Yigirma to‘rtinchi avgustda ular yana uchrashishdi: faqat Gustav oralarida yo‘q – umri qisqa ekan, bir necha yil burun dunyodan ko‘z yumgan. Nachora, o‘lim haq, yoshmi-qarimi tanlab o‘tirmaydi, avji kuchga to‘lgan payti edi.
Endi ular to‘qqizta qolishdi: Miryam, Ilona, Vera, Aleksandr, Voldemar, Sebastyan, Georg, Daniel hamda Rihard. Hamma yig‘ilgan, faqat Rihard eski odati bo‘yicha kechikayotgan edi, maktabda o‘qib yurgan kezlarida ham shunaqa – darslarga kechikib kelar va har safar shunday kurakda turmaydigan bahonalar to‘qir ediki, sinfdoshlari tugul ba’zi muallimlar ham qoyil qolishardi. Uni hamma yaxshi ko‘rardi, ichakuzdi latifalar aytishga ustaligi uchungina emas, yo‘q, qurmagur o‘zi yoqimtoy bola edi.
Bu yilgisi ularning o‘n to‘qqizinchi yig‘ilishi edi. Ancha bo‘ldi bunga, maktabni tugatishgach, bitiruv oqshomidan keyin iyun oyining munavvar tuni edi, ular chin yurakdan hayotimizda qanday voqea yuz berishidan qat’iy nazar, boshimizga qanday kun tushgan bo‘lmasin har yili yigirma to‘rtinchi avgust kuni tug‘ilib o‘sgan qishlog‘imizda uchrashamiz, deb qasamyod qilishgan edi.
Bu tantanali marosim qishloq kanorasidagi tabarruk va qadimiy o‘rmonda bo‘lib o‘tgandi. Mana o‘shandan buyon har yili yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida uchrashishadi, bu kunning ruhi va xosiyati ularning fikricha o‘zgacha edi.
Vaqt peshindan oqqan kun, iliq va huzurbaxsh edi, ular gir aylana pechakgul bilan o‘ralgan ayvonda katak dasturxon solingan stol atrofida o‘tirishardi. Ularning boshlari uzra arilar g‘o‘ng‘illab uchar, devor ortidan o‘tgan telefon simlari va nok daraxtining shoxlarida qorayaloqlar tinmay chug‘urlashar, astra hamda gulhamishabahorning mayin isi kelardi.
Qizlar yozilib choy ichishar, yigitlar esa bir vaqtlar – maktabda o‘qib yurgan paytlaridagi odatlari bo‘yicha pinhona ravishda sigaret tutatishardi.
Ana hozir Rihard ham kelib qoladi, deya ko‘zlari to‘rt bo‘lardi.
Uzoqdan paravozning chinqirig‘i eshitildi, aynan shu paytda tezyurar poyezd bir daqiqaga shu stantsiyada to‘xtardi. Sinfdoshlardan ko‘pchiligi ertalabki poyezdda kelishgandi. Hammalari bir-birlariga qarashdi.
– Poyezd…
– Ha, poyezd…
– Rihard?..
– U yana kechikyapti.
– Nega ajablanasan, uning kasali-ku…
– To‘g‘ri, Rike odam bo‘lmaydi…
Hammalari yana shirin xayolga tolishdi.
Bugun ularning o‘n to‘qqizinchi yig‘ilishlari, sokin bog‘da xotiraga berilishdan ko‘ra nash’ali mashg‘ulot bormi olamda – o‘n to‘qqiz yildan beri eslashga arzigulik qancha voqea bo‘lib o‘tmagan deysiz?!
Xomush o‘tirgan Ilona hammalari muqaddas deb hisoblagan an’anani bir marta buzganligi haqida xayol surardi – xuddi o‘sha kuni jo‘rttaga qilgandek ko‘zi yorigan – to‘ng‘ich o‘g‘lini tuqqan, shu bois an’anaviy yig‘inlariga kelolmagan edi. Shunga ham o‘n besh yil bo‘libdi, biroq esiga tushsa hali-hanuz xijolat tortadi. Ularning ishonchini oqlash uchun nimalar qilmadi, deysiz? Yo‘q, oxir-oqibat qadrdonlari oldida yuzi yorug‘ hozir. U yengil xo‘rsinib, ko‘ylagi etagini tortqilab o‘ynay boshladi.
– Nima buldi, Ilona ? – deb so‘radi tashvish bilan Vera.
– Hech narsa, – dedi Ilona.
– Juda yaxshi, avzoyingni ko‘rib ko‘ngilsiz xayollarga berilgan deb o‘ylabman, – ko‘ngli joyiga tushdi Veraning.
Shunday dedi-yu, lekin o‘zining dili g‘ash edi. Choy damlab kelishgach, marhum Gustav haqida gap ochildi-yu, Vera ham jonlanib ba’zi narsalarni esladi, biroq shunda ham ko‘ngli yorishmadi – u Gustavning yuzini sira ko‘z oldiga keltirolmadi. Gap shundaki, o‘quvchilik davrida Vera ko‘zoynak taqmagandi. An’ana nizomiga ko‘ra hozir ham taqmasligi shart edi. Ularning sinfida bironta bola ko‘zoynak taqmasdi. Qanaqa edi-ya sinflari: jipslashgan, intizomli!.. Yettita o‘g‘il bola, uch nafar qiz o‘qirdi. Xayolparast Ilonani yoki qor malikasidek seskantiruvchi husni bor Miryamni qanday himoya qilishsa, baq-baqalok Veraning ham shunday, mardlarcha yonini olishardi.
Qanaqa edi Gustavning ko‘rinishi, deya o‘ylardi Vera ko‘zlarini qisib eslashga urinarkan. U bolalar tomonga qaradi. Uchtasining sochlari to‘kilganga o‘xshaydi, ming tikilgani bilan Vera ajratolmadi ularni. Bittasi soqol qo‘ygan – u Aleksandr bo‘lsa kerak. Yana bittasi – oddiy…
Vera oddiy deb faraz qilgan bola – Daniel edi. Daniel yashirincha sigaret chekardi, Sebastyan bir-ikki tortib beray deb shivirlagudek bo‘lib iltimos qilardi. Daniel ham o‘ziga yetguncha sho‘x bola edi, hozir ham Veraga qarab turib ichida, Vera ancha ochilib ketibdi, deya o‘yladi. Hozirgi kunda kalta – “mini” yubkalarda yurish rasm bo‘lgan, buni qarangki, Vera yettinchi sinfda o‘qiyotgan kezlar ham xuddi shu rusumda kiyinishardi, shu sababli Vera bemalol an’anaga muvofiq tor va kalta ko‘ylak kiyib kelgandi. Uning sonlari yo‘g‘on, har qanday odamning e’tiborini jalb qilar darajada edi.
Danielning o‘zi-chi, uning turq-tarovatini ko‘rganlar, namuncha taviya bo‘lmasa bu yigit deyishi turgan gap. Oyoqlari qiyshiq-qing‘ir – saksovulga o‘xshaydi, shu sababli uchinchi sinfdan boshlab uzun shim kiyib yurardi. O‘sha bir zamonlar emanzorda tuzilgan nizomga ko‘ra (unda kulgili moddalar ko‘p edi) bolalar an’anaviy yig‘inga kalta ishtonda kelishlari shart edi. Daniel o‘zining oyoqlaridan uyalar edi. Aytgancha, egizak tug‘ilgan qizlari avgust boshlanishi bilan dadamiz yana ot o‘yinga boradilar, oyoqlari qiyshiq bo‘lgani uchun otga minolmaydilar, deya tegajoqlikni boshlashardi. Daniel xafa bo‘lmasdi – shunga ham ota go‘ri qozixonami, qiyshiq bo‘lsa nima qipti – o‘zimizga tan, bir yilda bir marta odamlar ko‘rsa ko‘rar, deb qo‘yardi o‘zicha.
Daniel ishtonbog‘ini bir-ikki tortib yonida o‘tirgan sinfdoshiga chekayotgan sigaretini uzatdi. Bir paytlar muallimlaridan qanday yashirishgan – hozir ham xuddi shunday yashirib chekishar, bu ham yetmagandek papirosga o‘zlari tamaki solib tayyorlashardi, zero, shunday qilishlari shart edi. Sababi bir zamonlar Gustav otasining papiros tayyorlaydigan mashinkasini o‘g‘irlab chiqqan, o‘sha-o‘sha o‘zlari “yasagan” papirosni hojatxonaga kirib rosa burqsitishardi. O‘shandan qolgan edi bu odat.
Oralarida Sebastyan chekmasdi faqat, hozir o‘rtog‘ining qo‘lini qaytargisi kelmadi. Lekin tajribasizligi tufaylimi ikki marta chuqur-chuqur tortgandi, o‘qchib ko‘zlari yoshlanib yo‘tala boshladi.
– Voy, qizlar, bolalar chekishyapti, – qiyqirib yubordi boyadan beri indamay xayol surayotgan Ilona.
– Sebas, sendan kashanda chiqmaydi, baribir, – dedi ensasi qotib Georg. U sinfdagi bolalardan har jihatdan ustun edi – chekish bo‘yicha ham, voleybol, futbol, qo‘ying-chi, uzoqqa sakrash buyicha ham, hech kim unga tenglasholmasdi. – Qani bu yoqqa ol-chi, mening o‘pkalarim senikichalik nimjon emas.
Bunaqa hazilga kulish shart edi, hamma baravariga xoxolab yubordi. Georg papirosni labining chetiga qistirib, og‘zidan halqa-halqa qilib tutun chiqara boshladi.
– Ikki tiyinga qimmat ekan tamakisi, quyrug‘ingga uray, – deya so‘kindi u.
– Ayniyapsan, Joj, – baravar chiyillab yuborishdi Ilona bilan Vera.
Georg qip-qizarib ketdi. U goho-goho orqa-oldiga qaramay so‘kib qoladigan chapani sportchi edi yoshligida. Yashirishdan foyda yo‘q – o‘n to‘qqiz yil bo‘lgandi Georgning sportni tashlab ketganiga. U ichmasdan turolmaydigan piyonistaga aylanib qolgan, diltang, jizzaki asablari adoyitamom bo‘lgan edi. To‘xtovsiz ichmasa turolmasdi, mana hozir ham sinfboshi Aleksandr iltifotsiz go‘zallik timsoli bo‘lmish Miryam bilan borib qachon musallas – o‘sha paytlar yettinchi sinfda o‘qiyotgan kezlar sinfdoshlarning o‘tirishida ichishadigan “shirin olma musallasi”ni keltirishadi-yu, qachon ichishadi – shunga sabri chidamay, ichi toshib kutardi.
U paytda-ku yosh edi hammalari, musallas ko‘z ochib-yumguncha stol ustida paydo bo‘lar, shunday tezlikda ochilar va “Olg‘a” degan qiyqiriqlar ostida hech kimga, ayniqsa direktorga – hech nima demaslikka va’da berib to‘yib ichishardi. Ana undan keyin bolalarcha sho‘xliklar boshlanar edi.
– Hozir musallas keladi, – deya shipshitdi unga Sebastyan bilan Georgga o‘xshab kalbosh bo‘lib qolgan Voldemar. – Bu yog‘ini o‘zing bilasan.
Nizomda ko‘rsatilmagan edi, biroq hammalari hur fikrli odamlar bo‘lgani uchun Voldemar o‘tkir ichimlik – yo aroq, yo spirt quyib olgan, oq tunukadan yasalgan yapaloq idishni go‘yo har ehtimolga qarshi to‘ldirib orqa cho‘ntagiga solib olardi. Ko‘pincha, musallas bilan qanoatlanishmaganda yoki yetmay qolsa o‘shandan otishardi. Ba’zan Georg Voldemar yo veterinar yoki dorixonada ishlaydi, deya taxmin qilardi, chunki o‘n yildan oshdi, kanda qilmay olib kelar, negadir dorining mazasimi, hidimi Georgning dimog‘iga o‘tirib qolardi.
Odatda ular ko‘p ichishardi, shunchalik ahvolga tushishardiki, pirovardida ularni kimdir, ko‘pincha, ma’naviy-axloqiy masalalarda bir so‘zli Miryam tartibga chaqirar, nasihat kilar, kerak bo‘lsa po‘stagini qoqardi. Aynan mana shunday odati uchun Miryamning Voldemardan ko‘ngli sovub ketgandi, holbuki Voldemar terisi yupqa va pismiq Aleksandrga nisbatan ham kelishgan, ham xushmuomala yigit edi.
Mana o‘n sakkiz yildirki, Georg bilan Voldemar har yili yigirma to‘rtinchi avgust kuni kechqurun chayqalgancha shunday ketaversa, ertaga ahvolimiz nima bo‘lishini tasavvur qilib ko‘rganmisiz, qabilidagi pand-nasihatlarini tinglashardi. Sir emas, tanbehlar asosan Voldemarga qaratilgan bo‘lar edi. Voldemar o‘n sakkiz yildan buyon uzluksiz ravishda Miryamning ko‘nglini topolmasdi. Ittifoqo bir safar sharros yomg‘ir yog‘ardi, Voldemar g‘irt mast holda boshini xam qilib, nasihat eshitardi, birdan oyog‘i bukilib ketdi-yu, yiqilib tushmaslik uchun Miryamni ushlab qoldi. Ayol zotining ko‘nglidagini shayton ham bilolmaydi, degan gap bejiz emas ekan – Miryam nogohon quchoqlab shunday o‘pa ketdi: “Volli, jonginam, sen baribir chinakam yigitsan, mardsan, allakimlar harom tukingga ham arzimaydi”, – desa-chi?..
Miryam hayotida bir marta an’anaga rioya qilmagan, biroq buni Voldemardan boshqa hech kim payqamagan edi, shunga ham sakkiz yil bo‘pti. Peshayvon o‘shanda qorong‘u bo‘lib shu sabab hech kim sezmagan.
Umuman olganda, an’anaga muvofiq Miryamni uyiga kuzatib qo‘yish hamda ko‘nglini olishni sinf boshlig‘i Aleksandr qo‘lga kiritgan edi. Yig‘ilish tugagunga qadar choy damlab kelish bahonasida dam-badam tashqariga chiqib o‘pishib kelishar, qolganlar esa bu paytda ularning ortidan rosa g‘iybatini qilib o‘tirishar edi. Sinfdoshlarining gaplarini eshitib o‘tirgan parishonxotir Ilona keyinchalik bizni to‘ylaringizga taklif qilasizmi ishqilib, deya so‘raganda, aytamiz, afsuski, biz hali-beri turmush qurmaymiz – avval o‘qish, keyin oila qurish deya tirsillatib javob bergandi.
Yig‘ilishdan keyin hammalari birgalashib vokzalga yo‘l olishar, u yerga borgach dam olgani o‘rindiqqa o‘tirishar, Aleksandr esa Miryamni kuzatib qo‘ygani ketar, lekin qaytib kelmasdi.
Bir yildan so‘ng yana uchrashishardi.
– Sass, pedkengash sha’ni uchun achitilgan olma sharbatidan qitday-qitday olsak, direktor e’tiroz bildirmas, nima deding, – hazil aralash taklif qildi Georg, Voldemar ma’qullagan bo‘lib tirsagi bilan uni turtib qo‘ydi. Yig‘ilish cho‘ziladiganga o‘xshardi, Gustavni eslab ancha o‘tirishdi, Rihardning haliyam daragi yo‘q edi.
– Ertaga algebradan yozma ish, tayyorlanib kelinglar! Birovdan ko‘chiraman, deb xomtama bo‘lmang! – dedi Aleksandr, uning lablari olcha yegan odamnikiga o‘xshab qizil, soqoli qop-qora, keti tog‘oraday edi. – Xo‘p, men kimni navbatchi qilib tayinlagan edim?! – dedi cho‘zib, yig‘ilganlarga ko‘z yugurtirar ekan, – Mirr! – Uning nigohi Miryamda to‘xtadi. – Qani yur-chi, nima qilish lozimligini tushuntiraman!
Shunday degan Aleksandr Miryamni ergashtirib chiqib ketdi, ularning niyati nima ekanini hamma bilardi.
Ular bir talay musallas ko‘tarib qaytib kelishganda bog‘ eshigi g‘irchillab ochildi-da, qum to‘shalgan yo‘lkada Rihardning qorasi ko‘rindi.
Aleksandr bilan Miryam quyuq o‘sgan chirmovuqgul yonida to‘xtashdi va xushlamaygina unga qarab qolishdi. Boshqalar ham ensasi qotgandek, Rihardni kuzatib turishdi. Yolg‘iz umum kayfiyatini payqamagan Vera quvonib ketdi.
– Bolalar, Riks! – dedi u.
Rihard yengilgina sakrab peshayvonga chiqib oldi-da, xurram bir kayfiyatda labi-labiga tegmay gapira ketdi.
– Minba’d uzr, ikkinchi darsga ham kech qolganim uchun, lekin ming afsus, ertaroq kelishning sira iloji bo‘lmadi – oyim yuvilgan kirlarni siqib berib ket, degandilar, ehtiyotsizlik qilib dadamning kurtkalarini yirtib yuboribman, shuni yamab beray deb qolib ketdim.
– Vox-xa-xa-xa! – kulib yubordi Vera oyoqlari bilan polni dupirlatib.
Daniel yuzini burib oldi – Veraning yo‘g‘on soni bilan bir cheti ko‘rinib qolgan ishtonini ko‘rib ijirg‘anib ketdi.
Nihoyat, Vera kulishdan to‘xtadi va boshini eggancha quloq soldi – boshqa hech kim kulmayotganiga ajablanib qo‘ydi.
– R-Ri-Rihard, bu q-qanaqasi b-bo‘ldi? – dedi kuchanib Aleksandr. Jahli chiqqanda gapirishga qiynalar – duduqlana boshlardi. Anchadan beri bu ahvolga tushmayotgandi.
Ish jiddiy edi: Rihard oddiygina yengil kostyum kiygan, och kulrang pidjagining tugmalari solinmagan, bo‘ynida nari-beri bog‘langan galstugi osilib turardi. Kalta ishton o‘rniga odatdagidek shim kiygan edi.
Daniel yuragi siqilib Rihardga qaradi, so‘ng Miryam bilan Aleksandrga nazar soldi. Aleksandr bilan Miryamning tizzalari dir-dir uchayotganini ko‘rib ajablandi. Suyaklari o‘ynab ketibdimi, – deya xayolidan o‘tqazdi. Ochig‘i, Daniel Riharddan xafa bo‘ldi. Bolaligidan qiyshiq oyoq bo‘la turib, kalta ishtonda kelsa-yu, Rihard olifta…
– Menga qara, kiyimlaring… o‘zingdami… birga ola kelganmisan? – norozi ohangda so‘radi Daniel. So‘ng ko‘ngliga og‘ir botib ketmasin uchun murosa yo‘liga o‘tdi. – Kiyinishga ulgurmagandirsan-a, balki? Qani bo‘laqol tezrok, kelishdikmi? Keyin kelgan joyidan davom ettiramiz, nima deding, Sass? A, Riks?
Biroq Rihardning qo‘lida hech vaqo yo‘q – demak, shundayligicha kelgan. Aleksandr bilan Miryam endi eslariga tushib qolgandek musallaslarni do‘qillatib stolga qator terib qo‘yishdi. Georg bittasini olib yopishtirilgan yorliqni ko‘zdan kechirdi. Voldemar cheka boshlagan papirosini Sebastyanga uzatdi. Sebastyan yo‘taldi, lekin bu safar hech kim ahamiyat bermadi.
Rihard o‘tirdi. Stakandagi choyni olib bir-ikki ho‘pladi-da:
– Bunaqa havoda kvas ichgan ma’qul, to‘g‘rimi, – dedi.
– Rihard, shu ham gapmi? Biz an’anaga muvofiq choy ichib o‘tirgan bo‘lsak, – e’tiroz bildirdi Ilona zorlanib. Uning ko‘zi Aleksandrga tushdi-yu, yuragida og‘riq turdi.
– Ha-ya, – dedi kinoya bilan Rihard.
Shundan keyin peshayvonga noqulay jimlik cho‘kdi. Qayerdandir o‘rmon ortidan momaqaldiroqning gumbirlagani eshitildi.
“Rosa paytida boshladi-yu… – deb ko‘nglidan o‘tdi Danielning. – Bugun bo‘ron bo‘ladi. Riks bekor qildi. Agar oyoqlarim bunaqa beo‘xshov bo‘lmaganda o‘rtaga tushib aralashardim”.
“Hayot zulmdan iborat”, – deya xayol qildi Sebastyan.
“Tezroq icha qolsak edi”, – deb o‘ylardi Voldemar.
“Ey xudoyim-ey, yaxshi bo‘lmadi, bolalar urishib ketishmasaydi”, – deb o‘ylardi Ilona.
“Bir gap bo‘lganga o‘xshaydi, – deb o‘yladi Vera va ko‘ylagini tizzasiga qarab tortib qo‘ydi. – Yaxshiyam ko‘zim yaxshi ko‘rmaydi”.
– Ri-Rih-Rihard, muqaddas qasamyodlar qayda qoldi, – dedi Aleksandr g‘ijingudek bo‘lib.
– Shuni ayt, – dedi istehzo bilan Miryam.
Rihard jiddiylashdi, boshini quyi solib polga tikilib qoldi, so‘ng qovog‘ini uyib gap boshladi:
– Menga qaranglar, bilasizmi… – u to‘xtab sigaret tutatdi va hech kim kutmagan nutqini boshladi: – Xo‘p, bo‘lmasa eshiting. Hurmatli sinfdoshlarim! To‘g‘risini aytsam, men atay shunday qildim. Tushundingizmi? Hammangiz yaxshi bilasiz, o‘n sakkiz yil badalida o‘sha siz muqaddas deb jar solayotgan an’anangizni biror marta bo‘lsin buzmadim, unga xilof ish qilmadim. Men har yili, an’anaga binoan kechikib qolardim va o‘zimni oqlash uchun maktabdagidek kurakda turmaydigan, bo‘lar-bo‘lmas bahonalar topardim. Bugun o‘zimni oqlash uchun shuning o‘zi kifoya qilmasmidi?! Men haliyam shunaqa tentakman. Faqat mana shu kalta ishtonlar va shunga o‘xshagan bizlarni odamgarchilikdan chiqarib yuboradigan ba’zi qiliqlar, odatlar jonimga tegdi, meni kechiringlaru, lekin toqatim tugadi. Menga nima bo‘lganini bilgingiz kelayapti, marhamat bilib qo‘ying. Lekin nazarimda, bilishni mutlaqo istamaysiz. Biroq men baribir aytaman, ha, men baxtli odamman. Bir necha yil bo‘ldi bunga. Negaligini aytaymi? Masalan, o‘z ishimni yaxshi ko‘raman…
– Bas qil! – chidab turolmay qichqirdi Miryam. – Jim bo‘l, jim bo‘l, jim bo‘l! Diyonatsiz! Sen e’tiqodimizni oyoqosti qilyapsan, tuyg‘ularimizni toptayapsan, tupuryapsan betimizga! Bolalar! – Miryam boshqalarga yuzlandi. – Muqaddas emanzorda bir-birimizni zerikarli, sariq chaqaga qimmat, mayda tashvishlar botqog‘iga botirmaymiz, bir yilda atigi bir marta yig‘ilib, bir kungina beg‘ubor bolalikka qaytib yashaymiz, deb qasam ichmaganmidik!
– Men turmushimdan shikoyat qilganim yo‘g‘u, qayerdan olding bu gaplarni? Faqat kalta ishton va hokazolarga kelsak, buning uchun kechirim so‘rayman, lekin jonimga tegdi, nega birdan bunaqa deyotganimni bilasizmi? Bilaman, eshitishni xohlamaysiz. Lekin shunday bulsa ham aytaman, baribir – men baxtli insonman. Ancha yillardan beri o‘zimni baxtli inson deb hisoblayman. Nega? Shuni misol keltiradigan bo‘lsam, birinchidan, ishim qiziqarli va men uni jon-dilimdan yaxshi ko‘raman.
– Bas qil, – shartta uning gapini bo‘ldi Miryam. – Ovozingni o‘chir, o‘chir! Uyatsiz! Sen muqaddas odatlarimizni oyoqosti qilyapsan, bizning e’tiqodimizni masxara qilyapsan, yuzingda ko‘zing bormi demay tupuryapsan yuzimizga! Bolalar! – deya u boshqalarga yuzlandi. – Bir paytda muqaddas emanzorda hech bir-birimizga turmush ikir-chikirlari, zerikarli ro‘zg‘or ishlari hamda kundalik tashvishlarimiz haqida gapirmaymiz deb ont ichmaganmidik! Har yili bir marta yig‘ilib, bolalik paytimizdagi kabi bir kun, atigi bir kun beg‘am, emin-erkin yashaymiz, deb qasamyod kilmaganmidik…
– Gaplaringga qaraganda hayotidan shikoyat qilyapti, deb o‘ylash mumkin-a! – dedi istehzo bilan Rihard.
– O‘chir o-o-ovozingni ! – deya qichqirdi Aleksandr. U qip-qizarib ketgan, hatto o‘sha olchadek qirmizi labi aft-basharasining rangi oldida oqaribroq qolgandek ko‘rinardi, – Yaxshisi bu yerdan tuyog‘ingni shiqillat, hoziroq!
Rihardning qoshlari chimirildi.
– Bunaqasi ketmaydi, azizlar.
– Hushingga kelsa shu! – to‘ng‘illadi Aleksandr.
– Unaqa bo‘lsa gap bunday. Mendan xafa bo‘lmaysiz, – dedi o‘zini bosishga urinibdi Rihard. Hamma yaxshi ko‘radigan hazilkash yigitning ham hazilakam jahli chiqmagandi. – Nahotki shu kalta va tor ishtonda yurishdan huzur qilsangiz, do‘stlarim, chok-chokidan so‘kilay deb turibdi-yu, qarang…
– Riks, tushunishni istamayapsanmi? – dedi Daniel hamon murosa qilayotgandek ohangda. – Oddiygina ermak xolos. – Nima bo‘pti. Shunga shuncha g‘avg‘o ko‘tarish shartmi?
– Ermak emas, bizning e’tiqodimiz bu, – dedi g‘azab bilan Georg.
Rihard boshini ko‘tarib osmonga qaradi va o‘ziga-o‘zi gapirgandek: “Qora bulut tarqab ketmokda”, – dedi. So‘ng yana bolalar tomon yuzlandi:
– Darvoqe, e’tiqod yo‘q. Yo‘q. Bema’nilik bu! Menga ko‘zingizni lo‘q qilib qarashning hojati yo‘q. Hali shunday gaplarim borki… Masalan, ayting-chi, bir-biringiz haqingizda nimalar bilasiz?
Ranglari oqarib ketgan sinfdoshlar merovsiragancha ko‘z urishtirib olishdi. Nizom bo‘yicha ular bir-birlarining turmushi haqida xech narsa bilmasliklari shart edi. Bir yilda bir marta o‘zlarini emin-erkin, betashvish his qilishlari darkor, boshqa paytda o‘zaro muomala qilish u yoqda tursin, salom-alik qilishga ham ruxsat berilmasdi, aks holda, bu ularning e’tiqodicha yig‘ilishlarining samimiyligi va tabiiyligiga putur yetkazarmish.
– Shuncha paytdan beri do‘st bo‘lib kelayotgan sinfdoshlaringizning quvonch va tashvishlari haqida nimani bilasiz? Men bilaman. Ko‘p narsa emasu, lekin har qalay…
– U qayerdan biladi! – chiyillagan ovozda so‘radi Vera.
– Mana ahvol, tirikchilik, tushunarli, – Miryam labini tishladi.
Aleksandr indamadi. Uning tizzalari tinmay qaltirardi.
– Qani, kim biladi, Ilonaning nechta bolasi bor? Tasavvur qilolmaysiz hatto, albatta!
– O‘-o‘, – ingrab yubordi sinfdoshlari.
– Veraning hali-hanuz yolg‘iz yashayotganidan xabaringiz bormi? O‘zi bilasizmi yolg‘iz yashash nimaligini? Sadqai… E-e… O‘zingga bir qaragin Vera, xafa bo‘lmaginu, lekin kimga o‘xshab qolding bu ko‘ylakda…– deya xitob qildi Rihard.
– Mening ko‘zlarim yaxshi ko‘rmaydi, – dedi yig‘lamoqdan beri bo‘lib Vera.
– Chunki o‘sha e’tiqod, o‘sha an’analar man qiladi senga ko‘zoynak taqishni, – dedi Rihard. – Aleksandrning maktabda soqoli yo‘q edi, hozir esa bor, u kishim bemalol o‘stirib yuribdilar, senga esa ko‘zoynak taqish mumkin emas, chunki sen maktabda taqmas eding-da!..
– M-mening soqolimga til tekkizma!
Rihard Aleksandrning gapiga ahamiyat ham qilmadi.
– Sebastyan olim ekanini bilasizmi? Danielning maktabda ishlashini-chi?! Voldemar haligacha bo‘ydoq, dorishunosligini kim biladi?
– O‘zimam shunaqa deb o‘ylovdim, – dedi Georg orqa-oldini o‘ylamay.
– Georg! – deya uni siltab tashladi Aleksandr.
– Davom etamiz, bir zamonlar sinfimizning faxri bo‘lgan, peshqadam sportchimizning hayoti izdan chiqib ketgan, buniyam bilmaysiz.
– Biluvdim shunaqa deyishini, – Georg tishlarini g‘ijirlatdi. U g‘azabdan ko‘karib ketgandi.
Miryam shishani ochdi-da, shosha-pisha Georgga musallas quyib uzatdi.
– O‘zingni bos, siqilma bechora do‘stim, – dedi u.
– Mana shu peshayvonli uyda kim yashashini bilasizmi? Ha, ha, aylanib kelib yana o‘shalarga taqaladi, – bu yerda go‘yo yoshi o‘tgan, ko‘ngli bo‘sh eru-xotin yashar emish. Ular yoshlarning har yili yig‘ilishiga havas qilisharmish go‘yo va ularga sharoit yaratib berishni o‘zlarining burchi deb bilisharmish. Bo‘lmagan gap! Bu yerda Aleksandr bilan Miryam turishadi, uzoq yillardan beri eru xotindek yashashadi. Yana nima dey? Ular befarzand. Sakkiz yil muqaddam ajrashmoqchi bo‘lib, yarashib ketishgandi… Kechasi vokzalga chiqib kuzatib qo‘yish uchun birga ketib, shu ketgancha bir yildan keyin ko‘rishadilar, biladilarki, hech kim bir yil oldin kuzatib kelaman deb ketuvding, qayoqda qolib ketding, deb Aleksandrdan so‘ramaydi. Biz esa tovuqmiya quyonchalar ertalabki poyezdni kutib tonggacha o‘tiramiz vokzalda, bu maynavozchilikning nima keragi bor!
Buni eshitgan Miryam g‘iq etolmay nafasi ichiga tushib ketdi.
Aleksandrning soqoli mash’um ko‘lankadek butun basharasini to‘sib olganga o‘xshardi.
– Men, mana shu ishlarni aytib bermoqchi edim sizlarga, ehtimol, gapirmasdim, lekin alam qildi menga, birovning ninadek aybini tuyadek qilib ko‘rsatganlaring yetmagandek, meni bir murtadga chiqarib qo‘ymaganingizda… To‘g‘ri, bu bilan hech narsa o‘zgarmaydi. Jahl kelganda aql ketar, deb bejiz aytishmagan. Uzr…
– Endi afsus chekishdan foyda yo‘q. Qilgulikni qilib bo‘lding endi, – dedi Aleksandr. U birdan duduqlanmay qo‘ydi.
– Men afsus qilayotganim yo‘q. Faqat Sizga achinyapman. Allaqanday arzimagan kalta ishton deb… shuncha gap-so‘z… Men chegaradan chiqqan bo‘lsam, kechiringlar… Gapirmasam bo‘larkan… Agar istasangiz men ketaman butunlay…
– Yo‘q, nega endi… – dedi Daniel nochor ovozda. – Ketma. Biron yo‘lini toparmiz.
– U hech qayerga ketmaydi, – dedi ichki bir alam bilan Miryam. – Sass!
– Labbay, azizam… – Aleksandr dik etib o‘rnidan turdi-da, mushtlarini tugib stolga tirab bolalarga ko‘z yugurtirdi – ana endi u chinakam majlis raisiga o‘xshardi. – Qadrli do‘stlar, ichimizda bir kishi biz muqaddas deb bilgan an’analarimizni oyoqosti qilib, barchamizning tuyg‘ularimizni tahqirlab, e’tiqodimizni mensimay tuproqqa qorishtirib tashladi.
Qora bulutlar qishloqni aylanib o‘ta boshladi, ayvonga salqin va namxush shamol yopirildi. Veraning yelkalari titrar, sira o‘zini qo‘lga ololmasdi.
– Sho‘rlikkina, – dedi Miryam va musallasdan quyib unga uzatdi. Vera ko‘ngilchan va ta’sirchan qiz edi, salga ko‘ngli buzilardi. Uning yig‘lab turib kulib yuborishi yoki kulayotib yig‘lay boshlashi tiynatining shu jihatini yaqqol namoyish etardi. Hozir ham ko‘z o‘ngida yuz berayotgan voqealarga dosh berolmayotgani shundoq sezilardi.
– Shu ishimiz uchun qamalib qolmasak bo‘lgani, – dedi Aleksandr irshayib.
– Nimasini aytasan, nomard, – Georgning ko‘zlari mushuknikidek yonardi.
– Eng yomoni u e’tiqodimizni oyoqosti qildi. Yana bilib turib, – dedi Aleksandr. – Ha, yo‘l bo‘lsin, Voldemar?
– Borib, bir aylanib kelay.
– Yo‘q, birodar, hech qayoqqa bormaysan. Hamma ishtirok etishi shart, bu anjumanda, – dedi ko‘zini lo‘q qilib Aleksandr.
– Unaqa bo‘lsa… hm-m?
Miryam sabri chidamay boshi bilan ishora qildi.
– Ha, bo‘laqol tezroq. Georgga ham ber.
Voldemar cho‘ntagidan yapaloq idishni oldi. Buni ko‘rib Ilonaning kapalagi uchdi. Voldemar bilan Georg chetroqqa o‘tib navbat bilan boyagi idishdan lo‘qillatib icha boshlashdi.
Bekat uzra chaqmoq lipillab uchdi. Rihard indamay sigaret chekib o‘tirardi.
– Menga qaranglar, yigitlar, shu ishga nuqta qo‘yaylik, maylimi, – deya ming‘illadi Daniel. – Bekorga hammasi…
Sukunat cho‘kdi.
Shu orada Miryam uyga kirib bir nima olib chiqdi-da, Aleksandrga berdi.
– Bitta chektir, og‘ayni, negadir yuragim siqilyapti, – deb iltimos qildi chekmaydigan Sebastyan. – Umuman shu ishingiz menga yoqmayapti, bo‘lar ish bo‘ldi, an’ana endi tiklanmaydi, baribir.
– To‘g‘ri, tiklanmaydi, ana shuning uchun javob berishi kerak kimdir, – dedi Miryam. – Gustavning tolei bor ekan, bunday ishlarni ko‘rmadiyam, ko‘rmaydiyam.
– Gustav nima qilib o‘lganini bilasizmi? – past ovozda so‘radi Rihard. – Men dafn marosimida qatnashuvdim. U shifokor edi…
Aleksandr uning gapini shartta bo‘ldi:
– Safsatangni yig‘ishtir. Gustav hech qachon shifokor bo‘lishga intilmagandi. U uchuvchi bo‘laman, deb niyat qilardi. Qabrda tinch yotsin do‘stimiz…
– Sho‘rlik Ilona, – dedi Miryam, – bir oz yotib dam olsin, bunaqa gaplarni ko‘tara olmas edi.
Vera jazava ichida uvvos solib yig‘lar va ora-chora kular edi.
– Mana shularning bariga sen sababchisan, ko‘rib qo‘y qilmishingning oqibatini, – dedi Miryam Rihardga. – Esingda bo‘lsin.
Eru ko‘kni larzaga solib momaqaldiroq gumburladi, arilar pechakgullar ichiga kirib ketishdi.
– Georg! – chaqirdi Miryam.
– Nega endi men? – Georg istar-istamas ayvon yoniga keldi.
– Nizomda shunday yozilgan, – dedi yelkasini qisib Aleksandr, – o‘ttiz yettinchi modda, ikkinchi band. Esingdan chiqdimi?
– Esimda, jin ursin.
– Ol.
Georg pichoqni olib, unga tikilib qoldi. Bu ikki tomoni o‘tkir charxlangan – dudama bo‘lib, ayvondagi xira yorug‘da qandaydir nim yashil tusda tovlanib ketdi.
– Volli, yana ozgina quy, jinday yetmayapti, bu ahvolda hech narsa qilolmayman, – dedi Georg.
Gandiraklab Voldemar uning yoniga keldi. U g‘irt mast edi. U o‘zicha allaqanday qo‘shiqni xirgoyi qilgan bo‘ldi-da, Miryamga qarab kutdi, lekin Miryam odatdagidek gapni cho‘zmasdan qisqagina qilib:
– Nega qarayapsan, quy Georgga! – dedi.
Georg spirt qalqib ketgunicha yapaloq idishni ko‘tarib ichdi.
– Ana bo‘ldi endi, joyiga tushdi, – dedi kuflab bo‘lgach, u og‘ziga hech narsa olmadi.
Rihard sinfdoshlariga birma-bir ko‘z yugurtirdi. U nima qilarini bilmasdi. Shoshilmay oyog‘ini chalishtirib oldi-da, o‘zi tomonga kelayotgan Georgga qaradi.
– Shu bilan biron nima o‘zgarib qolarmidi? – dedi o‘zicha tushuntirmoqchi bo‘lib Sebastyan. – An’ana bir marta buzildimi – bo‘ldi, uning an’analigi qolmaydi… Yangisini qayerdan olasan?
– An’ananing yangi-pangisi bo‘lmaydi, og‘ayni, – deya e’tiroz bildirdi Aleksandr. – Bizning an’analarimiz sinovlardan o‘tgan, tabarruk va qadimiy – qanaqa go‘zal edi, to‘g‘rimi? Nima deysan, Georg?
– Georg! – Miryamning ovozi keskin yangradi.
Georg Rihardga yaqin keldi. Rihardning rangi oqarib ketdi-yu, shunday bo‘lsa ham kulimsiradi.
– Voy tentaklar-ey! Nahotki…
– Tur o‘rningdan, – dedi xirillab Georg.
Rihard atrofga alangladi – Vera jazava ichida yig‘lar, Sebastyan norozi bo‘lib boshini sarak-sarak qilib turar, Daniel ko‘zlarini olib qochar, kayfi baland Voldemar, Aleksandr bilan Miryam haykaldek qotib turishar, Georg qo‘lida pichoq… – uning nafasi ichiga tushib ketdi, yelkasini qisgancha sekin o‘rnidan turdi.
– Qiziq bo‘ldi-yu bu yog‘i, – dedi u. – Bu maynavozchilikni bas qilsak bo‘lardi tezroq. Sizga shu ish zarurmi, zarurmi, o‘lgan kishi bo‘lib yarim soat xazonlar ustida yotaman, mana. Faqat bitta shart bilan, keyin menga javob – ketaman. Bu dargohga boshqa kelmayman, asosan Aleksandrni deb. Quturib ketganga o‘xshaydi, qarang…
– Georg!
Georg bir zarb bilan pichoqni Rihardning chap ko‘ksiga sanchdi. Rihard hayratlangan kabi ko‘zlarini katta-katta ochib Georgga qaradi.
– O‘-ho‘, shunaqa… – uning gapi bo‘g‘zida qoldi; og‘zidan qop-qora qon otilib chiqdi-yu, gursillab polga yiqildi.
Hamma bir chekkaga o‘tdi. Rihardning ko‘zlari quyuq o‘sgan pechakgullar va arilar g‘ujg‘on o‘ynayotgan tomonga qarab baqraygancha qotib qoldi.
– Alvido, Rihard, – dedi o‘kinib Daniel.
Taxta zinaga bir necha yomg‘ir tomchisi urildi.
– Nachora, an’anani buzish oqibati yomon bo‘ladi shunaqa, – dedi Aleksandr.
– Nima bo‘lganini kim tushuntirib berishga qodir? – dedi qaysi birlari yig‘lamsirab.
Ular haliyam o‘ziga kelmagan Ilonani qo‘ltig‘idan olib uyga kirib ketishdi.
Yomg‘ir sharros quya boshladi. Ayvonda yolg‘iz Rihardning jasadi qoldi.
Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi