Ayolning ko‘zlari ma’yuslanib, g‘am-qayg‘uga botgancha xizmatkor yollovchi idora vositachisining uyida o‘tirardi. Barcha mavsumiy ishlovchi xizmatchi ayollar o‘z uylariga, oilalariga qaytishgan, Tangriga shukrona sifatida qurbonliklar keltirib bo‘lishgan. Faqat ugina ish topolmay yigirma kundan beri shu yerda sarg‘ayadi. Hech kim uni ishga olishni xohlamadi. Idora bekasi – Van xonimdan o‘n tszyaodan ortiq pul qarz oldi, beka qaytib kelganida bir nuqtaga termilgancha qilt etmay o‘tirardi.
Van xonim mehmonxonaga o‘tdi, bo‘ynidan sharfini olib, Yangi yil dasturxoniga olib kelgan xaridlarini stol ustiga qo‘ydi.
– Azizam, ertadan keyin Yangi yil kirib keladi. Hamma o‘z aravasini o‘zi tortishi kerak. Bu yog‘iga nima qilmoqchisan? Balki bayramni uyingda kutib olib, keyin qaytib kelarsan?
Bu achchiq so‘zlarni eshitgan ayolning ustidan bir chelak sovuq suv quyib yuborilganday bo‘ldi. Anchagacha lom-mim deyolmadi. Nihoyat ko‘zlari yoshga to‘lib, iltijoli ohangda so‘z boshladi:
– Qarzim nima bo‘ladi? Yonimda sariq chaqam bo‘lmasa? Axir pulim bo‘lganda shu yerda o‘tirarmidim? Uyga pulsiz qanday qaytaman? Uydan chiqib ketganimga ham o‘n ikki yil bo‘libdi. O‘shanda qizim besh yoshda edi. U hatto otasi vafot etganini ham bilmaydi. Dilbandimni shunchalar sog‘indimki… Lekin bu ahvolda uning oldiga qanday boraman?
Achchiq alam uning tomog‘iga tosh kabi tiqilib, ayol jim bo‘lib qoldi. Sel-sel oqqan ko‘z yoshlari har qanday so‘zdan ta’sirliroq edi.
Van xonim uni allaqachon haydab yuborgan bo‘lardi, ammo qarzni ololmay qolishidan qo‘rqib indamasdi.
Ayol boshqa xonaga o‘tdi, sovuq o‘ringa o‘zini tashlab achchiq-achchiq ko‘z yosh to‘kdi. Yig‘i bilan g‘am-qayg‘uni yengib bo‘lmaydi, boshqa yo‘l topish kerak. U kanning chetida turgan qopchani yechib, ichidagi eski kiyimlarni ko‘zdan kechira boshladi. Bundan bir necha yil avval eri Xenan viloyatidagi garnizonlardan birida xizmat qilayotgan vaqtlarda ayolning bir nechta po‘stini bor edi. Garnizonni qaytadan tuzish haqida buyruq kelganda zobitlar jon-jahdlari bilan joyini yo‘qotmaslik uchun xizmat qilishga harakat qilishdi.
Eri Chjenchjou yaqinida bo‘lgan jangda qo‘mondonga hamrohlik qilayotgan mahal halok bo‘lgan edi. Chekinayotgan askarlar oilasi o‘zi bilan ko‘p narsa olib ketolmasdilar. Ayol ming bir qiyinchiliklar bilan ba’zi bir buyumlarni olishga muvaffaq bo‘ldi. U bu narsalarni saqlab, keyinchalik sotib yubordi. Natijada eriga tegishli eski to‘pponcha va ikki dona o‘qdan bo‘lak hech vaqo qolmadi. Bu matohga xaridor topish oson emas. Bundan tashqari, sovuq kunlarda ko‘rpa vazifasini o‘taydigan, ayol undan bir nafasga-da ajramaydigan shinel va eski quloqchini ham bor edi.
To‘pponchani birovga ko‘rsatishga botinolmas, qo‘liga olib, darrov shinel cho‘ntagiga solib qo‘yardi. Qopchadagi kiyilaverib titilib ketgan eski ko‘ylaklar sotishga yaramasdi. Ayol chuqur xo‘rsinib, barcha eski-tuskilarni qopchaga qaytarib tiqdi va o‘yga cho‘mdi. Qosh qorayganiga qaramay hamon rutubatli xonada yolg‘iz o‘tirardi.
Qo‘shni xonada kechlikka hozirlik ko‘rayotgan Van xonimning yoniga qandaydir begona erkak keldi. Ustidagi kiyim hoshiyasiga qaraganda qo‘shni mehmonxona xizmatkoriga o‘xshardi.
– Bugun kechki to‘qqizga yaqin birortasini yuboring, – dedi u Van xonimga.
– Kim so‘rayapti?
– Bo‘lim boshlig‘i Chen.
– Unda Luan Sini yuboraman.
– Farqi yo‘q, faqat kechga qolmasin, – dedi xizmatkor ketar chog‘i.
Ayolning qalbida umid uyg‘ondi, Xudo unga shunday qiyin vaziyatda marhamat ko‘rsatyapti. Uning karami keng, bir kosa guruch bersa bo‘ldi.
– Van xonim, iltimos, meni yuboring!
– Seni-ya? Nahotki borsang?
– Borsam nima bo‘ladi?
– Tushunmadingmi? Axir u “yotoq” uchun xizmatkor so‘rayapti.
– Qanaqa yotoq?
– Ey Xudo! Buncha go‘l bo‘lmasang? – dedi Van xonim. Keyin tirjayib ayolning qulog‘iga nimadir deb shivirladiyu qo‘shib qo‘ydi: – Axir sening kiyishga kiyiming yo‘q-ku, yoshing ham bir joyga borib qolgan bo‘lsa!
Ma’yus tortgan ayol o‘ziga kelib, qo‘liga darz ketgan oynani oldi va deraza yoniga bordi. Van xonim haq. Oynadan unga sochlari oqargan, yuzini ajin bosgan g‘amboda ayol tikilib turardi. Yaqinda u qirq uch yoshga to‘ladi. Harbiy yurishlar vaqtida eriga hamrohlik qilgan paytlarida shamol va ayoz uning yuzlaridagi ko‘rkamlikni o‘chirib yuborgan. Tutam-tutam bo‘lib osilib yotgan sochlariga anchadan beri taroq tegmagandi. Bu yerda sochni taniqli xonimlargina kestirishardi. Qachonlardir uning o‘zi ham beka bo‘lgan, qo‘l ostida xizmatkorlar ham bor edi, endi esa soch kestirishning hojati yo‘q. Ehtimol, shuning uchun ish topa olmayotgandir.
Kechlikdan so‘ng Van xonim Luan Sini olib kelish uchun ketdi. Ayol Van xonim qulog‘iga shivirlab aytgan gaplarni eslab, bir qarorga keldi. Qo‘liga muzlab, tosh qotgan sochiqni olib, qaynoq suvli tog‘oraga botirdi. Issiq sochiq bilan yuzini artdi, yonoqlari tozalanib, oqardi.
Kan ustidagi yog‘och qutichadan kemtik, tishlari to‘kilgan taroqni olib, sochlarini taradi. Quticha ichiga to‘kilgan upa qoldiqlarini soch to‘g‘nog‘ich bilan kavlab olib, yuziga surtdi.
Yuzi darrov ko‘rkamlashib, ayolning qalbi yorishdi.
U ko‘chaga chiqib, yangi yil tabrigi yozib yopishtirilgan qizil qog‘ozdan o‘g‘rincha yirtib oldi. Uyga qaytib, moychiroqning qora qurumini qirtishladi. Qizil qog‘ozni ivitib, labi va yonog‘iga, moychiroq qurumini esa soch moyiga aralashtirib qoshlariga surtdi. U endi boshliq Chenga yoqishiga chin dildan ishondi.
Van xonim qaytdi. Ayol undan ko‘rinishi haqida so‘rash uchun shoshildi.
– Nima desam ekan? Qari yalmog‘izga o‘xshaysan, – dedi Van xonim tirjayib.
– Chiroyli emasmanmi?
– Oltmish yoshli erkakka to‘g‘ri kelasan, lekin bundayini qayerdan topamiz? Hozir qariyalar ham yosh qizlarga ishqiboz. Buni miyangdan chiqarib tashla, seni hatto eng arzon islovotxonaga ham olishmaydi.
Ayol yana yig‘lab yubordi. Qanday sharmandalik! Shu yoshida ochlik nimalarga majbur qilyapti-ya?! U shinelga o‘ranib, o‘ringa yonboshladi. Tonggacha mijja qoqmay qancha o‘ylanmasin, miyasiga biror jo‘yali fikr kelmadi.
Ertalab qorni och holda erining shineli va yirtiq telpagini kiyib, erkakcha qiyofada ko‘chaga chiqishga shaylandi.
– Bugun qanday bo‘lmasin pul topib, qarzingizni qaytarishim kerak, – dedi u Van xonimga. – Ba’zi bir buyumlarimni garovga qo‘ymoqchiman… Tezda qaytaman.
Van xonim savolga tutmay, uning qarorini ma’qulladi.
Ayol duch kelgan birinchi lombardga kirdi.
– Garovga qurol qo‘ysam bo‘ladimi?
– Qanaqa qurol?
– So‘nggi namunadagi revolver, – uning cho‘ntakka qo‘l solganini ko‘rib, lombard xo‘jayini qo‘rqqanidan peshtaxta tagiga yashirindi.
– Qo‘rqmang, to‘pponcha menga erimdan qolgan. Ertaga yangi yil, mening esa sariq chaqam yo‘q. Iltimos, ola qoling!
Qarshisida bosqinchi turmaganiga ishonqiragan xo‘jayin yordamchisi bilan temir panjara ortiga o‘tib pichirlab olishgach, to‘pponchani qaytarib:
– Hech qanday yordam bera olmayman. Politsiya butun shaharning tit-pitini chiqarib, tintuv o‘tkazmoqda. Qurolni topib olishsa, holimga voy! Qurolingizni oling, ehtiyot bo‘ling, tutib olishmasin! – dedi.
Ayolning yolvorishlari xo‘jayinga zarracha ta’sir qilmadi, haliyam rahm qildi – politsiyani chaqirmadi. Ayol shalviragancha lombardni tark etdi. Baxtiga yaqin o‘rtada birorta josus uchramadi, hech kim unga e’tibor bermadi.
Ko‘chalarni kezib, bir qancha lombardga kirdi, ammo to‘pponchani garovga qo‘yishga jur’at etolmadi. Qaltis ishga qo‘l urganini o‘ylab, uni birdan qo‘rquv hissi chulg‘adi. Politsiya bilib qolsa-chi? Van xonimning oldiga ikki barmog‘ini burniga tiqib qaytadimi?
Alaloqibat uyiga qaytishga qaror qildi.
Uning ona qishlog‘i Sichjmen shahar darvozasidan qirq li narida bo‘lib, yarim kunlik yo‘l edi. Sisipay-louda yana bir lombard bor, u yerda ham ayolni omadsizlik kutib oldi. Iztirob og‘ushida qanday qilib Sichjmenga yetib kelganini sezmay qoldi.
Ayol Gaolyantsyao ko‘prigida to‘xtadi.
Pekin hamma narsadan mahrum qilingan insonlar boruvchi ikkita ko‘prigi bilan mashhur. Biri qamoqxonaga eltuvchi Tyantsyao ko‘prigi, ikkinchisi esa qashshoqlar qishlog‘iga eltuvchi Gaolyantsyao ko‘prigi edi.
Tush payti bo‘lishiga qaramay, havo tund va bulutli, qor uchqunlayapti. Daryoni yupqa muz qoplasa-da, tagidan oqayotgan suvni bemalol ko‘rsa bo‘lardi.
“To‘xtamasligim kerak, – o‘yladi ayol, – faqat olg‘a intilishim kerak”.
Ayolda qilinajak ishlar rejasi tug‘ildi. Qizi turmush yoshida, unga yaxshi kuyov topishi, to‘y tashvishini qilishi kerak. Erini Chjenchjouga o‘tkazishgandan keyin u qishloqqa biror marta maktub yozmadi. Qizi qay ahvolda ekan? Bu haqda hech nima bilmasdi. Qizini turmushga uzatish haqidagi o‘ydan umidlanib, ona qishlog‘iga yetguncha bu kayfiyat uni tark etmadi.
Qor bo‘ralay boshladi. U qorli ko‘chalardan boshini xam qilgancha, o‘z o‘y-fikrlari bilan band bo‘lib borardi. Ro‘parasidan ko‘rinishidan yangi yil xaridi uchun shaharga shoshib ketayotgan olifta kiyingan juvon chiqdi. Uning boshida chiroyli, tovus pati qadalgan telpak, egnida shaftoli rangli, qomatini ko‘z-ko‘z qilib turgan kamzul, oyog‘ida esa so‘nggi urfda tikilgan qirmizi rang tufli.
Ayol uning ortidan tikilib, o‘ylandi: “Qanday chiroyli kiyingan! Qizim Danyuda ham shunday kiyim bo‘lganda edi, darrov turmushga chiqqan bo‘lardi”. Ayol juvondan ko‘z uzmadi. Hozir muyulishdan burilib, ko‘zdan yo‘qoladi. Miyasida “Bu juvonning kiyimlarini o‘g‘irlab, qizimga sovg‘a qilsam-chi?” degan fikr yalt etdi.
U joyidan qo‘zg‘alib, yo‘g‘on ovozda qichqirdi:
– Hoy, oyimtilla, to‘xta! Menga kiyimlaringni berib tur!
Yosh juvon o‘girilib, o‘ziga o‘qtalgan qurolga ko‘zi tushdi.
“Ey, xudoyim, axir bu askar-ku, – o‘yladi u qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrab. – Qochish kerak!” Oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmadi.
– Sizga nima kerak?
– Kiyimlaringni yech, telpakni, tuflini… Tezroq qimirla! Pul, bilaguzuk, sirg‘a, uzuklaringni ham cho‘z bu yoqqa! Qimirlama, baqirishni xayolingga ham keltirma, otib tashlayman!
Yaqin-o‘rtada hech kim yo‘qligiga, baqirish befoydaligiga amin bo‘lgan juvon kiyimlarini yechib, bor taqinchoqlarini bosqinchiga uzatdi. U bosqinchi deb o‘ylagan ayol barcha qimmatbaho buyumlarni, kiyimlarni tugunga tugib, ortiga qaramay qochishga tushdi.
Bor budidan ajralgan ayol ichkiyimda sovuq va qo‘rquvdan dir-dir titrab, daraxt tagiga cho‘kdi. Yigirma daqiqalardan so‘ng yo‘lda eshak mingan podachi yigit ko‘rindi. Juvon uni yordamga chaqirdi.
Yigit uning yoniga kelib, tinchlantirdi.
– Qo‘rqma, hozir narsalaringni qaytaraman, – u juvonga qo‘y terisidan tikilgan po‘stinini irg‘itdi, – hozircha shuni yopinib tur. Men bosqinchini quvib yetaman, uzoqqa ketolmagan bo‘lishi kerak.
Yigit eshagini niqtab, olg‘a intildi.
Ayol bu paytda tizzasigacha qorga botib, hansirab Dachjunsi ibodatxonasiga yetgan edi.
U ortidan quvib kelayotgan yigitning ovozini eshitdi:
– To‘xta! To‘xta!
Ayol o‘girilib, muqarrar to‘qnashuv bo‘lishini tushundi. To‘pponchani olib yigitga o‘qtaldi:
– Yaqinlashma! Otib tashlayman!
Aslida ayol otishni bilmasdi.
Podachi yigit yigirma ikki yoshlarda bo‘lib, qo‘rquv nimaligini bilmas, g‘ayrati jo‘sh urardi.
– Menga qara, bunaqa kichkina to‘pponchani hecham ko‘rmaganman. Bu o‘yinchoqni ahmoqlarni qo‘rqitish uchun bozordan sotib olgansan, shekilli? Meni qo‘rqitolmaysan! Qani, yaxshilikcha kiyimlarni qaytar, bo‘lmasa seni politsiyaga topshiraman, itday otib tashlashadi, – dedi.
Ayol ortga tisarildi, podachi yigit ustiga bostirib bordi. Tepki bexosdan bosilib ketdi. O‘q yigitning ko‘ksiga tegdiyu u chayqalib yerga quladi.
O‘q ovozi o‘yinchoq to‘pponchadan otilganday zo‘rg‘a eshitildi. Ayol odam o‘ldirganiga ishonmay, qurolni irg‘itib, yigitning ko‘kragini paypaslab ko‘rdi.
– Qanday falokat! – qo‘lidagi qonni ko‘rib qichqirdi ayol. Qo‘lini podachining kiyimiga artib, eshakka mindi-yu, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Oradan chorak soat o‘tdi.
Yosh juvon hamon po‘stinga o‘ralgancha daraxt tagida o‘tirardi. Yo‘lda yelkasiga obkash ilgan, aftidan, yangi yilni kutib olish uchun qishlog‘iga qaytayotgan sartarosh ko‘rindi. U juvonni tanib, yaqinlashdi.
– Yo, alhazar, Lyu yanga, shunday sovuqda nima qilib o‘tiribsiz? – dedi u hayron bo‘lib.
Juvon bo‘lgan voqeani aytib, bosqinchining qiyofasini tasvirlab berdi.
Sartarosh ayolning qarindoshlari yo‘qligi, qaynonasi bundan foydalanib kelinining ustidan kulishini bilardi. Faqat bayram kunlari keliniga chiroyli kiyinishga ruxsat berardi. Endi esa qaynona savdo uchun bergan pullarni o‘g‘rilab ketishdi. Sartarosh ham podachi yigit kabi nima qilib bo‘lsa-da bechoraga yordam berishga qaror qildi.
– Tinchlaning, bosqinchini topishga harakat qilaman, – deya tasalli berdi.
U ayolning oldida buyumlari solingan obkashni qoldirib, yugurib ketdi.
Yo‘lda yotgan yigitga ko‘zi tushdi. Sartarosh egilib, uni silkitdi.
– O‘ldirishibdi! – qo‘rquv bilan baqirdi u va orqasiga qaramay qochdi.
Odatda, politsiyachilar shahar tashqarisida kamdan-kam hollarda paydo bo‘lishadi, aksiga olib shu kuni politsiyachilardan biri tepalikdan oshar ekan, yerda yotgan o‘likni va qochib ketayotgan odamni ko‘rdi.
– To‘xta! – qichqirdi politsiyachi.
Buyruqni eshitib, sartarosh to‘xtadi.
– Odam o‘ldirishga o‘ldirib, endi qochib ketayapsanmi?
– Men o‘ldirganim yo‘q, bosqinchini quvib ketyapman.
– Seni o‘zing bosqinchi bo‘lsang, yana qanaqa bosqinchini quvasan? Yur, mahkamaga boramiz, hammasini o‘sha yerda hal qilamiz.
– Meni bosqinchi talagan jabrdiyda kutayapti. Sartaroshman, hamma narsamni uning oldida qoldirganman. Yuring, uni sizga ko‘rsataman.
– Yolg‘on gapirma! Qo‘lga tushding, mug‘ambirlikni bas qil! Qani, oldimga tush!
– Qurolsiz qanday odam o‘ldirish mumkin? Hukumat vakili bo‘la turib siz mening jinoyatchi emasligimni payqashingiz kerak. Men bosqinchi emasman!
– Buni qara-ya? To‘pponchani tashlab yuborish qiyinmi? Shubhasiz, sen uni qasos olish uchun o‘ldirgansan!
U shunday deb sartaroshni mahkamaga sudradi.
Bu paytda haqiqiy qotil eshakni yeldirib uchib borardi. Mana Sinxuayuan ortda qoldi. Quvib kelishlaridan qo‘rqqan ayol eshakdan tushib, jonivorni haydab yubordi. Keyin tugun ko‘tarib, tepalikka o‘rlay boshladi. Ro‘parasidan qarag‘ay va archalar ekilgan qabriston chiqdi. U qabrlar orasiga o‘tirib, tugunni ochdi. Shaftoli rangli kamzulni, tovus pati qadalgan telpakni tomosha qilar ekan, bu kiyimlarni kiyib, ochilib ketgan qizi Danyu ko‘z oldiga keldi. Keyin uzuk va bilaguzuklarni ko‘zdan kechirdi, ular kumushdan yasalgan bo‘lib, o‘yma naqshlaridan eski ekani bilinib turardi. Bilaguzuk ko‘ziga issiq ko‘rindi. Taqinchoqni aylantirib ko‘rar ekan, taxminlari ishonchga aylandi. Bundan yigirma yil oldin nikoh to‘yida taqqan bilaguzugini tanidi. Nikoh kechasida bilaguzukka belgi qo‘ygan edi.
Bilaguzuk bu olifta juvonning qo‘liga qanday tushib qoldi ekan? Axir taqinchoqni uyda qoldirgan edi.
Ayol eri bilan qishloqdan ketayotganda qaynonasi hamma buyumlarini bermagan edi. Bolajon qaynotasi nevarasini yaxshi ko‘rganligi uchun qizchaning ota-onasi bilan ketishiga qarshilik qilib, olib qolgandi. Qariyalar vafot etgach, qizchani xolasi o‘z qaramog‘iga oldi.
Nahotki o‘z qizini tunagan bo‘lsa? Bu fikrdan ayol dahshatga tushdi. O‘z qiziga tegishli buyumlarni qanday qilib uyga ko‘tarib boradi? Bu jinoyatni qizim uchun qildim-ku, degan o‘y unga taskin berolmasdi.
Uzoq o‘y-xayollardan keyin ortga qaytib, buyumlarni egasiga qaytarishga qaror qildi. Atrofda hech kim yo‘q edi. Yo‘lda podachining o‘ligiga ko‘zi tushib, qo‘rquvdan yuragi to‘xtab qolay dedi.
Qalin qor o‘likni deyarli ko‘mib yuborgandi. Birortasi ko‘rib, tanib qolsa-chi? Ayol taraddudlanib, bir necha daqiqa tosh qotdi. Keyin tanib qolmasliklari uchun shinel va telpakni yechib, tez-tez yurib ketdi.
Buyumlarni daraxt tagiga qo‘yib, tonggacha kutishga, ertalab olifta juvon qaytayotganda to‘xtatib, “Buyumlaringizni topib oldim”, deb qaytarishga qaror qildi.
Ayol yaqinlashganda daraxt tagida olifta juvon cho‘zilib yotar, uning yonida po‘stin va obkash turardi. Ayol uning yelkasidan ushlab, silkitib ko‘rdi. Ammo unda tiriklik nishonalari sezilmadi.
“Hozir aniqlayman, bu mening qizim Danyumi yo boshqa? Nahot u muzlab qolgan bo‘lsa? Uni po‘stinga o‘rash kerak”, o‘yladi ayol.
Qosh qorayganiga qaramay oppoq qor tufayli hammayoq yop-yorug‘ edi. Tasodifan uning qo‘li juvonning bo‘yniga tegib ketdi-yu, seskanib tushdi, bo‘yni muzday, yonida ustara yotardi.
“Yo Xudoyim, o‘zini o‘zi bo‘g‘izlabdi!”
Ayol qo‘rquvni yengib, o‘likning boshini ko‘tardi, chiroyli yuziga diqqat bilan tikildi. Notanish, ammo nimasi bilandir o‘zining turmushga chiqqan vaqtlaridagi yoshligini eslatardi. Shunda birdan qizi Danyuning chap oyog‘i barmoqlari oltitaligi esiga tushib, o‘likning paypog‘ini yechdi.
Ayol birdan ho‘ngrab yubordi.
– Qizalog‘im! Nuridiydam! Nima qilib qo‘ydim?!
Eshitib qolishlaridan cho‘chib, yig‘isini ichiga yutdi. Zimziyo tundagi o‘lik sukunatni yaqin o‘rtadagi qishloqlarda yangi yilni xursandchilik bilan kutib, mushakbozlik qilayotgan odamlarning shovqini buzib turar, kumushrang qor uchqunlardi.
Ertasiga voqea joyiga tergovchi va politsiyachilar yetib kelishdi, yonlarida sartarosh ham bor edi. Ular podachi yigitning o‘ligini ko‘zdan kechirib, daraxt tomonga yo‘l olishdi. Daraxt tagida ayol kelinchak Lyuni quchoqlab yotardi. Ularni qor deyarli ko‘mib yuborgandi. Qor tagidan sartaroshning buyumlari solingan obkash va ustarani topishdi. Juvonning egnida shaftoli rangli kamzul, boshiga tovus pati qadalgan telpak va oyog‘ida so‘nggi urfdagi qirmizi rang tufli bor edi.
Daraxtdan sal narida titilib ketgan shinel hamda eski quloqchin yotardi.
Rus tilidan Lola Shoimova tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 10-son