rlik kelib-kelib ingliz tilidan dars beraman. Boldirli qizaloqlar va alkogolsiz, limonadsiz Romeolarga Gotorn, Uytmen va Po oldida huzurlanish yo‘llarini o‘rgataman.
MITCh. Ularning esa miyasi butunlay boshqa narsa bilan band.
BLANSh. Bo‘lmasa-chi! Ularning ko‘pchiligi zo‘r yashab o‘tishlari va mumtoz merosli bo‘lishlari mumkin edi. Lekin baribir ham – jononlar. Bahorda esa ularning ilk ishqiy kechinmalariga hayajonsiz qaramay bo‘lmasdi. Go‘yo hammasi ulardan boshlanadi, go‘yo ilgari hech kim hech narsa bilmagandek… (Vannaxona eshigi ochiladi, Stella chiqadi.) Darrov bo‘la qoldingmi? Shoshma, men radioni qo‘yib qo‘yay.
(Qo‘ygichni buraydi. Radiopriyomnikdan qo‘shiq taraladi: “O Vena, Vena, faqat sen…” Blansh vals raqsiga tushadi, u bu raqsni ishqiy ruhda o‘ynaydi. Mitchni butunlay hayajon chulg‘agan va Blanshga taqlid qilib, xuddi ayiqpolvondek qo‘pol harakatlar qiladi. Stenli shiddat bilan porter orqali xobgohga otiladi. Priyomnikka tashlanadi, uni stoldan yulqib oladi, bo‘kirib so‘kingancha derazadan uloqtiradi.)
STELLA. Mast bo‘lib qolibsan! Xurmachangga sig‘sa ich, hayvon! (O‘choqboshiga yugurib kiradi.) Qani, hammang uy-uyingga jo‘na. Agar zig‘ircha vijdoningiz bo‘lganda edi, sizlar…
BLANSh (dahshat ichida). Stella, ehtiyot bo‘l, u…
Stenli Stellaga tashlanadi.
ERKAKLAR (nima qilishni bilmay). Hay, hay, Stenli. Og‘irroq bo‘l-da, og‘ayni. Kel, bizlar…
STELLA. Hali menga qo‘l ko‘tardingmi, menga-ya… (Tisarila-tisarila ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi.)
Uning ortidan ketgan Stenli ham g‘oyib bo‘ladi. Zarba ovozi. Stellaning qichqirig‘i. Blansh bosiq chinqiradi, o‘choqboshiga otiladi. Erkak­lar yordamga oshiqadilar, olishuv ovozlari, so‘kinishlar. Nimadir polga gumburlab qulab tushadi.
BLANSh (kuchanib). Axir u homilador-ku!
MITCh. Sharmandalik.
BLANSh. Iblis, yomon quturdi!
MITCh. Olib kelinglar uni, yigitlar…
Ikki erkak Stenlining qo‘llarini qayiradi va xobgohga sudraydi. U siltab tashlaydi va ularni uloqtirib yuboray deydi. Biroq, to‘satdan jim bo‘lib, sheriklarining qo‘lida shalpayib qoladi. Ular yaxshi gapirib yupatishadi va u do‘stlaridan birining yelkasiga yuzini bosadi.
STELLA (sahna ortida, ovozda). Bu yerda qolishni istamayman! Ketaman!
MITCh. Xotin bor uyda qarta o‘ynalmaydi.
BLANSh (xobgohga yugurib kiradi). Stellaning ko‘ylagi! Biz yuqoriga, anovinikiga boramiz.
MITCh. Ko‘ylak qani?
BLANSh (shkafni ochadi). Mana. (Singlisining oldiga yuguradi.) Stella, jonginam. Singiljon, azizim, qo‘rqma. (Stellani quchoqlab, uni eshik ortiga, undan zina bo‘ylab yuqoriga boshlab ketadi.)
STENLI (hech narsani tushunmay). Nima gap? Nima bo‘ldi bu yerda?
MITCh. Hammani dunyoga kelganiga pushaymon qildirding, Sten?
PABLO. Ha, endi yigitchilik-da.
STIV. Bizning yigitchani yigitchiligi tugamadi-tugamadi-da.
MITCh. Uning karovati boshiga ho‘l sochiq to‘shab qo‘yinglar.
PABLO. Qahva berish kerak – birpasda ko‘rmaganday bo‘lib ketadi.
STENLI (xirillab). Suv…
MITCh. Uni jo‘mrak tagiga yotqizinglar.
Past ovozda yupata-yupata erkaklar Stenlini vannaxonaga olib kirishadi.
STENLI. Qo‘yvor! Yo‘qol hammang, itdan tarqalganlar!
Vannaxonadan zarba ovozlari, suvning jo‘mrakdan kuchli bosimda oti­lib chiqqani eshitiladi.
STIV. Qani, tezroq gumdon bo‘laylik!
Hamma qarta stoliga intiladi, yo‘l-yo‘lakay har kim o‘zining yutib olganini cho‘ntagiga uradi.
MITCh (g‘amgin, ammo qat’iy). Yo‘q, xotin kishi bor uyda qarta o‘ynab bo‘lmaydi.

Eshik yopiladi, uy huvillab qoladi va sukunat cho‘kadi. Muyulishdagi barda kuy chalayotgan qora tanli mashshoqlar “Qog‘oz qo‘g‘irchoq”ni chala boshlaydilar, kuy cho‘ziq, o‘kiriknamo chiqadi.
STENLI (vannaxonadan chiqib keladi – egnida jiqqa ho‘l, tanasiga yopishgan, donador oq plavkadan boshqa hech narsa yo‘q). Stella (Pauza). Jo‘navoribdi-ku jononchamiz, tashlab ketdi! (Xo‘ngrab yig‘laydi, vujudi silkinadi, telefon oldiga keladi va raqamlarni tera boshlaydi.) Yunis!… Dilbarim bilan gaplashmagunimcha qo‘ymayman! (Go‘shakdan hech narsani anglab bo‘lmaydigan chiyillagan ovoz keladi. U apparatni sharaqlatib yerga uradi. Pianino va mis cholg‘u asboblari sadosi ostida xona qorong‘ulikka ko‘miladi, tungi ko‘cha yorug‘ida uylarning ko‘lankalari ko‘zga tashlanadi. Biroz jimlikdan keyin blyuz yangraydi. Deyarli yalang‘och holda, turtina-surtina Stenli ravoqqa chiqadi, yog‘och zinadan bitta-bitta bosib, uy oldidagi tosh yo‘lga chiqadi. Ko‘ppakka o‘xshab boshini orqaga tashlaydi-da, uvullay boshlaydi.) Stella! Stella! Sohibjamolim mening Stellam! Stella-a-a-a!
YuNIS (tepada o‘zining xonadoni eshigi oldida paydo bo‘ladi). Uvullashni bas qilingda, joyingizga borib yoting!
STENLI. Ayting, jajjiginam pastga tushsin. Stella! Stella!
YuNIS. Kelmaydi, xomtama bo‘lmay qo‘ya qoling. Bo‘lmasa, politsiya chaqirishga majbur bo‘lamiz!
STENLI. Stella!
YuNIS. Avval urib, endi “qayt”mi? Boyaqish farzand ko‘raman deb umidda! Obbo pastkash-ey! Hayvondan tarqalgan emasmisan?! Xuddi o‘tgan safargiday yoqangdan bo‘g‘ib, otilib turgan muzday suv ostiga yotqizish kerak edi seni.
STENLI (itoatkorona). Yunis, xotinchamni qaytarib beringlar, ketib qolmasin!
YuNIS. Tuf-ey! (Eshikni taraqlatib yopadi.)
STENLI (alamiga chidolmay qichqiradi). Stell-a-a-a-a-a!
Klarnet past ovozda ingranib bir kuyni takrorlaydi.Tepadagi eshik yana ochiladi. Stella shaloq zinadan tushib keladi. Ko‘zlari hali ham jiqqa yosh, sochlari yelkasida to‘zg‘ib yotibdi. Er-xotin bir-biriga qarab qoladi. Jonivorlarga xos tarzda “oh” tortib, ikkalasi bir jismga aylanadi. Er o‘zini uning poyiga tashlaydi, xotinining do‘mpaya boshlagan qorniga yopishadi. Stella erining boshidan tutib, o‘rnidan turg‘azar ekan, ko‘zlariga yosh qalqib chiqadi. Stenli eshikni lang ochadi, Stellani qo‘lida ko‘tarib, qorong‘i xonaga olib kirib ketadi.
BLANSh (xalatda, yuqorigi qavat maydonchasida paydo bo‘ladi, qo‘rqa-pisa zinadan tushib kela boshlaydi). Qani mening singiljonim? Stella… Stella!
(Singlisi xonasiga kiraverishdagi qorong‘i bo‘sag‘ada to‘xtab qoladi. Keyin sarosimadan hushini yo‘qotgudek bo‘lib pastga o‘qday uchib tushadi. Uy oldidagi yo‘lkaga chopib keladi, o‘ziga panoh qidirgandek u yoq-bu yoqqa ko‘z soladi Musiqa tinadi.)
MITCh (muyulishdan chiqib keladi). Dyubuamisiz?
BLANSh. Ha…
MITCh. Xo‘sh, “Bog‘dodda hammayoq tinch”mi?
BLANSh. U erining oldiga qochib ketdi…. Ular u yerda… birga!
MITCh. Albatta, qochib ketadi-da, nima bo‘pti!
BLANSh. Men qo‘rqib ketayapman.
MITCh. Voh-voh! Nimadan qo‘rqasiz? Ularni kunduz chiroq yoqib topolmaysiz.
BLANSh. Men bunaqa narsalarni ko‘tarolmayman…
MITCh. Ha, g‘irt sharmandalik, sizning boringizda bunaqa qiliqlar qilmasliklari kerak edi! Lekin ko‘nglingizga olmang.
BLANSh. Qanday vahshiylik! Bu…
MITCh. Keling, zinada o‘tiring, bittadan sigareta chekamiz.
BLANSh. Lekin kiyimlarim bir hol bo‘lib yotibdi, uyalaman…
MITCh. Bizning bu yerlarda bunga qarashmaydi.
BLANSh. Juda ajoyib tamakidon ekan…
MITCh. Men sizga yozuvini ko‘rsatdimmi?
BLANSh. Ha. (Osmonga qaraydi, biroz sukutdan so‘ng) Bu hayotda nega hammasi buncha telba-teskari bo‘lmasa… (U zaif yo‘taladi.) Sizga rahmat, yaxshi odam ekansiz. Men hozir… yaxshilikka shunchalik muhtojmanki…

TO‘RTINChI MANZARA

Erta tong. Ko‘chadagi shovqin-suronda qandaydir cherkov qo‘shig‘ining nafasi bor. Stella xobgohda, hali turmagan, o‘zini oftobga solib huzur qilayapti. Uning chehrasi ochiq, tiniq. Bir qo‘lini dumaloq qorni ustiga tashlagan, ikkinchi qo‘lida kulgili rasmlari bor kitobcha ochiq holda turibdi. Ko‘z va lablari harakatsiz, so‘lg‘in bo‘lsa-da, nihoyatda go‘zal, xuddi sharq sanamlari chehrasiga o‘xshash. Stol usti – bamisoli og‘il: nonushta qoldiqlari, o‘tgan tundan qolgan alomatlar. Vanna bo‘sag‘asida Stenlining ola-bula pijamasi yotibdi. Qiya ochiq eshikdan yoz osmoni yorishib ko‘rinadi. Bo‘sag‘ada – Blansh. Uyqusiz tun bekorga o‘tmagan, uning ko‘rinishi Stellaga sira o‘xshamaydi. Qoq suyak barmoqlarini asabiy lablariga bosadi, ichkariga kirishdan oldin u yoq-bu yoqqa alanglaydi, mo‘ralaydi.
BLANSh. Stella.
STELLA (erinchoqlik bilan burilib). Ha-a-a?
BLANSh (bosiq qichqiradi. Xobgohga otilib kiradi va jazavaga tushgan holda singlisining karovati oldida tiz cho‘kadi). Jajjigina sing­lim, jonginam!
STELLA (chetlanib). Sizga nima bo‘ldi, opa?
BLANSh (asta ko‘tariladi va karovat yonida turib qoladi, qoq suyak barmoqlarini lablariga bosadi va singlisidan ko‘zini uzmaydi.) Ketdimi?
STELLA. Stenlimi?.. Ha.
BLANSh. Qaytarmikan?
STELLA. Ustaxonadan mashina olsa bo‘lgani unga. O‘zi nima gap?
BLANSh. O‘zi nima gap! Senga bir nima bo‘ladi deb qo‘rqdim, boshim g‘ovlab ketdi, shuncha gap-so‘zlardan keyin yana uning oldiga qaytish qanday miyangga keldi? Orqangdan yugurib chiqmoqchi edim.
STELLA. Yaxshiyam yugurib chiqmaganingiz.
BLANSh. Nima deb o‘ylaganding! (Stella yelka uchirib qo‘yadi.) Xo‘sh, nima deb o‘ylaganding, a, ayt-chi. Nima deb o‘ylaganding?
STELLA. Bo‘ldi-ey, opa. O‘tiring-da, diydiyongizni bas qiling.
BLANSh. Yaxshi, Stella. Diydiyosiz so‘rayman. Seni ne ko‘ylarga solmadi, sen yana uning oldiga qaytibsan?.. Xudo biladi, birga yotgandirsan ham, albatta!
STELLA (to‘shakdan turadi, xotirjam, erinchoqlik bilan). Sizning o‘zingizni tutolmasligingiz esimdan chiqibdi, salga lov etib ketasiz… lekin bunaqa ayyuhannos solishga sabab bormidi o‘zi?
BLANSh. Sabab yo‘qmidi?
STELLA. Ha, sabab yo‘q edi, opa. Sizning ahvolingizni, g‘azablanishingizni tushunaman, qattiq xafasiz bunday bo‘lganidan, lekin bular hammasi siz o‘ylaganchalik dahshatli emas-ku. Birinchidan, erkaklar ichsalar va qarta o‘ynasalar, oxiri har doim ham yaxshilik bilan tugamaydi. Bu har doim bir baloni boshlab keladi. U o‘zi nima qilganini bilmasdi-ku… Men qaytib kelgach esa qo‘yday yuvosh bo‘lib qoldi. Hozir ham uyalganidan yerga kirgudek bo‘lib o‘tiribdi.
BLANSh. Bundan chiqdi, hammasi zo‘r ekan-da!
STELLA. Qayoqda zo‘r. Bunaqa to‘polonlardan keyin hech narsa zo‘r bo‘lmaydi, ammo buni hayot deydilar – nimalar bo‘lmaydi unda… Stenli har doim dunyoni ag‘dar-to‘ntar qiladi. Haligi… bizning birinchi nikoh tunimizda… bu yerga keldik hamki, tuflisini oldi-da, lampochkalarni sindira ketsami…
BLANSh. Nimm-a-a-a-a?
STELLA. Tuflisining poshnasi bilan uydagi barcha lampochkalarni sindirib tashladi! (Kuladi.)
BLANSh. Sen indamay qarab turaverdingmi? O‘sha zahoti qochib ketmadingmi, qichqirmadingmi?
STELLA. Menmi… haligi, nima deydi. Qaytanga quvnab ketdik. (Birpas sukutdan so‘ng) Sizlar Yunis bilan nonushta qildilaringmi?
BLANSh. Nonushta tomoqdan o‘tarmidi?
STELLA. Qahva plitada.
BLANSh Sen bularning barini go‘yo hech nima bo‘lmaganga o‘xshatayapsanmi?
STELLA. Nega o‘xshatmas ekanman? Priyomnik ta’mirga berildi. U tosh yo‘lga tushmabdi, bitta lampochkasi sinibdi, xolos, bor-yo‘g‘i shu.
BLANSh. Tag‘in kulasan-a!
STELLA. Xo‘sh, nima qil deysiz menga?
BLANSh. Haqiqatning ko‘ziga tik qarashga o‘rgan, deyman.
STELLA. Nimada ekan o‘sha haqiqatingiz?
BLANSh. Mening haqiqatimmi? Sen jinniga turmushga chiqqansan!
STELLA. Yo‘q.
BLANSh. Ha! Sen girdobga mendan chuqurroq tushib qolgansan. Faqat sen bundan ko‘z yumayapsan. Men esa qo‘l qovushtirib qarab turolmayman. Men hali kuchimni yig‘aman-da, hayotimni yangitdan boshlayman.
STELLA. Shundaymi?
BLANSh. Sen esa taqdirga tan berib qo‘ygansan. Ming qilsa ham yoshsan-da. Hali ham tirmashib chiqa olasan.
STELLA (sekin va dona-dona qilib). Keragi yo‘q.
BLANSh (quloqlariga ishonmaydi). Ya’ni, qanday qilib, Stella?
STELLA. Aytayapman: tirmashishimga hojat yo‘q, menga shundoq ham yaxshi. Mana bu otxonaga bir qarang. Bo‘sh shishalarga qarang. Ular kecha ikki quti pivoni paqqos urishgan! Bugun ertalab u uyda ortiq qarta o‘ynamaslikka va’da berdi, biroq, bu qasami bir chaqaga qimmatligini kim bilmaydi. Nachora, men uchun kino bilan brij qanchalik ko‘ngilli bo‘lsa, bu ham uning uchun ko‘ngilochar bir nima ekan-da. Shu bois, biz hammamiz xayrixohlikka muhtoj ekanmiz.
BLANSh. Men seni tushunmadim.(Stella opasiga o‘giriladi.) Sening g‘azabingni tushunmayman. Nega xitoy falsafasiga sig‘inasan?
STELLA. Nima?
BLANSh. Sening mana bu gaplaring, mana bu aljirashlaring… “bor-yo‘g‘i bitta lampa… pivo shishalari… otxona…” – go‘yoki hammasi shunday bo‘lishi kerakday. (Stella nochor kuladi va supurgini olib qo‘lida aylantiradi.) Nima, ataylab uni yuzimga silkitayapsanmi?
STELLA. Yo‘q.
BLANSh. Bas qil. Supurgini joyiga qo‘y. Eringning shaltoqlarini tozalashingni istamayman!
STELLA. Bo‘lmasa kim yig‘ishtiradi? Sizmi?
BLANSh. Men? Men-a?
STELLA. Yo‘q, albatta. Buni og‘zimga ham olmayman.
BLANSh. Shoshma, sal aqlimizni peshlab olaylik… Agar Xudo meni aqldan qismagan bo‘la… Biz ikkovimiz pul topish yo‘lini o‘ylashimiz kerak, mana senga to‘g‘ri yo‘l.
STELLA. Nima ham derdim, pul, albatta, hech qachon ortiqchalik qilmaydi.
BLANSh. Menga qara. Menda bir fikr bor. (Qaltiroq qo‘li bilan sigaretani mundshtukka joylaydi.) Shep Xantli esingdami?
Stella yo‘q degan ishorani qiladi.
BLANSh. Ie, nega esingda bo‘lmasin! Shep Xantli-chi! Men u bilan kollejda o‘qiganman, biz hamma joyga birga borardik… Uni menga xushomad qiladi, deb o‘ylashardi. Ha, endi shu-da…
STELLA. Shunaqami?
BLANSh. Qishda biz uchrashib qoldik, Rojdestvo ta’tillarida meni Mantaliga borishimni bilasan-a?
STELLA. Yo‘q, bilmasdim.
BLANSh. Borardim. Safarga ketadigan pullarni aylantirishga qaror qildim, bu ishim ko‘p o‘tmay o‘zini qoplashiga ishonardim – axir bir kunmas-bir kun million dollarli odam uchrab qolar-ku derdim.
STELLA. Uchratdingmi?
BLANSh. Ha. Shep Xantli. Men uni Biskay xiyobonida arafa kuni, kechqurun ko‘rib qoldim… U usti ochiladigan, uzunligi bir mahalla keladigan “kapalag”iga o‘tirayotgan edi…
STELLA. Shaharda bunaqa mashinani burib bo‘lmaydi-ku.
BLANSh. Hech neft quduqlari haqida eshitganmisan?
STELLA. Ha… shunaqa mashina bor deyishardi.
BLANSh. Butun Texasda uning neft quduqlari bor ekan. Texas bamisoli uning cho‘ntagiga oltin to‘kar ekan.
STELLA. Buni qaranglar-a…
BLANSh. Pulga hushim yo‘qligini bilasan-ku. Unga shunchaki qiziqmayman, vassalom – menga bir dollari ham, ming dollari ham bir… Lekin uning qo‘lidan kelardi… Unga bunday narsalar cho‘t emas!..
STELLA. Nima ekan o‘zi, opa?
BLANSh. Shu-da, biz ikkovimizga ish ochib bersa… Kichikroq do‘konchami-ey.
STELLA. Yana qanaqa do‘koncha?
BLANSh. Qanaqa? Baribir emasmi? Bu unga xotinining ot sayriga ketgan chiqimining yarmicha ham kelmaydi.
STELLA. Uning xotini bormi?
BLANSh. Jonginam, agar bu yigit bo‘ydoq bo‘lganida men bu yerlarga kelib qolarmidim? (Stella kuladi. Shartta turib, telefonga yuguradi. Go‘shakka, jiddiy.) Telefonchi xonim! Telegrafni bering.
STELLA. Bu yerda avtomatik liniya, jonim.
BLANSh. Qanaqa terishni bilmayman, men..
STELLA. … “N”ni tering.
BLANSh. “N”?
STELLA. Ha, navbatchi.
BLANSh (birpas o‘ylanib, go‘shakni qo‘yadi). Qalam ber. Qani qog‘oz? Yaxshisi avval yozish kerak… xat yuboramiz. (Pardoz stoliga boradi, salfetkalar orasidan bir varaqni yirtib oladi, qoshqalamni ham – shu bilan qurollari but bo‘ladi). Xo‘sh, shoshma, fikrimni bir… “Aziz Shep. Singlim ikkovimiz yomon ahvolga tushib qoldik. Tafsilotlarini keyin aytib beramiz. Siz nima deysiz, agar..” (Qalamni stolga itqitadi, o‘rnidan turadi). Yo‘q, shunchaki jo‘n iltimos qilgan bilan hech narsa chiqmaydi.
STELLA (kulib). Judayam kulgilisan-da.
BLANSh. Yo‘q, yana bir gap topaman, nima qilib bo‘lsa ham bir narsa o‘ylab topish kerak. Faqat kulmagin sen, Stella. Iltimos, o‘tinaman sendan… O‘zing bir qara-ya, hamyonimda nimam bor! Shunchagina! (Hamyonini katta ochadi.) Oltmish besh tsent mullajiring!
STELLA (Stol oldiga boradi). Stenli ro‘zg‘or pulini menga bermaydi, o‘zi hisob-kitob qilishni yaxshi ko‘radi, lekin bugun o‘n dollar berdi, yechilib ketdilar. Boshini oling, qolgani meniki.
BLANSh. Yo‘q, yo‘q, Stella. Kerak emas.
STELLA (majburlab). Pulni belning quvvati deydilar, opajon, cho‘ntagingda pul bo‘lsa, bemalol yurasan-da.
BLANSh. Yo‘q, yo‘q, rahmat, ammo men – sirasini aytsam, fohishalik qilaman.
STELLA. Nimlar deyapsiz! Ne balo urib bunday tubanlikka tushib qoldingiz?
BLANSh. Hech qo‘limda pul turmaydi… Hali unga pul, hali bunga pul. (Peshonasini artib). Bugunoq bromda yuvinishni boshlashim kerak bo‘ladi…
STELLA. Hozir tayyorlab beraman.
BLANSh. Keyinroq. Hozir men o‘ylab olishim kerak.
STELLA. Gapimga quloq soling va har ishni o‘z mavridiga qarab qilishga odatlaning… Ozgina muddatga bo‘lsa ham.
BLANSh. Axir, Stella, men anovi bilan bitta uyda turolmayman-ku. Sen tura olasan – chunki ering, men-chi… Mana bu o‘tgan tundagi kabi, xo‘sh, bizni mana bu parda himoya qiladimi!
STELLA. Opajon, u kechagi ishni bilib-bilmay bir qildi-qildi-da.
BLANSh. Aksincha. Juda chuqur o‘ylab qildi!!! Bundaylarning odamlarga qo‘pol kuchini ko‘rsatishdan boshqa matohi yo‘q va u buni a’lo darajada namoyish qilib, hammani lol qoldirdi! Biroq bunday odam bilan murosa qilib ketish uchun u bilan yotish kerak – vassalom! Bu esa – sening muammong, mening emas.
STELLA. Hechqisi yo‘q, damingizni oling, o‘zingiz ko‘rasiz, hammasi iziga tushib ketadi. Toki shu yerda ekansiz, hech nimadan g‘am yemang, o‘zingiz xon, ko‘lankangiz maydon, shundoq.
BLANSh. Yo‘q, ikkimiz bir amallab qutulib chiqish yo‘lini topmasak bo‘lmaydi.
STELLA. Meni ishlari chatoq, bu balodan qutulib chiqmasa bo‘lmaydi, deb o‘ylaysizmi?
BLANSh. Bu uy, bu qartabozlar joningga tegmasligi uchun sen “Orzu”ni u qadar unutmaganingga iymonim komil…
STELLA. Iymoningiz ko‘p narsalarga haddan tashqari komil bo‘lib ketmaganmikan?
BLANSh. Shu gapni jiddiy aytayapsanmi? Yo‘q, jiddiyligiga ishonmayman.
STELLA. Shunaqami hali?
BLANSh. Nima bo‘lganini qisman tushunaman. U harbiy libosda bo‘lgan, zobit bo‘lgan va sizlar uchrashgan joy bu yer emas, balki…
STELLA. Uni qayerda ko‘rganimning nima farqi bor – bu nimani o‘zgartirardi?
BLANSh. Faqat qo‘qqisdan odamlar orasidan yugurib o‘tuvchi anglab bo‘lmas sehrli quvvatlar haqidagi qo‘shig‘ingni kuylama… Yo‘qsa, shundoq yuz-ko‘zingga qah-qah urib kulib yuboraman.
STELLA. Men esa bu to‘g‘rida boshqa churq etishni istamayman.
BLANSh. Demak, kelishdik, boshqa churq etish yo‘q.
STELLA. Ammo erkak bilan ayolning o‘z sirlari, ikkalasining qorong‘idagi sirlari bo‘ladi, shundan boshqa hammasi ular uchun ahamiyatsiz hisoblanadi.
Jimlik.
BLANSh. Buni qo‘pol shahvat deydilar… Ha, ha, shunaqa: “Xohish”! – mahallalaringdagi bitta tangu tor ko‘changizda u yoqdan-bu yoqqa sharaqa-shuruq, taraqa-turuq qilib o‘tib turuvchi tramvayning nomi…
STELLA. Xuddi bu tramvayda siz umringizda bir marta ham yurib ko‘rmaganday gapirasiz-a!
BLANSh. O‘sha meni bu yerga olib keldi… Men bir chaqirilmagan mehmon, kelgan joyim – sharmandalik.
STELLA. Unda o‘zingizni katta olib gapirishlaringizni to‘g‘ri ish qilayapman deb o‘ylayapsizmi?
BLANSh. Yo‘q, Stella, men birovlarni yomonlamayman, o‘zimni boshqalardan ortiq ham ko‘rmayman. Gapimga ishonaver. Lekin bir narsaga juda hayronman: ha, bunaqalar bilan bir kun, ikki kun, uch kun… murosa qilib yashash mumkindir. Ammo u bilan umrguzaronlik qilish! Undan bola ko‘rish!..
STELLA. Men sizga aytdim-ku, sevaman uni deb.
BLANSh. Unda mening kuyib-pishganlarim behuda ekan. Men senga achinib ketayapman.
STELLA. Nachora, achinavering, achinib o‘zingizni yeganingiz qoladi.
Jimlik.
BLANSh. Sen bilan… yurakdan gaplashib bo‘ladimi o‘zi?
STELLA. Gaplashavering, marhamat, kim sizga xalaqit berayapti? Uyalmang.
Yaqinlashib kelayotgan poyezd gumbur-gumburi. Shovqin tinishini kutib, opa-singil jim bo‘lib qoladi. Ular xobgohdan chiqishganicha yo‘q. Poyezd shovqini ostida ko‘chadan Stenlining kelgani ham eshitilmaydi. Uning qo‘lida bir nechta qog‘oz xalta. Ayollarga bildirmasdan ularning suhbatiga quloq tutadi. Egnida ichki ko‘ylak va mashina moyidan ifloslangan shim.
BLANSh. Shunaqa, xafa bo‘lmagin-u, uning og‘zi shaloq!
STELLA. Nima bo‘pti – bo‘lsa bo‘lar.
BLANSh. Bo‘lsa bo‘lar! Senga nimalar o‘rgatishgani, qanday tarbiyalashgani nahotki esingdan chiqqan bo‘lsa? Yoki unda tariqcha ham odamgarchilik yo‘qligini ko‘rmayapsanmi? Bir to‘pori odam bo‘lib qo‘ya qolsa go‘rgaydi! Sodda-bayov bo‘lsa ham insoflikkina derding – qayoqda! Unda shunaqa bir yaramas narsa bor – xuddi hayvonlarga o‘xshagan… Bu gaplarimdan meni yomon ko‘rib ketayotgandirsan?
STELLA (sovuq ohangda). Bemalol, xijolat bo‘lmang – oxirigacha aytavering.
BLANSh. O‘zi molga o‘xshagan, fe’li – vahshiyona. Yeyishi, yurish-turishi, gap-so‘zlari – bari molga o‘xshagan! Unda hatto noinsoniy shunday yana bir narsa borki, hozirgi zamon odamiga qilcha yaqin kelmaydi. Ha, odam – maymun, antropologiya darslarida suvratini ko‘rardik, o‘shanaqa. Ming-minglab yillar o‘tib, bitta mana shu Stenli Kovalskiy yetib kelgan – tosh asridan jonli namuna! Junglida g‘ajigan o‘laksasidan ortgan harom go‘shtni uyga olib keladi. Sen bo‘lsang, o‘tiribsan, uning kaltagi boshingga kelib tushishini poylab… Birdan keladi-da, cho‘lp-cho‘lp o‘pa boshlaydi. Bashartiki, o‘sha paytda o‘pichlar urf bo‘lgan bo‘lsa. Tun cho‘kadi, maymunlar to‘planadi. Mana bu g‘or oldida … barchalari anoviga o‘xshab xurq-xurq qiladi, yutoqib suv ichadi, suyak g‘ajiydi, azbaroyi qo‘polligidan ehtiyot bo‘lmasang, ustingdan bosib o‘tadi. “Kechqurungi qartabozlik…” Maymunlar o‘yinini shunaqa deysan. Biri chinqiradi, ikkinchisi qo‘liga tushganini g‘irillatadi – qarabsizki, qiyomat-qoyim. Yo tavba! Xudo bandalarini o‘ziga o‘xshatib go‘zal yaratgan degan gaplar qayerda qoldi? Stella, singiljonim!.. O‘shandan buyon baribir yaxshilik tomon sal o‘zgarish bo‘lgandir! San’at, she’riyat, musiqa singari mo‘jizalar bilan yorug‘ olamga biron-bir yangi nur kelgandir, axir kimdadir oliyroq tuyg‘u paydo bo‘lgandir! Bizning burchimiz – ularni parvarishlash. Ularni boy bermasligimiz, nima bilan tugamasin, qayoqqa olib bormasin, biz o‘zimizning zulmatni yorib borgan yo‘limizda bayroqday ko‘tarib olmog‘imiz kerak… Bu yirtqichga ko‘ngil qo‘yma, yirtqichga qo‘shilib yirtqichga aylanma!
Yana bitta poyezd o‘tadi. Stenli nima qilishini bilmay, lablarini yalaydi. Keyin buriladi-da, shovqinsiz chiqib ketadi. Ayollar uni sezishmaydi. Poyezd shovqini tingach, uzoqdan, eshik ortidan qichqiradi: “Hoy Stella! Stella”.
STELLA (ikki qulog‘i Blanshda). Stenli!
BLANSh. Stella, men…
Biroq Stella eshikka borib qolgandi.
STENLI (hech nima bo‘lmagandek, xaridlarini ko‘tarib kirib keladi.) Salom, Stella, Blansh qaytib keldimi?
STELLA. Uyda, uyda.
STENLI. Salom, Blansh. (Unga miyig‘ida kulib qo‘yadi.)
STELLA. Bu qanaqasi, mashina ostiga kirib chiqdingmi?
STENLI. Ha, anavi ishbilarmonlar, Frizning ustalari bor-ku, baloni ham bilishmaydi, oldi nima, orti nima – ularga baribir… Hoy!
Stella ikkala qo‘li bilan uni mahkam quchoqlaydi, uyalmasdan Blanshning yuz-ko‘zicha eriga yopishadi. Er kuladi, Stellani o‘ziga tortadi. Xobgohda, porter oldida turgan Blansh uning boshi osha xiringlaydi. Sahna qorong‘ilashadi, faqat bir-birini mahkam quchoqlagan ikki odam qiyofasi charaqlab ko‘rinadi.
Pianino, truba, zarbli cholg‘ular sadosi yangraydi.

BEShINChI MANZARA

Xobgohda xurmo yaprog‘i bilan yelpinib va hozirgina yozgan xatini qayta o‘qib, Blansh o‘tiribdi. Stella kiyinib bo‘ladi. Blansh xandon otib kuladi.
STELLA. Nimaga kulayapsiz, opajon?
BLANSh. O‘zimdan, o‘zimning ustimdan kulayapman – yolg‘onni ham qotiraman-da! Shepga xat. (Xatni oladi.) “Azizim Shep. Men yozni parvoz qilib o‘tkazayapman, faqat ahyon-ahyonda goh unikida, goh bunikida qo‘naman, xolos – bir nafaslik mehmon! Kim bilsin, birdan miyamga Dallasga sho‘ng‘ish xayoli kelib qolar, bunga siz nima deysiz?” Vah-ha-ha! (Qo‘ng‘iroqday jarangdor va fusunkor kulishini bosish uchun qo‘lini tomog‘iga olib boradi va Shep bilan gaplashayotganday) “Aytishadi-ku, qo‘rqitgin-da, qo‘liga qurol ber deb”… Qalay, yaxshi chiqibdimi?
STELLA. Chiqqanda qandoq…
BLANSh (davom etadi, asabiylashadi). Singlimning deyarli barcha do‘stlar yozda shimolga ketishadi, bir xillarining Qo‘ltiq qirg‘og‘ida vakillari bor, hozir bu yerda tutun buruqsiydi – choylar, kokteyllar, ­lenchlar…”
(Tepada dupur-dupur, qiy-chuv boshlanadi.)
STELLA (eshikka yaqin kelib). Aftidan Yunis Stiv bilan orani ochiq qilyapti.
Yunisning g‘azabli chiyillashi eshitiladi.
YuNISNING OVOZI. Anovi mallasoch bilan oralaringdagi gaplarni eshitdim!
STIVNING OVOZI. G‘irt yolg‘on!
YuNISNING OVOZI. Kimni aldamoqchisan? Tupurdim senga, yo‘qol o‘sha “To‘rtta ikkilik”ingga, o‘sha yerda bilgan noma’qulchilingni qil, ammo sen qachon qaramay, manjalaqilarga ilakishasan.
STIVNING OVOZI. Kim ko‘ribdi?
YuNISNING OVOZI. Men! O‘zim ko‘rdim.. Uning orqasidan ayvonda yugurib ketayotganingni ko‘rdim… Men politsiya chaqiraman.
STIVNING OVOZI. Undan kattasini chaqir!..
YuNISNING OVOZI. Chaqirmasam, otimni boshqa qo‘yaman. Mana, ko‘rasan!
Qandaydir alyumin idishning devorga urilgani, javobiga erkakning bo‘kirgani, mebelning ag‘darilgani, nimaningdir singan ovozi keladi va sukunat cho‘kadi.
BLANSh (quvnoq). Xotinini o‘ldirdimi?
Zinada sochlari to‘zg‘igan, egni-boshi bir hol Yunis paydo bo‘ladi.
STELLA. Qayoqda, ana u.
YuNIS. Politsiya! Ketdik politsiyaga! (Shamolday yelib, uy muyulishida g‘oyib bo‘ladi.)
STELLA (eshik oldidan qaytib kelib). Singlingizning dugonalaridan ba’zilari yozni shaharda o‘tkazayapti.
Ikkalasi shodon kuladi. Muyulishda yashil-qizil kegli o‘yinining shoyi libosida Stenli ko‘rinadi. Zinadan yugurib chiqadi va kirib keladi. U paydo bo‘lishi bilan Blansh asabiy titraydi.
STENLI. Yunisga nima bo‘ldi?
STELLA. Stiv bilan chiqisholmay qoldi. Politsiya chaqirayaptimi?
STENLI. Yo‘q, barda ichib o‘tiribdi.
STELLA. To‘g‘ri qiladi.
STIV (zinadan tushadi, manglayidagi g‘urrani silab qo‘yadi, eshikdan mo‘ralaydi). Anovi sizlarnikidami?
STENLI. Yo‘q, yo‘q. “To‘rtta ikkilik”da.
STIV. Obbo manjalaqi-ey! (Hadik bilan muyulishga qarab qo‘yadi va bilganingni qil, sendan qo‘rqadigan ahmoq yo‘q deganday xotini orqasidan chopadi.)
BLANSh. Yo‘q, buni yozish kerak! Vah-ha-ha! Men daftar tutayapman, sizlarnikida aytiladigan eng shirali so‘zlarni maxsus to‘playapman.
STENLI. Bundan bironta yangi narsa topishingizga ko‘zim yetmaydi.
BLANSh. Kafolat bera olasizmi?
STENLI. Besh yuz foizga.
BLANSh. O, bu jiddiy gap. (Stenli kiyim javoni g‘aladonini sharaqlatib tortadi va qayta sharaqlatib surib qo‘yadi, botinkalarini burchakka itqitadi. Har bir tovushdan seskanib-seskanib tushadi. Oxiri chidolmaydi). Muchalingiz qanaqa?
STENLI. (kiyinayotib). Burjlardami?
BLANSh. Ha-da. O‘lay agar, qo‘y yilida tug‘ilgansiz. Qo‘y muchallilar kuchli va shiddatkor bo‘lishadi. Ularga yem bermang, to‘polon qilgani qo‘yib bering. Yo‘lida uchragan narsaning abjag‘ini chiqarishni yaxshi ko‘rishadi. Armiyada, to‘g‘ri, xohlagancha to‘qlikka-sho‘xlik qilgansizlar, zaxiraga o‘tgach, endi jonsiz buyumlardan alamingizni olasiz!
STELLA (mana shu barcha tomoshalar asnosida kiyim shkafiga sho‘ng‘ib, boshini ko‘taradi). Stenli rojdenstvodan rosa besh daqiqa ke­yin tug‘ilgan.
BLANSh. Carpi corn – Taka shohi!
STENLI. O‘zingiz-chi?
BLANSh. Mening tug‘ilgan kunim bir oy keyin ekan, o‘n beshinchi sentyabr – demak, Virgo bo‘lishi kerak.
STENLI. Virgo deganingiz nima?
BLANSh. Bokira qiz.
STENLI (nafratomuz). H-ha! (Galstugini taqar ekan, unga tirg‘aladi.) Ayting-chi, Shou ismi sharifli bironta odamni tanimaysizmi?
BLANSh (uning yuzi ucha boshlaydi. Atirga qo‘l cho‘zadi, shoshmasdan ro‘molchasini ho‘llaydi. Sergaklanadi.) Ha endi… Shou ismi sharifli erkaklardan ko‘pi bor ekanmi?
STENLI. Ha, ammo mana shu Shou ismi sharifli kimdir Lorelda sizni bilishidan maqtanib yurardi… Darvoqe, u nimanidir chalkashtirgan va sizni boshqa ayol deb o‘ylagan, chunki o‘sha xonimcha bilan u “Flamingo”da tanishgan ekan.
BLANSh (kuladi, ammo unga havo yetishmaydi. Chakkalariga ro‘molcha bosadi.) U meni “o‘sha xonimcha” bilan rostdan chalkashtirmasaydi deb qo‘rqaman – “Flamingo” oteli men ko‘rinadigan joylardan emas-da!
STENLI. Ammo u joyni siz juda yaxshi bilasiz…
BLANSh. Ha, tashqi tomondan, hididan.
STENLI. Yaqin joy bo‘lsa kerak-da, o‘tgan-ketganingizda hidi dimog‘ingizga uradi.
BLANSh. Arzon atirni uzoqdan sezgandim.
STENLI. Sizdagi-chi. Qimmatmi?
BLANSh. Untsiyasi yigirma besh dollar. Qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan. Birovga tug‘ilgan kuniga deb sovg‘a qilmoqchi bo‘lsangiz, ayni muddao. (Quvnoq gapiradi, ammo ovozida hadik seziladi.)
STENLI. Ha, Shou chalkashtirgan bo‘lsa kerak. Lekin u Lorelda har doim bo‘ladi, shuning uchun tekshirish va xatoni to‘g‘rilash oppa-oson (Buriladi-da, porter oldiga boradi).
Xuddi hushdan ketayozgandek Blanshning madori qurib, ko‘zlarini yumadi. Ro‘molchani yana manglayiga bosadi, qo‘llari qaltiraydi. Uy muyulishida Stiv va Yunis paydo bo‘ladi. Stiv uni yelkasidan quchadi, xotini piq-piq qiladi, Stiv qandaydir ishqiy qo‘shiqni g‘o‘ng‘illab xirgoyi qiladi. Mahkam quchoqlashib, zinadan ko‘tarilishadi. Olisdan momaqaldiroqning birinchi gumburi eshitiladi.Stellaga) “To‘rtta ikkilik”da kutaman.
STELLA. Iya! O‘pishga arzimay qoldimmi?
STENLI. Opangning oldida uyat bo‘ladi! (Ketadi.)
BLANSh (kursidan turadi, oyoqda bazo‘r turadi. Atrofga olazarak qaraydi). Stella, men haqimda nimalarni eshitding?
STELLA. A?
BLANSh. Mening ustimdan qanaqa g‘iybatlar qilishdi?
STELLA. G‘iybat qilishdi?
BLANSh. Men haqimda hech narsa eshitmading… hech qanaqa g‘iybat-piybat bo‘lgani yo‘q, shundaymi?
STELLA. He yo‘q, opajon, nega unday deysiz?
BLANSh. Azizam, Lorelda har xil gap-so‘zlar yurganmish.
STELLA. Siz to‘g‘ringizdami, opa?
BLANSh. Menga shu ikki yil davomida meni dorilomon yashadi, deb bo‘lmasdi… “Orzu” qo‘ldan chiqqan paytdan buyon.
STELLA. E, kimning boshiga nimalar tushmaydi.
BLANSh. Menga hech qattiq turishmagan, aytarli o‘z holimga ham qo‘yishmagan. Kuchsizlar esa kuchlilarning ko‘magiga muhtoj bo‘ladi. Stella. Ularning ishi – o‘ziga tortish, jalb qilish va ularga kapalakning qanotidagi changday nafis ranglar kerak, u mahliyo etishi kerak, agar mahliyo etadigan boshqa hech narsasi bo‘lmasa… bir tunlik boshpanaga. Mening o‘zim ham keyingi vaqtlarda juda noinsof bo‘lib ketgandim-da. Men boshpana qidirardim, Stella. Goh sir saqlash qo‘lidan kelmaydigan bir tom ostida goh – boshqasi ostida… Bo‘ron quturardi, qachon qarama, buzuq ob-havo, bu quyun ichida chir aylanar edim. Hech kim buni hisobga olmasdiyam… Erkaklarmi?.. Meni sevib qolgunlaricha ularning hech balodan xabarlari bo‘lmasa, kim senga qarayman deb turibdi. Zaiflarning qismati shu – milt-milt qilish va yiltillash… Keyin qog‘oz fonusi, elektr lampochkasiga qalpoq qilasan. Men qo‘rqib ketayapman, qattiq qo‘rqayapman! Nima qilishimni ham bilmay qoldim. Bu sargardonliklar bilan men qanchaga ham borardim… Endi birgina nochorlik bilan tirikchilik qilib bo‘lmaydi: nochorlik ham o‘z yo‘liga, go‘zallik ham o‘z yo‘liga. Men endi u emasman. (Qosh qoraya boshlaydi. Stella xobgohga chiqadi, qog‘oz qalpoq tagidagi lampani yoqadi. Uning qo‘lida bir shisha salqin ichimlik.) Sen tinglamadingmi?
STELLA. Eshitaman bu g‘idi-bidilarni.
(Blanshning oldiga boradi).
BLANSh (birdan quvnab ketadi). Limonad mengami?
STELLA. Kimga bo‘lardi yana!
BLANSh. Qanday ajoyibsan! Oddiy limonadmi?
STELLA (hozirjavoblik bilan). Sizga qolsa viski qo‘shilsa zo‘r bo‘lardi, a?
BLANSh. Ha, azizam, viski zarar qilmasdi. Bu yoqqa ol, o‘zim. Endi menga cho‘rilik qilishing qoluvdi.
STELLA. Menga esa yoqadi. Xuddi uydagiday. (O‘choqboshiga boradi, stakan oladi va viski quyadi.)
BLANSh. O‘lay agar, menga xizmat qilishsa, jonim kiradi… (Birdan irg‘ib turadi-da, xobgohga, singlisining oldiga chopadi. Qo‘lida stakan bilan Stella yurib keladi. Blansh Stellaning bo‘sh qo‘lidan ushlaydi, entikib lablarini bosadi. Stella hayron. Hayajonlanib) Sen…. sen meni yeru ko‘kka ishonmaysan! Men bo‘lsam…
STELLA. Opajon!
BLANSh. Bo‘pti, bo‘pti, bas qilaman. Bu ko‘ngilchanligim senga yoqmasligini bilaman, bilaman. Ammo ishonginki, men sendan juda minnatdorman, o‘zim o‘ylagandan ham ortiq darajada minnatdorman. Men sizlarnikida uzoq qolmayman. Ha, uzoq qolmayman, chin so‘zim.
STELLA. Opajon!
BLANSh (jazavaga tushib). Qolmayman, va’da beraman, ketaman men! Tezda ketaman! O‘zing ko‘rasan, ketaman. Bo‘ynilaringga osilib olmayman. Ering haydab solishini kutib o‘tirmayman!
STELLA. Qo‘ysangiz-chi, bu bema’ni gaplarni!
BLANSh. Yaxshi, jonim… Qara quyishingni. Chekkasidan ko‘pigi toshib ketayapti! (Uzuq-yuluq kuladi va stakanni qo‘liga oladi, ammo qo‘li shunday qaltiraydiki, stakanni tushirib yuboray deydi.Stella to‘ldirib quyadi, idish chetidan toshib, limonadning pichasi yerga to‘kiladi. Blansh voy deb yuboradi.)
STELLA (opasining qichqirig‘idan qo‘rqib ketadi). E Xudoyim-e!
BLANSh. To‘g‘ri bayramlik kiyimingga to‘kdim-a!
STELLA. Ro‘molcha bilan arting! Menikiga. Yaxshilab arting.
BLANSh (asta o‘ziga keladi). Ha-ha… Yaxshilab… yaxshilab.
STELLA. Dog‘ bo‘lib qoldimi?
BLANSh. Hech narsa qolmadi. Vah-hah-ha! Shuning ham uddasidan chiqolmadim-a, shundaymi? (O‘tiradi, ichadi, ikkala qo‘li bilan stakanni ushlagancha bosiq kuladi.)
STELLA. Nega qichqirib yubordingiz?
BLANSh. O‘zim bilmayman. (Asabiy). Mitch… Ha, u yettida keladi. Bilmadim, bizlardan bir ish chiqarmikan. (Tez, chalkash-chulkash qilib) U hozircha hech narsaga erishgani yo‘q: xayrli tun tilab bir o‘pdi, xolos, bor-yo‘g‘i shu, Stella. U meni hurmat qilishini xohlamayman. Erkaklar esa tekin qo‘lga kiradigan narsaga toqat qilolmaydi. Ammo erkaklarning ishtiyoqi ham uzoqqa bormaydi. Ayniqsa, ayolning yoshi o‘ttizdan oshgan bo‘lsa. Ular o‘ttizdan oshgan ayolni, qo‘pol qilib aytganda, o‘tinga chiqarishadi. Lekin men o‘tinga aylanganimcha yo‘q hali. Albatta, u hali – o‘zim aytib o‘tirmayman! – nechaga kirganimni bilmaydi-ku.
STELLA. Sizning yoshingiz bilan uning nima ishi bor?
BLANSh. Chunki, mening ayollarcha takabburligimni ayamay savalaganlar. U meni bokiralik va bayovlik ramzi deb o‘ylasin, tushundingmi? (Kuladi). U to menga yetishmaguncha uni aldamoqchiman…
STELLA. U-chi, u sizga kerakmi, opa?
BLANSh. Menga – och qornim, tinch qulog‘im. Erkin nafas olay – mana shu kerak menga! Ha, Mitch menga kerak… Mana bunday kerak. Tasavvur qilasanmi? Agar niyatiga yetolsa! Men sizlarnikidan keta olaman, boshqa hech kimga yuk bo‘lmayman…
STENLI (burchakdan chiqib keladi, kamariga shisha tiqib olgan. qichqiradi). Hoy, Stiv! Yunis! Hoy, Stella!
Tepadan quvnoq g‘ovur keladi. Muyulishda truba va zarbli cholg‘u chalinadi.
STELLA (opasini o‘pib, astoydil). Niyatiga yetadi!
BLANSh (ishonqiramay). Yetarmikan?
STELLA. Yetadi. (o‘choqboshiga boradi, opasiga razm solib qaraydi). Niyatiga yetadi, jonim, yetadi. Faqat boshqa ichmang. (uning ovozi tinadi, u ravoqda, eri bilan).
Qo‘lida stakan bilan Blansh kursiga horg‘in cho‘kadi. Yunis nimadir deb qichqirgan va kulgancha zinadan pastga uchib tushadi. Stiv takaday ma’ragancha izidan lo‘killab keladi-da, unga burchakda yetib oladi. Bir-birining qo‘lidan ushlagancha Stenli va Stella ularning ortidan kelishadi. Shom quyuqlashadi. “To‘rtta ikkilik”dan past ovozda ingroq kuy quloqqa chalinadi.
BLANSh. Ey, Xudoyim, Xudoyim… Xudoyim, o‘zing bandam de… (Ko‘zlari yumuq, bir qo‘lidagi xurmo yaprog‘ini tushirib yuboradi. Qo‘li bilan o‘rindiq suyanchig‘iga uradi-da, o‘rnidan turadi. Qo‘l ko‘zguni oladi).
Uy uzra chaqmoq chaqadi.
Chayqala-chayqala va hirs bilan hiringlagancha burchak ortidan sarxush negr qiz chiqib keladi: “To‘rtta ikkilik”dan hozirgina chiqib kelgandek, qarshi tomondan esa unga bir yigit duch keladi. Negr qiz uning naq burni oldida barmoqlarini qirsillatib qo‘yadi.
NEGR QIZ. Hoy, jonon yigit! (Tutilgancha qandaydir so‘zni aljiydi.
Yigitcha qat’iy ravishda boshini chayqab qo‘yadi-da, zinadan chopib chiqadi. Qo‘ng‘iroq. Blansh ko‘zguni bir chetga qo‘yadi. Negr qiz yo‘lida davom etadi.)
BLANSh. Ha-ha!(Yigit porterning ortidan ko‘rinadi.) Ha-ha, marhamat. Nima xizmat?
YIGIT. Men obuna to‘playapman. “Oqshom yulduzi”ga.
BLANSh. Yulduzlarga obuna bo‘lishni bilmagan ekanman.
YIGIT. Bu ro‘znoma.
BLANSh. Ha, tushundim. Hazillashgandim. Darvoqe, uncha yaxshi chiqmadi. Ichasizmi?
YIGIT. Yo‘q, xonim. Yo‘q, tashakkur. Men ishdaman.
BLANSh. Xo‘-o‘sh… Nima qilsak ekan? Yonimda sariq chaqam ham yo‘q. Buning ustiga men begona odamman. Bechora qarindoshim – bunaqalar to‘g‘risida eshitgandirsiz, albatta.
YIGIT. Yaxshi. Boshqa vaqt kelarman. (ketmoqchi bo‘ladi.)
BLANSh (yaqin boradi). Shoshmang-chi! (Yigit sarosimada to‘xtaydi. Blansh uzun mundshtukka sigareta joylaydi.) Tutattirib olsam maylimi? (Yigit tomon yo‘naladi. Ikki xona o‘rtasidagi eshikda to‘qnash kelishadi.)
YIGIT. Bo‘lmasa-chi. (Chaqmoqtosh oladi.) Ba’zan yonmay qoladi.
BLANSh. Injiqmi? (Olov yonadi). Ha! Rahmat.
YIGIT. Yo‘q, sizga rahmat. (Yana ketmoqchi bo‘ladi.)
BLANSh. To‘xtang! (Yigit yana to‘xtaydi, endi butunlay o‘zini yo‘qotgan). Soat necha bo‘ldi?
YIGIT. Oltiyu chorak.
BLANSh. Allaqachon-a?.. Yangi Orleandagi bu so‘ngsiz yomg‘irli kechalar sizga yoqadimi? Soat bir bo‘lsa, qarabsizki, bir emas, abadiyatning bir bo‘lagi esa qo‘lingizga kelib tushadi va uni nima qilishingni bilmaysan, kishi.
YIGIT. Ha, xonim.
Boshlangan sukunat ichida blyuz yangray boshlaydi. Shu sahna oxirigacha tinmaydi. Yigit yo‘talib qo‘yadi va nima qilishini bilmay eshikka qaraydi.
BLANSh. Jalada qolmadingizmi?
YIGIT. Yo‘q, xonim. Men bir xonaga kirib oldim.
BLANSh. Dorixonagami? Sodali ichimlikdan ichib oldingizmi?
YIGIT. Ha….
BLANSh. Shokolad bilanmi?
YIGIT. Yo‘q, xonim Sherri bilan.
BLANSh (kulib). Obbo siz-ey, sherri deng.
YIGIT. Sodali sherri.
BLANSh. Og‘zimning suvini keltirib yubordingiz.
YIGIT. Bo‘pti, men boray bo‘lmasa…
BLANSh (uni to‘xtatib). Shoshmang, yigitcha! Juda ham yosh ekansiz! Sizga “Ming bir kecha”dagi yigitga o‘xshaysiz deb aytishmaganmi sira?
YIGIT. Yo‘q, xonim. (Xijolatli kuladi va hadiksirab turib qoladi).
BLANSh (erkalab). Ha, o‘xshaysiz, qo‘zichog‘im. Bu yoqqa keling! Chaqirgandan keyin keladi-da. Men sizni o‘pmoqchiman – bor-yo‘g‘i bir marta qattiq o‘pmoqchiman. (Rozilik olmasdan yigitning oldiga tezgina boradi va lablarini uning lablariga bosadi). Endi qorangni o‘chir. Qani tezroq! Qo‘limga olib erkalasam ham bo‘lardi-ku, ammo insof – sari baraka, mayli, bolalarni tinch qo‘yaylik.
(Yigitcha ko‘zlarini katta-katta ochib, ayolga qarab qoladi. Ayol unga eshikni ochadi, yigitcha butunlay gangib zinadan tushib ketar ekan, Blansh unga havoyi bo‘sa yo‘llaydi. Yigitcha ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha eshik yonida o‘ychan turib qoladi. Muyulishdan gul ko‘targan Mitch ko‘rinadi.Quvnoq) Uni qaranglar, qadam ranjida qilibdilar… Gullar ko‘targan sohibqironim-ey! Avval ta’zim bajo etsinlar menga…. Ana endi gulni taqdim aylasinlar. (Mitch ayol nima desa, barchasini bekamu ko‘st ado etadi. Chuqur ehtirom ila cho‘k tushadi). Oh! Mersi-iiii!
(Ishva bilan gulni lablariga olib boradi va ko‘zini ko‘tarib yigitga qaraydi. Mitchning chehrasi yal-yal yonadi, ayolga lolu hayron bo‘lib qarab qoladi.)

OLTINChI MANZARA

Tun yarmidan oqqan, soat ikkilar… Ko‘cha, uyning yorug‘ tushgan devori ko‘rinib turibdi. Blansh va Mitch paydo bo‘ladi. Blanshning ovozi va harakatlari faqat asabi qattiq toliqqanlargina tushuna oladigan o‘ta behollik holatini namoyon etib turadi. Mitch qo‘lida Mey Uestning ganch haykalchasini oyog‘ini osmondan qilib ushlab olganidan shunday xulosa chiqarish mumkin ediki, bu tir va lotoreyalardagi oddiy sovrin – ular hozir shunchaki Ponsh Artren Leykdagi ko‘lbo‘yi Lunaparkidan qaytishmoqda.
BLANSh (madorsiz, ravoq oldida to‘xtaydi). Mana, keldik… (Mitch o‘ng‘aysiz kuladi.) Mana, keldik…
MITCh. Ha, vaqt ham allamahal bo‘lib qoldi – charchadik.
BLANSh. Hatto issiq tamalfurush ham ko‘rinmaydi, kechasiyu kunduzi haydasang ham ketmasdi. (Mitch yana o‘ng‘aysiz kuladi.) Uyga qanday yetib olasiz?
MITCh. Bo‘rongacha yayov, u yog‘iga taksi-da.
BLANSh (hissiz jilmayib). Anovi “Orzu” tramvayi-chi, olib borib qo‘ymaydimi?
MITCh (g‘amgin). Sizni qattiq zeriktirib qo‘ymadimmi deb qo‘rqayapman, Blansh.
BLANSh. Oqshomingizni ham harom qildim…
MITCh. Yo‘q, nega unday deysiz? Lekin men sezib turdim, hech narsaning uddasidan chiqolmadim, quvnab-yayratolmadim. Ko‘nglingizni ololmadim.
BLANSh. Ayb menda – kayfiyatim maqtarli darajada emasdi. Hamma gap shunda. Xushchaqchaq o‘tirishga harchand harakat qildim – ammo hech qachon harakatlarim bunchalik puchga chiqmagandi. Bo‘lmasa-ku astoydil uringandim-a.
MITCh. O‘zingizni zo‘rlab xursand qilishingizga hojat yo‘q edi-ku, Blansh?
BLANSh. Shunaqasi kerak – tabiat qonuni.
MITCh. Qanaqa qonun?
BLANSh. Ayol yo erkakning ko‘nglini olsin, yoki o‘yindan chiqib ketsin, degan qonun. Sumkamni qarang-chi, kalit bormikan. Bunaqa charchoqdan keyin barmoqlaring ham o‘zingga bo‘ysunmaydi.
MITCh. Mana bumi?
BLANSh. Yo‘q, azizim, bu sandig‘imning kaliti, uni hali yig‘ishtirish ham kerak.
MITCh. Bu bilan ketaman demoqchimisiz?
BLANSh. Safarim qaridi. Yetar.
MITCh. Mana bumi?
Musiqa tinadi.
BLANSh. Ha, topdingiz?… Jonim, eshikni o‘zingiz ocha qoling, men esa osmonga to‘yib qarab olay. (Panjaraga suyanadi.Mitch eshikni ochadi va nima qilishini bilmay turib qoladi.) Men Hulkarni qidirayapman, ammo bu parilar bugun ko‘rinmayapti. E, yo‘q, huv ana! Xudo o‘zi yarlaqasin! Barcha dugonalar bir bo‘lib, ziyofatdan qaytishayapti.. Eshik ochildimi? Qanday aqllisiz. Nazarimda, uyga ketmoqchi bo‘lib turgandingiz-a?
MITCh (bir joyda turib, noqulay ahvolda depsinadi va yo‘talib qo‘yadi). Sizni o‘psam maylimi… ketar jafosiga?
BLANSh. Nega har gal so‘rayverasiz?
MITCh. Xohlaysizmi, yo‘qmi deb istihola qilaman-da.
BLANSh. Buncha sustsiz, hech tushunolmayman.
MITCh. Ko‘l bo‘yida sayr qilib yurganimizda o‘pdim-ku…
BLANSh. Jonim, gap o‘pishda emas. O‘pishdikmi – olam guliston. Bu yerda boshqa gap bor: sertakalluflik – mana shu narsaning keragi yo‘q. O‘pish esa zarracha malollik keltirmaydi. Meni o‘pishga jur’at qilganingizdan hatto biroz ko‘nglim ko‘tarildi. Ammo, jonim, siz mendan ko‘ra yaxshiroq bilasiz-ku: yorug‘ dunyoda hech kimi yo‘q yolg‘iz ayolga nisbatan hirs ko‘zi bilan qaramang – uvol ketadi.
MITCh. Uvol ketadi?
BLANSh. Ha. Siz esa, ehtimol, uvol ketish zarracha parvoyiga kelmaydigan odamlar bilan muomala qilishga o‘rganib qolgansiz, shundaymi? Bundaylar birinchi uchrashuvdayoq hammasiga tap-tayyor, shundoqmi?
MITCh. Siz aslida qanday bo‘lsangiz, shundoq boshqacha bo‘lib qolishingizni zinhor istamasdim. Sizga o‘xshagan ayolni hech qachon va hech qayerda uchratmaganman.(Blansh unga jiddiy qaraydi, biroq keyin o‘zini tutib turolmaydi-da, xandon otib kuladi va og‘zini qo‘li bilan yopadi.) Mendan kulayapsizmi?
BLANSh. Yo‘q, jonim, yo‘q… Uy egalari hali qaytishmaydi. Ketar jafosiga ichaylik. Chiroqni yoqmaymiz, maylimi?
MITCh. Siz nima desangiz, shu.
Blansh uyga kiradi. Mitch unga ergashadi. Tashqi devor umuman yo‘q, g‘ira-shirada Kovalskiylar xonadonining ichkarisi ko‘zga tashlana boshlaydi.
BLANSh (o‘choqboshida qolib ketib). Xobgoh shinamroq, o‘sha yoqqa o‘ting. Nimadir tushdimi… O‘lguday qo‘polman-da. Musallasim bor edi, qorong‘ida sira topolmayapman.
MITCh. Shunchalik ichgingiz kelayaptimi?
BLANSh. Sizni ichsin demoqchiydim! Butun oqshom davomida sira chiroyingiz ochilmadi, g‘amgin edingiz, men ham sizdan qolishmasdim – ikkalamizning ham chiroyimiz ochilmaydi. Ma’yus edik, keling, mana shu birga turgan hisobli damlarimiz bor bo‘lsin…. joic de vivre! Men shamni yoqay.
MITCh. Yaxshi.
BLANSh. Xudoning chinakam quli bo‘laylik. Tasavvur qiling, mo‘jazgina shinam qovoqxonada o‘tiribmiz, Parijda, So‘l qirg‘oqdami-ey. (Sham pligini yondirib, o‘zini shisha og‘ziga suqib qo‘yadi). Je suis la Dame aux Camelias! Vous etes… Armand! Frantsuzchani tushunasizmi?
MITCh (ma’yus). Yo‘q, men..
BLANSh. Vouler – bous crucher avec mo ice soir? Vous ne comprenez pas? Ah, guil dowwage! Menimcha, juda zo‘r bo‘lar edi-da. A, topdim! Rosa ikkovimizga loyiq qolibdi.
MITCh (ortiqcha qiziqishsiz). Yaxshi.
BLANSh (stakan va sham bilan xobgohga kiradi). O‘tiring. Pidjakingizni yechsangiz-chi, yoqangiz tugmasini ham yeching.
MITCh. Menga shunisi yaxshi.
BLANSh. Yo‘q, yo‘q. Bemalol yozilib o‘tiring deyman.
MITCh. Noqulay-da, qattiq terlab ketganman. Ko‘ylagim chippa yopishib qolgan.
BLANSh. Terlash foydali. Agar terlamasang, besh daqiqa ham yasholmaysan. (Uning pidjagini yechadi). Yaxshi pidjak. Qanaqa matodan tikilgan ekan?
MITCh. Alpaka degan.
BLANSh. E-ha, shunaqami. Alpaka!
MITCh. Oddiyroq navidan.
BLANSh. Uni qarang-a, oddiyroq navidan…
MITCh. Kanop pidjaklarini yoqtirmayman – ter o‘tib ketadi.
BLANSh. E-ha…
MITCh. Keyin ular menga mos emas. Qad-qomati kelishgan erkak o‘ziga yarasha kiyinishi kerak, bo‘lmasa ro‘dapodan farqing qolmaydi.
BLANSh. Siz shunaqa polvonmisiz?
MITCh. Unaqa ko‘rinmaymanmi?
BLANSh. Ha endi, sizni judayam ixcham deb bo‘lmaydi-yu, biroq… basavlat qomatingiz, salobatingiz…
MITCh. Tashakkur. Rojdestvoda meni Yenjorlean atletika klubiga qabul qilishdi.
BLANSh. Qoyil!
MITCh. Menga bundan ortiq sovg‘a bo‘larkanmi. Toshlar ko‘taraman, suzaman va doim shay turaman. Endi boshlagan vaqtimda qornim osilib yotardi, endi qarang – toshday! Qornimdan o‘nta odam chiqib bossa ham parvo qilmayman. Mana, urib ko‘ring. Qo‘rqmay uravering! (Ayol barmog‘i bilan uning qorniga asta turtib qo‘yadi.) Xo‘sh?
BLANSh. Yo tovba! (Qo‘li bilan uning ko‘kragiga turtadi.)
MITCh. Men necha kilo kelaman, toping-chi, Blansh?
BLANSh. Bundoq qaraganda – xo‘sh… bir yuz sakson kilo.
MITCh. Yana bir urib ko‘ring… qani?
BLANSh. Sekinroqmi?
MITCh. Yo‘g‘-e, qattiqroq!
BLANSh. Sizning bu gavdangizga filday odam ham bas kelmaydi.
MITCh. Vaznim ikki yuz yetti funt, bo‘yim olti fut, bir yarim dyuym. Oyoq yalang, poyafzalsiz. Vaznim – kiyimsiz, onadan tuqqanday qip-yalang‘och holimda.
BLANSh. Yo qudratingdan! Eshitib quloqlarimga ishonmayman…
MITCh (xijolat tortadi). Ha, vaznim, albatta, gapirishga ham arzimaydigan narsa. (Jur’atini to‘plab). Sizning og‘irligingiz qanaqa?
BLANSh. Menikimi?
MITCh. Ha.
BLANSh. Toping-chi.
MITCh. Ko‘tarib ko‘rsam maylimi?
BLANSh. Qalay bo‘larkin? Ha, mayli, ko‘tarsangiz ko‘tara qoling. (Yigit ayolning orqasidan kelib, belidan ushlaydi va havoga yengil ko‘taradi.) Xo‘sh?
MITCh. Parday yengilsiz.
BLANSh. Vah-ha-ha! (Yigit ayolni yerga qo‘yadi va belidan qo‘yvormay ushlab turadi. Blansh yasama tortinchoqlik bilan). Ortiq ushlab turish shart emas.
MITCh. Nima?
BLANSh (quvnoq). Qo‘lin-giz-ni o-ling de-dim, ser. (Mitch uni kelishmaygina quchoqlaydi.Ayolning ovozi yengilgina yangraydi.) Yo‘q, Mitch. Biz yolg‘izmiz, siz odob doirasidan chiqib ketmasligingiz kerak.
MITCh. Haddimdan oshsam, tarsaki tushiring.
BLANSh. Zarurat tug‘ilmasa kerak. Siz chinakam yigitsiz, bunaqalar mingtadan bitta bo‘lsa ham katta gap. Tag‘in buni qariqiz muallimaning noziga yo‘yib yurmang. Men shunchaki…
MITCh. Nima?
BLANSh. Shunchaki, faraz qilingki, men eskicha rasm-rusumlarga mahkam yopishib olganman, faqat shuning uchun. (Erkakka ko‘rinmasa ham u ko‘zlarini makkorona o‘ynatadi.Mitch xomush eshikka yo‘l oladi. Jimlik cho‘ziladi. Blansh xo‘rsinadi. Mitch tortinib yo‘talib qo‘yadi. Pauzadan so‘ng). Stenli bilan Stella qayoqda qoldiykin?
BLANSh. Mister va missis Xabbel bilan aylangani ketishdi.
MITCh. Qayoqqa?
BLANSh. Kinoga bo‘lsa kerak, oxirgi seansga.
MITCh. Hammamiz birgalikda bir balo qilib ko‘chib ketsak bo‘lardi.
BLANSh. Yo‘q. Oxiri xayrli bo‘lmasdi
MITCh. Nimaga xayrli bo‘lmas ekan?
BLANSh. Stenli bilan ko‘pdan beri do‘stmisizlar?
MITCh. Polkdoshmiz, ikki yuz qirq birinchidan.
BLANSh. U siz bilan ochiqchasiga gaplashsa kerak?
MITCh. Bo‘lmasa-chi.
BLANSh. Men to‘g‘rimda sizga hech nima demaganmi?
MITCh. Deyarli hech nima.
BLANSh. Vazminligingizdan bilsa bo‘ladiki, baribir nimadir degan.
MITCh. Aytgan bo‘lsa ham jo‘yaliroq hech nima aytmagan.
BLANSh. Xo‘sh, nima dedi? Qanaqa ohangda aytgan edi?
MITCh. Nima qildi, nega bunday so‘rayapsiz?
BLANSh. Shu…
MITCh. Nima, u bilan teskari bo‘lib qoldilaringmi?
BLANSh. Nima demoqchisiz?
MITCh. Nazarimda oralaring yaxshi emasga o‘xshaydi, shu faqat.
BLANSh. Sekin gapirasizmi! Agar Stella ikkiqat bo‘lmaganida, men ularnikida bir kun ham turmas edim.
MITCh. Nima, eri yomon muomala qilayaptimi?
BLANSh. U haddan tashqari qo‘pol. Meni qanchalar yerga urib tashlashlarini aytmay qo‘yaqolay.
MITCh. Ya’ni, nimaga?
BLANSh. Shunga-da.
MITCh. Hech ishonging kelmaydi.
BLANSh. Ishongingiz kelmaydimi?
MITCh. Sizga qo‘pollik qilish aqlga sig‘maydigan gap-ku! Yo‘q, hech tasavvur qilolmayman.
BLANSh. Ahvol rostdanam chatoq. Yo‘q, siz tushunmaysiz… Bu yerda men g‘irt ortiqchaman. Tunda u xona bilan bu xona o‘rtasida bitta porter bor, xolos. U esa xonadan faqat ich kiyimda o‘tib ketaveradi. Har gal vannaxonaga kirganida eshikni qiya ochiq qoldirganiga o‘laymi. Odam deganda oz-moz uyat degan narsa bo‘lishi kerak-ku… Balki meni bu yerda tag‘in nima ushlab turganini tushunmasangiz ham kerak. Bo‘pti, ochig‘ini aytib qo‘ya qolay. Axir o‘qituvchining maoshi qo‘l uchida kun ko‘rishga bazo‘r yetadi. Yil davomida bir sariq chaqa ham g‘amlab qo‘yolmadim, yozda bu yerga kelishga majbur bo‘ldim. Kuyovimning minnatini ko‘tarishga. U bo‘lsa ayab o‘tirmaydi, holbuki uning ko‘ziga qadalgan cho‘p ekanimni koshki bilmasam. U, hoynahoy, meni itday yomon ko‘rishini sizga aytmay qolmagandir.
MITCh. Xo‘sh, yomon ko‘radi ham deylik…
BLANSh. Yomon ko‘radi! Ko‘rsa ko‘rib o‘lmaydimi, nega meni bunchalar yerga uradi? Birinchi marta ko‘rganimdayoq sezgandim o‘zim ham – jonimning zavoli shu odam bo‘ladi deb. Bu odam, agar o‘ziga qo‘yib bersa, meni qiyma-qiyma qilib tashlasa… Ha, ha, shunaqa… meni shunchalik yomon ko‘radiki, nima desam ekan, agar u… o‘ziga qolsa, meni bir pulga chiqarib… hayvondek… Yo‘q, yo‘q! Bu yog‘ini o‘ylasam… (Bu fikrini qo‘li bilan siltab o‘zidan haydaydi. Viskini oxirigacha sipqoradi Jimlik.)
MITCh. Blansh…
BLANSh. Ha, jonim.
MITCh. Sizga bir savol bersam maylimi?
BLANSh. Ha. Qanaqa savol ekan?
MITCh. Yoshingiz nechada?
BLANSh (tashvishlanib). Nega kerak edi?
MITCh. Siz to‘g‘ringizda onamga gapirgan edim, u mendan “Blanshning yoshi nechada?” deb so‘radi. Men nima deyishimni bilmadim.
Yana pauza.
BLANSh. Men to‘g‘rimda?.. Onangizga?
MITCh. Ha.
BLANSh. Nima sababdan?
MITCh. Men sizni maqtab, judayam mehribon, menga yoqadi, deb aytgandim.
BLANSh. Sidqidildan aytganmidingiz?
MITCh. Albatta. O‘zingiz bilasiz-ku.
BLANSh. Onangiz-a… mening yoshim nima kerak ekan?
MITCh. U kasal.
BLANSh. Bechora… og‘ir kasalmi?
MITCh. Sanoqli kunlari qolgan. Bir necha oylik umri qolgandir.
BLANSh. Oh!
MITCh. Mening bo‘ydoq yurishimdan qiynalib ketayapti.
BLANSh. E-ha…
MITCh. Bir nima bo‘lib qolmasidan oldin meni ro‘zg‘orli qilib qo‘ysam deydi… (Ovozi bo‘g‘iladi, ketma-ket yo‘taladi, hayajondan qo‘lini cho‘ntagiga suqib, yana chiqaradi va shu zahoti nimadir qidirgandek, cho‘ntagini kavlaydi).
BLANSh. Siz uni juda sevasizmi?
MITCh. Juda.
BLANSh. Ha, siz onangizni, harholda, chin yurakdan sevar ekansiz. U bo‘lmasa o‘zingizni juda yolg‘iz his qilasiz, shundaymi? (Mitch yo‘taladi, bosh irg‘aydi.) Bu qanaqa bo‘lishini men tushunaman…
MITCh. Yolg‘iz qolishnimi?
BLANSh. Men ham bir odamni sevardim, sevardim-u… yo‘qotib qo‘ydim.
MITCh. U o‘ldimi?
(Blansh deraza oldiga boradi, deraza rahiga o‘tirib, ko‘chaga qaraydi.O‘ziga viski quyadi.) U erkak kishimidi?
BLANSh. Bola, mushtdekkina bola edi… Men o‘zim o‘shanda mushtdekkina qizaloq edim. O‘n oltida edim va birdan ko‘zim ochildi – muhabbat! To‘satdan, bekamu-ko‘st, oxiri ko‘rinmas. Bamisoli o‘tkir nur doim qorong‘ulikda yashirinib yotgan nimanidir bir daf’adayoq tutib oldi, atrof-olam men uchun shunday yorishib ketgandi… Ammo menga baxt nasib etmadi! Bir yalt etdiyu yo‘q bo‘ldi-qo‘ydi. Bu bolaga asli bir balo bo‘lgan ekanmi, u asabiy bo‘lib qoldi, fe’li yomon aynidi, harakatlari butunlay xotinchalish, tegmanozik… aft-angoriga qarasang, duppa-durust yigitcha… Ammo unda hiyla bor edi. U mendan yordam kutardi. Men esa… u vaqtlarda nimani ham tushunardim! To‘y sayohatimizda ham, qaytib kelganimizdan keyin ham hech nima sezmagan edim, men faqat bir narsani bilardim: unga yordam berishimga xalaqit beradigan qandaydir jumboq bor, bu unga juda-juda zarur edi-yu, so‘rashga jur’ati yetmasdi – ojizlik qilardi! U sirpanchiq qumda mening etagimdan mahkam ushlab olgandi, men esa uni tortib olish o‘rniga o‘zimni halok qilar edim. Bunga ham aqlim yetmasdi! Hech baloni bilmasdim. Faqat bir narsani bilardim – uni o‘lguday sevardim, yordam berish esa aslo qo‘limdan kelmasdi – na unga va na o‘zimga. Keyinchalik ko‘zim ochildi. Shunday bo‘ldiki, bundan battari xayolingga ham kelmaydi: eshikni taqillatmasdan xonaga kirib bordim, hech kim yo‘q deb o‘yladim-da… holbuki xona odamsiz emas ekan: mana bu bola, mening erim va undan sal kattaroq eski do‘sti bor ekan. (Deraza ortida jadallashib borayotgan poyezd g‘ildiraklari ovozi. Quloqlarini kaftlari orasiga olib yopadi, boshini tizzalari orasiga suqadi. Poyezd chirog‘i derazaga uriladi, shunda butun xona yorishib ketadi, poyezd sharaqa-shuruq qilgancha o‘tib ketadi. Uzoqda g‘ildiraklar ovozi tinganda asta qaddini rostlaydi). Biz o‘zimizni shunday tutdikki, go‘yo men hech narsadan bexabarman. Ha, ha, o‘sha kuni oqshom uchalamiz “Oydin ko‘l” kazinosiga bordik, kayfimiz taraq, yo‘l bo‘yi kulishib keldik. (Uzoqlardan minor pardasida polka elas-elas quloqqa chalinadi.)Biz varshavalik qiz polkasiga raqs tushdik. Raqs-kuy avjiga chiqqan mahal deng, erim hech narsadan hech narsa yo‘q, meni tashlab, kazinodan yugurib chiqib ketadi. Shu bilan ketma-ket o‘q ovozi eshitiladi. (Polka keskin to‘xtaydi. Bir joyda taxtaday tek turib qoladi. Polka esa davom etadi – uzilgan o‘sha yarim jumladan, ammo endi major pardasida yangraydi.) Men yugurib tashqariga chiqdim… hamma yugurib keldi! Ko‘l bo‘yida, suvning shundoq yonida yotgan dahshatli narsaning atrofida odamlar g‘uj bo‘lib to‘plangandi. Men esa odamlar orasini yorib o‘tishga behuda urinardim. Kimdir qo‘limdan tutdi. “Yaqinlashmanglar! Ketinglar! Hech qanday tomosha yo‘q bu yerda!”… Tomosha? Nimani tomosha qiladi odamlar? Shu zahoti ovozlar, ovozlar… Og‘izdan-og‘izga ko‘chadi: “Allan! Allan! Allan!…” Sho‘rlikkina – bolakayim! Revolerni shundoq og‘ziga tiqibdiyu otibdi… Kallasini teng yarmini uchirib ketibdi. (Yuzini qo‘llari bilan yopib, asta chayqaladi, oldinga-orqaga). Hammasiga sabab bitta: men o‘sha tanobiyda, raqsda tutib turolmadim va: “Men esa ko‘rdim. Men esa bilaman. Qanaqa maraz bolasan…” deb gapirib yubordim. Shundayin butun olamni yoritib turgan chiroq birdaniga o‘chdi-qoldi, o‘shandan buyon mana shu… mum yog‘idan ko‘ra yorqinroq yog‘duni hayotda boshqa ko‘rmadim.
Mitch ro‘dapolarcha o‘rnidan turadi, Blanshning oldiga boradi. Polka kuchliroq yangraydi.
MITCh (Blanshning orqa tomonidan yaqin kelib, uni asta o‘ziga tortadi). Sizga do‘st kerak. Menga ham. Demak, balki biz ikkalamiz… ha, Blansh?
Blansh unga ma’nosiz qaraydi. Keyin ohista oh tortib, uning quchog‘iga yiqiladi. Ko‘z yoshi orasida bir nima demoqchi bo‘ladi va so‘z topolmaydi. U ayolning manglayi, ko‘zlari, lablaridan o‘padi. Polka uziladi.
BLANSh (uzoq, huzur bilan xo‘rsinadi). Xudoyim uni oramizdan erta olib ketdi… yig‘lab qolaverdim!

ETTINChI MANZARA

O‘n beshinchi sentyabr, kechga yaqin. O‘choqboshi va xobgoh o‘rtasidagi porterlar ikki tomonga surib qo‘yilgan, dasturxon ziyofatbop qilib tuzalgan – tort, gullar. Stella dasturxon tuzashni yakunlash arafasida. Stenli kiradi.
STENLI. Nimaning sharafiga ekan bu dabdabalar?
STELLA. Bugun Blanshning tug‘ilgan kuni.
STENLI. O‘zi-chi, uydami?
STELLA. Vannaxonada.
STENLI (kalaka qilib). “Foniy jismni yuvish” ekan-da?
STELLA. Shunga o‘xshash bir nima.
STENLI. Anchadan berimi?
STELLA. Butun kun bo‘yi deyaver.
STENLI (masxara qilib). “Issiqqina vannada namlanamiz”mi?
STELLA. Ha-da.
STENLI. Havo yuz daraja, bu kishim esa issiq vannadan chiqay demaydi.
STELLA. Shunda oqshom menga salqinday tuyuladi, deydi.
STENLI. Sen esa, bilishimcha, allaqachon koka-kolaga tushib kelgandirsan-da? Hazrati oliylarini vannaga kirgizib qo‘ygansan. (Stella yelka qisadi.) Qani, o‘tir-chi.
STELLA. Vaqt yo‘q, Stenli, qancha ish qarab turibdi.
STENLI. O‘tir. Endi opajoningning qulog‘ini burab qo‘yadigan vaqti keldi.
STELLA. Sen o‘zingni undan tortibroq yur, Stenli, bas qil.
STENLI. Bu farishtang meni tag‘in galvars deydi!
STELLA. O‘zing har doim uni o‘tirsa o‘poq, tursa so‘poq deysan, ko‘ngling xohlagancha yerga urasan, Blanshning esa ko‘ngli yarim, o‘zing o‘ylab ko‘rgin, biz Blansh bilan senga qaraganda mutlaqo boshqa sharoitda o‘sganmiz.
STENLI. Eshitganmiz! Bir xil gapni chaynayverishing ham jonga tegib ketdi. U bizga bir qop yolg‘on-yashiqni to‘qib tashlagani esingda bormi?
STELLA. Yo‘q va eshitishni ham…
STENLI. U esa – yolg‘on. Ammo oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi. Endi uning nayranglari bitta-bitta yuzaga chiqayapti.
STELLA. Qanaqa nayranglari?
STENLI. O‘sha, men boshida gumonsiraganim. Ammo endi menda dalolat bor – eng to‘g‘ri, eng yangi dalolatlar! Men o‘zim tekshirib chiqdim!
(Blansh vannada xirgoyi qiladi: oddiygina shirador qo‘shiq, uning so‘zlari Stenlining hikoyalariga monand.)
STELLA (Stenliga). Qichqirma.
STENLI. Obbo, bulbulcha-ey!
STELLA. Bo‘pti, qani, marhamat, u to‘g‘risida nimani bilgan bo‘lsang, hammasini menga oqizmay-tomizmay aytib ber.
STENLI. Birinchi raqamli yolg‘onchi: u maqtanadigan hamma ishi g‘irt satanglik ekan. Uning Mitch oldida qiyshanglaganlarini, uning boshini aylantirganlarini bir ko‘rsang edi. Sodda Mitch uning umrida bir g‘o‘r bolaning o‘pichidan boshqa hech narsani bilmayman, deganiga laqqa tushib o‘tiribdi. Opajoning Blansh hur ekan, pari ekan-u, biz bilmagan ekanmiz. Vah-ha-ha!
STELLA. Xo‘sh, nimalarni eshitding, kimlardan eshitding?
Stenli. Korxonamizdagi ta’minotchimiz ko‘p yillardan beri Lorelga qatnaydi va uni miridan-sirigacha bilar ekan. Umuman, Lorelda uning qilg‘iliklarini bilmaydigan odam yo‘q ekan. U o‘sha yerda otning qashqasiday ma’lum ekan. Mana shu ta’minotchi “Flamingo” oteliga qo‘nar ekan.
BLANSh (quvnoq xirgoyi qiladi).

Sirkdagi dengiz qog‘ozdan,
Sirkdagi olov otashsiz.
Bari rost bo‘lardi gar
Siz menga ishonsangiz.
STELLA. Nima bo‘pti?
STENLI. Shu bo‘ptiki, u o‘sha yerda yashagan ekan.
STELLA. Mening opam “Orzu”da yashagan.
STENLI. Ha, bu keyin bo‘lgan, uy oqbilak opachangizning qo‘lchalaridan chiqib ketgandan keyin. “Flamingo”ga ko‘chib o‘tgan! Tashlandiq mehmonxonacha – bir tuzuk tomoni shundaki, u yerda turuvchilarning ishiga hech kim burnini suqmaydi. Bizning Oppoq Oyimizning ko‘rgan-kechirganlari esa hatto ma’muriyatlarning ham toqatini toq qilib yuboribdi. “Flamingo”da hamma narsani ko‘rib, ko‘rmaganga olar ekanlar. Shu darajaga borib yetibdiki, undan yaxshilikcha xona kalitini topshirishini va ortiq qorasini ko‘rsatmasligini so‘rashgan. Uni u yoqdan haydab solishgan, ikki haftadan keyin u biznikiga kelgan.
BLANSh. (kuylaydi).

Sirkda mingta chiroq,
Ko‘rinar bo‘lib yulduz.
Bu ham rost bo‘lardi gar
Siz menga ishonsangiz.

STELLA. Qanchalik jirkanch bo‘hton!
STENLI. Albatta, sen bunday narsalardan hazar qilasan, qilma-chi! Axir u bitta Mitchning emas, sening ham qulog‘ingga lag‘mon osdi-ku.
STELLA. Bular bari uydirma! Bitta ham rosti yo‘q. Axir erkak bo‘lganimda shu gaplarni aytgan odamni bir urib, naq pachag‘ini chiqarardim.
BLANSh (kuylaydi).

Meni sevmasang,
Meni sevmasang
Sirkdagi chiroqlar ham o‘chgay
shu zahot.
Meni sevmasang,
Meni sevmasang
Erda ham, osmonda ham to‘xtagay
Hayot…

STENLI. Azizim, bular bari tekshirilgan, hech kim kamchilik topolmaydi. Ammo shoshmay tur, oxirigacha aytib beray. Oppoq Oyimning hamma balosi shundaki, Lorelda endi miriqib aylanolmaydi – u yerda uni allaqachonoq bilib qolishgan. U bilan ikki-uch marta aysh qiladilar-da, birdan o‘zlariga kelib qolishadi – yetar… Shundan qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketadi va har gal boshidan boshlaydi: qachon qarama, o‘sha masxarabozlik, o‘sha noz-karashmalar, o‘sha bema’nilik. Bunaqa katta qo‘shiqlar aytish uchun shaharcha kichiklik qiladi. Mana, shuning uchun ham el og‘zida doston bo‘lib o‘tiribdi. Avvaliga u o‘zini esi past qizday, shaharlik jinnivoyday ko‘rsatib yurdi. (Stella orqaga chayqalib ketadi.) Keyingi ikki yil ichida esa suyuqoyoq qizga aylangan. Shuning uchun ham opajoning, jonday opajoning shu yozda biz taraflarga safarga chiqqan, chunki o‘sha shahar meri boshqa qorangni ko‘rsatma deb hukm qilgan. Ha, yana bir gap. U yerda, bilasanmi, Lorel yaqinida harbiy qarorgoh bor. Bu yog‘ini so‘rasang, sizlarning uyingiz opajoningning sharofati bilan askarlar kirishi man etilgan uylar ro‘yxatiga kiritilgan.
BLANSh (kuylaydi).

Sirkdagi dengiz qog‘ozdan,
Sirkdagi olov otashsiz.
Bari rost bo‘lardi agar
Siz menga ishonsangiz…

STENLI. Mana senga nazokatli ayol, ana, ko‘rdingmi o‘sha aytganlarimning bari va mislsiz farishta… Ammo bu hammasi emas, undan battarrog‘i bor – ikkinchi yolg‘oni.
STELLA. Ortiq eshitishga toqatim yo‘q! Bas qil… miyamni qoqib, qo‘limga berding!
STENLI. U endi maktabiga qaytib borolmaydi. Garov o‘ynab aytamanki, kelayotib, u Lorelga qaytishni o‘ylagani ham yo‘q! Axir u maktabdan o‘z xohishi bilan ketmagan, vaqtinchaga ham emas, asab kasalligidan ham emas. Yo‘q, bekorlarning beshtasini aytibsan! Uni qarsillatib uloqtirishgan, o‘quv yili tugashini ham kutib o‘tirishmagan. Nega? Aytishga irganasan odam. O‘n yetti yashar bola bilan ilakishib qolgan!
BLANSh (kuylaydi).

Sirkda mingta chiroq
Ko‘rinar bo‘lib yulduz…

Vannaxonadan suvning kuchliroq bosiq shaldirashi, qichqiriqlar, kulgi, bamisoli sho‘x bolakay suvni shaloplatayotganday tovush eshitiladi.
STELLA. Bu mashmashalaringdan o‘lsam o‘lib bo‘ldim.
STENLI. Qarabsizki, dadajonimizning qulog‘iga borib yetgan – shartta maktab direktori oldiga chopgan. Oppoq xonimga pand-nasihatlar o‘qilayotgan o‘sha xonada uning holini bir ko‘rsang edi. Uning qanaqa tipirchilashini-chi! Ammo chuchvarani xom sanabdi. Giribonidan bir tutishdiki – g‘isht qolipdan ko‘chganini darrov anglagan. Unga yaxshilikcha hech kim bilmaydigan joylarga gumdon bo‘lishini tavsiya qilishgan. Bundoq qilib aytganda, ma’muriy tartibda surgun qilingan.
BLANSh (vannaxonadan mo‘ralaydi, boshiga sochiqni o‘rab olgan). Stella!
STELLA (holdan toyib). Ha, opa?
BLANSh. Yana bitta sochiq ber, sochimga. Hozir yuvib bo‘lgandim.
STELLA. Hozir. (Sochiqni olib, opasi tomon ketadi).
BLANSh. Nima gap, jonginam?
STELLA. Nima bo‘ldi? Nega bunday so‘rayapsiz?
BLANSh. Aft-andoming qanaqadir boshqacha?
STELLA. Ha-a… (Kulishga harakat qiladi). Biroz charchagan bo‘lsam kerak, shundan.
BLANSh. Men bo‘lganimdan keyin vannaga kirib cho‘milib ol.
STENLI (o‘choq boshidan turib). O‘zingiz cho‘milib bo‘lasizmi yo yo‘qmi?
BLANSh. Tezda bo‘laman, qo‘rqmang… Aziz joningizni qiynab qo‘ymayman.
STENLI. Men jonimni o‘ylayotganim yo‘q – qovug‘im qiynalayapti! (Blansh eshikni yopadi. Stenli qah-qah urib kuladi. Stella shoshmay o‘choqboshiga qaytadi.) Xo‘sh, nima deysan?
STELLA. Ishonmayman o‘trik-o‘shaklarga. Anovi ta’minotchilaring ablah ekan, bo‘lmasa shunaqa gaplarni aljirarmidi? Ha, uning to‘qima gaplarida oz-moz haqiqat bo‘lishi mumkindir. Ha, opamni musichai beza­vol deb bo‘lmasdir, oilamiz uning dardiga sherik bo‘lgani rost, men uni bitta ham gunohi yo‘q deb da’vo ham qilmoqchi emasman. U har doim shunaqa yengiltak edi…
STENLI. O-ho! Yengiltak!
STELLA. Ammo yoshligida, hali mushtday qizaloqlik vaqtida shunday bir sinovga duch keldiki, uning barcha orzulari kunfayakun bo‘ldi.
STENLI. Sinov emish!
STELLA. Ha… Men uning erga tekkani haqida gapirayapman, axir u erga tekkanda yosh bola edi-da. Bir bolaga tegdi, she’r yozib yurarkan. Bola nihoyatda chiroyli, suqsurday edi o‘ziyam. Nazarimda, Blansh uni sevib qolgandi, qaylig‘ini yer-ko‘kka ishonmasdi! Uning uchun jonini berishga tayyor edi, Xudoga sig‘inganday sig‘inardi unga. Keyin esa… keyin bilib qoldi…
STENLI. Nimani?
STELLA. Chiroyli, Xudo bergan o‘spirinning illati bor ekan. Ta’minotching buni aytmaganmidi senga?
STENLI. Hay, bizlar, endi yaqindagi gaplardan gap sotishgandik, xolos. Nima? Buning tarixi uzoqmi?
STELLA. Ha… tarixi uzoq…
Stenli asta uning oldiga boradi. Ohista qo‘lini uning yelkasiga qo‘yadi. Stella uning qo‘lini yelkasidan sekin oladi va o‘ychan holda, go‘yo o‘zi ham nima qilayotganini sezmaganday tug‘ilgan kun tortiga ingichka pushti shamlarni suqib chiqa boshlaydi.
STENLI. Nechta sham bo‘lishi kerak bu tortda?
STELLA. Yigirma beshda to‘xtaymiz.
STENLI. Mehmonlar bo‘ladimi?
STELLA. Biz Mitchni taklif qilganmiz.
STENLI (sal qovog‘in uyadi. Hozirgina chekib bo‘lgan sigaretasidan yangisini tutatib oladi). Bugun Mitchni, yaxshisi, chaqirmay qo‘ya qolinglar.
STELLA (navbatdagi shamni ushlagancha tek qotadi, asta Stenliga qarab buriladi). Nega? Bu nima deganing?
STENLI. O‘zi Mitch menga ukaday gap. Ikki yuz qirq birinchi saperlikda birga matashib yurdik. Bitta zavodda ishlayapmiz. Agar unga qanday ko‘z bilan qaraganimni bilsang edi…
STELLA. Stenli Kovalkiy, sen unga aytganmiding…
STENLI. Bo‘lmasa-chi, aytmay nima jin uribdi meni? O‘rtog‘imni chuv tushirib turishganida men qarab turarmidim? Qiyomatgacha vijdon azobida qolgan bo‘lardim-ku.
STELLA. Mitch u bilan aloqani uzdimi?
STENLI. Uning o‘rnida sen bo‘lganingda..
STELLA. Men Mitch haqida so‘rayapman – u bilan aloqani uzdimi?
BLANSh (qattiqroq kuylaydi. Uning ovozi qo‘ng‘iroqday jaranglab chiqadi).
Bari rost bo‘lardi agar
Siz menga ishonsangiz.
STENLI. Yo‘q, albatta uzgan deb o‘ylamayman. Ammo u gap nimadaligini endi biladi. Tamom-vassalom.
STELLA. Stenli, opam Mitchga… turmushga chiqaman, deb yuribdi. Men ham rozi edim bunga.
STENLI. Yo‘q, Mitch unga uylanmaydi. Balki oldin uylanmoqchi bo‘lgandir, ammo endi… bu ilonga o‘zini urmaydi. (o‘rnidan turadi). Blansh! Hoy Blansh! O‘zimning vannamga kirgani qo‘yasizmi yoki yo‘qmi? (Pauza.)
BLANSh. Xo‘p bo‘ladi, ser. Mana, bir soniya sabr qiling, artinib olay, maylimi?
STENLI. Bir soat poylagan bir soniyaga ham chidar… agar bir soniyangiz cho‘zilib ketmasa.
STELLA. Endi uni hech qayerda o‘qituvchilikka qabul qilishmaydimi? Xo‘sh, u nima qiladi endi, unga nima bo‘ladi?
STENLI. Seshanbagacha shu yerda turadi. Shunga kelishgandik-ku, yo esingdan chiqdimi? Anglashilmovchilik bo‘lmasin deb o‘zim unga avtobusga chipta olib qo‘ydim. Yo‘lda to‘xtamaydi!
STELLA. Birinchidan, opam hech qachon avtobusda ketmaydi..
STENLI. Yumshoqqina avtobusda ketsa nimasi yomon? Rahmat desin.
STELLA. Yo‘q, ketmaydi, ketmaydi dedimmi, ketmaydi!
STENLI. Ketadi! Mening deganim degan, aytganim aytgan. Seshanbada ketadi, boshqa gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas!
STELLA. Unga nima bo‘ladi? Qayoqqa boradi?
STENLI. Bundan keyingi yo‘li rap-ravoq – qayoqdan kelgan bo‘lsa, o‘sha yoqqa boradi.
STELLA. Bu bilan nima demoqchisan?
(Blanshning o‘sha qo‘shig‘i eshitiladi.).
STENLI. Hay, bulbuligo‘yo! Qo‘shiq aytib to‘ymadingizmi? Qani vannaxonani bo‘shatib qo‘ying-chi! Necha marta aytish kerak?
Vannaxona eshigi lang ochiladi, jilmaygancha Blansh chiqib keladi, biroq Stenli yonidan o‘tayotganda, ayolning yuzida ozgina qo‘rquv paydo bo‘ladi. Stenli unga qiyo boqmaydi ham, vannaxonaga kiradi-da, eshikni qarsillatib yopadi.
BLANSh (soch cho‘tkasini olib). Baribir issiq vanna jonning huzuri-da! Oh-oh-oh! Salqin tortib, qushday bo‘ldim…
STELLA (o‘choqboshidan turib, g‘amgin va tushkun holda). Rostdanmi, opa?
BLANSh (cho‘tkani sochida bazo‘r yurgizadi). Xuddi badanim kuchga to‘lib toshganday. (Uning qo‘lida muzli viski quyilgan stakan yoqimli jaranglaydi). Issiq vannadan keyin muzdek viski – dunyo ko‘zingga baayni jannatdek ko‘rinib ketadi. (Porter orasidan Stellaga qaraydi va soch tarashdan to‘xtaydi). Bir nima bo‘lgan, shekilli! Nima bo‘ldi?
STELLA (tezda bir chetga o‘tadi). Nima deyapsiz, opa, hech nima bo‘lgani yo‘q.
BLANSh. Bekor aytibsan. Bo‘lgan…
Qo‘rquvdan ko‘zlari katta-katta ochilib, Stellaga qaraydi. Stella o‘zini dasturxon tuzash bilan banddek qilib ko‘rsatadi. Uzoqlardan kelayotgan pianino ovozi bo‘g‘iladi-da, jim bo‘ladi, bamisoli kuy katta tezlikda uchib kelib, nimagadir uriladi-da, mayda-mayda bo‘lib ketadi…

SAKKIZINChI MANZARA

Oradan qirq besh daqiqa o‘tgan. Katta-katta derazalardan shahar ko‘rinadi, kechki shafaqda uni farqlash amri mahol. Shafaq shu’lasi suv minorasida yoki katta neft tsisternasida ham aks etadi. Uning ortida shaharning ishbilarmonlar qismi ko‘rinadi. Olisda derazalarning yorug‘i uzuq-uzuq chiziqlar shaklida ko‘ringanidan ularning yoqilgan chiroqmi yo kechki shafaqmi ekanini bilib bo‘lmaydi. Stol atrofida uch kishi o‘tiribdi, uncha quvnoq bo‘lmagan bayram ziyofati nihoyalanmoqda. Bir noxush holatni o‘ylayotganidek, Stenli ma’yus ko‘rinadi. Stella xijolatda va g‘amgin.
Blanshning chehrasida zo‘raki tabassum qotgan. Stoldagi to‘rtinchi ovqatga hali hech kim qo‘l urmagan.
BLANSh (umumiy jimlikni buzib). Biron kuldiradigan narsa gapirsangiz-chi, kuyov. Bitta-yarimta cho‘pchak-mo‘pchakmi, a? Hammalaringiz motam tutgan odamday qovoqlaringizni uyib olgansizlar – nega? Muxlisi yuz o‘girgan san’atkormanmi, yo? (Stella kulishga harakat qiladi.) Bunaqasi hali boshimga tushmagan, tajribalardan ko‘zim rosa pishgan, umrim bino bo‘lib qanaqa erkaklarni ko‘rmadim, biroq chinakam iste’foga chiqqanda… Vah-ha-ha! Kelinglar, latifago‘ylik qilaylik, kulgilirog‘idan bo‘lsin ammo. Bundoq o‘ynab-kulib o‘tiraylik-da.
STENLI. Yanglishmasam, shu paytgacha mening bitta ham latifam sizga ma’qul kelmagan, Blansh.
BLANSh. Yo‘g‘-e, agar jo‘yali va hayoli latifalar bo‘lsa, nega yoqmas ekan?
STENLI. Siz qayoqda-yu, men qayoqda – sizning didingiz juda baland, sizday ayta olarmidim.
BLANSh. Unda, keling, men o‘zim ayta qolay.
STELLA. To‘g‘ri, opajon, ayting! To‘king borini.
(Uzoqdan musiqa yangraydi.)
BLANSh. Bo‘pti bo‘lmasa… faqat sizlarga shundayidan… Hozir, hozir, avval bisotimizni bir qarab ko‘raylik-chi. E-ha! Yaxshi ko‘rganlarimdan – to‘tiqushlar haqida latifalardan. Sizlar-chi?… Xo‘p, bo‘pti. Bir qariqiz va to‘tiqush haqida. Mana bunday, bir qariqizning to‘tiqushi bor ekan, o‘lguday tili shaloq ekan, shunaqangi so‘kishlarni bilar ekanki, mister Kovalskiy uning oldida ip yecholmay qolarkan.
STENLI. H-ah!
BLANSh. Bu to‘tiqushning nafasini o‘chirish yo‘li bittagina ekan – qafas ustiga ko‘rpa tashlash, shunda u tun cho‘kibdi deb, uyquga ketarkan. Bir gal shunday bo‘libdiki – bu tong mahaldagi gap ekan, qariqiz kunduzi qafasdan ko‘rpani olib tashlabdi, to‘satdan eshik oldida kimni ko‘ribdi deng – ruhoniyni! Qariqiz to‘tiqush tomon otilibdi va darrov qafas ustiga ko‘rpani tashlabdi, shundan keyingina u ruhoniyni ichkariga qo‘ygan ekan. To‘tiqush joyida jimgina o‘tiraveribdi, biroq qariqiz mehmondan qahvasiga qancha shakar solishini so‘ragan ham ekanki, to‘tiqush bor ovozda so‘kib tashlabdi: (xushtak chaladi… onangni… va orqasidan qo‘shib qo‘yibdi: “Obbo padariga la’nat-ey, hozir kunlar ham qisqa bo‘lib qolibdi-da!” (Boshini orqaga tashlab, kuladi. Stella ham o‘zini quvnoq qilib ko‘rsatishga behuda urinadi. Stenli bu latifani bir qulog‘i bilan eshitib, ikkinchi qulog‘idan chiqarib yubormoqda edi. Go‘yo u hech narsani eshitmayotganday, butun stol osha suziladi, sanchqiga oxirgi tort bo‘lagini ildiradi va ochofatlik bilan paqqos tushiradi.) Mening tushunishimcha, latifam mister Kovalskiyga hecham yoqmadi.
STELLA. Mister Kovalskiy o‘zini to‘ng‘izday tutgandan keyin nimaga ham qiziqsin, boshqalar uning oldida hech kim emas.
STENLI. To‘g‘ri aytding, xotin.
STELLA. Nega yag‘iring chiqib yurasan doim – yuzing, qo‘llaring… qarab bo‘lmaydi! Bor yuvin, keyin dasturxonni yig‘ishtirishib yubor.
STENLI (o‘zining likopchasini yerga uradi). Mana senga dasturxon yig‘ishtirish. (Xotinining qo‘lidan mahkam ushlaydi). Menga bunaqa gapirma, iflos, bundan keyin bunday gapirganingni eshitmay… To‘ng‘iz… polyak… jirkanch… irkit… og‘zi shaloq… Opang ikkaloving shunaqa qilib odamni yerga urishni ja o‘rganib oldilaring! Xo‘sh, o‘zlaring kim bo‘libsanlar? Burunlaring osmonda – qirolichalar! Asil qirol kim bu yerda? Bu yerda asil qirol – menman, shu narsa eslaringdan chiqmasin! (Stoldan chashka va likobchani olib otadi). Mana, men o‘tirgan joyimni yig‘ishtirib bo‘ldim. Sizlar uchun ham yig‘ishtiraymi?
Stella past ovozda yig‘laydi. Stenli tantanavor eshik tomon yo‘naladi va bo‘sag‘ada turib, sigareta chekadi. Muyulishda, barda qora tanlilar kuy chaladilar.
BLANSh. Men vannada ekanligimda bu yerda nima bo‘lgandi? U senga nima dedi, Stella?
STELLA. Hech narsa, hech narsa, hech narsa!
BLANSh. Bilaman, men bilan Mitch haqida gap bo‘lgan. Ha, ha, Mitch nega kelmaganini sen bilasan va aytishni istamaysan!(Stella nochor boshini chayqaydi.) Men unga qo‘ng‘iroq qilaman.
STELLA. Yaxshisi keragi yo‘q.
BLANSh. Qo‘ng‘iroq qilaman dedimmi, qilaman.
STELLA (siniq ohangda). Foydasi yo‘q, opa.
BLANSh. Axir bunaqasi ketmaydi, nima gapligini kimdir menga aytishi kerak-ku. (Xobgohga, telefonga boradi).
Stella ayvonga chiqadi va eriga o‘pkali qaraydi. U esa o‘zicha nimalarnidir g‘o‘ng‘illab, teskari o‘giriladi.
STELLA. Suyun endi, juda boplading… hech qachon bugungiday pichoq borib suyakka qadalmagandi, opajonimning yuzini va mana bu egasiz kursini ko‘rganimda yuragim allaqanday bo‘lib ketadi. (Yig‘lab yuboradi).
BLANSh (telefonda). Allo! Iltimos, mister Mitchellni chaqirib bersangiz. Ha- a!.. Agar, malol kelmasa, men o‘z raqamlarimni qoldirsam. Mongoliya to‘qson – qirq yetti. Juda zarur ish bilan ekan deb qo‘ysangiz…. Ha, ha, judayam muhim ish… Rahmat sizga. (Xayoli qochgan, qo‘rqib ketgan holda telefon oldida picha turib qoladi).
STENLI (asta xotini tomon o‘giriladi, uni qo‘pollarcha tortib, quchog‘iga oladi). Manavi kichkinaning xolajonisi ketsa, hammasi joyi­ga tushadi. Yana ahil-inoq bo‘lib yashay boshlaymiz va hamma narsa ilgarigiday bo‘lib ketadi. Qanaqa eding, esingdami? Ikkalamiz tunlarni qanaqa o‘tkazardik! Ey Xudo! Axir, jonginam, tunlari qanaqangi o‘ynab-kulardik, qanaqa hazillar qilmasdik, a? Esiz, o‘sha kunlar va o‘sha tunlar! Parda ortida quloq tutadigan hech qanaqa opa-mopa bo‘lmasa, hech narsadan xavotir olmasang, buni yashash desa bo‘ladi, yana avvalgidek ayshu ishratga ko‘milamiz! (Yuqoridan qahqaha, qiyqiriqlar, chiyillashlar eshitiladi. Stenli past ovozda kulib qo‘yadi). Ana! Stiv bilan Yunis…
STELLA. Joyimizga qaytdik. (O‘choqboshiga boradi va oq tortga suqilgan shamlarni yoqishga kirishib ketadi.) Blansh!
BLANSh. Ha? (Stolga qaytadi). Oh, bu shamlar – mitti, mitti shamlar… Yoqma ularni, Stella, keragi yo‘q.
STELLA. Yana boshlandi!
O‘choqboshiga Stenli ham qaytadi.
BLANSh. Ularni kichkinaning tug‘ilgan kuniga asrab qo‘y. Uning butun hayotini bayram shamlari yoritib tursin va uning ko‘zchalari oq tortda yoqilgan ikki zangori olovni ko‘rsin…
STENLI (o‘tirib). Shoir bo‘lib keting-e!
BLANSh (sukutdan so‘ng, o‘ychan). Unga bekor qo‘ng‘iroq qilibman, foydasi yo‘q edi.
STELLA. Bir hisobdan yaxshi ham bo‘ldi.
BLANSh. Bunaqasi kechirilmaydi, Stella. Birovning ko‘nglini og‘ritish yaxshi emas. Meni xohlagan ko‘yga solsa bo‘laveradi, deb o‘ylamasligi kerak.
STENLI. Uf-fu, vannada odam shunchalik ko‘p cho‘miladimi – hali ham bug‘ bo‘ralab chiqib turibdi.
BLANSh. Men sizlardan uch marta kechirim so‘radim-ku. (Pianino ishga tushadi.) Issiq vanna asabimga zarur. Bu gidroterapiya – suv muolajasi deyiladi. Siz polyachoksiz, sog‘lom odamsiz, asabsiz mavjudotsiz, asab­lardan o‘zingni qayerga qo‘yishni bilmay qolish nimaligini siz tush ko‘rib o‘tiribsizmi.
STENLI. Men hech qanaqa polyachok-molyachok emasman. Polshadan chiqqanlarni – polyaklar deyishadi, polyachoklar emas. Men esa yuz foiz amerikalikman, yer yuzidagi eng buyuk mamlakatda tug‘ilganman, o‘sganman va bu bilan o‘lguday faxrlanaman, shuning uchun meni polyachok deyishingiz hecham to‘g‘ri emas!
Telefon jiringlaydi.
BLANSh (xuddi shuni kutib turganday, o‘rnidan turadi). O, bu menga, albatta, menga.
STENLI. Hali noma’lum. Nega “dik” etib turib ketaverasiz? (Shoshmay telefon tomon yuradi). Eshitaman! A-a, ha-ha, zo‘r, Mak! (Devorga suyanadi,og‘ir, tik nigohlari bilan Blanshga masxaromuz tikilib qaraydi.)
Blansh qo‘rqib orqasi bilan kursi suyanchig‘iga yopishadi. Stella oldinga intiladi, qo‘lini opasining yelkasiga qo‘yadi.
BLANSh. Keragi yo‘q, Stella. Nima bo‘ldi? Nega menga bunaqa ayanchli qaraysan?
STENLI (bo‘kiradi). Jim bo‘linglar!!! E, bir xotin kishi bor, dunyoni boshiga ko‘taradi… Xo‘sh, keyin-chi, Mak? Raylinikidami, yo‘q, Raylinikida o‘ynashni istamayman! O‘tgan hafta u bilan so‘kishib qolganman. Men hozircha jamoa sardoriman, yanglishmasam, a? Shunaqa. Shunday bo‘lgach, Raylinikida o‘ynamaymiz… Ha, Uest Sayd yoki “Gala”da. Kelishdik, Mak. Hozircha. (Go‘shakni iladi va stolga qaytadi.Blansh o‘zini qo‘lga olish uchun qahramonlarcha harakat qiladi, o‘z qadahidan bir qultum suv ichadi. Hech narsani payqamayotgandek, cho‘ntagiga qo‘lini suqadi. Shoshmasdan, dona-dona qilib, yasama do‘stona ohangda). Opajonimiz Blansh, tug‘ilgan kunlariga deb men bir sovg‘a tayyorlab qo‘ygandim.
BLANSh. Nimalar deyapsiz, Stenli… rostdanmi? Hech o‘ylamagandim buni. Umuman, bilmadim, mening tug‘ilgan kunimni nishonlash Stellaning xayoliga qanday kela qoldi ekan. Men esa eslashga ham arzimaydi, deb o‘ylab yurardim, nima bo‘lganda ham… yigirma yetti yosh! O‘zi yosh-poshga qarashning ham keragi yo‘q – yaxshisi, e’tibor qilmaslik kerak!
STENLI. Yigirma yetti?
BLANSh (shoshib). Xo‘sh, bilaylik, qanaqa sovg‘a ekan, kuyovjon? (Stenli unga bir ixchamgina, xatjildni uzatadi.) Bu rostdanam mengami?
STENLI. Ha. Yoqadi deb umid qilaman.
BLANSh. Axir bu… bu…
STENLI. Chipta! Lorelgacha! Avtobus, to‘g‘ri olib boradi! Seshanbaga. (Past ohangda, xuddi sirli kuyday varshavalik qiz polkasi yangraydi. Stella sapchib turadi va o‘girilib oladi. Blansh jilmayishga harakat qiladi, ammo eplolmaydi. Kulmoqchi bo‘ladi – bu ham bo‘lmaydi. Sakrab turib, xobgohga yuguradi. Qo‘li bilan tomog‘idan ushlaydi va o‘sha zahoti vannaxonaga otiladi. Xuddi birov bo‘g‘ayotganday yo‘taladi, xirillaydi.) Ana shunaqa!
STELLA. Senga shu kerakmidi? Shunday qilmasang, tura olmaysanmi?
STENLI. Jonimni kekirdagimga keltirib yubordi-ku, unutdingmi?
STELLA. O‘lganning ustiga tepgan bilan baravar qilding, berahm! Busiz ham o‘zi yakkalanib qolgan.
STENLI. Pok va vijdonli ayol..
STELLA. Ha, pok va vijdonli ayol! Shunaqa edi. Sen uni ilgari ko‘rmagansan. Qanaqa edi u! Undan oqko‘ngil, undan fidoyi odam yo‘q edi. Og‘aynilaring, senga o‘xshaganlar esa uni yer bilan bitta qilishdi, nomusini toptashdi, uning bunaqa bo‘lishiga siz erkaklar aybdorsiz.(Stenli xobgohga o‘tadi, ko‘ylagini yechadi, yaltiroq sport libosini kiyadi. Erining ortidan boradi). Shundan keyin ham o‘yin, qarta ko‘nglingga sig‘adimi?
STENLI. Siqqanda qandoq.
STELLA. Yo‘q, o‘ynamaysan. (U erining ko‘ylagiga mahkam yopishadi). Nega uni bunchalar xo‘rlaysan?
STENLI. Men uni xo‘rlaganim yo‘q. Qo‘yib yubor. Yirtasan!
Stela. Yo‘q, nimagaligini bilmoqchiman, javob ber, eshitayapsanmi?
STENLI. Sen bilan tanishganimda, menga xuddi plebeyga qaragandek qaragan eding. Nachora, to‘g‘ri qilgansan, xotin. Ha, plebey edim, ha, surbet edim! O‘shanda menga mana shu suvratni ko‘rsatgan eding: ustunli katta uy. Seni ustunlar ichidan olib chiqqan edim, uyimga olib kelgan edim, pastga, o‘shanda chindan baxtimiz ochilgandi, ko‘zimga sendan boshqasi ko‘rinmasdi, ko‘rinishining keragi ham yo‘q edi! Mana shu biznikiga kelishidan oldin baxtiyor emasmidik, yomon edikmi? (Stella butun vujudi bilan oldinga tashlanadi. Xuddi birov uni otini aytib chaqirgandek nigohi ma’nosiz tikilib qoladi. Juda ehtiyotkorlik bilan, oyoqlarini sudrab, kursi suyanchig‘idan tutib, nariga, stol chekkasiga yo‘l oladi, bamisoli ovoz kelgan tomonga yurgan ko‘rdek. Stenli ko‘ylagining tugmalarini qadab, shimini ichiga solib, Stellaning javobiga quloq solmasdan takrorlaydi). Bizlar baxtli emasmidik? Ikkalamiz ahil-inoq yashamayotgan edikmi? Manavi… biznikiga kelguncha! Hali u, hali bu, men unga maymun bo‘lib qolibman… (Stellaga bir nima bo‘lib qolganini payqaydi). Ie, Stella, nima bo‘ldi senga? (Uning oldiga yugurib keladi).
STELLA (eshitilar-eshitilmas). Meni kasalxonaga olib bor.
U xotinini qo‘ltiqlaydi va asta-asta yupatib, eshikka olib keladi. Stenlining shivirlab gapirishi pasayib ketaveradi. Ketadilar.
Blansh past va mahzun ovozda kuylaydi.

TO‘QQIZINChI MANZARA

Oradan birmuncha vaqt o‘tadi. Blansh bukchayib, noqulay ahvolda, keskin qiyofada, ko‘ndalang yashil va oq yo‘l-yo‘l mato qoplangan o‘rindiqda, och qizil atlas xalatda o‘tiribdi. Uning oldidagi stolda bir shisha va stakan. Varshavalik polkasi avj pardalarda yangraydi. Musiqa Blanshning qulog‘iga kirib-kirmaydi, mana bu vasvasayu uni har tomondan qisib kelayotgan falokat sezgisidan qutulish uchun qo‘shiq kuylaydi. Lablari unsiz bir nimalarni irod qiladi, aftidan polka kuyiga monand so‘zlar bo‘lsa kerak. Yonida elektr yelpig‘ich. Ko‘chada Mitch paydo bo‘ladi. Ko‘k korjomada – dag‘al qog‘oz matodan tikilgan shim va kurtkada, soqoli o‘sgan. Burchakdan chiqib keladi-da, ravoqqa ko‘tariladi. Qo‘ng‘iroq jiringlaydi.
BLANSh (cho‘chib tushadi). Kim u?
MITCh (xirillab). Bu men, Mitchman.
Kuy to‘xtaydi.
BLANSh. Mitch?! Shunday mahalda-ya. (Shoshib shishani shkafga yashiradi, oyna oldida o‘ralashadi, naridan-beri yuziga atir va upa sepadi. U azbaroyi hayajonlanganidan sabrsizlik ila og‘ir-og‘ir, uzuq-yuluq nafas olardi. Nihoyat tayyor bo‘lib, eshikka yuguradi, yigitni ichkariga kiritadi). Mitch! Sizni asli uyga qo‘ymasligi kerak edi, odamni izza qildingiz! Erkak degan ham shunaqa bo‘ladimi? Ammo, bo‘pti, o‘tgan ishga salavot… Xush kelibsiz, azizim! (Unga lablarini tutadi.Biroq yigit uni go‘yo ko‘rmagandek, beto‘xtov o‘tib ketadi va go‘yo ayol yo‘qday to‘g‘ri xonadonga kirib boradi. Blansh uning gerdayib xobgoh tomonga o‘tib ketganini vahm bilan kuzatadi). Yo alhazar, bu qanaqasi bo‘ldi! Ust-boshingizga qarab bo‘lmaydi… Ustiga ustak soqolingiz olinmagan! Ayolga hurmat shunaqa bo‘ladimi?.. Ammo men sizni kechiraman. Kechirganman, siz keldingiz – darrov ko‘nglim yengil tortdi. Siz kelishingiz bilan miyamni parmaday yemirayotgan anovi kuy ham to‘xtadi – jinni bo‘lib qolayozgandim. Sizda ham shunaqa bo‘ladimi, miyaga bir o‘tirib qolgandan keyin sira undan qutulib bo‘lmaydi? Yo‘q, albatta, sizday uyatchan yigitga, shunday pahlavonga allaqanday bema’ni xayollar cho‘t bo‘libdimi?
To ayol unga yaqin bormaguncha Mitch undan qattiq tikilgan nigohini olmaydi. Yo‘l-yo‘lakay uning yaxshigina otib olgani shundoq ko‘rinib turadi.
MITCh. Manavisiz ish bitmaydimi? (Elektr yelpig‘ichga imo qiladi).
BLANSh. Bitadi.
MITCh. Turqi sovuq narsa.
BLANSh. Unda o‘chiramiz, jonim. Menga ham yoqmay turuvdi. (O‘chirgich tugmachasini bosadi va elektr yelpig‘ich gerdayib ta’zim qilgancha to‘xtaydi. Mitchning xobgohda o‘zini o‘ringa tashlab, sigareta tutatganiga qarab turib, xijolatdan yo‘talib qo‘yadi. Ammo e’tiroz bildirishga jur’at qilmaydi). Bizlarda ichgani ul-bul bor-yo‘qligini ham bilmayman… Hali u yoq-bu yoqqa qarab ulgurmadim.
MITCh. Bu Stenli… uning yuvindisiga zor emasman.
BLANSh. Bunisi esa uniki emas. Ammo baribir bu yerdagi hamma narsa unga qaraydi, albatta. Bu uyda ba’zi narsalar menga ham qaraydi. Onangiz qanday, Mitch? Ahvoli durustmi?
MITCh. Bu gapni qayoqdan oldingiz?
BLANSh. Axir sizlarnikida bir nima ro‘y bergan-ku?..Yo‘q, yo‘q, qo‘rqmang, hech qanaqangi qarshi savol-javob bo‘lmaydi. Aksincha, men… (Fikrini to‘plab olmoqchiday sarosima ichida manglayini artadi). Xuddi raqsga jo‘r bo‘lgandek polyakcha kuy yangraydi… Siznikida hech qanday o‘zgarish bo‘lmaganday tutishga harakat qilaman. Ana, xolos… yana shu kuy!
MITCh. Tag‘in qanaqa kuy?
BLANSh. Hamon o‘sha kuy-da! Polyakcha, Allan haliginday… Shoshmay turing! Hozir, hozir… (Olisdan revoler ovozi keladi. Yelkasidan tog‘ tushgandek.) Ana, uning o‘zi – o‘q ovozi! Shundan keyin o‘sha kuy, odatda tinadi. (Polka asta-sekin tinadi.) Ha, mana, u tindi.
MITCh. Nima, jinni-pinni bo‘lib qolmaganmisiz?
BLANSh. Hozir qaraymiz, bizda u-bu topilarmikan… (Shkafga yaqinlashadi, o‘zini u yerda shisha bor-yo‘qligini bilmaganga soladi). Ha, aytgancha, meni ma’zur tutasiz – kiyinmaganman. Sirasini aytganda, men sizdan qo‘limni yuvib, qo‘ltig‘imga surtib qo‘ygan edim. Siz kechki ziyofatga taklif qilingangizni esdan chiqardingizmi?
MITCh. Mening sizlarni ko‘rgani ko‘zim yo‘q edi.
BLANSh. Birpas sabr qiling. Bu yerdan yaxshi eshitmayapman, siz shunaqangi so‘zlarga xasissizki, bitta ham so‘zingizni uvol qilgim yo‘q. Ie, o‘zi nimani qidirayotuvdim? E-ha, ichgani biron narsa. Bu yerda butun oqshom bitimiz to‘kilib xushchaqchaqlik qildik, shuning uchun jinniga aylanganim bir hisobdan to‘g‘ri. (Birdan shisha topib olganday harakatlar qiladi. Mitch bir oyog‘ini to‘shak ustiga tashlab, Blanshga ijirg‘anib qaraydi.) Xo‘-o‘sh, bir nima topdim. Sizlar esa, bilaman, janubchasiga ish qildinglar, hamma narsa badastur… bizda nega bunaqaykin, hayronman…
MITCh. Modomiki, bilmas ekansiz, demak, u sizga qaramaydi.
BLANSh. Oyog‘ingizni to‘shakdan olsangiz-chi. Oppoq to‘shakka tashlab olibsiz. Ha, ha,siz, erkaklar, bunday mayda-chuydalar bilan ish tutmaysiz. Men esa bu uyni tartibga solgunimcha naq ona sutim og‘zimga kelgan.
MITCh. Ol-a, quruq gaplar bilan desangiz-chi…
BLANSh. Axir men kelguncha bu yer qanaqa bo‘lib yotishini bilardingiz-ku. Endi esa… bir qarang! Uy emas – koshona! Endi doim shunaqa bo‘ladi, bu yog‘iga o‘zim qattiq turaman… Bilmadim, bunga nima aralashtirishgan… yo o‘zi tozalanganmikan? M-m-m… shirin. Juda shirin… Dahshat shirin… Vah, axir bu likyor-ku… Bo‘lmasa-chi! Ha, ha, xuddi o‘zi – likyor. (Mitch bir narsa deb g‘o‘ldirab qo‘yadi.) Sizga yoqmasmikan deya qo‘rqaman. Tatib ko‘ring-chi, balki birdan yoqib qolar?
MITCh. Sizga aytdim-ku, uning bisotidan menga hech narsa kerak emas, deb, qancha aytish kerak sizga? Bu sizniki emas, uniki bo‘lgandan keyin yana unga yopishib olishingiz yaramaydi. Bor viskimni bitta ham qoldirmay ichib tugatdi deb, olamga jar solib yuribdi-ku.
BLANSh. Bu qanday bema’nilik! Tag‘in jag‘ urib maqtaysiz… Bunaqasini kutmagandim! Ammo men mayda-chuyda gaplarga parvo qilmayman, bunga bir narsa deb javob qaytarishni-da ep bilmayman o‘zimga.
MITCh. H-ha!
BLANSh. Bu nima deganingiz? Ko‘nglingizda bir gap borga o‘xshayapti. Ko‘zingizdan ko‘rinib turibdi…
MITCh (to‘shakdan turib). Nega nuqul qorong‘uda gaplashamiz o‘zi?
BLANSh. Menga shunisi ko‘proq yoqadi. Qorong‘uda qulayroqday.
MITCh. Ha, nazarimda, men sizni biron marta ham yorug‘da ko‘rmaganman.
(Blansh ovozsiz kuladi.) Ha-da, bir marta ham.
BLANSh. Rostdanmi?
MITCh. Kunduzi biron marta ham.
BLANSh. Kimning aybi bilan?
MITCh. Kunduzi siz ko‘rinishni istamaysiz – har doim shunaqa.
BLANSh. Men ko‘rinmayman emas, Mitch, o‘zingiz kuni bilan zavodda bo‘lasiz.
MITCh. Ammo yakshanbalar bor-ku. Necha marta yakshanbada sayrga taklif qildim va har doim sizda bitta bahona tayyor turadi. Oltigacha sizni o‘rningizdan qo‘zg‘atib bo‘lmaydi. Bas, qachon qarama, yorug‘ kamroq joy nasib qiladi, xolos.
BLANSh. O‘zingiz nimanidir yashirasiz, Mitch, miyangizda nima o‘ylar aylanib yuradi, sira aqlim yetmaydi.
MITCh. Nima o‘ylar bo‘lardi, Blansh. Faqat bir gapni aytib qo‘ymoqchiman, to shungacha sizni durustroq ko‘rib olishni mavridi bo‘lmadi-bo‘lmadi. Keling, chiroqni yoqib olaylik, maylimi?
BLANSh (qo‘rqib). Chiroq? Yana qanaqa chiroq? Nega?
MITCh. Loaqal qog‘oz qalpoqli mana bu lampochkani yoqaylik… (Lampadan qalpoqni yulqib oladi).
BLANSh (oh deb yuboradi va dahshatdan bir lahza lol qoladi). Nega unday qilasiz?
MITCh. Sizni yaxshilab ko‘rib olish uchun, tentaksiz.
BLANSh. Hatto ishongim kelmayapti, siz rostdanam meni xo‘r­lamoqchimisiz?
MITCh. Bu xo‘rlash emas, shunchaki realizm.
BLANSh. Mening realizmga toqatim yo‘q. Men afsungarlik tarafdoriman. (Mitch kuladi.) Ha, ha, afsungarlik tarafdoriman! Men uni odamlarga yetkazmoqchiman. Ularni bor narsani qanday bo‘lsa, shundoqligicha ko‘rishga majbur qilaman. Ha, men haqiqatni aytmayotibman, qanday bo‘lsa shundayligicha emas, hayotda qanday bo‘lishi kerak bo‘lsa, o‘shanday ko‘rish haqida gapirayapman. Agar gunohga yo‘l qo‘ygan bo‘lsam, aynan shu gunohim uchun Xudoning qarg‘ishiga uchray – bunga zarracha e’tirozim bo‘lmaydi… Qo‘ying, chiroqni yoqmang!
Mitch shtepsel oldiga keladi. Chiroqni yoqadi va ayolga sinchiklab qaraydi. Blansh qichqiradi, qo‘llari bilan yuzini berkitadi. Mitch chiroqni o‘chiradi.
MITCh (asta, alam bilan). Siz men o‘ylagandan ko‘ra kattaroq ekansiz, hay mayli, bu bir tarafdan ma’quldir ham. Ammo qolgan barchasi… Ey, Xudo! Orzularingizning eskilikparastligi haqidagi jarangi, siz butun yoz bo‘yi zaharlab kelgan mana bu o‘moch. Ha, siz yosh qizaloq emassiz, o‘n olti yashar bo‘yi yetgan durkun ham emassiz, men albatta, buni fahmlar edim. Ammo men g‘irt ahmoq edim, siz men bilan aldovsiz o‘yin o‘ynayotganingizga ishonar edim.
BLANSh. Men taniqli qarta bilan o‘yin o‘ynayotganimni kim aytdi sizga? Mening mehribon kuyovimmi? Mana siz ishongan odam.
MITCh. Ha. Men uni boshda savag‘ich deb mazax qilardim. Keyin esa nima gapligini aniqladim. Avval o‘zimizning ta’minotchimizga murojaat qildim, u doim Lorelda bo‘lib turadi. Keyin shaharlararo telefonda u bilan bog‘landim va u olibsotar bilan gaplashdim.
BLANSh. Kim bilan, kim bilan?
MITCh. Kiferbey bilan.
BLANSh. Kiferbey… Lorellik savdogar. Ha, bilaman, nuqul ko‘chadan o‘tganda xushtak chalar edi. Men boplab uning ta’zirini berganman. Mana, to‘lovini to‘ladi, endi har xil bo‘htonlarni tarqatib yuribdi.
MITCh. Kiferbey, Stenli, Shou – uchalasi! Mana shu bo‘htonlarni rostga chiqarish bilan ovora.
BLANSh. Ha-a! Bang-baka-bum, bang-baka-bum, Mag‘zavaga tushdi uch kallaxum…
MITCh. Ayting-chi, siz “Flamingo” otelida turganmisiz?
BLANSh. “Flamingo”da? Ie, nimalar deyapsiz… “Tarantul”da turganman! Turgan joyimni aytsam – “Tarantulning panjasida” lavhasi osig‘liq mehmonxona.
MITCh (aqli yetmay). Tarantul?
BLANSh. Ha-da! Bahaybat o‘rgimchak to‘ri… O‘z qurbonlarimni shu yerga avrab olib kelardim (O‘z stakaniga aroq quyadi). Men to‘g‘ri kelgan bilan ilakishib ketaverardim, ularning soni bor, sanog‘i yo‘q. Allanning o‘limidan keyin menga yetti yot begonalar, notanish kishilar, yon-verimdan o‘tib ketaveradigan tasodifiy yo‘lovchilar va hammaning faqat taskin-tasallilarigina huvillab qolgan yuragim tashnaligini qondiradigandek bo‘lib tuyulardi… Azbaroyi qo‘rqqanimdan… ha, ha, aynan dahshat edi, u meni ta’qib qilardi va men vahima ichida bittasidan qochib, boshqasiga tashlanardim, o‘zimga tayanch qidirardim – qanaqa bo‘lsa ham, qayerda bo‘lmasin, kim bilan bo‘lmasin, o‘sha tayanch uchun Xudoga shukurlar aytar edim! Ish bir o‘n yetti yashar o‘spiringacha borib yetdi… Kimdir maktab direktori nomiga quyidagilarni yozib berib: “Bu qiz o‘qituvchi nomiga isnod keltirdi!” (Boshini orqaga tashlab kuladi: jazavasidan buning – kulgi yoki yig‘i ekanini ham bilib bo‘lmasdi. Keyin so‘zma-so‘z takrorlaydi. “Bu qiz…” Tomog‘iga bir narsa kelib taqaladi, ichadi). Shu adolatdanmi? Ha, darvoqe… isnod keltirgan bo‘lsam… keltirgandirman… kim qanday qaraydi… Xullas, yetib keldik, mana, siz va men! Boshqa boradigan yerim qolmagandi: tamom, bu yog‘i endi jahannam. Bilasizmi, bu jahannam deb nimani aytayapman? Qarabsizki, ko‘z ochib yumguncha yoshlikdan asar ham qolmabdi, qayoqqa ketganini Xudodan boshqa hech kim bilmaydi… Men siz bilan uchrashganimda aytgandim… va siz ham. Menga sizni yuborganidan Xudoga shukrlar qilgandim… Siz ishonchli odamdek bo‘lib ko‘ringandingiz, tog‘day bardoshli, barcha balo-qazolardan himoya qiluvchi balogardon edingiz go‘yo! Endi bari ayon bo‘ldi: hayotdan ko‘p narsa so‘rashga haqqim yo‘q ekan, birovga umid ko‘zi bilan qaramasligim kerak ekan. Kifeyber ham, Stenli ham, Shou ham quyushqondan chiqib ketgan firibgar ayolni yetti iqlimga ovoza qildi.
Jimlik.
MITCh (unga qarab qoladi, yana nimani o‘ylash kerakligini bilmaydi). Siz meni aldadingiz, Blansh.
BLANSh. Qo‘ysangiz-chi… aldaganim yo‘q!
MITCh. Hammasi yolg‘on edi, so‘zlaringiz ham, o‘ylaringiz ham boshdan-oyoq yolg‘on – g‘irt yolg‘on!
BLANSh. Bekor aytibsiz! Tepamda Xudo turibdi, sizga bitta ham yolg‘on gapirganim yo‘q..
Burchakda chakana savdogar – qora shoyi yopingan ko‘r meksikalik xotin ko‘rinadi. Uning qo‘lida bir tutam tunukadan qilingan gul bor – meksika kambag‘allari dafn marosimiga ham, boshqa tantanali marosimlarga ham shuni gerdayib ko‘tarib boraveradilar. U eshitilar-eshitilmas qilib tilanadi, bilish qiyin – ko‘chada kim va nimaligini ham bilib bo‘lmaydigan bir qiyofa ko‘rinadi.
MEKSIKALIK XOTIN. Floris. Floris. Floris para lus muertos. Floris…
BLANSh. Nima, nima?.. E-ha, eshik ortida kimdir bor…
Eshik oldiga boradi, ochadi, qaraydi. Naq ro‘parasida meksikalik xotin.
MEKSIKALIK XOTIN (eshikda, Blanshga bir necha tunuka gulni uzatadi). Flovers. Flovers para los muertus…
BLANSh (qo‘rqib). Yo‘q, yo‘q, kerak emas! Hozircha kerak emas! Hozircha kerak emas!.. (Meksikalik xotindan shartta o‘zini orqaga, uyga oladi, shoshib eshikni uning yuziga yopadi).
MEKSIKALIK XOTIN. Flovers. Flovers para los muertus…
Pomsa usuli yangraydi.
BLANSh (o‘ziga-o‘zi gapirgandek). Hamma narsa barbod bo‘lmoqda, yemirilmoqda, uvalanib ketmoqda… Odamlar esa afsus-nadomatda, bir-birini yerga uradi… “Sen uni unday, buni bunday qilganingda, mening uni unday, buni bunday qilishimga hojat qolmasdi.
MEKSIKALIK XOTIN. Coronac para los muertus….
BLANSh. Marhumlarning merosi… H-ha! Yana qo‘shimchasiga turli yaxshiliklar… Qon yuqi yostiqpo‘shlar, masalan! “U choyshablarni almashtirishi kerak”… “Yaxshi oyi! Ammo cho‘riqiz bor-ku, balki zanji qiz almashtirar?”. Yo‘q, albatta, u zamonlar o‘tib ketgan. Hammasi o‘tib ketgan, hech narsa qolmagan. Faqat…
MEKSIKALIK XOTIN. Flovers.
BLANSh. Ajal… Men karovatning bir tomonida, u – ikkinchi tomonida yotardi, ajal esa o‘sha yerda, biqin ostida bo‘lardi… Biz esa sira sir boy bermasdik, o‘zimizni bunday narsalarni ko‘rmaganga ham, eshitmaganga ham solib turaverdik.
MEKSIKALIK XOTIN. Flovers. Flovers para los muertus…
BLANSh. O‘limga qanday davo bor? Xohish, sevgi. Bo‘lmasa nimaga hayron bo‘lasiz? Hayron bo‘lsa, bo‘lgulik-da!.. “Orzu”dan sal narida – unda u bizniki edi – harbiy qarorgoh bo‘lguvchi edi, u yerda yangi olinganlarni mashq qildirilar edi. Har shanba kechqurunlari yigitlar shaharga yo‘l olar va to‘yib ichar edi.
MEKSIKALIK XOTIN. (juda past ovozda). Coronas…
BLANSh… Qaytishda esa oyoqda bazo‘r turar edik! – biz tomonga o‘girilishardi-da, deraza tagidan turib qichqirishardi: “Blansh!”, “Blansh”. Buvijonimiz juda keksayib qolgan bo‘lib, hech narsani eshitmas va hech narsaga fahmi yetavermasdi. Men esa… men payt poylab turib, juftakni rostlab qolardim va ularning chaqirishiga tovush qaytarardim… Keyin esa patrul maysazorimizda ularning jasadlarini topib olib… yuk mashinasiga ortib va… xayr, oq yo‘l…
Meksikalik xotin shoshmay buriladi-da, iziga qaytadi, uning mungli iltijolari tinadi. Blansh pardoz stoliga boradi-da, unga suyanadi. Jimlik. Mitch o‘rnidan turadi va keskin ravishda Blansh tomon keladi. Polka tinadi. Mitch Blanshni quchoqlaydi, uni o‘zi tomon burishga urinadi.
BLANSh. Tag‘in nima kerak sizga?
MITCh (uni jur’atsiz quchib). Butun yoz bo‘yi men erisholmagan narsa.
BLANSh. Unda menga uylaning-qo‘ying, Mitch.
MITCh. Ha, nima desam ekan, hammasidan hafsalam pir bo‘lgan.
BLANSh. Demak, uylanmaysiz?
MITCh (uni qo‘yib yuborib). Siz u qadar pok emassiz, Blansh… Shu, sizni uyga qanday olib kiraman, u yerda onam bor.
BLANSh. Unday bo‘lsa, keting! (Mitch unga uzoq qarab qoladi.) Bu yerda boshqa qorangizni ko‘rmay… Aks holda men butun ko‘chani oyoqqa turg‘izaman! (Blansh jazavaga tusha boshlaydi.) Qorangizni ko‘rmay boshqa, bo‘lmasa butun ko‘chani tit-pit qilaman… (Mitch hamon undan sinovchan nigohini olmaydi. Blansh yoz oqshomi osmonining yorqin to‘rtburchagi ko‘rilgan deraza tomonga otiladi… va telbalardek qichqira boshlaydi). Yong‘in!..Yong‘in!.. Yonayapmiz!..
Mitch qo‘rqqanidan og‘zini ochadi va vaqt g‘animatda eshikka otiladi. Zinadan qo‘pollarcha tap-tap tushib, burchak ortiga g‘oyib bo‘ladi. Blansh chayqalib, derazadan nari ketadi, tiz cho‘kadi. Allaqayerlarda, olis-olislarda pianino sekin, g‘amgin nola qiladi.

O‘NINChI MANZARA

Yana bir necha soat o‘tadi. Tun. Blansh Mitchni kuzatib qo‘yib, bor kuchini ayamay kashta tikishga zo‘r beradi. Sandig‘ini xobgoh o‘rtasiga olib borib qo‘ygan. Sandiq qopqog‘i ochiq bo‘lib, och rangli ko‘ylaklar bosib tashlangan. Ichkilikdan va o‘ziga oro berib bo‘lgandan keyin asta-sekin uning chiroyi ochila boshlaydi va nihoyat dunyoni suv bossa to‘pig‘iga chiqmaydigan, dunyo ko‘ziga chaqnab ko‘rinadigan darajaga yetgan, u egniga dog‘-dug‘ tekkan va g‘ijimlangan kechki oq atlas ko‘ylagini, oyog‘iga olmosday yaltiroq poshnali tuflisini kiygan. Endi reyn toshlari qadalgan kulohini toshoyna oldiga avaylab qo‘yadi va hayajondan es-hushini yo‘qotib, go‘yo atrofida muxlislari to‘plangan holatdagidek shivirlaydi.

BLANSh. Tavba-tazarru qilgani tosh to‘g‘onga borib, oydinda bir cho‘milib kelmaymizmi, a? Faqat rulda o‘tirishga yaroqli odam topish kerak, bormi shunday odam? Axir hammamiz mastmiz. Hah-ha. Bosh g‘uvillaganda bo‘lmagani yaxshi, bir suzsang, ko‘rmaganday bo‘lib ketasan. Faqat suv bosgan xandaqdan ehtiyot bo‘l, o‘zi chuqur bo‘lmasa ham ko‘zga qarab sho‘ng‘ish kerak, aks holda bir to‘nkaga boshingni urib olsang bormi – faqat bir kundan keyin “suzib” chiqasan… (Qaltiragan qo‘li bilan ko‘zguni yuziga olib boradi, o‘zini yaqindan ko‘rmoqchi bo‘ladi. Uh tortib, ko‘zguni stolga chunonam uradiki, ko‘zgu chil-chil bo‘ladi. Past ovozda oh tortadi, oyoqqa turish uchun behuda harakat qiladi.
Ko‘chada, muyulish ortidan Stenli ko‘rinadi. U hamon o‘sha och rangli sport kiyimida. U paydo bo‘lishi bilan uzoqdan oddiy balagan orkestri yangraydi. U o‘choqboshiga yetib keladi, ortidan eshik “gup” etib yopiladi. Blanshga qarab, kalta hushtak chalib qo‘yadi. Yengil kayfi bor, yo‘l-yo‘lakay uyga o‘zi bilan bir necha shisha pivo olib kelgan.) Xo‘sh, singiljonimning ahvoli qalay ekan?
STENLI. Mixday.
BLANSh. Bola-chi?
STENLI (do‘stona tirjayib). Ertalab dunyoga keladi. Endi, shuning uchun uyga borib, biroz mizg‘ib oling, deb meni jo‘natib yuborishdi.
BLANSh. Bundan chiqdi, biz ikkimiz yakkama-yakka shu yerda qolar ekanmiz, shundoqmi?
STENLI. Aha. Siz va men, biz ikkalamiz, Blansh… Basharti, bitta-yarimtani karavot tagiga yashirib qo‘ymagan bo‘lsangiz. Nimaning sharafiga ja yasan-tusanni shay qilib olibsiz?
BLANSh. E-ha, shuni ayting. Sizsiz ham telegramma kelgan edi… Ha, bir eski muxlisimdan telegramma olgan edim.
STENLI. Xushxabarmi?
BLANSh (boshini orqaga tashlab). Karib dengizi bo‘ylab yaxtada sayr qilishga!
STENLI. Xo‘sh, xo‘sh. Endi nima bo‘ladi?
BLANSh. Umrim bo‘yi bundan katta tasodifni eslolmayman.
STENLI. Bu telegramma ochiq kundagi momaqaldiroqdek bo‘ldi men uchun.
STENLI. Kimdan dedingiz uni o‘zi?
BLANSh. Bir eski muxlisimdan.
STENLI. Bu sizga pul in’om qilgan haligi odammasmi?
BLANSh. Mister Shep Xantli. Kollejdagi so‘nggi bosqichda mening doimiy hamrohim. Shundan uni o‘tgan rojdestvogacha ko‘rmagan edim. Bisk xiyobonida to‘qnash kelib qolgandik. Mana, endi qarabsizki – telegramma!.. Karib dengizi bo‘ylab sayrga taklif etayapti! Faqat nimani kiyishga boshim qotib turibdi. Tropik iqlimga mos biron narsa qidirib, bor bisotimni kavlashtirib ko‘rdim.
STENLI. Va topganingiz olmos qadamali mana shu kuloh bo‘ldi, a?
BLANSh. O‘tmishdan qolgan yomonni aytayapsizmi? Ha-ha! Bu bor-yo‘g‘i reyn toshlari-ku!
STENLI. Atigi shumi hali? Men ahmoq bo‘lsa uni Tiffini olmoslari deb o‘tiribman.
Ko‘ylagi tugmalarini yecha boshlaydi.
BLANSh. Nachora. Ammo, u yerda dabdabayu as’asalar ichida bo‘laman.
STENLI. E-voh… Bundan shu narsa yaqqol namoyon bo‘ladiki, qayerda topib, qayerda yo‘qotishingni hech qachon bilmas ekansan.
BLANSh. Bo‘lmasa-ku, baxt menga xiyonat qildi, deb uzil-kesil iymon keltirib qo‘ygan edim.
STENLI. Xuddi sahnadagiday, qayerga borsang mayamilik manavi millioner hoziru nozir.
BLANSh. U hecham mayamilik emas. U Dallasdan.
STENLI. Rostdanmi?
BLANSh. Ha, Dallasdan.. Oltin favvora bo‘lib otilib turadigan joydan…
STENLI. Nima ham derdik, Xudo beraman desa, tomni teshib tashlaydi.
BLANSh. Bunaqa uzoq yechinar ekansiz, pardani surib qo‘ysangiz bo‘larmidi.
STENLI (oqko‘ngillik bilan). Faqat ko‘ylagim edi. (Pivo shishasidan yorliqni sidirib tashlab) Shisha ochqichni ko‘rmadingizmi? (Blansh pardoz stoli oldiga boradi, barmoqlarini qattiq chalishtirib turib qoladi.) Mening bir xolavachcham bo‘lardi, o‘sha pivo shishalarini tishida ochardi. (Tiqinni stol chetiga urib ochishga harakat qiladi.) Bu uning yagona hunari edi, shundan boshqa hech nimaga uquvchi yo‘q edi: odam – tiqinochqich. Shu bir gal desangiz, kimningdir to‘yida edi – barcha tishlari to‘kilib tushsa xumparning! Shundan keyin u o‘zidan ori kelib, qayerdaki mehmonlar to‘plana boshlasa, akang qarag‘ay astagina juftakni rostlab qoladigan bo‘ldi. (Shisha qopqog‘i sakrab tushadi, pivo ko‘pigi favvora bo‘lib kuchli otilib chiqadi. O‘zida yo‘q xursand kulib, shishani boshi uzra ko‘taradi). Ha-ha! Yog‘, yomg‘irim, jon yomg‘irim, kuchliroq yog‘… (Shishani Blanshga uzatadi.) Xo‘sh, urush boltasini ko‘mamiz, do‘stona qadahni ko‘taramiz va bir-birimizni sevamiz! Qalay?
BLANSh. Yo‘q, rahmat.
STENLI. Bu qanaqasi endi? Har ikkovimiz uchun mana bunday shonli tun: sizga – o‘zingizning millioneringiz, menga – chaqaloq! (Xobgohga, shifonerga boradi, egiladi, pastki tortma qutisidan nimanidir oladi).
BLANSh. (chekinib). Bu yerda sizga nima kerak?
STENLI. Ha mana… Men har doim uni hozirgiday tantanali kunlarda olaman. Shoyi pijama – uni men o‘zimning birinchi nikoh tunimda kiygan edim.
BLANSh. Ha-a…
STENLI. Telefon jiringlab qolib, menga: “O‘g‘illik bo‘ldingiz!” – deb aytishlari bilan buni shartta yirtaman-da, bayroq qilib osib qo‘yaman! (Kapalakning yetti rangida tovlanuvchi pijamasini havoda silkitadi). Bugun, menimcha, har ikkovimizning ham quvonchimizga bahona bor. (Pijamani bilagiga ilib, o‘choqboshiga o‘tadi).
BLANSh. O‘ylashimcha, o‘zing bilan yolg‘iz qolish imkoniyatiga ega bo‘lish lazzati shu bo‘ladi – baxtdan yig‘lab yuborging keladi.
STENLI. Sizning dallaslik millioneringiz-chi, u qayerda bo‘ladi – sizni o‘z holingizga tashlab qo‘yadimi?
BLANSh. U bilan biz siz o‘ylayotganchalik muomalada bo‘lmaymiz. Bu odam mard odam, meni hurmat qiladi. (Qiziqib ketadi.) U menga, mening suhbatimga mushtoq. Boyligi dunyoga sig‘maydi-yu, ko‘pincha o‘zini yolg‘iz his qiladi. Ma’lumotli, ziyoli, tarbiyali ayol esa shunday katta mulk bilan erkakning hayotini to‘ldirib berishi mumkin. Buning uchun menda hamma narsa bor, bor bo‘lganda ham mo‘l-ko‘lidan bor, saxiylik bilan ulashsam ham dunyom kamayib qolmaydi. Go‘zallik – vaqtinchalik hodisa. O‘tkinchi bisot! Ma’naviy go‘zallik. Charaqlagan aql, ruhiy nafosat va men bularning hech biridan mosuvo emasman – o‘chmaydi, kamayib qolmaydi, balki o‘sadi. Yillar o‘tishi bilan ular faqat ko‘payadi. Bir narsaga kulgim qistaydi… Meni ham, meni dastmoyasi yo‘q odam deb atashadi! Shunday boylik yuragimni to‘ldirib turgan bir vaqtda-ya… (Xo‘rsinib). Menimcha, men juda boyman. Ammo men o‘zimni ahmoqona tutdim… Eshakning qulog‘iga tanbur chertdim.
STENLI. Eshakning-a? H-ha!
BLANSh. Ha, eshakning! Eshakning! Men faqat sizni emas, balki o‘rtoqjoningiz Mitchni ham nazarda tutayapman. U oldimga birrov kirgan edi. To‘g‘ri korjomasida bostirib kirib kelsa deng. U sizlardan olgan eng razil adovatchilikni, jirkanch narsalarni menga sayrab yotibdi-da. Hech kim yo‘q, men uning naq onasini uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatib qo‘ydim.
STENLI. Obbo siz-ey!.. H-ha!
BLANSh. Lekin u o‘sha zahoti qaytib keldi. Kechirim so‘ragani bir savat gul ko‘tarib kelibdi. Gunohimdan o‘ting, dedi. Ammo hammasi ham kechirilavermaydi. Bilib turib, oldindan o‘ylab qilingan yomonlik kechirilmaydi. Bilib turib qilingan yovuzlik, menimcha, hech bir yo‘l bilan oqlab bo‘lmaydigan shunday yagona gunohki, bunda men bir marta ham aybdor bo‘lganim yo‘q. Men unga mana shu narsani ko‘rsatib qo‘ydim. Men unga shunday dedim: “Sizga tashakkur, biz umuman biron-bir jihatdan bir-birimizga yaqinmiz deb o‘ylaydigan bo‘lsam, buyuk ahmoqlikka yo‘l qo‘ygan bo‘laman. Ikkovimizning hayotimiz haddan tashqari xilma-xil yuzaga kelgan. Siz menga haddan tashqari yotsiz, kelib chiqishimiz bilan ham, fikr yuritish tarzimiz bilan ham men sizga yotman. Realist bo‘lish – bu narsalarga tik qaramoq demak. Shuning uchun uzr, do‘stim va kechiring! Bir-birimizga yomonlik sog‘inmaylik va … ”
STENLI. Bu sizning texaslik neft millionerining telegrammasi kelgunigacha bo‘lganmidi yo undan keyinmi?
BLANSh. Qanaqa telegramma? Yo‘q, yo‘q… Keyin! Sirasini aytganda, telegramma xuddi o‘sha paytda kelgandi…
STENLI. Sirasini aytganda. Hech qanaqa telegramma-pelegramma kelmagan edi.
BLANSh. O-o!
STENLI. Anovi milloneringiz esa o‘zi yo‘q odam! Mitch ham oldingizga gul ko‘tarib kelgan emas. Chunki hozir uning qayerdaligini bilaman…
BLANSh. O!
STENLI. Bular hammasi siz ichingizdan to‘qib chiqargan o‘trik-o‘shaklar, jin ursin ularni!
BLANSh. O!
STENLI. Hammasi yolg‘on, ahmoqona o‘ylar, mijg‘ov gaplar.
BLANSh. O!
STENLI. O‘zingizga bir qarasangiz bo‘larmidi! Sepingizdagi mana bu latta-puttalarni ko‘ring – bamisoli qurchoqbozning qo‘g‘irchog‘i! Allaqanday eskichidan tilab olganmisiz nima balo! Mana bu alomat qalpog‘ingiz-chi, shu bilan o‘zingizni malika chog‘lasangiz kerak-da.
BLANSh. Voy, Xudo!
STENLI. Avval-boshdanoq o‘zim sizdan boshqacha ko‘z-quloq bo‘lib kelardim. Ona suti og‘zidan ketmagan bir mishiqining necha martalab boshini aylantirmadingiz! Keldingizu atir-upalaringiz bilan hamma yoqni nahs bostirib yubordingiz, lampochkaga qalpoq kiydirdingiz… Mana senga Misr, o‘zi esa – Nil malikasi: taxtda yalpayib o‘tirib oladilar-da, akang qarag‘ayning musallasini paqqos uradi! Ming qilsa ham pishang soluvchisi – men borman-da, bilganingni qilaver deb qo‘yganman! Vah-hah-a! (Xobgohga qarab yuradi).
BLANSh. Yaqinlashmang! (Ayolning atrofida dahshatli soyalar o‘ynaydi. Bu qo‘rqinchli ko‘lankalar tobora aniqroq va dahshatliroq aks eta boshlaydi. Nafasini ichiga yutgancha Blansh telefonga yetib boradi va jon-jahdi bilan go‘shakni qo‘liga oladi. Stenli vannaxonaga o‘tib ketadi-da, eshikni yopib oladi.) Navbatchi. Navbatchi! Iltimos, menga shaharlararo telefonini ulab bering… Men dallaslik mister Shep Xantli bilan gaplashishim kerak… U shunchalik taniqli odamki, manziliga ham hojat yo‘q… Kimdan so‘rasangiz so‘rayvering… faqat so‘rang… Shoshmay tursangiz-chi! Yo‘q, men hoziroq, ayni daqiqalarda topib berishim qiyin. Lekin meni tushuning, iltimos qilaman. Men… yo‘q, yo‘q, shoshmay turing… Bir daqiqa! Axir kimdir… Hechqisi yo‘q! Telefonni qo‘ymay turing, iltimos! (Go‘shakni qo‘yadi, ovoz chiqarmay o‘choqboshiga o‘tadi. Tun noinsoniy, vahshiyona ovozlar chiqarib qichqiradi, goh o‘kiradi, goh chiyillaydi. Soyalar va qo‘rqinchli shu’lalar o‘zini har yonga uradi, qalqiydi, sapchiydi, xonadon bo‘ylab devordan-devorga sakraydi. Xonadonning tiniqlashgan orqa devori orqali ko‘cha, trotuar ko‘zga chalina boshlaydi. Fohisha yerda yotgan mastga qoqilib ketadi. U fohishani ko‘cha yoqalab quvib ketadi, yetib oladi, ikkalasi olishadi. Bu olishuvga politsiya hushtagi chek qo‘yadi. Ikkala ko‘lanka g‘oyib bo‘ladi. O‘sha asnoda muyulishdan fohisha tosh yo‘lda tushirib qoldirgan sumkachani olib negr xotin paydo bo‘ladi. U topildiqdan o‘zini yo‘qotib sumkachani kavlay ketadi. Blansh qoq suyak barmoqlarini lablariga qo‘yadi, asta yana telefonga qaytadi. Jon-jahdi bilan shivirlaydi). Navbatchi! Navbatchi! Tumanlararo telefonning nima keragi bor! Telegrafni bering. Vaqt ziq, har daqiqa g‘animat… Telegraf! (Sabrsizlikdan yonib kutadi.) Telegrafmi? Ha, ha. Xuddi o‘zi – telegramma jo‘natmoqchiman… Yozib oling. “Juda, juda ham qiyin ahvolga tushib qoldim. Yordam bering! Tuzoqqa tushib qoldim! Tuzoqqa… O-o-o!”
Vannaxona eshigi lang ochiladi, o‘zining yaltiroq pijamasida Stenli paydo bo‘ladi. Miyig‘ida kulgancha har ikki uchida jig‘asi bor kamarini taqa boshlaydi. Blansh ovozsiz uh tortib, telefondan nari ketadi. Stenli unga tikilib qaraydi. Pauza. Chamasi o‘ngacha sanoq o‘tadi. Telefon go‘shagidan qandaydir g‘ichirlagan ovoz keladi.
STENLI. Go‘shakni ilmabsiz.
Telefon oldiga keladi, go‘shakni ilib, yana ayolga tikilib qaraydi, lablarida istehzoli tabassum jilva qiladi, o‘zi esa Blansh qochib ketmasin deb, eshik oldiga borib turadi. Shu paytgacha bazo‘r eshitilib turgan pianino ovozi birdan avjga chiqib, gumbur-gumbur shovqin soladi va o‘sha mahalda shoshib o‘tayotgan poyezd shovqiniga qo‘shilib ketadi. Blansh ikki bukiladi, qo‘llari bilan quloqlarini mahkam qisadi va to poyezd shovqini uzoqlashib, tingunga qadar shu alpozda qoladi. Nihoyat, qaddini tiklaydi.
BLANSh. Qoching… o‘tib ketay!
STENLI. O‘tib ketay? Shak-shubha yo‘q! Qani!.. Nega qarab turibsiz?
Bir qadam chekinib, eshik tagiga borib turib oladi.
BLANSh. Nari turing… hov anovi yerga (Qayerdaligini ko‘rsatadi).
STENLI (kinoyali jilmayib). Joy torlik qilyaptimi sizga?.. O‘tolmaysizmi?
BLANSh. Siz yo‘lni to‘sib olgansiz!.. Ammo nima qilib bo‘lsa ham men bu yerdan chiqib ketaman.
STENLI. Nima, meni nomusingizga tajovuz qiladi, deb o‘ylayapsizmi? Vah-hah-ha!
Pianino jozibali sado beradi. Blansh yigitdan teskari o‘giriladi, ilojsiz qo‘l siltaydi. Yana turli-tuman vahshiy hayvonlar o‘kirigi borliqni tutadi. Stenli Blansh tomon bir qadam tashlab, joyida turib qoladi, tilining uchini tishlaydi.
STENLI (Past tovushda). Hozir o‘ylab ko‘ramiz… Siz bilan bir chaqchaqlashsak nima bo‘pti, xo‘sh, juda xonasi keldi o‘ziyam…
BLANSh (xobgohga chekinadi). Qayting! Yaqinlashmang. Bir qadam ham… bo‘lmasa..
STENLI. Bo‘lmasa-chi?
BLANSh. Juda yomon bo‘ladi sizga – o‘zingizga o‘zingiz qilasiz. Mana meni aytdi dersiz!
STENLI. Xo‘sh, qo‘lingizdan nima keladi endi?
Endi ikkalasi ham xobgohda.
BLANSh. Yaxshilikcha aytayapman sizga, bas qiling, busiz ham kekirdagimga keltirib yubordingiz.
Erkak yana bir qadam tashlaydi. Blansh stoldan shishani oladi, qulochkashlab urib sindiradi va shartta u bilan yuzma-yuz turib oladi, qo‘lida shishaning siniq bo‘g‘zini mahkam ushlab olgan.
STENLI. Bu qanaqasi endi?
BLANSh. Shunaqasi!.. Mana shu o‘tkir tomoni bilan basharangizni dabdala qilaman.
STENLI. Qo‘lingizdan keladi.
BLANSh. O‘zingiz ko‘rasiz. Qani, urinib ko‘ring-chi..
STENLI. E-ha… Hali shunaqa ham qilmoqchimisiz – yalang‘och suvdan toymasmi? Nachora, yomonmas! Siz aytgancha bo‘la qolsin. (Ayolga tashlanadi, stol ag‘dariladi. Ayol chinqirgancha shisha bo‘g‘zi bilan zarba beradi, biroq erkak uning qo‘lini kaft bo‘g‘imidan tutadi). Voy shervachcha-ey… Voy shervachcha-ey! Qo‘lingizdagini tashlang deyman! Qani! Biz bu uchrashuvni birinchi ko‘rishganimizdayoq kelishgan edik.
Blansh oh-voh qiladi. Shisha bo‘g‘zi yerga tushadi. Ayol cho‘kkalab qoladi. Stenli beixtiyor shalvirab qolgan tanani qo‘ltig‘idan olib ko‘taradi-da, to‘shakka olib keladi.“To‘rtta ikkilik”dan surdinka ostida truba g‘o‘ng‘illaydi, nog‘ora gumburlagani eshitiladi.

O‘N BIRINChI MANZARA

Bir necha hafta o‘tgan. Stella opasining narsalarini yig‘ish­tirish bilan band. Vannaxonada jo‘mrakdan suv sharillab oqib turibdi. O‘choqboshi va xobgoh o‘rtasidagi porterlar qariyb yarmigacha surib qo‘yilgan. O‘choqboshi stoli atrofida o‘tirgan qartavozlar – Stenli, Mitch, Stiv, Pablo ko‘rinib turadi. O‘choqboshida qartavozlik tunining noxush xotirasi sifatida hamma narsa o‘shanday – erkaklarning dag‘al, behayolarcha oshkor muhiti. Uyning o‘zi, butun bino bamisoli ko‘m-ko‘k bulutsiz osmon romiga joylashtirib qo‘yilgandek. Stella Blanshning guldor ko‘ylaklarini birin-ketin avaylab sandiqqa joylaydi va yig‘laydi. Zinadan Yunis pastga tushib keladi, o‘choqboshiga kirib keladi. Qartavozlarining ovozi balandroq chiqa boshlaydi.
STENLI. Sigareta mo‘ljallovdim, xuddi o‘zi chiqdi, Xudo shohid!
PABLO. Maldita seatu suerte!
STENLI. Odamga o‘xshab gapirsang-chi, grizer.
PABLO. Bugun chap yoning bilan turgansan-da, tag‘in omad deyishingga balo bormi, ayg‘irvachcha!
STENLI (o‘zidan mamnun va xotirjam tusda). Omad deganda nimani tushunasanlar, kallavaramlar! Omad omadni bilganga kuladi, so‘zida turganga kuladi. Mana, masalan, Salernada… Omad menga kulib boqishini bilardim. Chunki barcha hisob-kitoblarni miyamda pishirib qo‘ygandim – oddiy arifmetika! Qarabsanki, xuddi o‘zim o‘ylaganimday – to‘ppa-to‘g‘ri chiqib turibdi. Mening qonunim shunaqa. Kim o‘zining omadiga ko‘proq ishonsa, faqat o‘sha o‘yinchining oshig‘i olchi.
MITCh. Hammang “men, men” deysan nuqul… Men-men-men!.. Men – falon, men – pismadon!.. E o‘rgildim ohangjamalaringdan.
Stella xobgohga o‘tadi, narsalarini taxlaydi.
STENLI. Unga nima bo‘lgan?
YuNIS. (o‘yinchilar yonidan o‘tib ketayotib). Har doim aytaman, erkaklar – berahm hayvonlar, maxluqlar deb, ammo bunaqasini ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan. Cho‘chqadan ham o‘tib tushgan!… (Porter ortiga, xobgohga o‘tadi).
STENLI. Unga nima bo‘lgan? Stella, bola qanday?
YuNIS. Dong qotib uxlab yotibdi. Mana, sizlarga uzum olib keldim. (Bir necha bosh uzumni skameykaga qo‘yadi). Blansh qani?
STELLA. Vannada cho‘milayapti.
YuNIS. Ahvoli qalay?
STELLA. Hech narsa yemayapti, faqat ichimlik so‘raydi.
YuNIS. Unga nima deb aytdingiz?
STELLA. Aytdim, kelishdik dedim… Tabiat qo‘ynida dam olishni gaplashdik, dedim. Uning esa o‘sha gap miyasiga urib qolgan – Shep Xantlini gapirgani-gapirgan.
BLANSh (vannaxona eshigini qiya ochib). Stella!
STELLA. Ha, opajon?
BLANSh. Agar, men vannaxonadiligimda, menga telefon qilishsa, telefon raqamini yozib qo‘y va darrov telefon qilishimni ayt.
STELLA. Yaxshi.
BLANSh. Qara-chi, sariq shoyi kostyumcham g‘ijim emasmikan – o‘sha salqinroq. Agar unchalik g‘ijim bo‘lmasa, o‘shani kiya qolaman. Qaytarmasiga o‘zimning dengiz otim – feruza ko‘zli o‘sha to‘g‘nog‘ichni qadab olaman. Yurakchali qutimni titkilab ko‘rgin, bor mayda-chuyda o‘shanda yotibdi. Ha, yana bir gap, Stella… o‘sha joyda… faqat yaxshilab qaragin – sun’iy binafshalar guldastasi bo‘lishi kerak. Uni dengiz oti bilan birga jaket qayrilmasiga qadab olaman. (Eshikni yopadi).
STELLA (Yunisga o‘giriladi). Bilmadim, to‘g‘ri qildimmi yo…
YuNIS. Boshqa nima ham qila olar edinglar?
STELLA. Uning gaplariga ishonadigan bo‘lsam, men Stenli bilan qanday yashaymanu, nima qila olaman?
YuNIS. Bitta ham gapiga ishonmanglar, hayotni to‘xtatib bo‘lmaydi. Nima bo‘lmasin, har kim aravasini o‘zi tortishi kerak.
BLANSh (yana vannaxona eshigini qiya ochib). Sizlardan boshqa hech kim yo‘qmi?
STELLA. Hech kim yo‘q, opa, hech kim yo‘q. (Yunisga) Unga ayting, bugun juda ochilib ketibsiz, deng.
BLANSh. Porterni tortib qo‘yinglar… men o‘tib olay.
STELLA. Tortilgan, tortilgan.
STENLI. Qancha olasan?
PABLO. Bir juft.
STIV. Uchta.
Eshikdan tushib turgan yoqutrang yorug‘da Blansh paydo bo‘ladi. Egnida qizil atlas xalat, badanining hamma joyi, har bir a’zosi haddan tashqari go‘zal, jozibador ko‘rinadi. Unga monand ravishda polka kuyi yangraydi, go‘yo kuy Blanshning sarvdek qaddidan kelib chiqayotgandek.
BLANSh (Jazava sezilib turuvchi jonlanish bilan). Hozirgina sochimni yuvib oldim.
STELLA. Ha-a…
BLANSh. Yaxshi yuvmadimmi deb qo‘rqaman-da.
YuNIS. Sochingiz ham sochmisan-sochda!
BLANSh. (xo‘rakni cho‘qilab). Sochmas, boshimga bitgan balo. Menga qo‘ng‘iroq qilishmadimi, meni so‘rashmadimi?
STELLA. Kim so‘ramadimi?
BLANSh. Shep Xantli…
STELLA. Qaydam, hali so‘ragani yo‘q, jonim.
BLANSh. Qiziq. Men esam…
Uning ovozini eshitib, Mitchning qartali qo‘li holsizlanib, stolga tushadi, ko‘zlari ma’nosiz boqib, hech narsani ko‘rmaydi.
STENLI (uni yelkasidan qoqadi). Hoy, o‘ychan!
Blansh xuddi himoyalanganday, qo‘rqib qo‘lini ko‘taradi, unsiz, faqat lablari bilan ovozidan tanigan odamning nomini shivirlab tilga oladi. Stella tezda bu tomonga o‘giriladi. Blansh qo‘lida kumush gardishli ko‘zgu bilan shunday qayg‘uli holatda qotib qoladiki, go‘yo uning chehrasida hozir insoniy bilim va tajribaning butun olami aks etgandek… Natijada u baribir o‘zini qo‘lga oladi, ammo ovozi titroq – sal qolsa chinqirib yuboradigandek.
BLANSh. Bu yerda nima bo‘layapti?
(Stelladan Yunisga va yana Stellaga burilib qaraydi. Uning ovozida yangragan zo‘riqish qartavozlar e’tiborini o‘yindan chalg‘itadi. Mitch boshini xuddi turmoqchiday yana-da pastroq egadi, Stenli kursisi bilan stoldan ortga chekiladi. Yupatmoqchi bo‘lgandek, Stiv qo‘lini uning yelkasiga qo‘yadi.) Bu yerda bir gap bo‘ldimi? Qani, menga aniqroq qilib aytinglar-chi, nima bo‘ldi o‘zi?
STELLA (madorsizlikdan o‘zini tashlab yuborgudek bo‘lib). Jim-m!
YuNIS. Tinchlaning, jonim, tinchlik.
STELLA. O‘tinaman sizdan, opajon…
BLANSh. Nega menga bunaqa qarayapsizlar? Og‘zim yo burnim qiyshayib qolibdimi?
YuNIS. Bugun shunaqangi ochilib ketibsizki, Blansh. Qaranglar, opajonimiz rostdan sohibjamol, shunday emasmi?
STELLA. Ha, ha.
YuNIS. Siz, yanglishmasam, bir yoqqa jo‘namoqchimisiz?
STELLA. Ha, ha. Opam shuni xohlayapti. U dam olgani ketayapti.
YuNIS. Shunday havasim kelayaptiki.
BLANSh. Kiyimlarimni kiyishga qarashib yuborsalaring-chi!
STELLA (ko‘ylakni uzatib). Shuni aytganmidingiz?
BLANSh. Mayli, bo‘laveradi! Tezroq shu yerdan chiqib ketsam deyapman… Uy emas bu, borib turgan zindon!
YuNIS. Ko‘k jaketingizga gap yo‘q ammo!
STELLA. Siyohrang.
BLANSh. Ikkovingiz ham topolmadingiz. Bu florentsiya lojuvardi. Eski rassomlar suvratlaridagi xonimlar ko‘ylagi rangidan. Uzum yuvilganmi? Yunis olib kelgan uzumdan bittasini yulib oladi.
YuNIS. A?
BLANSh. Uzumni yuvganmisizlar?
YuNIS. U frantsuz bozoridan olingan.
BLANSh. Bu yuvilgan degani emas-ku. (Jome qo‘ng‘iroqlari chalinadi.) Ana, jome qo‘ng‘iroqlari… Mahallangizdagi yagona pok joy. Mana, nihoyat, men tayyorman – endi boray.
YuNIS (shivirlab). Odam kelishidan oldin ketib qolmasin tag‘in.
STELLA. Shoshmang, opajon.
BLANSh. Anavilarning ko‘ziga ko‘rinishni istamayman.
YuNIS. Ular tugatguncha kutib tura qoling.
STELLA. Keling, o‘tiring va…
Blansh butunlay sarosimaga tushgan, istamaygina buriladi. Stella va Yunis uni o‘rindiqqa tortishadi, Blansh rozi bo‘ladi va o‘tiradi.
BLANSh. Nazarimda, allaqachon dengiz hidini tuyayotgandayman. Qolgan umrimni butunlay dengizda o‘tkazaman. Ajalim ham o‘sha dengizda yotadi. Bilasizlarmi, nimadan o‘laman? (Uzum donasidan yulib oladi). Bir ajoyib kunda, ochiq bahri muhitning bir joyida yuvilmagan uzum yeyman. Ana shunda o‘laman… Qo‘limdan xushro‘y kema shifokori ushlab oladi, uning yaltiroq mo‘ylovlari va katta kumush soati bo‘ladi. Shunda hamma “Bechora, bechora-ya… xinin yordam bermadi. Mana shu yuvilmagan uzum uning jon qushini to‘g‘ri arshi a’loga jo‘natib yubordi”, deb gapira boshlashadi. (Jome qo‘ng‘iroqlari chalinadi.) Meni dengizning o‘zida dafn qilishadi; qoq tush vaqti, jazirama yozda meni oppoq kafanga o‘rashadi-da, bortdan tashqariga… to‘g‘ri bahri muhitga tashlab yuborishadi… lojuvard dengizga… (Qo‘ng‘iroqlar) Xuddi mening birinchi sevgilimning ko‘zlariday!
Ko‘chada muyulish ortidan shifokor va nazoratchi xotin ko‘rinadi; ravoq zinalarida yuqoriga ko‘tariladilar. O‘z vazifalarining favquloddaligini anglash har ikkovini ham shishirib yuborgan, buni, shubhasiz, asosan, davlat xizmatida bo‘lgan odamlarda rivojlanadigan behayolik hisobotiga kiritish lozim bo‘ladi – undaylar o‘zlarini xuddi osmonda his qiladilar. Shifokor eshik qo‘ng‘irog‘ini chaladi. Qarta o‘ynayotganlarning ovozi birdan to‘xtaydi.
YuNIS (Stellaga shivirlab). Hoynahoy, bu o‘shalar.
Stella ikkala mushtumi bilan og‘zini berkitadi.
BLANSh (asta ko‘tarilarkan). Nima gap?
YuNIS (yolg‘ondakam ehtiyotsizlik bilan). Ruxsatingiz bilan bir daqiqa. Qaray-chi, kim ekan.
STELLA. Ha, ha.
Yunis o‘choqboshiga boradi.
BLANSh (asabiy). Qiziq, menga emasmikan.
Eshik tagida shivirlagan ovozda suhbat boradi.
YuNIS (qaytib keladi, quvnoq). U yerda bir kishi Blanshga kelibdi.
BLANSh. Menga! (Qo‘rqib goh u, goh bu ayolga qaraydi, xavotir bilan porterga nazar tashlaydi. Elas-elas polka kuyi chalinadi.) Bu men kutayotgan o‘sha dallaslik yigitmi?
YuNIS. Menimcha o‘sha, Blansh.
BLANSh. Men hali butunlay tayyor emasdim-ku.
STELLA. Ayting, ravoqda birpas qarab tursin.
BLANSh. Men…
Porter ortiga yashirinadi. Nog‘oralar past ovozda chalinadi.
STELLA. Hamma narsa shaymi?
BLANSh. Kumush pardoz asboblari-chi… Esingizdan chiqibdi.
STELLA. E-ha!
YuNIS (qaytib keladi). Ular uy oldida kutib turishibdi.
BLANSh. Ular? Kim bo‘ldi “ular”?
YuNIS. Ha, bir xonim ham birga ekan.
BLANSh. Aqlimga sig‘mayapti, ular tag‘in bir “xonim” bilan kelishsa? Egni-boshi qanaqa o‘zi?
YuNIS. Ha, qanaqa bo‘lardi… juda oddiy… risoladagidek.
BLANSh. Ko‘proq bu…(Hayajondan ovozi bazo‘r chiqadi).
STELLA. Qani, opajon, ketdikmi?
BLANSh. Anavi xonadan o‘tib borishimizga to‘g‘ri keladimi?
STELLA. Men yoningizda bo‘laman.
BLANSh. Endi qanaqaman?
STELLA. Zebosiz.
YuNIS (aks sadodek). Zebosiz.
Blansh cho‘chib-cho‘chib porter oldiga boradi. Yunis uning oldida porterni keng ochib yuboradi.
BLANSh (o‘choqboshiga kirib keladi). Turmanglar, iltimos. Men o‘tib ketaman, xolos.
Tez-tez yurib, o‘choqboshidan eshikka boradi. Stella va Yunis undan bir qadam ham ortda qolishmaydi. Qartabozlarning Mitchdan boshqa hammasi apil-tapil stoldan turishadi…. Mitch ko‘zini yerdan olmay o‘tirgancha qoladi. Blansh endi ko‘chada. Nafasi ichiga tushib, taqqa to‘xtaydi.
ShIFOKOR. Salom.
BLANSh. Siz men kutgan odam emassiz. (Birdan oh tortib yuboradi, ortga, ravoqqa otiladi. Eshik oldida turgan Stella uning yo‘lini to‘sadi. Qo‘rqib Stellaga shivirlaydi). Bu Shep Xantli emas.
Olis-olislarda polka yangraydi. Stella Blanshga tikilib qaraydi. Yunis uning bilagidan tutadi. Jimlik, faqat Stenlining jiddiy, ishonch bilan qarta chiylayotgani eshitiladi. Nafasini ichiga yutgancha Blansh xonadonga sirg‘alib o‘tib ketadi. G‘alati, sirli jilmayib kiradi, ko‘zlari katta-katta ochilgan, chaqnoq. Opasini yonidan o‘tkazib yuborib, Stella ko‘zlarini yumadi, qo‘llarini mahkam chalishtiradi. Yupatgancha Yunis uni avaylab quchadi, keyin o‘zining uyiga, yuqori qavatga ko‘tariladi. Ichkariga kirgach, Blansh eshik tagida turib qoladi. Mitch ko‘zlarini yerdan olmay, o‘sha-o‘sha qo‘llarini stolga qo‘yib o‘tiradi. Qolgan erkaklar Blanshga qiziqsinib qaraydi. Oxiri u xobgohga yo‘l oladi, stolni uzoqroqdan aylanib o‘tishga harakat qiladi. Stenli kursini suradi va unga astoydil yo‘l bergani o‘rnidan turadi. Nazoratchi xotin Blansh bilan yuzma-yuz yurib keladi.
STENLI. Biror narsani esdan chiqardingizmi?
BLANSh (tajovuzkorona, qariyb qichqirib). Ha! To‘g‘ri… Esimdan chiqardim!.. Nimanidir unutdim! (Uning yonidan xobgohga otiladi).
Devorlarda yana mudhish soyalar va g‘alati shakldagi shu’lalar o‘ynay ketadi. Yana polka kuyi yangraydi – uning ohangida yasamalik seziladi va uning bunday atay qilingan yasamaligida qandaydir dahshatli xo‘rlash mavjud, polka turli usullarda, ohanglarda sado beradi, ulardan qo‘rqinchli, g‘ayriisoniy qichqiriqlar aks sadosi keladi – yana vahshiylik ovozlari quloqqa chalinadi. Blansh o‘zini himoya qilgancha kursilar panasiga o‘tib oladi.
STENLI (uzuq-yuluq). Kirmaysizmi, endi, doktor, imillamasdan?
ShIFOKOR (nazoratchi xotinga im qoqib). Singiljon, qani, uni olib chiqing.
Nazoratchi xotin bir tomondan kiradi, Stenli – ikkinchi tomondan. Nazoratchi xotinning chehrasi va qiyofasida ayollik fazilatidan nom-nishon yo‘qligi hatto uning ko‘ylagidagi top-toza musaffolikni ham iflos qilib ko‘rsatadi.
NAZORATChI XOTIN. (uning ovozi shunaqangi haqoratomuz, shunaqangi vahimali, shunaqangi ma’yus bir xillikka egaki, misoli yong‘in qo‘ng‘irog‘i jarangining o‘zi). Salom. Blansh.
Bu salomlashuv devorlar ortidagi sirli ovoz aks sadosidek takrorlanadi: bamisoli olis aks sadodek bir ko‘tarilib, bir pasayib, chuqur daradan to‘lqinlanib, taralib ketgandek tuyuladi.
STENLI. Bir nimani unutibman deydi…
Endi aks sado tahdidli shivirlashdek eshitiladi.
NAZORATChI XOTIN. Hechqisi yo‘q, hechqisi yo‘q.
STENLI. Nimani esingizdan chiqaribsiz, Blansh?
BLANSh. Men… men…
NAZORATChI XOTIN. Shunchaki arzimagan narsalar. Keyin kelib olarmiz.
STENLI. Tushunarli! Yuk bilan jo‘natamiz.
BLANSh (ortga chekinib, butunlay jazavaga tushib). Men sizni bilmayman-ku… Bilmayman men sizni! Keragi yo‘q… Qo‘yvoring meni! Qo‘yinglar… iltimos, iltimos…
NAZORATChI XOTIN. Qani, Blansh…
AKS SADO (goh yaqindan, goh olisdan, turli usullarda). Qani, Blansh!.. Qani, Blansh!
STENLI. Sepilgan upalaru atirdan qolgan eski pufakchalardan boshqa hech balongizni unutganingiz yo‘q… O‘sha yerga qo‘shib, mana bu chiroq qalpoqchasini ham ola keting. Kerakmi? Chiroq qalpog‘i?.. (Pardoz stoli oldiga boradi, qalpoqni tutamlaydi, lampochkadan yulib olib, unga tutadi). Blansh chiroq qalpog‘ini emas, uning o‘zini bo‘lak-bo‘lak qilib nimtalaganday qichqirib yuboradi. Nazoratchi xotin shiddat bilan unga tomon intiladi. Dahshatli qichqirgancha Blansh nazoratchi xotinning yonidan o‘tib, qochib ketmoqchi bo‘ladi. Erkaklar joylaridan irg‘ib turishadi. Stella ravoqqa yugurib chiqadi. Ortidan Yunis yetib borib yupatadi. Sarosima ichida bir-biriga baqirib-chaqirib, o‘choqboshida dahanaki jangga kirishadi.
STELLA (o‘zini yaqinlashib kelayotgan Yunisning bag‘riga otadi). Ey, Xudo, Yunis, yordam bering! Opajonimni nima qilishayapti ular! Uni qiynamanglar! Ey, Xudo, bu qanday bedodlik, qiynamanglar uni, qiynamanglar! U sho‘rlikning nima gunohi bor edi! Bu qanday yovuzlik (Yunisdan yulqinib chiqib ketishga harakat qiladi).
YuNIS. Yo‘q, yo‘q, jonim.. keragi yo‘q, keragi yo‘q. U yer sizning joyingiz emas, bormang. Yonimdan ketmang, ularga qaramang.
STELLA. Nima qilib qo‘ydim opajonimni! Ey, Xudo, nima qilib qo‘ydim!
YuNIS. Hammasi to‘g‘ri, sizlarda boshqa chora ham yo‘q edi. Axir uni bu yerda qoldirib bo‘larmidi… Boshqa qayerga ham borardi? Birgina yo‘l…
Erkaklarning ovozi balandlasha borib, ravoqdagi Stella va Yunis suhbatini bosib ketadi.
STENLI (o‘choqboshidan yugurib chiqib). Hoy, doktor! Bu yoqqa bir kirsangiz-chi!
ShIFOKOR. Ming afsus. Men odatda shusiz ish ko‘rishga odatlanganman.
PABLO. Jirkanch voqea.
STIV. Shunaqa ham qilishadimi. Unga aytish kerak edi.
PABLO. Mudre de Dius! Casa mala, muy, muy mala!
Mitch xobgohga uchib kiradi. Stenli uning yo‘lini to‘sib, bir chetga itarib yuboradi.
MITCh (darg‘azab). Bular bari sening ishing, ablah!
STENLI. Qo‘ysang-chi bu aljirashingni! (nari itaradi).
MITCh. O‘ldiraman! (Unga mushtlari bilan tashlanadi).
STENLI. Qani, yo‘qotinglar bu yaloqxo‘rni!
STIV. (Mitchni tutib). Qo‘ysang-chi, Mitch!
PABLO. To‘g‘ri-da. Boshqa nima ham qila olarding…
A’zoyi badani shalvirab, Mitch stolga qulaydi, yig‘laydi. Bu orada nazoratchi xotin Blanshni tutadi, hech qayoqqa qochib ketolmaydigan qilib, qo‘llarini qayiradi. Blansh jon-jahdi bilan tipirchilaydi, nazoratchi xotinga tirnoqlari bilan chang soladi. Biroq semiz, kuchli ayol uning bilagidan shunaqangi qattiq qisadiki, Blansh qichqirib, tiz cho‘kib qoladi.
NAZORATChI XOTIN. Tirnog‘ing o‘sib ketibdi, yaxshilab olib qo‘yamiz. (Xobgohga kirib kelgan shifokorga qarab qo‘yadi). Qopni kiydiraylikmi, doktor?
ShIFOKOR. Favqulodda holatdagina.
Shlyapasini oladi, shundan keyin uning oldingi qiyofasidagi g‘ayriinsoniy vahshiyligi g‘oyib bo‘ladi – endi shunchaki el qatori bir odamga aylangan edi. U Blanshga yaqinlashib, unga tomon egilgancha yumshoq, yupatuvchan ohangda unga hech narsa bo‘lmasligini tushuntiradi. Shifokor Blanshni ismi bilan ataganida uning qo‘rquvi biroz bosiladi. Devorlardagi mudhish ko‘lankalar yo‘qoladi, g‘ayriinsoniy ovozlar va yirtqichlarning o‘kiriklari tinadi, shu bilan birgalikda Blanshning mungli yig‘ilari ham to‘xtaydi.
MITCh. Dyubua!
Blansh shifokorga qayrilib qaraydi, chehrasida ayanchli iltijo.
ShIFOKOR. (Jilmayadi. Nazoratchi xotinga). Yo‘q, qop kiydirishga hojat yo‘q.
BLANSh. (qo‘rqa-pisa). Ayting, meni qo‘yib yuborishsin.
ShIFOKOR (nazoratchi xotinga). Qo‘yib yuboring.
Nazoratchi xotin Blanshni qo‘yib yuboradi. Cho‘k tushgancha Blansh qo‘llarini shifokorga cho‘zadi. Shifokor uni avaylab, qo‘ltig‘idan olib, yerdan ko‘taradi va ehtiyotkorlik bilan ushlagancha uni xobgohdan olib chiqadi.
BLANSh (shifokorga qapishib). Kimligingizning menga ahamiyati yo‘q… Men umr bo‘yi birinchi uchragan odamning mehriga tayanib kelganman.
Blansh bilan shifokor o‘choqboshidan o‘tib ketayotganda qartavozlar o‘zlarini orqaga oladi. Blansh itoatkorona va ishonch ila uning orqasidan ergashadi, Blansh misoli – ko‘r, shifokor – yo‘lboshlovchidek. Ular ravoqdan tushganda Stella zinada o‘tirib olib yelpingancha tinimsiz “Blansh! Opajon! Opajonginam!”, deb qichqirib chaqiradi. Blansh orqasiga qaramay, ketib boradi, u bilan birga shifokor va nazoratchi xotin ham. Nihoyat, ular burilib, muyulishda ko‘zdan g‘oyib bo‘lishadi. Yunis yuqorigi qavatdan Stellaning yoniga tushadi, uning qo‘lida och zangori adyolga o‘ralgan chaqaloq. Stella piq-piq yig‘lagancha chaqaloqni uning qo‘lidan oladi. Yunis o‘choqboshiga, Stenlidan boshqa barcha erkaklar o‘tirib olgan joyga chiqib keladi.
STENLI (ravoqqa chiqadi, zinada turgancha xotiniga qaraydi. Loqaydroq). Stella…
Stella to‘liqib, to‘xtovsiz o‘ksinib yig‘laydi. Endi uning uchun yo‘qqa chiqqan opasini eslab humordan chiqquncha yig‘lab olishining ham o‘ziga yarasha nash’u namosi bor ekanligini u aniq his etdi.
STELLA (Eshitilar-eshitilmas qilib, chin yurakdan). Opajonginam. Mehribonginam… ko‘zimning nuri! Mayli… mayli…
Eri Stellaning yonida cho‘nqayadi, barmoqlari xotinining yelkasi tomon o‘rmalaydi.
STENLI. Mehribonginam! Mayli… Mayli…
Endi shirin ko‘z yoshi bilan almashgan uning nolasi va muhabbatli shivirlashi pianino ohanglari ostida tobora ko‘milib boraveradi, unga mungli truba nolasi jo‘r bo‘ladi.
STIV. Nima bo‘lsa, shu bo‘ladi – gard kam!

PARDA

Rus tilidan Amir Fayzulla tarjimasi

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 7-son