Malik tog‘am Fresnodan Nyu-Yorkka jo‘nayotganida uni kuzatish uchun qo‘nalg‘aga kelgan amakisi — Garri bobo nasihat qila boshladi:
— Quloq sol, Malik,— dedi qariya,— poyezdga chiqqach, avvalo, yaxshiroq joy tanlab o‘tir, atrofga alanglama.
— Xo‘p,— dedi tog‘am.
— Poyezd qo‘zg‘algach, yo‘lakda formali ikki kishi paydo bo‘ladi va chipta so‘raydi. Ularga parvo qilma. Ular — kissavurlar.
— Qanday taniyman?—deb so‘radi tog‘am.
— Taniysan,— dedi qariya.— Nima, yosh bolamiding.
— Xo‘p, amaki.
— Yigirma millar yo‘l yurgach, yosh yigit kelib, senga sigaret taklif qiladi. Unga, chekmayman, degin. Sigaretga nasha solingan bo‘ladi.
— Xo‘p, amaki.
Restoranli vagonga brrayotganingda juda xushro‘y yosh juvon oldingdan chiqadi va seni quchoqlaydi. U sendan chin dildan uzr so‘radi. Tabiiyki, qalbingda u bilan gaplashish istagi jo‘sh uradi. Lekin nafsingni tiy, restoranda yolg‘iz ovqatlan. Ayol buzuqi bo‘lishi mumkin.
— Kim?— dedi tushunmay tog‘am.
— Kim bo‘lardi, suyuqoyoq!..— deya qichqirdi qariya.— Bor-da, ovqatlan. Eng yaxshi ovqatdan talab qil. Agar restoranda odam ko‘p bo‘lsa, sening stolingga yosh juvon kelib o‘tirsa, uning ko‘zlariga qarama. U gap qo‘shsa o‘zingni karlikka sol.
— Xo‘p, amaki.
— Karlikka sol! Tanglikdan chiqishning yagona yo‘li shu.
— Qanday tanglikdan?— deb so‘radi tog‘am.
— Tanglik — bu dahshatli holat,— dedi qariya.— Boshimdan o‘tgan. Boshidan o‘tganning qoshidan o‘t, degan-ku, mashoyixlar.
— Xo‘p,— dedi tog‘am.
— Barakallo, shunday qil. Xo‘-o‘sh,— dedi qariya,— restorandan qaytayotganingda sen qimorbozlarga duch kelasan — qarta o‘yinining ustidan chiqasan. Uchta o‘rta yashar qimorboz davra qurib o‘tirgan bo‘ladi. Ular seni imlab, o‘yinga taklif etadi. Ularga: «Qartani bilmayman», deb ayt.
— Xo‘p.
— Yana bir gap. Kechasi yotganingda hamyoningdan pulingni olda, tuflingga sol. Tuflingni yostig‘ingning tagiga qo‘y. Tun bo‘yi yostiqdan boshingni ko‘tarma, uxlama.
— Mayli, amaki,— dedi tog‘am.
— Xayr bo‘lmasa,— dedi qariya,— yaxshi bor! Qariya ketdi. Malik tog‘am poyezdda Nyu-Yorkka jo‘nadi.
Formali ikki kishi kissavur emas ekan. Nasha solingan sigaret chekishni hech kim taklif qilmadi, chiroyli juvon uning stolida o‘tirmadi, qartabozlik ham bo‘lmadi.
Tog‘am pulini tuflisiga soldi, tuflisini yostig‘ining tagiga yashirdi, boshini yostiqqa qo‘ydi va birinchi kecha mijja qoqmadi, lekin ikkinchi kecha amakisining chizgan chizig‘idan chiqdi… U qandaydir yosh yigitga sigaret taklif qildi. Restoranda yosh xonim bilan bir stolda ovqatlandi. U qartabozlik tashkil etdi. Poyezd Nyu-Yorkka yaqinlashganida tog‘am, kashanda yigit va ikki yosh xonim amriqocha qo‘shiqlarni birgalikda kuy-lashardi…
Sayohat juda maroqli o‘tdi.
Malik tog‘am Nyu-Yorkdan qaytib kelgach, uning amakisi — Garri bobo yana tashrif buyurdi.
— Ziyoratingiz qabul bo‘lsin!—dedi u xursand bo‘lib.
— Qalay, jiyan, bizning nasihatlar safarda asqotdimi?
— Bo‘lmasam-chi,— dedi tog‘am.
— Nasihatimning senga foydasi tekkanidan xursandman,— dedi chol og‘zi qulog‘ida.
Ingliz tilidan O‘roq Ravshanov tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 1991 yil, 6-son