U kirib kelguncha, chekuvchilar uchun mo‘ljallangan kupeda yolg‘iz o‘zim o‘tirgandim. Mo‘ynali uzun palto kiygan, ellik dollarlik chamadon ko‘tarib olgan edi. Qo‘lidagi chamadonini o‘rindiqqa qo‘yganidan so‘ng menga ko‘zi tushdi.
– Xo‘sh, xo‘sh, xo‘sh! – dedi u va xuddi bir nimani eslagandek yuzi charaqlab ketdi.
– Xo‘sh, xo‘sh, – takrorladim men.
– Yo Parvardigor, – dedi u, qo‘limni qattiq siqib silkitarkan, – seni yana uchrataman deb kim o‘ylabdi deysan.
“Chindan ham, kim?” – o‘yladim men ham. U menga yanada diqqat bilan tikildi.
– Zarracha ham o‘zgarmabsan, – dedi u shundan so‘ng.
– Sen ham, – javob berdim men chin dildan.
– Sal to‘lishibsan, – dedi u tanqid ohangida.
– Ha, salgina, – tasdiqladim men, – biroq sen ham ozmabsan.
Men bu gapni ortiqcha ta’nadan qutulish uchun aytdim.
– Umuman olganda, – davom etdim men dadil va qat’iy ohangda, – ko‘rinishing o‘sha-o‘sha, xuddi oldingidek.
Lekin bu odamning kimligini bilolmay boshim qotardi. Men uni umuman tanimasdim. Zarracha ham eslolmayman. Bu bilan xotiram pand beryapti demoqchi emasman. Aksincha, xotiram juda yaxshi. To‘g‘ri, odamlarning ismini eslashim qiyin. Ba’zan shunday ham bo‘ladiki, kimlarningdir yuz tuzilishini eslolmayman, gohida ularning tashqi ko‘rinishi, qanday kiyimdaligini unutib qo‘yaman. Biroq, bu mayda-chuyda kamchiliklarimga qaramasdan men hech qachon, hech kimni butunlay unutib yubormayman va bu bilan faxrlanaman. Agar men qachondir kimningdir ismi yoki yuz tuzilishini unutib qo‘ysam, bunday vaziyatda o‘zimni qanday qo‘lga olishni yaxshi bilaman. Bunday hollarda odamdan faqatgina sovuqqonlik, topqirlik talab qilinadi. Shundagina hammasi g‘oyat silliq kechadi.
Qadrdonim o‘rindiqqa joylashib oldi.
– Ancha paytdan beri ko‘rishmadik, – dedi u.
– To‘g‘ri, ancha bo‘ldi, – takrorladim men tushkun ohangda. Bu ayriliqdan men ham qiynalayotganimni u ham bilishini istaganim uchun shunday qildim.
– Vaqt juda ham tez o‘tib ketdi.
– Ha, xuddi chaqin kabi, – tez qo‘shib qo‘ydim men xushchaqchaqlik bilan.
– Qiziq, – dedi u, – umr shunchalar tez o‘tib ketarkan, hayot yo‘llarimizda do‘stlarimizni yo‘qotarkanmiz, dunyo umuman boshqacha tusga kirarkan. Men bu haqda juda ko‘p o‘ylayman. Ba’zida bir narsadan juda ajablanaman, – davom etdi u, – bizning eski kompaniyamiz qayoqqa tarqab ketdi?
– Meni ham xuddi shu narsa o‘ylantiradi, – dedim men. Xaqiqatan ham, ayni paytda shu haqda bosh qotirardim. Agar kimdir to‘satdan “eski kompaniyamiz”, “bizning yigitlar” yoki “olomon” haqida eslab qolgudek bo‘lsa, men hamisha vaziyatdan chiqib ketish yo‘lini topardim. Shu orqali o‘sha odamning kimligini bilib olish imkoniyati paydo bo‘lardi.
– Eski joyimizga hech qaytib bordingmi? – so‘radi u.
– Biron marta ham bormadim, – dedim men qat’iy ishonch bilan. Shunaqa javob berishim juda shart edi. Men ana shu “eski joy”ni to men uning qayerdaligini eslamagunimcha, suhbatimizga yo‘latmaslikni xohlardim.
– E’tiboring uchun, – davom ettirdi u, aslida bu istakning o‘zi senda bo‘lmagan.
– Ha, shunday, – deb javob berdim men sekingina.
– Tushundim. Kechirasan, – dedi u va biz bir muddat jim qoldik.
Shunday qilib men birinchi ochkoni qo‘lga kiritdim. Tushundimki, men borishni unchalik ham xohlamayotgan o‘sha “eski joy” qayerdadir bor. Bu qanaqadir bino bo‘lsa kerak.
Ko‘p o‘tmay u yana gap boshladi.
– Ha, – dedi u, – ba’zan eski yigitlar bilan ko‘rishib qolaman va ular ayni paytda sen nimalar bilan bandliging haqida qiziqishadi.
“Bechoralar” – o‘yladim men, biroq buni ovoz chiqarib aytmadim.
Shu yerda men qat’iy zarba berish fursati yetganligini tushundim. Shunga o‘xshash vaziyatlarda foydalanadigan uslubimni qo‘lladim. Qo‘rqmasdan raqibimga nisbatan hujumga o‘tdim.
– Ayt-chi, – dedim men, – Billi qayerda? Sen u haqida biron narsa bilmaysanmi?
Bu eng xatarsiz yo‘l edi. Chunki har bir eski to‘dada Billi bo‘lishi aniq.
– Albatta, – deb javob berdi mening qadrdonim, – bo‘lmasam-chi, Billi ayni paytda Montanadagi dala hovlisida. Men uni shu yil bahorda Chikagoda ko‘rgandim. U taxminan 200 funtga egalik qiladi, sen uni tanimagan bo‘larding.
– Albatta, taniyolmagan bo‘lardim, – ming‘irlab qo‘ydim men o‘z o‘zimga. – Pit-chi, u qayerda? – so‘radim men. Chunki Pit ismlilar hamma joyda uchraydi.
– Billining akasini aytyapsanmi? – dedi u.
– Ha, ha, Billining akasi Pitni, men uni tez tez eslab turaman.
– O-o-o, – javob berdi notanish kishi, – Keksa Pit oldingidaymas, u mutlaqo o‘zgargan…
Shu yerga kelganida u qiqirlab kula boshladi…
– Hozir u oilali, uylangan.
– Men bir necha bor senga xat ham yozmoqchi bo‘ldim, – dedi u ovozini pasaytirib maxfiy ohangda, – ayniqsa, sening boshingga tushgan yo‘qotish haqida eshitganimdan so‘ng.
Men jim bo‘lib qoldim. Men nimani yo‘qotdim? Pulmi? Agar shunday bo‘lsa, qancha miqdorda? Nimaga yo‘qotdim? Qiziq, bu yo‘qotish meni butunlay xonavayron qildimi yoki qismanmi?
– Bunaqa yo‘qotishdan keyin odam o‘zini hech qachon o‘nglab ololmaydi, – davom etdi u tantanavor ohangda.
Shubhasiz, men butunlay tamom bo‘libman. Biroq men hech narsa demadim, jim turib uning shijoati pasayishini kutdim.
– Ha, – davom etdi notanish kimsa, – O‘lim og‘ir judolik.
O‘lim! Oh, hali shunaqamidi, shunaqamidi? Men quvonganimdan sakrab yuboray dedim. Endi buyog‘i xamirdan qil sug‘urgandek silliq ketadi. Suhbat o‘z iziga tushdi. Endi faqat to kim o‘lganligini aniqlaguncha jim o‘tirib kutish lozim.
– To‘g‘ri, – ming‘irladim men, – judayam og‘ir, albatta. Lekin bu – hayot, qo‘limizdan nima ham kelardi…
– To‘g‘ri aytasan, ayniqsa bunaqa yoshda.
– Sen haqsan, bunaqa yoshda va bunaqangi hayotdan so‘ng…
– To so‘nggi daqiqagacha sog‘lom va shijoat bilan, nazarimda… – davom etdi u hamdardlik bilan.
– Ha, – dedim men, – to so‘nggi nafasigacha birovga og‘irligi tushmadi. O‘z o‘zini idora qila oldi. O‘rnidan turib-o‘tirib sigaret chekardi.
– Nima? – so‘radi u taajjub bilan. – Buvingni aytyapsanmi?
Buvim! Mana gap qayoqda ekan!
– Kechirasan, – dedim o‘z ahmoqligimdan uyalib. – Chekadi, deganimda uning sigaret tutunini yaxshi ko‘rishini nazarda tutgandim. Bilasanmi, u yana nimani yaxshi ko‘rardi, kimdir uning yonida o‘tirib sigaret chekishini va ovoz chiqarib kitob o‘qishini. Faqat ana shu bilangina u tinchlanardi.
Bu gapni aytayotib men poyezdning pishqirib, taqa-taqlab yurib signal chalganini va tezlikni pasaytirayotganini eshitdim, biz navbatdagi stantsiyada to‘xtashga hozirlik ko‘rayotgan edik.
Sherigim shoshilgancha oynadan tashqariga qaradi.
Uning yuzida hayajon aks etardi.
– Oh, xudoyim-ey! – dedi u. – Axir, bu umuman boshqa stantsiya-ku. Men o‘tib ketibman. Men bundan oldingisida tushib qolishim kerak edi. Ey, provodnik! – baqirdi u koridorga chiqib:
– Bu yerda qancha turamiz?
– Ikki daqiqa, – javob berdi u. – Poyezd ozgina kechikib keldi, manzilga o‘z vaqtida yetib olishimiz uchun tezroq jo‘nashimiz kerak.
Endi mening do‘stim chamadoni oldiga keldi, cho‘ntagidan bir dasta kalitni chiqardi va goh u-goh bu kalit bilan uni ochishga urina boshladi.
– Telegramma berishga to‘g‘ri keladiganga o‘xshaydi. Nima qilishga ham hayronman, – to‘ng‘illadi u. – Padariga ming la’nat bu qulfning. Hamma pullarim shu chamadonda edi.
Endi men uning bu stantsiyadan ham o‘tib ketib qolishidan xavotirlana boshladim.
– Ol, – dedim men cho‘ntagimdan bir oz pul chiqarib, qulfni ochaman deb o‘zingni qiynab yurma.
– Rahmat, – dedi u qo‘limdan bor pulimni sidirib olayotib (u qattiq hayajonda edi), – Faqat ulgursam bo‘ldi.
U vagondan sakrab tushdi. Men oynadan uning kutish zali bo‘ylab ketib borayotganini ko‘rib turardim. U sira ham shoshilmayotgandek tuyuldi. Men kuta boshladim.
Provodnik baqira boshladi:
– Vagonga! Vagonga!
Uchinchi marta signal chalingach, vishillab bug‘ chiqargancha poyezd joyidan siljidi.
“Ahmoq!” – o‘yladim men. Kechikdi! O‘rindiqda esa uning ellik dollarlik chamadoni yotardi.
Men anchagacha kutdim, har zamonda derazadan ortga qarab-qarab qo‘yarkanman o‘sha kimsaning kimligiga qiziqardim.
To‘satdan men yana provodnikning ovozini eshitdim. Menimcha, u koridor bo‘ylab kimnidir yetaklab yurardi.
– Men hamma vagonlarni qarab chiqdim, janob, – dedi u.
Men uni anavi yerda, xotinim o‘tirgan kupeda qoldirgandim, dedi jahldor ovoz bilan kimdir va yaxshi kiyingan odam men o‘tirgan kupega bosh suqdi.
Keyin uning yuzi xursandchilikdan yorishib ketdi. Lekin bu tabassum menga atalmagandi. U ellik dollarlik chamadon uchun edi.
– Eh, mana-ku, bu yerda ekan, – baqirdi u chamadonni ko‘tarayotib.
Men esa dahshatdan o‘zimni divanga otdim. Eski kompaniya! Pitning uylanishi! Buvimning o‘limi! Yo Tangrim! Mening pullarim! Endi hammasi kundek ravshan.
Ahmoq!
Yo‘q, agar yana bir marta yo‘l-yo‘lakay tasodifiy odamlar bilan suhbatlashishga to‘g‘ri kelib qolsa, o‘zimni haddan tashqari aqlli qilib ko‘rsatishga umuman harakat qilmayman.
Ingliz tilidan Madina Allaberganova tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 10-son