Men oq saman ot ustidaman, uning ko‘zlari xuddi yashinning zangori chaqinlari kabi, yollari esa – xuddi o‘rlagan alanga tillariday, u tepalik uzra yuksakka sakrab, tasirlab chopadi va ufqlar osha sarbaland ko‘klar sari ko‘tariladi.
Uning suyak loshi jimgina yotadi. Balki u bu haqda o‘ylayotgandir. Har holda, biroz vaqtdan so‘ng ingradi. Biroq hech narsa demadi, o‘zingga o‘xshamayapsan, – deb o‘yladi u, – sen hozir hech o‘zingga o‘xshamayapsan, lekin andakkina tinchlik bo‘lsa, yomon bo‘lmasdi, deb ayta olaman.
U yoyilgan qora to‘lni ustiga yopib yotardi. Ya’ni uning hasharotlaru issiqdan aziyat chekmaydigan bo‘lib qolgan a’zolaridan tashqari bor vujudi o‘zining qayerga borayotganligidan bexabar oq samanda bir zum ham toliqish bilmay ukpar bulutlarning kumush tepaliklarida uchib borar, bu joylarda tuyoqlar sira sas chiqarmas va sira-sira iz qoldirmas, mangu yetib bo‘lmas moviy tubsizlik tomon yelardi. Uning a’zolarining bir bo‘lagi na tana edi, na tana emasdi, u tomlarga yopiladigan o‘z qora to‘li tagida yotarkan, doimo nimasidir kam, doimo nimadir yetmaydigan dunyoni nigohlari bilan suzayotganidan hatto yengilgina titrardi.
Uyqu holatiga, kechadan kunduzga, kunduzdan kechaga o‘tishning usuli ana shu taxlit soddalashtirilmish edi. Har kuni ertalab ko‘rpa yana aylantirilib o‘rab qo‘yilar va puchmoqqa tirkalardi. Bu kayvoni xonimlar xat-kitob o‘qish uchun ko‘zlariga taqadigan oynakka o‘xshar, oynaklarga tasmachalar taqilgan, tasmachalar g‘altakchalarga o‘ralib chingiling oltin huqqachaga solingan (illo, oltinning qimmati ko‘rsatilmagan), g‘altak, quticha esa uyqu onasining ulkan ko‘kragiga mahkamlangan bo‘lardi.
U ushbu manzarani xayolida aylantirib, jimgina yotardi. Uning oyoqlari yonida Rinkon o‘zining tungi sirli qora kori badini ado etardi, va ko‘chalarning qalin hamda turg‘un qorong‘isida yorug‘ deraza va eshiklar bo‘yoq oqib tushayotgan chorsi cho‘tkaning moyli chaplovlariga o‘xshardi. Allaqaylarda port doklarida kemalarning uzun-cho‘ziq na’ralari eshitilardi. Bir soniyagagina bu shunchaki bir sas bo‘lib, keyin u o‘z ichiga jimlikni ham, havo-muhitini ham qamrab oladi va shu bilan quloq pardalari ichida shunday bir bo‘shliq hosil qiladiki, endi unda hech vaqo va hatto jimlik ham yo‘q edi. Keyin u o‘zini erkin qo‘ydi, yo‘qoldi, o‘chdi va shunda jimlik yana bir maromda nafas ola boshladi, bu misoli palma novdalarining bir-biriga ishqalanishiga, qumning metall lavh uzra shuvillab tushishiga o‘xshardi.
Harqalay, uning quruq suyak loshi qimirlamay yotardi. Balki u shu haqda o‘ylar va o‘zining qora to‘l ko‘rpasini o‘z holicha bir ko‘zoynak deb tasavvur qilar, shu ko‘zoynak orqali har kecha o‘z tushlarimning tarxini ko‘raman derdi.
Uning shu juft shaffof oynaklari osha oq saman hamon yollari sollanib, alanga tillariday elanib uchib borardi. Qornining tig‘iz solmasi ostida ot oyoqlari orqaga, oldinga bir maromda tebranar, dam yerdan ko‘tarilar va dam undan itqalanar va har bir shunday nafratangiz itqalanish taqalarning taqatuqiga jo‘r bo‘lardi. Anov uzala tushib yotganga ayil va uzangilarga joylashgan oyoqlarning poshnalari ko‘rinardi. Ot yag‘rini orqasida ayil uni ikkiga ajratar, ammo u hamon qahru g‘azabga to‘lib-toshib ot ustida uchar va zarracha ham oldinga siljimasdi – ana shunda uzala tushib yotganning esiga normand ayg‘iri tushdi, ayg‘ir mana shunday uchib musulmon amiri ustiga bostirib borar, ko‘zlari burgutday o‘tkir amir esa, qilich dastasini kuchli chapdast qo‘llarida mahkam qisgancha daf’atan bir zarb bilan otni qoq ikkiga bo‘lib tashladi, otning har ikkala bo‘lagi ham g‘o‘rqillab muqaddas chang-to‘zon ichra yelib borar, bu yerda Bulon gertsogi hamda Tankred asta-sekin chekinib hamon jang qilardilar. Qilich bilan naq ikkiga bo‘lib tashlangan ayg‘ir jang maydonida shunday yelib borar, qahr-g‘azab va hujum g‘ururidan entikar, ammo hali o‘lganligini bilmasdi.
Boloxonaning osilgan shipi uncha baland bo‘lmagan sharafa tomonga tik qiyalab tushgandi. Qorong‘i edi, uzala tushib yotgan kishining jismoniy ongi o‘z ustiga nazar vazifasini olib, uning idrokiy nigohiga shularni namoyon etdi: u tug‘ilgan paytdayoq joniga joylab qo‘yilgan adoqsiz yemirilish o‘z hukmiga kirib, uning mana shu qimirlamaydigan jismini xuddi chaqnagan fosforday nurlantirayotir, o‘z-o‘zi bilan oziqlanayotgan jism o‘layotir, lekin o‘zining yangi tug‘ilishida o‘zidan ehtiyotkorona oziqlanib, tirikligini davom ettirayotir, binobarin, u hech qachon o‘lmayajak, zeroki, men bori Tirilish va Hayotdirman. Erkaklarga tirkanmish o‘sha chuvalchang ehtirosli, oriq hamda mo‘ydor bo‘lishi kerak, ayollarga, nafis qizlarga ato etilgani esa, go‘zallikka cho‘mmoq uchun go‘zallik bilan oziqlangan bo‘ladi, ularning har biri nogahon quloqqa chalingan mavzun kuy kabi xushro‘y va latofatli bo‘lmoqlari lozim, darvoqe, bularning bari men uchun xuddi yangi sutning qaynashiday va ayni shuning o‘zi Tirilish va Tiriklikdir, ortiq emas.
Qorong‘i edi. Bizning kengliklarimizda daraxtning o‘limi yumshoqroq kechadi. Bo‘m-bo‘sh xonalar g‘ichirlamas va charsillab yorilmasdi. Aytganday, balki daraxt vaqt o‘tib har bir odamning loshi kabi quruq suyak bo‘lib qoladi. O‘shanda avvalgi zo‘rlashlarning hissiyotlari batamom tugab ketgan bo‘ladi. Suyaklar balkim, ummon ostida, cho‘nqir mog‘oralarda yotarlar, ularni bu yerlarga to‘lqinlarning so‘nib borayotgan aks sadolari haydab keltirmishdir. Otlarning ham suyaklari o‘z layoqatsiz chavandozlarini qarg‘ab la’natlab yoturlar va bir-birlariga agar chavandozim olg‘ir bo‘lganda, nimalarga qodir bo‘lmasdim, deb maqtanurlar. Biroq olg‘ir chavandozlarni doim kimlardir chilparchin qilurlar. Shuning uchun ham, bu yaxshiroqdirki, dengizlarning mog‘oralari va o‘ra-kamarlarida so‘nggi to‘lqinlarning so‘nib borayotgan mavjlari ularni titkilab tebratganda, suyaklar bir-birlarini beozor qoqib qo‘yganlari ma’qul.
Undadir shuningdek, bulonlik gertsog va undadir shovvoz Tankred.
Uning suyagi yana ingrandi. O‘sha juft musaffoliklar shaffof shisha sahn uzra oq saman ot hamon to‘xtamay yelar, horimas va olg‘a bosmasdi, u uyqu tang‘ilgan otxona tomon yo‘l olardi. Qorong‘i edi. Pastdagi bufetning egasi Lyuis unga boloxonada yotib yurishga ijozat berdi. Biroq, boloxona ham, u ustiga yopinchiq qilgan qora to‘l ham “Standart Oyl” kompaniyasiniki edi. Qorong‘ilikning egasi ham o‘sha edi. U yoqda qorong‘ida uxlagan chog‘larida u demak, missis Uiddringtonning mulkidan istifoda etardi. U esa “Standart Oyl”ning qonuniy xotini edi. Shoshma, agar sen hech qayerda ishlamasang, u seni shoir qilib qo‘yadi. Agarda u sening nafas olib turishingdan ma’no ko‘rmasa, unda, demak, shunday ma’noning o‘zi yo‘q. Uning nazaricha, agar kishi oq tanli bo‘lsayu, mabodo ishlamasa, demak, u yo daydi va yo shoir. Ehtimol, u haqdir. Axir, ayollar shunchalar oqila bo‘lishadi. Ular borliqni andisha qilib o‘tirmay yashashga o‘rganishgan, borliq ularni laqillatolmaydi. Qorong‘i edi.
ag‘darar, ag‘darar mening suyaklarimni Qorong‘i edi.
Va qorong‘i zig‘irchagina panjachalarning biqingan, sergak, chaqqon va bilinar-bilinmas sas chiqargan yugurgilashlariga to‘la edi. Ba’zan sovuq panjachalar yuzidan chopqillab o‘tib, uni tunda birdan uyg‘otib yuborar va asta qimirlagan chog‘i ular xuddi shamol uchirgan xazon yaproqlari kabi bir zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘lishardi va tinimsiz shitir-shitirlaru chisirlashlar ivirsishlar orasida orqalaridan ochofatlar sirining juda ham jirkanch ingichka hidini taratardi. Ba’zan qiya bo‘g‘otlar bo‘ylab kunduzgi yorug‘lik bo‘y-bo‘y bo‘lib bo‘z tus olib taralarkan, u yotgan joyida soyalarning qorong‘ilikning bir parchasidan ikkinchi parchasiga og‘ib o‘tishini kuzatardi, soyalar xuddi mushuklardek xira va ulkan edi, ular ushbu turg‘un sukunat oralab o‘z afsunkor yugurgilashlari bilan shitob shipshinib selday quyilardilar.
Kalamushlar ham missis Uiddringtonga tegishli edi. Boylar shunchalar ko‘p narsalarga egalik qiladilar-da. Faqat u, kalamushlar uning qorong‘iligi va sukunatidan foydalanganliklari uchun pul to‘lash o‘rniga she’r yozishlarini kutmagandi. Ular endi hech qanaqa she’r-per yoza olmasliklari uchun emas, yo‘q, balki yoza bilardilar, balki yomon ham yozmasdilar, yo‘q. Misol uchun Bayronning nimasidir, allanimasi kalamushga mengzardi: uning ba’zi bir fikrlarida o‘zining mechkayligiga ayrim ishoralar mavjud; ushoqqina jimit panjachalarning qon sachragan devor gilam ortidagi afsunkor chopqillashlari; qayda halok bo‘ldim, qayda halok bo‘ldim, qayda edim men Shohlar Shohi – Shahanshoh, ammo ayol kishi It ko‘zli ayol bilan ag‘darmoq, ag‘darmoq uchun Mening suyaklarimni.
– Men nimalarnidir ado etsam devdim, – deb qo‘ydi u qorong‘ilikda lablarini unsiz qimirlatib, shunda chopayotgan ot yana uning ongini taqalarning sassiz tasirlashlari bilan to‘ldirdi. U ayil bilan chavandozning uzangidagi oyog‘i poshnalarini ko‘rib turardi va yana o‘sha normand ayg‘iri, juda ko‘p ayg‘irlardan bunyod bo‘lgan xonazot haqida xayol qildi, u Angliyaning sirqov sernam yashil vodiylarida po‘lat sovut tutib yeldi. Endilikda issiqdan va tashnalikdan, umid nishonasi qolmagan ufqlardan, jimirlagan sarob to‘la bo‘shliqlardan es-hushini yo‘qotib, u hamon qaldiroqdek uchib borar, endi u qilich zarbidan qoq ikkiga bo‘linib ketgan, lekin buni bilmas va o‘z tezligida bir maromda tobora tislanib tisarilardi. Uning boshi po‘lat parchalaridan yasalgan dubulg‘ada, binobarin, oldinda nima borligidan bexabar, po‘lat parchalarning naq o‘rtasidan esa nedir turtib chiqib turar, chiqib turar…
– Shamfron, – dedi uning qoq suyagi.
– Ha, Shamfron. – U biroz vaqt xayolga toldi, qoq ikkiga bo‘lingan va hali o‘zining o‘lganini bilmagan ot hamon qaldiroq solib yelardi, Qo‘zichoq payg‘ambarning dushmanlari saflari muqaddas to‘zon ichra ochilar va uni o‘tkazib borardi. – Shamfron, – deya takrorladi u. Mana shunday xilvatnishin hayot kechirarkan, uning suyak loshi olamning borlig‘idan deyarli bexabar edi. U o‘z mavlosining tasodifan xotirasidan chiqqan turli mayda-chuyda ma’lumotlarni shipshib aytib turishdek bema’ni, g‘ashga tegadigan bir qiliq chiqargandi. – Sen faqat senga aytganlarimnigina bilasan, – zardasi qaynab dedi mavlo.
– Har doim ham emas, – dedi tana suyak loshi. – Men misol uchun shuni bilamanki, hayotning oxiri bu – qimirlamay yotish. Sen esa buni hali bilmaysan. Yoki, jilla qursa, buni menga aytmagansan.
– E, bilaman men buni, bilaman, – dedi u. – Miyamga toza quyishgan. Ammo gap bunda emas. Gap shundaki, men bunga ishonmayman.
Suyak losh ingradi.
– Senga aytyapman-ku bunga ishonmayman, – qaytardi suhbatdoshi.
– Mayli, mayli, – quruqqina qilib dedi suyak loshi. – Sen bilan tortishmayman. Hech qachon tortishmayman. Faqat senga o‘git aytaman.
– Ha, kimdir shu ishni ham qilishi kerak, – kinoya qilib dedi suhbatdoshi. – Harqalay, shunga o‘xshaydi. – U hamon sukunat bag‘rida o‘z to‘l ko‘rpasi ostida yotar, afsunkor tiqir-tiqirlar eshitilardi. Va yana uning jasadi quyosh shu’lalarining ukpar kungiralari ostida shaffof sarg‘ish qahrabo yo‘lkalardan qiyalagancha sirg‘ala-sirg‘ala borib, nihoyat shabboda yo‘lamagan dengiz bog‘chalarida maskun bo‘ldi. Atrofda g‘orlaru o‘ngirlar chayqalardi, uning jasadi jilvalangan polda yotardi, zaiflashib borayotgan, olis va bu yerda endi bilinar-bilinmas mavjlarning mayin chayqalishlarida osuda hilpiroq yelpinardi.
– Men qandaydir mardona, fojiona va qahhorona bir ishni ado etgim keladi, – takrorladi u reza misol shuvilloq sukunatda lablari bilan sassiz so‘zlarni pichirlab, mana men oq saman toy ustidaman, uning ko‘zlari zangori ohanrabo sochib yonadi, uning yollari to‘zg‘igan alanga tillari kabi va u tepalik sari gursillab chopib boradi va nari-nariroqlar, olamning baland ko‘klariga sarafroz ko‘tariladi. Va hamon gursillab choparkan, u yuksakka uchadi, va hamon gursillab ucharkan, osmonning uzun moviy tepasida suron soladi va uning to‘lqinlangan yollari bari oltin olov girdobiga o‘xshaydi.
Ot va chavandoz gumburlab nari-nariroqlarga yelib boradi, ammo qaldiroq asta-asta so‘nadi. Mana, endi faqat so‘nayotgan yulduz cheksiz qorong‘i va sukunatda bazo‘r ko‘zga chalinadi, bularning ichida og‘ishmagan, tebranmagan, sobit va erib borayotgan, ko‘kragi ulug‘ va bag‘ri serurug‘, qorong‘i va foje – uning onasi – Zamin xayolga botadi.
Rus tilidan Ibrohim G‘afurov tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 11-son